Asosiy mavzular
5 aprel 2023

5 aprel – Ekzyuperining «Kichik shahzoda» asari chop etilgan edi

Bugun eslamoqchi bo‘lganimiz – ulug‘ frantsuz yozuvchisi Antuan de Sent Ekzyuperining «Kichik shahzoda»si.

1943 yilning 5 aprelida Amerikada ilk bor chop qilingan bu asar o‘zining bolalarcha sodda va buyuk falsafasi bilan yoshligimdan ongimga ta'sir o‘tkazgan kamgina kitoblarning biri bo‘ldi.

Kattalar uchun bolalar ertagi tarzida yozilgan, muallifning o‘zi chizgan suvratlar omixta bu kitobda yozuvchi o‘zining nekbin nazarini insoniyatni chulg‘agan muammolarga qaratadi.

O‘sha paytdagi kabi bugun ham dolzarb – shovinizm, toqatsizlik, globalizm, geosiyosat, ekologiya, manqurtizm va ularning yechimi B-612 raqamli asteroidda yashovchi kichik shahzoda tilidan hikoya qilinadi.

rasm1108
Kichik shahzoda. Rasm muallifi Antuan De Sent Ekzyuperi

Qissa mazmuni

Samolyotini majburan sahroga qo‘ndirgan uchuvchi u yerda g‘aroyib bola – o‘zga sayyora shahzodasini uchratadi.

Kichik shahzoda unga o‘z sayyorasi – uch vulqon chulg‘agan asteroidda qolgan yolg‘iz atirgul haqida hikoya qiladi…

Uning yana bir hikoyasi sayyorasida ildiz otishi mumkin bo‘lgan ulkan baobab daraxtlari haqida.

«Baobablarni har kuni kanda qilmay yo‘q qilib turish kerak», – deydi kichik shahzoda.

Kichik shahzodaning hikoyalari: qo‘shni sayyoralarda yashovchi za'faron yuzli kimsa, takabbur qirol, o‘ziga bino qo‘ygan korchalon, ichib o‘zini ovutuvchi piyanista, yulduzlarni o‘ziniki deb o‘ylovchi munajjim, shart bo‘lgani uchungina muttasil chirog‘ini yoqib o‘chiruvchi chiroqbon, umrida hech qaerga chiqmay, odamlarning gapi bilan kitob yozuvchi geograf haqida.

«Ha, shubhasiz, kattalar juda g‘alati xalq», – deya mulohaza qiladi kichik shahzoda.

rasm1105
Chiroqbon. Rasm muallifi Antuan De Sent Ekzyuperi

Harakatchan daraxtlar yoki Olmaota voqeasi

Jurfakning 4-kursida o‘qirdim. 1986 yilning dekabrida qozoq yoshlari Olmaotada kommunistik hukumatga qarshi ommaviy norozilikka chiqqani haqida xabar keldi.

Norozilik chiqishi 50 ming nafar sovet desanti sapyor belkuraklari yordamida qonli tarzda bostirilgan, sovet gazetalari esa voqeaga ommaviy bezorilik, deya baho bergandi.

Keyin… yotoqxonamizga dahshatli xunrezlik aks etgan videokassetani ko‘tarib qozoq talabalari kelishdi. Qaerdandir «Elektronika» videomagnitafoni ham topildi.

Bu tasvirlar hozirda bor-yo‘qligini bilmayman, ammo mening tishlarim g‘ijirlab aytgan gapim shu bo‘ldi: «Baobablarni arralash payti keldi».

O‘sha tun men tagsarlavhaga chiqqan nom ostidagi esseni yozib tugatdim.

Bu esse kichik millatlarning emin-erkin gullab-yashnashi uchun sovet tuzumini, Ekzyuperi ta'biri bilan aytganda, millatlar uzra dahshatli ildiz otgan ulkan yagona baobabni yo‘q qilish kerakligi haqida edi.

Millatlar o‘z huquqlarini o‘z qo‘llariga kiritishlari uchun bu shovinistik daraxt arralanishi kerak edi.

O‘sha paytda fakultetning «Jurnalist» o‘quv gazetasiga kursimizdan men mas'ul edim, bundan tashqari, «Sado» devoriy gazetasini ham chiqarardim.

Tezgina maqolani terishga berdim. Uni bosishlariga shubham bor edi, shunga sabrim chidamay grankani, ya'ni o‘sha paytda tsenzura idorasiga ketadigan nusxani kutdim.

