Asosiy mavzular
16 avgust 2019

RTdan va'z: Gondurasliklarga quchoq ochgan el!

Mana, hayit ham o‘tdi. Bor tovog‘im – kel tovog‘im tugab, kundalik tashvishlarga qaytdik. Hayot tabrik otkritkalaridagi kabi rang-barang emas. 

Payariq tumanidagi Chelak shahri bozorida joylashgan dorixonada bir ayolni sobiq eri kelib chavaqlab tashladi (video). Odamlar bemalol tomoshabin bo‘lib telefoniga video olib qarab turishdi. IIB xodimlari ham bez bo‘lib turishdi. Tez yordam mashinasini soatlab kutishdi.

Bir ayol o‘ldi ketdi.  

Toshkent ko‘chasida esa tez yordam vrachlari bir odamni o‘lasi qilib kaltaklagani videosi tarqaldi (video).  

Uychi tumanidagi Yangihayot mahallasida 18 yashar yigit Baxt ko‘chasidagi tanishini yog‘och to‘qmoq bilan urib mayib qildi. Yigit qamoqda.

Peterburgda 35 yashar o‘zbek ayolni ikki o‘zbek navbat bilan zo‘rladi. Zo‘rlash 10 avgust kuni Dmitrov ko‘chasidagi 17-uyda yuz berdi. Zo‘rovonlar qamoqda. 

Jizzaxning Qang‘li MFYda yashovchi 47 yashar uka o‘z akasining oyog‘ini ketmon bilan chopib tashadi. Aka bannisada, uka qamoqda. 

Qo‘rqinchli xabarlarga nuqta qo‘yib, bitta xushxabar ham aytsak.

Barbados va gondurasliklar O‘zbekistonga vizasiz kiradigan bo‘ldi. Xush kelibsiz, gondurasliklar, go‘zal vatanimizga. Ammo zinhor yomon komment yozmanglar.

Gonduraslik ekan, mehmon-ku, bu deb o‘tirmasdan, sizni darrov qamab tashashlari mumkin. O‘sha kaprizmen  Komil Allamjonov bayonot bilan chiqib, «qaysi muallifning maqolasi ostida yomon komment bo‘lsa, javobgarlikka tortiladi», dedi.

Masalan, men milisada ishlayman. Palonchi jurnalist meni fosh qilib, maqola yozdi. Maqola chiqishi bilan bemalol o‘sha jurnalistni qamashga yo‘lga chiqaverishim mumkin. Yo‘l-yo‘lakay anonim akkauntimdan bir-ikki so‘kish yozib qo‘ysam bo‘ldi. Shartta borib jurnalistning qo‘liga kishan solaman-qo‘yaman. Kimsan, «Avtotsest»day sog‘in sigiri bor Allamjon aytsa-yu, men qamamaymanmi jurnalistni?!

Ammo Allamjonovga poshel deydiganlar ham bor ekan. Ulardan biri bloger Nurbek Alimovning yozganini o‘qib bersam.

«Hurmatli Komil Allamjonov, mening postim ostida yozilgan kommentariylar uchun men emas, o‘sha kommentariyni yozgan odam javobgar. Post uchun esa men javobgar. Keyin qonunda hech qachon kommentlarni zudlik bilan o‘chirib tashlash haqida gap yo‘q.

Misol uchun, Toshmat bloger yozgan post ostida Eshmat birorta G‘ishmat haqida «uning noqonuniy shuncha boyligi bor», deb gapirsa yoki haqorat qilsa, men u kommentariyni o‘chirmayman, maksimum qo‘limdan keladigani – birovni haqorat qilmaslik bo‘yicha maslahat va tavsiya berishim va bunga qonunda jazo borligini eslatib o‘tishim mumkin, xolos.

Agarda SUD tomonidan o‘sha mening postim kommentiga Eshmatning G‘ishmatga nisbatan yozgan gaplari tuhmat va haqorat ekanligi tan olinsagina, SUD QARORI bilan o‘sha kommentariyni o‘chirishim mumkin», deydi Nurbek brat.

Moshalloh. Bu gaplaringiz uchun beriladigan ajr savobi 10 karra haj qilgan bilan teng bo‘lsin, iloyim.

Allamjon – bir o‘zbek mulozimi. O‘zbek mulozimi degani esa umurtqasiz maxluq. Masalan, kechgan haftada bir to‘da bachchaboz tolibonlar shalvarini sudrab o‘zbek mulozimlarining aziz mehmoni bo‘lishdi.  Turdimov degan Samarqand hokimi bu soqoltoy tolibonlarga mehr ko‘zi bilan boqib, achomlab, to‘nlar kiydirdi. 

Beqasam to‘nlar kiyib, muncha meni yondirasan, deb g‘amza qildi Komilovu Turdimovlar.

Aslida ularda ayb yo‘q. Ularga Kremldan shunaqa buyruq kelgan. Kreml amri bugungi O‘zbekiston rahbarlari uchun vojib bo‘lib qoldi. Istiqlol, vatan mustaqilligi degan narsalar unutilib, Rosssiyaga vassal bo‘lib emaklashdan huzur qilyapti bular.

