Asosiy mavzular
18 fevral 2019

O‘zbek hukumati paxta boykotini to‘xtatishni so‘ramoqda

AQSh poytaxti Vashingtonda O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi vakillari bilan uchrashdi. Bu uchrashuv koalitsiyaning yillik strategik yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Bu yillik yig‘ilish koalitsiya hamkorlari, jumladan, O‘zbekiston fuqarolik jamiyati faollari, xalqaro inson huquqlari va mehnat tashkilotlari, ekspertlar, investorlar va to‘qimachilik sanoatining savdo uyushmalari vakillarining strategik maqsadlarni belgilab olish tadbiridir.  

Bu tadbirda qatnashgan O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Tanzila Norboeva rahbarligidagi delegatsiya tarkibida bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Qudbiev, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov, shuningdek, O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov bor edi.

Bir necha yillardan beri Cotton Campaign koalitsiyasi majburiy mehnat evaziga yetishtirilgan o‘zbek paxtasini boykot qilib kelayotir. Vashingtondagi uchrashuv mavzusi ham aynan majburiy mehnat bilan bog‘liq bo‘ldi.

Tomonlar O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berishga qaratilgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, islohotlarga ko‘maklashish va ularni tezlashtirish bo‘yicha 2019 yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

“O‘zbekiston hukumatining o‘n yillardan buyon davom etayotgan majburiy mehnatga barham berish qat'iyati bizni ruhlantiradi va hozir biz bu tarixiy vazifalarning hali bajarilishi kerak bo‘lgan ko‘plab omillariga e'tibor qaratganmiz”, dedi Cotton Campaign hammuassisi Bennet Friman.

U o‘zaro muzokaralar mazmunli, konstruktiv va ijobiy o‘tganini ta'kidlar ekan, majburiy mehnatga chek qo‘yish borasida sezilarli o‘zgarishlar yuz bergani qatorida hali hal etilishi zarur bo‘lgan muammolar borligini qayd etdi.

Ma'lum bo‘lishicha, Cotton Campaign tarkibiy islohotlar va fuqarolik jamiyati uchun imkoniyatlar yaratish bilan bir qatorda tizimli majburiy mehnatni bartaraf etishga qaratilgan, aniq majburiyat va sa'y-harakatlar belgilangan “yo‘l xaritasi”ni taqdim etadi.

O‘zbekistonda majburiy mehnatni mahalliy matbuotda yoritishga ruxsat berilgani, shuningdek, hosil yig‘im-terimi davrida monitoring o‘tkazadigan huquq himoyachilari va faollarga qarshiliklar susayganiga qaramay, 2018 yilgi paxta mavsumida hukumat tomonidan tashkil etilgan majburiy mehnat hamon tizimli xarakterga ega bo‘lib qolayotir.

Cotton Campaign koalitsiyasi hamkori bo‘lmish O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi (UGF) tomonidan yig‘ilgan yuzlab intervyular va hujjatlarga asoslangan dastlabki xulosalar hukumat vakillari aholini paxta terimiga keng ko‘lamda majburiy jalb etishga aralashganini ko‘rsatmoqda.

Umida Niyozova
O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi (UGF) direktori

“O‘tgan yili biz hosil yig‘im-terimini 70 kun davomida monitoring qildik,- deydi UGF direktori Umida Niyozova. – Aholining ayrim qatlamlari, jumladan, oliy ta'lim muassasalari talabalari, ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalari xizmatchilarining majburiy mehnatidan foydalanish sezilarli kamaygani kuzatildi. Biroq davlat muassasalari va boshqa sektorlarda ishlovchilarning majburiy mehnatidan keng foydalanildi. Bu esa majburiy mehnatning tizimli harakatlantiruvchi omillari saqlanib qolayotganidan yaqqol dalolatdir”.

Cotton Campaign ning yillik strategik yig‘ilishida “O‘zbekiston paxta majburiyati” deb atalgan ahdlashuv muzokaralarning asosiy masalasi bo‘ldi. Bu ahdlashuv 310 ta brendning paxta yetishtirishda hukumat tomonidan tashkillashtiriladigan majburiy mehnatdan foydalanishga chek qo‘yilmaguncha O‘zbekiston paxtasini sotib olmaslik majburiyatiga asoslangan.

Majburiyat tizimli majburiy mehnat tugatilgani, shuningdek, uning qaytarilmasligi uchun yetarli darajada tarkibiy islohotlar o‘tkazilgani va fuqarolik jamiyatiga monitoring o‘tkazish imkoniyatlari yaratilgani haqida aniq dalillar qo‘lga kiritilmaguncha o‘z kuchida qoladi. Shuning uchun majburiyatni imzolagan tomonlar va Cotton Campaign 2019 yil kuzidagi navbatdagi paxta terimi mavsumida yanada sezilarli o‘zgarishlarni kutadi.

Vashingtondagi yig‘ilish chog‘ida Turkmanistondagi tizimli majburiy mehnat masalasi ham muhokama qilindi.

Cotton Campaign faoliyatini muvofiqlashtirib boruvchi Mehnatkashlar huquqlari xalqaro forumi ijrochi direktori Judi Girxart O‘zbekistondagi ijobiy islohotlar Turkmaniston hukumatini ham majburiy mehnatga barham berishga undashiga umid bildirdi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 mart 2017
«Oila va jamiyat» gazetasini (29.03) varaqlar ekansiz, undagi maqolalarda bugungi o‘zbek jamiyatining ancha og‘riqli muammolari tilga olinganiga guvoh bo‘lasiz. ...
8 fevral 2023
E'tiboringizga Eltuz «600 sekund»ning 2023 yil, 7 fevral, 31-sonini taqdim etadi. Video: https://youtu.be/_2y4TWkDvgI
19 aprel 2022
O‘zbekistonlik huquq faoli  69 yashar A'zam Turg‘unovning uyiga 19 aprel kuni ertalab 9.00 lar atrofida tintuv o‘tkazish qarori bilan to‘rt ...
7 iyun 2021
Advokat Umid Davletov termizlik bloger, 42 yoshli Otabek Sattoriy ishi yuzasidan apellyatsiya shikoyati kiritgani, lekin hali sud kuni belgilanmaganini ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...