Bu paytda allaqachon essening qo‘lyozma nusxasi hamkurslarim orasida qo‘lma-qo‘l o‘qila boshladi…

Kechgacha bosmaxonada qolib, gazeta nusxasini nihoyat oldim, yuragim hapqira boshladi. Demak zulm mashinasini sindirish mumkin!

Biroq ertasiga gazeta chiqmadi. Talabalar orasida shov-shuv boshlandi.

«Nima bo‘ldi?»

«Tsenzura o‘tkazmadi!»

Maqolani kurs devoriy gazetasi tarzida chiqaradigan bo‘ldik va uni tayyor bosma grankasi bilan tezgina tayyorlab, ertasi kuni kafedra foyesiga osdik.

Ungacha essening dovrug‘i jurnalistika va filologiya fakulteti orasida yoyilib bo‘lgan, uni tanaffusda ham, lektsiya paytida ham guras-guras bo‘lib o‘qishardi…

Keyin… devoriy gazeta sirli g‘oyib bo‘ldi.

Komsomoldan haydalish

Avvaliga Toshkent obkom qo‘mitasining qandaydir kabinetiga chaqirishdi, biroq kaltakning kattasi dekanimiz Nesterenko domlaning boshida sindi.

Stolda maqolam bosilgan ko‘p tirajli «Jurnalist» gazetasining noyob nusxasi va «Sado» devoriy gazetasi turardi.

«Kommunist bo‘lmagan oddiy talabaning bosmaxonaga kirishi va sinov grankalarini imzolashi» o‘sha payt uchun o‘ta katta siyosiy ayb sanalardi.

Meni komsomoldan haydash komsomol qo‘mitasi kun tartibiga qo‘yiladigan bo‘ldi. Bundan negadir shod edim. «Nihoyat a'zolik badali to‘lamayman!»

«Xursand bo‘ladigan joyi yo‘q buning, komsomoldan haydalgan talabani o‘qishdan haydashadi», – dedi kursdoshim, kombyuro a'zosi Dilorom hafsalamni pir qilib.

«Haydalish»ni universitet qo‘mitasi umumyig‘ini hal qilishi kerak edi. Masalamni o‘zlari hal qilmay, katta majlisga olib chiqqan kombyurodan ham minnatdor bo‘lishim kerak asli.

Besh yuz tomoshabinga mo‘ljallangan universitet mdaniyat saroyi o‘sha kuni talabalar bilan liq to‘la bo‘ldi. Hamma atay o‘sha masalani munozaraga qo‘yish uchun kelgandi.

Kun tartibiga qandaydir tashkiliy masalalar kiritilgani e'lon qilingach, qiy-chuv boshlandi.

«Kun tartibidagi asosiy masala qani», «Qaysi masala?», «Olmaota masalasi»…

U payt hali SSSR qudratli davlat edi, talabalar esa anjumanga meni himoya qilish uchun astoydil tayyorlanib kelishgandi.

Domlamiz, kelib chiqishi qrim tatarlaridan bo‘lgan Bekir Ablaevich : «On je velikiy interpretator frantsuzskogo pisatelya, degandi men haqimda o‘shanda tagdor qilib.

Meni komsomoldan haydashdi, lekin o‘qishdan haydashmadi.

Shu ruhni, shijoatni bergan frantsuz yozuvchisi De Sent Ekzyuperidan va komsomoldan haydashganidan men mingdan ming roziman.

Qudrat Bobojon
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
8 may 2017
Ijtimoiy tarmoqda kartoshka savdosi bilan bog‘liq janjal va turnaqator navbatlar aks etgan tasvirlar bot-bot paydo bo‘la boshladi. O‘zbekistonda eng ...
23 fevral 2024
Shu kunlarda bahorga zorman, Shaffof, yorqin kuy tilar ko‘ngul. MS: O‘g‘lon qistonor, tut voxtinda pishar. Hali qollivoch qonotindo qoy gatiradi, Bir suri ...
8 iyun 2024
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar  Yashnobod tumani sudi hukmi bilan bloger va «Ezgulik» inson huquqlarini himoya qilish jamiyatining faoli ...
28 iyun 2016
O‘zbekistondagi matbuot va rasmiy statistika har yili O‘zbekistonda nikox holatlari ko‘payayotgani va ajralishlar soni kamayib borayotgani haqida yozadi. Balki ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...