RT va'zi: Ortga qarab yurgan yiqiladi
Ertaklar ikkiga bo‘linadi – o‘tmish va bugun ertaklari. Erkaklar ham ikkiga bo‘linadi – xotini olib bergan mashinani minib oshnasiga maqtanadiganlar va chetda ishlab topganini xotinining hoyu havasiga sarf qiladiganlar. Ayollar ham ikkiga bo‘linadi – erga tekkanlar va ajrashganlar. Ajrashgan erkaklar ham ikkiga bo‘linadi – alimentni umuman to‘lamay qochib yuradiganlar yoki ataylab past oylikli ishda ishlab, alimentni kam to‘laydiganlar. Bolalar ham ikkiga bo‘linadi – chetdagi otasini skayp orqali ko‘rib o‘sganlar va telegram messenjeri orqali gaplashadiganlar. Prezidentlar ham ikkiga bo‘linadi – mamlakatni xarob qilib, taxtga yopishib o‘lib ketganlar va odamlarni aldab, bir umr prezidentlik kursisiga qolmoqchi bo‘lganlar. Jamiyatlar ham ikkiga bo‘linadi – fizika, matematika kabi ilmlarga tayanib “Mersedes bents” moshina chiqaradiganlar va cho‘pchakka ishonib ko‘knor ekadiganlar.
Mahalliy xabarlar
Shu haftada prezident g‘alla va paxtaga davlat buyurtmasi bosqichma-bosqich bekor bo‘lishini e'lon qildi. Paxta mavsumidagi majburiy mehnat, avvalo, yuqoridan keladigan davlat buyurtmasi, paxta xomashyosining narxini bozor emas, davlat belgilashidan kelib chiqadi.
Shuningdek, propiskadan bosqichma-bosqich voz kechish haqida ham gapirildi. Deputatlar go‘yoki bu boradagi xorijiy tajribani o‘rganish va keyin uni muhokama qilishga da'vat etildi. Albatta, deputatlarni propiska tajribasini o‘rganish uchun Shimoliy Koreyaga jo‘natish mumkin. Ammo u yerda nimani o‘rganish mumkin? Nega kishilarni hududiy mansubligiga qarab toifalarga ajratadigan propiska tizimini shunchaki bekor qilish mumkin emas?
Qashqadaryoda gumonlanuvchini so‘roq paytida urib o‘ldirgan besh ichki ishlar xodimi qamoqqa olindi. So‘roq paytida o‘lgan 32 yashar gumonlanuvchi Yusuf Abdurahmonov jismonan baquvvat edi. Mol bozorida dallol edi. Uni ikki soatda chiroqchilik mentlar o‘ldirdi.
AOKA rahbari Komil Allamjonov va uning o‘rinbosari Saida Mirziyoeva 29 yanvar kuni arizalariga ko‘ra lavozimlaridan ozod etildi.
Xabarlarga ko‘ra, Allamjonov prezidentning qizi Saida bilan birgalikda matbuotga aloqador jamoatchilik fondi tuzishni rejalashgan. Bu tashkilot bir vaqtlar birinchi prezidentning qizi Gulnora Karimov tuzgan «Fond forum»ga o‘xshash bo‘lishidan xavotirlar yangramoqda.
Chet el xabarlari
Istanbuldagi Reina tungi klubida 2017 yilning 1 yanvariga o‘tar kechasi terror hujumi sodir etgan o‘zbekistonlik Abdulqodir Masharipovga turkiyalik prokurorlar 40 ta umrbod qamoq jazosi so‘radi. Agar sud prokurorning talabiga quloq solsa, Masharipov qamoqda 2385 yil o‘tirar ekan.
Britaniyada faollar qizlikni tiktirish amallarini qonun bilan taqiqlashni so‘rashmoqda. BBSning yozishicha, bu mamlakatda asosan muslimalar ushbu jarrohlikdan foydalanishadi. Chunki to‘ydan keyin qizning bokira bo‘lmaganini bilib qolsa, er undan ajrashadi.
Ko‘plab muslimalar to‘ydan oldin shifokorga uchrab, qizligini tiktirib qo‘yishadi.
Bo‘lingan jamiyat
Kelgan joydan davom ettirsam. Demak, jamiyatlar cho‘pchakka ishonadigan va ilmga ishonadiganlarga bo‘linadi. Ilm mahsulidan foydalanish bo‘yicha ilg‘ormiz, albatta. Bugun O‘zbekistonning har bir nuqtasida telefonga qarab turgan odamni ko‘rasiz. Telefon bo‘lganda ham aqlli telefon. Ko‘chada, azada, to‘yda, restoran va kafeda odamlar afsunlangandek telefonga qarashadi. Bir jodu boqadi ekrandan, kulamiz, ko‘z yoshlar to‘kamiz. Bu joduning oti telefon.
