Asosiy mavzular
3 may 2019

RTdan va'z: Sudya qimmat hovlini qaysi puliga qurdi?

Ko‘rib turganingiz uy oddiy o‘zbek mulozimining uyi. Uy egasi davlatdan aniq summadagi maosh olgan va tijorat bilan  shug‘ullanishi qonunan mumkin emas edi.  Toshkentning Tsiolkovskiy mavzeidagi bir million AQSh dollariga narxlangan bu uy hozir qamoqda qolayotgan MXX zobiti Nodir To‘raqulovga tegishli.

Amalda bo‘lganida To‘raqulovdan bu uyni qaysi maoshga qurding, deb birov so‘ramagan.

Oliy sudda ishlaydigan hakamning Toshkentdagi hovlisi bozor narxida 600 ming AQSh dollari turadi. Bundan tashqari, xotini va qarindoshlari nomiga xatlangan ko‘chmas mulk va boshqa boyliklari bor.

Bir vaqtlar tarmoqda Dilobar Erkinzoda ismli o‘zbek faoli akasini 159-modda bilan 20 yilga qamattirgan sudya Rustam Nizomov yuzga yaqin xonadonlarini Toshkentda ijaraga berib qo‘yganini bildirgan edi.

Dilobar, shuningdek, sudya Rustam Nizomov undan akasini ozod qilish evaziga 20 ming dollar pora so‘raganini ham o‘z chiqishlarida gapirgan.

Bu sudyalarning oyligi aniq vedomostda yozilgan. Tijorat qilishga haqqi yo‘q. Savol, qaerdan olishdi ular bu boylikni?

Lotereyasiga yutuq chiqdimi? Ëki yer tagidan oltin to‘la ko‘za topishdimi?

Yunusobodning sobiq hokimi qamalganda uyidagilar ikki kun ichida 400 ming AQSh dollarini tergovga oblib kelib berishibdi. Ishkopida shuncha puli bor ekan.

Yunusobod tumani sobiq hokimi Baxtiyor Abdusamatov o‘z kabinetida tadbirkorlar yelim xaltalarga solib olib kelgan yarim million dollarni pora emas, balki tadbirkorning homiylik yordami, deb atadi.

Advokat ham hokim pora olmagan, balki homiylik yordami olib, bu pulga kambag‘alga arzon uy qurib bergan, deb aytdi.

Advokatning bu idddaosini prokuror ham qo‘llab-quvvatladi.
Sobiq hokim  Baxtiyor Abdusamatov O‘zbekiston boshqaruv elitasidagi qudratli mulozim Zelimxon Haydarovning qarindoshi ekani inobatga olinsa, prokuratura va sudning nega birdan halimday yumshagani,  adolatparvar bo‘lib qolgani sababi ayon bo‘ladi.

Yarim million dollar pora olgan hokimni aybsiz deb topmoqchi bo‘lgan sud 80 dollar  pora olgan maktab direktorini 5 yilga qamagan edi.

E, yashamasin bu dunyodagi eng adolatsiz sud, ya'ni o‘zbek sudi! Ming la'nat bo‘lsin bu muttaham qozilarga.

Yana Oliy sud raisi «jurnalistlar bizni tanqid qilmasin», degani yetmay turuvdi.

Nega tanqid qilinmasligi kerak? O‘g‘ri, muttaham, poraxo‘r va maishiy buzuq bo‘lishsa. Oliy sud raisi o‘rinbosari Dehqonov qamoqda nega yotibdi? Minglab vatandoshlarni qaqshatib, mol-mulk orttirgan sud gumashtalari aslida xalq dushmanlaridir.

Bir paytlar o‘g‘riboshilar ko‘rpachaning ustida o‘tirib, razbor qilishardi. 

Bugungi O‘zbekiston hukumati mulozimlari, sud-adliya tizimi faoliyatining o‘sha ko‘rpacha ustidagi razborkadan farqi yo‘q.

Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev arzon uy quradigan tadbirkor Muhammadbobur Xodjaev bilan g‘irt o‘g‘riboshilar kabi razborka qilib o‘tiribdi. «Man palon o‘g‘irladim, san pistiyon o‘g‘irlading, lekin qanotim ostiga olman», deb.

