Asosiy mavzular
11 fevral 2019

O‘lgani iddao qilingan uyg‘ur qo‘shiqchisining Xitoy qamog‘idan yo‘llagan videotasviri e'lon qilindi

Turk dunyosining buyuk qo‘shiqchisi¸ “dutor qiroli” 55 yashar Abdurahim Hayitning Xitoydagi qamoqda suratga olingan videotasviri 10 fevral kuni tarmoqda tarqaldi. Abdurahim Hayitning qamoqda o‘ldirilgani haqidagi xabarni 8 fevral kuni turk nashrlari ma'lum qilgan edi.

Bu xabar ortidan Turkiyadagi taniqli siyosat arbobi, Iyi partiya lideri Marol Oqshanar doxil o‘nlab turk siyosatchilari va jamoatchilik vakillari Xitoy zulmini qoralab chiqishdi.

Matbuotda ko‘tarilgan xavotirlar ortidan 10 fevral kuni taniqli qo‘shiqchi Abdurahim Hayitniki deya taqdim qilingan videotasvirni Erkin Emet (Erkin Emat) ismli feysbuk yuzeri tarmoqda e'lon qildi.

Videoda o‘zini Abdurahim Hayitman deya bildirgan shaxs Xitoy qamog‘ida gumondor sifatida ushlab turilgani va sog‘-salomatligini bildirgan. Videoda inglizcha va turkcha tagyozuv bor.

Abdurahim Hayit deya o‘zini tanishtirgan kishi “Bugun 2019 yil ikkinchi oyining o‘ninchi kuni (2019 yil 10 fevral ). Qonun tarafidan meni gumon qilinganim uchun tekshirilish munosabati bilan bu yerda turibman. Hozir salomatligim yaxshi. Majburlash, zo‘rlash bo‘lmadi”, deydi.

«Eltuz» muxbiri suhbatlashgan Sharqiy Turkiston faollari videodagi shaxsning “2017 yili Urumchida qo‘lga olinib, Xitoy fashist rejimiga malaylik qilayotgan sud» tarafidan 8 yil og‘ir qamoq jazosiga hukm qilingan taniqli qo‘shiqchi Abdurahim Hayit ekanligini tasdiqlashdi.

Uyg‘ur faollaridan yana biri Ablakim To‘xtaning «Eltuz» muxbiriga aytishicha, “Abdurahim Hayitning qiynoqqa solingani va majburan videokamera qarshisida gapirtirilgani ko‘rinib turibdi”.

Uning bildirishicha, Abdurahim Hayit 2017 yili qamoqqa olingani haqida Urumchidagi «Shinjon qo‘shiq va raqs gruppasi» vakillari tarafidan dunyoga ma'lumot tarqatilgan edi.

Ablakim To‘xtaga ko‘ra, “buyuk qo‘shiqchi Abdurahim Hayit ijro qilgan «Otalar» qo‘shig‘i Xitoyning turklarga qarshi tizimli qirg‘in olib borayotgan xavfsizlik xizmatlari diqqatini tortgan”.

Abdurahim Hayitning “Laylim”¸ “Qarshilashganda” kabi qo‘shiqlarida turk tilida gaplashuvchi mamlakatlar, xususan, O‘zbekistonda mashhur.

Ulug‘ uyg‘ur shoiri Abdurahim Tileshup O‘tkur (1923 -1995) qalamiga mansub “Qarshilashganda” she'rining uyg‘ur hofizi Abdurahim Hayit ijrosidagi talqini ko‘plar tahsiniga sazovor bo‘lgan.

Qo‘shiqdagi «Dedim: «o‘lim bordur..» Dedi: «yo‘limda». Dedim: «qo‘rqarmisan?» U dedi: «Yo‘q yo‘q»” satrlari bugun Xitoy qamog‘ida azob chekayotgan, o‘lik-tirikligi savol ostida qolayotgan ulug‘ qo‘shiqchi Abdurahim Hayitning kurash yo‘lini ifoda etadi.

