RTdan va'z: «Og‘zi qiyshiq bo‘lsayam, boyning bolasi…»
Magnitni birinchi marta ushlab ko‘rganimda, bir tomoni tortishi va yana bir tomoni o‘zidan itarishini o‘zim uchun kashf qilgan edim. Oddiy fizika hodisasi-yu, ammo falsafiy fikrlarga xamirturush bo‘ladigan holat.
Masalan, Mixail Saakashvili Gruziyaga prezident bo‘lishidan oldin Gurjiston MDHdagi o‘g‘riboshilar makoni edi. Saakashvili kelishi bilan o‘g‘rilar mingga qo‘yib qochdi.
Albatta, Misha ularni bir muddat qamab, xalqdan o‘margan mol-mulkini davlat hisobiga musodara qildi.
Saakashvilining magnitiga o‘g‘rilar teskari edi. O‘zbekistonda bundan ikki yil oldin Mirziyoev o‘zini rahbar deb e'lon qilganidan keyin MDHdagi o‘g‘ri zoti borki, qora tortib kelaverdi.
Qamoqdagi o‘g‘rilar ham chiqarvorildi. Ashulachi Ozodaning uyida sxodka ham o‘tkazvorishdi.
O‘g‘rilar kelishi bilan mashina o‘g‘irlash ko‘paydi. Kunora ugon. Biznesmenlarga o‘lpon solish yana boshlandi.
Eng dahshatlisi, milisa, sud va prokuraturaning o‘zi asosiy o‘g‘riboshiga aylandi. Masalan, Bosh prokuraturaning iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi katta tergovchisi turkiyalik biznesmendan 47 ming dollar pora oldi.
«To‘yim bo‘lyapti, chiqim ko‘paydi», deb kanadek so‘rishga o‘tdi bu kuyovbola. U 15 yilga qamaldi. Ammo erta-indin amnistiyaga tushib, qamoqdan chiqib kelsa ham ajablanmayman.
Yuridik kollej talabasini urib o‘ldirgan qotil qamaluvdi, esingizda bo‘lsa. Hozir o‘sha qotil yarim yil ham qamoqda o‘tirmay chiqib keldi.
Bu prokuror qadim zamonda emas, bugun, shu Mirziyoev zamonida betini bez qilib investordan o‘lpon so‘rayapti.
Bosh vazir o‘rinbosari Suhrob Xolmurodovning ham, Surxondaryoning sobiq ashulachi hokimi Bahodir Po‘latovning ham ishi tergovda. Ta'magirlik. O‘g‘irlik. Oliy sud raisi o‘rinbosari Dehqonov esa qotillikda ayblanmoqda.
Anovi… magnit haqidagi gapdan boshlovdim.
Mirziyoev magniti o‘g‘ri kazzob va qotillarni o‘ziga tortdi. Endi Mirziyoev magnitiga teskari jarayon ham bor.
Shu kunlarda natijasi e'lon qilingan AQShning grin kard lotereyasiga ikki million o‘zbek ariza topshirib, dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi. Yunusoboddagi AQSh elchixonasi oldida turgan kilometrlik navbatni ko‘rgan odam bularning uyidan ilon chiqdimi, demaydimi?
Mamlakatning yarmi Amerikaga surmoqchi. Darvoqe, grin kard yutib, AQShga surayotganlar ichida namanganlik deputat tog‘a ham bor ekan. Bu deputat «O‘zbekistonni sevaman!» deb baqiraverib ovozi bo‘g‘ilib qolgan edi.
O‘zbekiston mustaqilligi haqida gapiradiganlardan biri Buxoro viloyati hokimi janob Barnoev 9 may kuni qizil shapkacha kiyvolib «katyusha» aytdi. Sovetni sog‘inib, aroq sipqordi. Bu millat xoini o‘tgan yili rus shovinisti Jirinovskiy oyog‘i ostiga qo‘y so‘ygan edi.
Umuman, bu qavm tarvuzga o‘xshaydi. Tashqarisi yashil, ichi esa qip qizil. 9 may kuni sovetni sog‘inib irg‘ishlayotgan olomonning 20 ta vakili bundan bir hafta oldin o‘ris tili davlat tili bo‘lsin, deb g‘ingshigan edi.
Televizorni yoqsam Mirziyoev mashvarat qilyapti. Hoynahoy tilimiz haqida qayg‘uryapti desam, zargarlikni rivojlantirish haqida selektor o‘tkazayotgan ekan.
Zar qadrini zargar bilar, chilangar neni bilar. Ammo Mirziyoev zargar ham, chilangar ham emas. Savdogar ham. Agar savdogar bo‘lganida, xalq puliga qurilgan, eng kamtar narxda ham 200 million dollardan kam narxlanmaydigan Farg‘onadagi neftni qayta ishlash zavodini Indoneziyada ishlayotgan bir firibgar o‘zbekka 15 baravar arzonga sotarmidi.
Faqat O‘zbekistonda shunday mo‘'jiza bo‘lishi mumkin, Mirziyoev O‘zbekistonida.
Va'zingizda biror ijobiy gap yo‘qmi, deb so‘rarsiz. Albatta, bor yaxshi xabar. Organda ishlaydiganlar uchun yaxshi xabar.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 6 may kuni imzolagan qarorga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari farzandlari mamlakat oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz o‘qishga kiradi.
Mudofaa vazirligi, IIV, Milliy gvardiya, Bojxona qo‘mitasi xodimlariga berilgan bunday imtiyoz, ayni paytda prokuratura va DXXga taalluqli emas.
Nizomda o‘qishga kiradigan organ xodimlari farzandlarining bilim saviyasi qaysi andazada baholanishi haqida gap yo‘q.
Ikkichimi, savodsizmi, baribir. Og‘zi qiyshiq bo‘lsa ham milisaning bolasi o‘qishga kiradi.
Mamlakatda organ xodimining soni bir milliondan oshar ekan. Mayli, bir million deylik. Ularning oltitadan bolasi bo‘lsa – 6 milliontasiga talaba bileti beradimi?
Bundan tashqari, Zulfiyachi qizlar ham imtihonsiz talaba bo‘ladi.
Yana xushxabar. So‘nggi olti oy ichida besh yuzta ona uchtadan tug‘ibdi. Bu egizlarni tortib chiqarayotgan magnitning ismi «Malibu» avtomobili ekanini fiziklar aniqlashdi.
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!
Video: https://youtu.be/oMGFZLjLidU
Rassom Tuz
Eltuz.com