Tarixiy chekinish qilsam. 1987 yili rassom  Qobiljon Odilov Myunxendan o‘zbekcha gazeta olib keldi. Gazeta «Hur Turkiston uchun istiqlol gazeti» deb nomlanar edi. «Istiqlol – bu mustaqillik, erkinlik, biz sovet ishg‘olidan qutulib ozod yashashimiz kerak» deya tushuntirgan edi bu ajoyib rassom.

Istiqlol so‘zi ko‘nglimga o‘tirdi. O‘sha paytda «O‘sarfilm» degan xususiy studiyada ishlar edim. Studiyaning «Ësh leninchi» gazetasida bosilgan e'loniga «istiqlol» kalimasini kiritib qo‘ydim. Ammo hushyor muharrir bu so‘zni darhol «istiqbol» deb o‘zgartirib chop qildi. 1991 yili 31 avgustdan keyin birdan bu hushyor muharrirlar «istiqlol» so‘zini otchopardagi uloqdek tortqilab qochishdi.

Kechagina Lenin, Kreml va kommunizmni ulug‘lab yozganlar birdaniga istiqlol haqida she'r bita boshlashdi. Ashulachilar ham bu so‘zni shartta ilib olib naqoratga qo‘shishdi. Xullas, sobiq kommunistlar 25 yil istiqlol deb tomoq yirtishdi ammo..

Tabiatda atavizm degan holat bor. Atavizm asliga qaytish degani. Masalan, Bulgakov asari qahramoni professor Preobrajenskiy itni odamga aylantiradi. Ammo atavizm bois u itligini qilaveradi. 

Istiqlol deya eng ko‘p tomoq yirtgan ashulachi Yulduz Usmonova o‘tgan yili qizil bolshevik kiyimini kiyib, «Katyusha» aytib rasmga tushdi. 

O‘zbekistonning «yangi» (aslida eski) rahbari “Istiqlol” saroyini “Xalqlar do‘stligi”ga almashtirdi.

O‘zi bu sobiq kommunist, institut komsorgi bo‘lib ishlagan partfunktsionarni olqishlamaganlarning torgina safida edim. 

Ichimda bir tuyg‘u bu odamdan xayr chiqmasligini shivirlar edi. 

Aynan shu odam «Turkiston» gazetasi nomini «Ëshlar ovozi» deb o‘zgartirdi. Aynan shu odam Qrimni ishg‘ol qilgan Rossiya propaganda telekanallarini O‘zbekistonga olib kiraman, deb mulozamatlandi. Aynan shu odam davrida Ramzan Qodirov degan «tip» mamlakatga kir oyog‘ini bosdi…

Mayli, «istiqlol» kalimasi yetim qolmas. Yana men, rassom do‘stim Qobiljon va boshqa millatsevar ukalarim bu kalimani kul ichidagi cho‘g‘dek saqlayveramiz. 

Qo‘rqayotganim – bu populistning navbatdagi qadami nima?

Nahotki Amir Temur haykalini olib tashlab, o‘rniga Stalin haykalini tikadi. Nahotki?

Meni bu qo‘rqinch istiqboldan ko‘ra Rossiya targ‘ibotini chanqoq tuya kabi simirib, ruslardan ham ko‘proq patriotga aylangan «uzbekhomosovetikus»lar hurkitmoqda. 

1991 yilning 17 martida o‘tkazilgan SSSRni saqlab qolish referendumida qatnashgan 10 million o‘zbekning to‘qqiz yarim millioni mustaqillikka qarshi ovoz bergan edi.

Referedumda qatnashgan o‘zbeklarning 94 foizi qullikni tanlagan edi.

Bugun ularning bolalari yashasin qullik deya Turkistonni ishg‘ol qilgan imperiya ashulasini og‘zini yirtguday ochib baralla aytmoqda.

Millat dushmanlari vatan tuprog‘ida kezmoqda.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
27 mart 2017
O‘zbekistonda shu paytgacha ko‘klarga ko‘tarilib maqtalib kelingan ta'lim tizimining asl ahvoli to‘g‘risida achchiq haqiqatlar oshkor bo‘layotgani, ommaviiy axborot vositalarida ...
27 sentyabr 2017
Farg‘ona viloyatida huqumatning o‘qituvchi va shifokorlarni paxtadan qaytarish buyrug‘iga qaramay, ular hamon dalada qolib paxta terishmoqda. Ma'lum bo‘lishicha, shifokorlar ...
19 sentyabr 2018
Naqadar achchiqki, bolsheviklar inqilobidan buyon toptalib kelingan va endigina qaddini tiklagan jafokash o‘zbek tili tag‘in oyoqosti qilindi va bundan ...
24 oktyabr 2022
Olmaotadagi tumanlararo tergov sudi 7 oktyabr kuni O‘zbekistonda separatizmda gumonlangan qoraqalpog‘istonlik Ziuar Mirmanbetovani hibsga olish haqida qaror chiqardi.Bundan oldin ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...