«Sahar vaqti ko‘rdim ko‘zim sultonin
Dedim: «Sultonmisan?» U dedi «Yo‘q, yo‘q» .
Ko‘zlari yolqinli¸ qo‘llar xinoli
Dedim «Cho‘lponmisan ?» U dedi: «Yo‘q, yo‘q» .

Dedim: «Isming nima?» Dedi: «Oyxondir».
Dedim: «Yurting qaer?» Dedi: «Turfondir».
Dedim: «Boshingda ne?» Dedi: «hijrondir».
Dedim: «hayronmisan ?» U dedi: «Yo‘q yo‘q» .

Dedim: «Oyga o‘xshar..» Dedi: «Yuzimmi ?»
Dedim: «Yulduz kabi..» Dedi: «Ko‘zimmi?»
Dedim: «Yolqin sochar». Dedi: «So‘zimmi ?»
Dedim: «Vulqonmisan?» U dedi «Yo‘q yo‘q»

Dedim: «qiyoq nadur?». Dedi. «qoshimdur».
Dedim «qunduz nadur?» Dedi: «sochimdur».
Dedim «o‘n besh nadur?» Dedi: «yoshimdur».
Dedim «jononmisan?» U dedi: «Yo‘q, yo‘q» .

Dedim: «Dengiz nadur?» Dedi: «qalbimdur».
Dedim: «ra'no nadur?» Dedi: «Labimdur».
Dedim: «shakar nadur?» Dedi: «tilimdur».
Dedim: «ber, og‘zimga» U dedi: «Yo‘q, yo‘q» .

Dedim: «zanjir turar». Dedi: «bo‘ynimda».
Dedim: «o‘lim bordur..» Dedi: «yo‘limda».
Dedim: «bilaguzuk». Dedi: «qo‘lumda».
Dedim: «qo‘rqarmisan?» U dedi: «Yo‘q, yo‘q».

Dedim: «Nechun qo‘rqmaysan?» Dedi: «Tangrim bor».
Dedim: «Yana nima?» Dedi: «Xalqim bor».
Dedim: «Yana yo‘qmi?» Dedi: «ruhim bor».
Dedim: «Xursandmisan?» U dedi: «Yo‘q, yo‘q» .

Dedim: «Istak nadur?» Dedi: «Gulimdur».
Dedim: «Kurash bordur..» Dedi: «Yo‘limdur».
Dedim: «O‘tkur kimdir?» Dedi: «qulimdur».
Dedim: «Sotarmisan?» U dedi:»Yo‘q, yo‘q».

Abdurahim Hayit 1964 yilda Koshg‘arda tug‘ilgan. Koshg‘ar san'at bilim yurtida ta'lim oldi. Qisqa vaqt ichida yuksak dutor ijrochisi sifatida tanildi. 1986-1993 yillarda Pekindagi Xitoy xalqlari markaziy ansamblida faoliyat yuritdi. Bu orada u uyg‘ur xalqining cheksiz muhabbatiga sazovor bo‘lgan mohir xonandaga aylandi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 noyabr 2021
Britaniyalik taniqli fotograf Rip Xopkins (Rip Hopkins) fotoob'ektivida aks etgan O‘zbekkiston turizm shirkatlari chop qilgan bukletlardan farq qiladi. 10 ...
4 iyun 2018
Muhammad Bekjonni 2002 yilning 30 aprelida Zarafshon zonasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxti ismli baqaloq podpolkovnikning oldiga olib kirishadi. U bilan ...
14 avgust 2018
«Shifti va devorlari mog‘orlab ketgani bu hujraning qishda zax va sovuq bo‘lganligidan dalolat berib turibdi. Yaxshiyamki, poli yog‘och va ...
15 fevral 2022
Bor ekanda yo‘q ekan, och ekanda to‘q ekan. Bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan. Qarg‘a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...