Ortiqxo‘jaev «Har qanday tadbirkorni men o‘z himoyamga olaman!» deb tomoq yirtdi.

Iee, xuquqiy davlatda qanday qilib tadbirkorni hokim o‘z himoyasiga oladi? Hokimga himoya qilish vakolati berilganmi?

Qaysi qaroqchilardan himoya qiladi? Agar hokim himoyasiga ola bilsa, unda sud, prokuratura, militsiya, DXXlarning nima keragi bor?

Hokimning xatti-harakatlari yana va yana O‘zbekistonga mustaqil sud hokimiyati kerakligini ko‘rsatyapti.

Prokuratura va ijro organlari buyrug‘i jurnalistlardan qasd olib uylarini tortib oladigan sud kerak emas.

Qonun nomi bilan ishlaydigan chinakam mustaqil sud hokimiyati kerak.

Shum bola kinosidagi o‘g‘riboshi o‘z o‘g‘riligini legallashtirgan sahnasi bor. 

Joxaning razborkasi ana shu sahnani eslatdi. Ba'zi tili uzunlar aytishicha, Joxa, ya'ni Toshkent hokiminig akaxoni prezidentning kuyovi emish.

Rostmi yoki yo‘qmi, bilmadim, ammo nepatizmga chek qo‘yish kerak.
O‘zbekiston rahbarining qarindosh-urug‘i va bola-chaqasini davlat boshqaruvidan uzoq tutish haqida qonun zarur.

Gulnoraning 16 milliard o‘g‘irlagani nahotki millatga saboq bo‘lmadi.

Bu to‘da zehniyatida o‘g‘irlikka moyillik va korruptsiyaga chalinish sindromi ko‘pligi e'tiborga olinishi kerak.

Bir boltaga sop bo‘lishga arzimaydigan besavodlar faqat prezident qizi bo‘lgani uchun lavozimga o‘tirishi millat uchun isnod va uyat.

Na ilm va zakovat borasida oti o‘zmagan mishiqi Saida Mirziyoevaning Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari qilib tayinlanishi millat uchun haqoratdan boshqa narsa emas.

Laganbardorlik bu to‘daga sut bilan kirgan. O‘g‘irlik va tovlamachilikni  beshikda ertak eshitib o‘rganishadi. Rossiya siyosatchisi Pozner bularga demokratiya kerak emas, deb to‘ppa to‘g‘ri aytdi. 

Demokratiya – xalq boshqaruvi degani. Saylovlar shaffof bo‘lmagan, haqiqiy raqobat bo‘lmagan, matbuot yolg‘onchi yoki, umuman, amaldorlar saylanmaydigan jamiyatda xalq boshqaruvi bo‘lmaydi. Buni xalqning o‘zi o‘zgartira oladi, xolos. Xalq esa xohlamayapti. Demak, Pozner haq!

Kerak bo‘lganda, shuncha xalq 30 yil ichida demokratik ochiq-oshkora bir tuzum qurardi. Yo‘q, bular faqat bitlagan kir ko‘rpa tagidagi o‘g‘irlik, «krisha» va tovlamachilikka asoslangan tutumni sevishadi.

Oqibatda million dollarlik uy qurgan SNB zobiti To‘raqulov ham, ishkopida yarim million dollar turgan Abdusamatov ham, sobiq bosh prokuror Qodirov ham o‘sha yopiq tuzum qurboni bo‘lishadi.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak! 

Video: https://youtu.be/8y_eOiki8UQ

Rassom Tuz
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
9 may 2017
9 may kuni Shomahmudovlar haykali qayta ochildi. Toshkentlik taxlilchi Anvar Nazir fikriga ko‘ra, bu haykal sovet davrini qo‘msagan o‘zbekistonliklar ...
15 yanvar 2024
Prezident Mirziyoev 12 yanvar kuni Havfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida o‘zbek mediyasi uchun milliy kontent yaratish zarurati haqida gapirdi. «Biz O‘zbekiston ...
29 avgust 2016
O‘zbekistonni 27 yil davomida shafqatsizlik va qonunga xilof ravishda boshqargan avtoritar prezident Islom Karimov 78 yoshida o‘ldi. Bu haqda ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...