«Turkiston hayolga aylandi…»
Yodgor Obid – 1940 yilda Toshkent tumani Ko‘kterak mavzeyida tug‘ilgan. Moskvadagi Oliy adabiyot Institutida tahsil olgan. «Oqqush ertagi» nomli birinchi to‘plami 1973 yilda chop etilgan. So‘nggi yillarda beshta she'riy to‘plami Avstriyada o‘zbek va nemis tillarida chop etildi. «Birlik» Xalq harakati faoli. 1997 yildan buyon Avstriyada yashaydi.
Eltuz – «Ozodlik ohanglari» audio to‘plamiga kirgan she'rlarni taqdim etishda davom etadi. 2007 yili Soros jamg‘armasi tomonidan Londonda chop etilgan bu kitobga o‘z yurtida aksar taqiqlangan turfa shoirlarning ijtimoiy she'rlari o‘rin olgan.
Turkiston – xayolga aylandi,
Xayolga – savolga aylandi,
Erki yo‘q el uchun hibsxona,
Hasratga, malolga aylandi.
Kuylari – ingroq bir sadodir,
Yigitlar. qizlari gadodir,
Go‘zal yurt xarobdir, adodir…
Olimlar qarolga aylandi.
Ko‘z yoshin to‘kadi tunlarga,
Gullari bo‘yalmish xunlarga,
Kim solmish uni bu kunlarga…
Turmushi maholga aylandi.
Go‘daklar non so‘rab zorlanar,
Otalar bosh egib, orlanar,
Kimlarga yolborar, xorlanar…
Yurt holi – shu holga aylandi.
Nafratdan nafasi bo‘g‘ilib,
Turkiston toqati toq bo‘lib,
Demasmi to‘lg‘onib va to‘lib –
Najoti qurolga aylandi.
Yodgor Obid
«Ozodlik ohanglari»
Eltuz.com