RTdan va'z: Maymunsifat o‘zbek parlamenti
Co‘nggi yillarda muzey va galereyalardagi saroy san'atiga muxolif ko‘cha tasviriy san'ati ancha rivoj topdi. Bu san'atni tijoratga aylantirish va aristokratlashtirishga qarshi o‘ziga xos norozilik hamdir.
Britaniyalik mashhur rassom Benksi ko‘cha san'atining dunyoga tanilgan va eng ajralib turadigan namoyondasi hisoblanadi.
Benksi – garchi o‘tgan asrning 90-yillaridan faoliyat ko‘rsatayotgan esa-da, hanuz o‘z shaxsini yashirib kelayotgan rassom taxallusi. Bu ijodkorning asl ismini hech kim bilmaydi, biroq uning deyarli har bir asari jamoatchilik hayotida voqea sanaladi.
Garchi bu rassom galereya va muzeylardan o‘zini chetga olib kelsa-da, baribir ularning ayrimlari bilan hamkorlik qilgan. Angliyaning shunday galereyalaridan biri – Bristol o‘lkashunoslik muzeyida 2009 yili rassom Benksi asarlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Bu ko‘rgazma o‘z tomoshabinlari soni bo‘yicha dunyo o‘ntaligiga kirdi.
Hozirgi kunga qadar muzeyda Benksining faqat bitta asari ko‘rgazmaga qo‘yilgan, asarning nomi «Aksilevolyutsiyalangan parlament».
Bu ulkan rasm muzeyning asosiy foyesida osig‘liq turibdi va men bir necha kun avval muzeyga borib, uni tomosha qildim.
Bu asarda Britaniya parlamenti aniq tasvirlangan, faqat odamlar o‘rnida maymunlar aks ettirilgan. Bu asarda to‘liq tarkibdagi fraktsiyalar ishtirokida nutq so‘zlayotgan va parlament a'zolarining odatiy savollariga javob berayotgan bosh vazir achchiq satira axloqi va kayfiyati chegaralaridan chiqqan shaklda ifodalangan.
Bunday majlislarda muxolifat keskin savollar yog‘diradi, bosh vazir bo‘lsa notiqlik san'ati va zukkolik qoidalarini qo‘llagan holda gapirishi, savollarga javob berishda uyalib qolmasligi shart. Majlis muhiti boks jangi bo‘ladigan tomosha zalini eslatadi.
Taraflar faollik va shovqin-suron bilan u yoki bu jangchiga, faqat bu holatda siyosiy jangchiga ishqibozlik qilishadi. Bu kabi keskin debatlarni televizor orqali ko‘rarkan, undan judayam yoqimli taassurot olmaysan. Ehtimol, ayni tuyg‘u Benksining shunday asar yaratishiga turtki bo‘lgandir.
Buni nega aytyapman? Meni hayratga solgan narsa, garchi bu satira Britaniya parlamenti a'zolari uchun yoqimsiz va hatto haqoratli bo‘lsa-da, ulardan hech birining e'tiroz bildirishga, muzeydan bu kartina namoyishini taqiqlashni talab qilish masalasini ko‘tarishga hatto urinib ham ko‘rmaganidir.
Shu bois, bu suvrat Bristol muzeyida tinchgina osig‘liq turibdi. Shuning o‘zi Britaniya yoki boshqa demokratik mamlakatlarni O‘zbekiston kabi avtoritar rejimlardan ajratuvchi so‘z va fikr erkinligining yaqqol ifodasidir. Siyosatchilar, hukumatlar o‘z sha'nining hajv qilinishiga toqat qilishadi va bu toqatlilikni jamiyat siyosiy madaniyatining bir qismi hisoblashadi. Chunki siyosiy toqatsizlik jamiyatning tezgina tubanlashuviga olib keladi.
Demokratik mamlakatlarda, masalan, Britaniya, Shvetsiya yoki Germaniyada davlat mulozimlarining «sharafi va qadr-qimmati» oddiy odamlarnikidan kamroq himoyalangan. Shu bois, agar sen hokimiyatga intilsang, u holda tanqidga, vazir, deputat yoki prezident bo‘lsang, u holda sening ishing va shaxsiy hayotingni lupa ostida kuzatishlariga tayyor bo‘lishing kerak.
Agar sen jahldor odam bo‘lsang va seni ommaviy muhokama qilishlarini istamasang, u holda oddiy odam bo‘lishing va hukumatdan ketishing kerak.
Berlin, London yoki Stokgolm ko‘chalarida ayni mamlakat rahbarlari achchiq kulgi qilingan ko‘plab rasmlarni ko‘rish mumkin. Angela Merkelning quyon shaklida yoki ich kiyimda aks etgan suvrati hech kimni hayratga solmaydi.
Endi esa tasavvur qilaylik, O‘zbekistonda mamlakat prezidenti va Oliy Majlis deputatlarini hayvon sifatida aks ettirgan muallifning holi ne kechishini. Qanday bo‘kirish boshlangan bo‘lardi, aftidan bizning haqiqat vazirimiz janob Allamjonovning g‘azabnok tovushi hammanikidan balandroq eshitilgan bo‘lardi. Bu kabi suvrat O‘zbekistonning biror jamoatchilik joyida bir kun bo‘lsa-da osilib turishiga, uning muallifini esa shu zahotiyoq hibsga olmasliklariga va uzoq muddat qamoqqa hukm qilmasliklariga ishonmayman.
Yaqinda mulozim Komil Allamjonov ijtimoiy tarmoqda o‘zi haqida salbiy izoh yozuvchilarga g‘azab xurujini yog‘dirdi.
Keyin esa u o‘zbek jurnalistlari va blogerlari bilan uchrashib, ularga chop etgan maqolalari ostidagi izohlar uchun ham ular javobgar ekanliklarini aytdi.
Biror o‘zbek jurnalisti: «Allamjonov, sen davlat xizmatkorisan va sen tanqidga tayyor bo‘lishing kerak», deb aytishga o‘zida jur'at topa olmadi.
Aynan shu holat maymuniyat aks etgan kartinaning O‘zbekistonda osig‘liq turishi mumkin emasligi, o‘zbek jamiyatining hamon mudroq holatdan chiqmayotgani sabablaridan biridir.
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!
Rassom Tuz