Jasliq qamoqxonasi buzilmaydi, tergov hibsxonasiga aylantiriladi
Prezident Mirziyoev qarori bilan 3 avgust kuni O‘zbekistondagi mash'um Jasliq qamoqxonasi yopildi. Ayni qarorda qamoqxona binolari va mulklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV 2-tergov hibsxonasiga berilishi bildirildi.
Jasliq qamoqxonasining sobiq mahkumi, ayni paytda huquq faoli, 67 yashar A'zam Turg‘unov «Eltuz»ga bergan intervyusida aslida Jasliq qamog‘i to‘liq tugatilmagani, qiynoqlar va nohaq hibsga olishlar to‘xtamaganini aytadi:
«O‘sha Jasliqni tugatdi, deb xursand bo‘layotgan odamlar ko‘p narsalarni nazardan qochiryapti. Qarang, tugatildi deb aytilyapti, lekin uni Qoraqalpog‘iston ichki ishlar yurisdiktsiyasiga beryapti. 2-tergov hibsxonasi qilinadi, deyapti. Asosiy qiynoqlar, aybni bo‘yniga qo‘yish aslida tergov izolyatorida ro‘y beradi-ku. Endi, mening qo‘rqayotganim, buni tergov izolyatori qiladi-da, Toshkentda qilinishi kerak bo‘lgan tergovni o‘sha yoqqa olib ketadi. U yerga kim bora oladi? Kimni borgisi keladi u yoqqa? Toshkentdan 2000 kilometr joyga…».
Jasliq to‘liq tugatilib, binolarini tadbirkorlarga berish ma'qul edi, deydi A'zam Turg‘unov:
«Aqlli odam uchun bu tayyor bino. O‘sha yerning xalqi Qo‘ng‘irot uchun million-millionga tortadigan qancha narsa ishlab chiqarsa bo‘ladi u yerda. Tugatildi dedimi, tugatish kerak. Bu degani qayta tashkil qilish kerak, degani emas-ku».
Bugun Shveytsariyada yashayotgan, jiyani va o‘g‘illari qamoqda qolayotgan 73 yashar Ahmadjon Madumarov Jasliq qamoqxonasining tugatilishidan xursandligini aytadi.
«Ushbu qamoqxonaning yopilishini O‘zbekiston prezidenti olib borayotgan katta bir o‘zgarish, deb bilaman. Bu qamoqxonada uzoq vaqt mening jiyanim Abdulahad saqlangan. Mirziyoev iqtidorga kelgach, u manzil koloniyaga chiqarildi. Bu qamoqxonada insoniyat hech bir ko‘tara olmaydigan zulmlarni o‘ylab topishgan edi», deydi Madumarov «Eltuz»ga bergan intervyusida.
Davlatni ag‘darishda ayblangan, jiyani Jasliqqa tashlangan va yana ikki o‘g‘li qamalgan Madumarov bu qamoqxona tarixiy muzeyga aylantirilishi kerak, deya hisoblaydi.
«Bu qamoqxona O‘zbekiston xalqiga juda ko‘p zulmlar keltirgan. U yerda qamoqda o‘tirib chiqqan A'zam Turg‘unov, A'zam Farmonov, bir qancha jurnalistlar va asosan dindorlar juda ko‘p zulm ko‘rishgan. Shuning uchun bu qamoqxona muzeyga aylantirilganida edi, yaxshi bo‘lardi. Islom Karimovning o‘zbek xalqiga ko‘rsatgan zulmi oshkor bo‘lgan bo‘lar edi».
Shuningdek, Madumarov ayni qamoqxonada qiynoqlarni amalga oshirgan shaxslarga qarshi tergov surishtiruvi boshlanishi kerakligini ta'kidladi.
«Ya'ni nafaqat shu yerda ishlaganlar, balki boshqa koloniyalarda ishlab odamlarga zulm o‘tkazganlar ustidan albatta jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi kerak. Shodievning o‘zi ko‘rsatma berib, qamoqxonalarda repressiyalar o‘tkazardi. Qamoqxonalarda birinchi muovin SNBdan qo‘yilgan bo‘lar edi va u xohlagan ishini qilar edi…».
Jasliqning sobiq tutquni A'zam Turg‘unov ham ayni mash'um qiynoqlarni eslaydi va bu amaliyotlar hamon davom etayotganini aytadi.
«Lekin asosiy gap o‘sha biz aytayotgan narsa – nohaq qamalganlarning ishini qayta ko‘rib chiqish. Mana, bugun Kubatinning sudidan keldik. Yana ortga qoldirishdi. Olim odam. Kubatin, Akrom Malik, Rustam Abdumannopov… Juda ko‘p nohaq qamalganlar. Maxsus komissiya tuzish kerak-da. Bizga o‘xshagan bir-ikkita muxolifatchiniyam o‘shanga qo‘shivorsa, yaxshi ish bo‘lardi. Qiynoqlar yo‘q deb hozir aytishyapti. Yaqin-yaqinlargacha Akmal Saidov ham, Svetlana Ortiqova ham, Sayyora Rashidova ham O‘zbekistonda qiynoqlar yo‘q, deb kelishdi. Oxir-oqibat prezidentni o‘zi tan oldi-yu, haliyam bor qiynoqlar», dedi huquq faoli «Eltuz» nashriga bergan intervyusida.
Eltuz.com