Uni 1860 yilda Antonio Meuchchi (ital. Antonio Meucci; 1808 —1889) o‘ylab topgan. Leonardo da Vinchiga hamqishloq bo‘lgan bu olim AQShga borib, telefon apparati ixtiro qildi.
Telefon apparati yaratilgan paytda Xiva xonligini o‘rislar hali bosib olmagan edi. Xiva xoni Said Muhammadxon telefon tugul daryodagi kema yelkan bilan qanday suzishi haqida tasavvurga ham ega emas edi. Bachcha va mug‘vachchalar haqida g‘azal yozib o‘tiruvdi.
Ammo oradan yillar o‘tib, O‘zbekiston sovet davrida Markaziy Osiyodagi ilm fan markazi deya tanlandi. Ilk universitet – O‘rta Osiyo davlat universiteti Toshkentda ochildi.
1986 yilga kelib Toshkentda Yadro fizikasi, Astronomiya, Kibernetika, Seysmologiya institutlari faoliyat yuritardi.
Dunyodagi ilk marotaba kosmosga odam uchirish loyihasi Toshkentdan boshqarildi. Boyqo‘ng‘ir maxfiy hujjatlarda Toshkent-1 deb nomlandi.
Chunki Qozog‘istonda ilmiy salohiyat va zarur infratuzilma yo‘q edi. Oyda yuradigan lunaxodning g‘ildirak qismidagi gidravlik mexanizm va burg‘ular Toshkentdagi kosmosni tadqiq qilish institutida yaratilganini ko‘pchilik bilmaydi.
1991 yili O‘zbekiston mustaqil bo‘lganida unga SSSRdan meros sifatida ulkan ilmiy tadqiqot institutlari tegdi. Mamlakatda traktordan tortib harbiy yuk uchoqlarigacha ishlab chiqariladigan sanoat mavjud edi. Masalan, o‘sha davrda Qozog‘istonda bu qadar yuksak ilm markazlari yo‘q edi.
Ammo bugun Qozog‘iston bilan ilm borasida bo‘ylashsak, ahvolimizni ko‘rib uyalamiz.
Sahroda ketayotgan karvon birdan ortga burilsa, birinchi ketayotgan tuya oxirgi tuyaga oxirida ketayotgan tuya esa birinchi tuyaga aylanadi.
Nega biz oxirgi tuyaga aylandik? Bu shunchaki mexanika emas har holda.
O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin davlat boshqaruvida ham, aholi orasida ham aniq fanlardan ko‘ra cho‘pchagu ertaklarga moyillik sezildi.
Biz dunyodagi eng boy mamlakatmiz, mustaqil bo‘lsak Shveytsariyaga aylanamiz, deyishdi ziyolilar.
Ulardan pastroqda turganlar esa titul millat mansubi bo‘lmagani uchun ilmli muhandis va olimlarni haqoratlab, bor, ket Isroilingga yoki Rossiyangga, deb haqoratlashdi.
Farg‘ona vodiysida esa islomiy xalifalik qurish haqida cho‘pchak aytadigan Tohir Yo‘ldosh va Juma Namangoniylar azizu, akademik olimlar xoru notavon bo‘la boshladi.
Ommaga ilm emas, cho‘pchak kerakligini bilgan Islom Karimov mamlakatdagi asosiy cho‘pchak monopolistiga aylandi.
Atom fizikasi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan bo‘lajak olim endi «ma'naviyat» darsini o‘qib, Islom Karimov yozgan «Musappo osmon» cho‘pchak kitobidan imtihon topshirishi kerak edi.
Shu tariqa ilm o‘choqlaridagi olov o‘chirildi. Akademiklardan tortib «O‘zbekfilm» studiyasida montajchi bo‘lib ishlaydigan kichik mutaxassislargacha O‘zbekistonni bir-bir tark etdi.
Butun bir mamlakat rasman «ma'naviyat» degan dars o‘quvchilariga aylantirildi. Uyiga borganida esa mutaassib ekstremistlar cho‘pchagini ota-enasi yoki Moskva va Istanbulda ishlaydigan hizbchi tog‘asidan eshitdi.
Bu ikkala cho‘pchak ham «o‘tmishda zo‘r bo‘lganmiz», degan safsata ustiga qurilgan edi.
Biz nega qoqildik?
Normal holatda yurayotgan odam boshini sal ko‘tarib oldga qaraydi va shahdam qadamlaydi.
Masalan, u yurayotib ortga qarasa yoki qanaqa yuryapman deb oyog‘iga qarasa, qoqilib yiqilishi tayin.
Ilk marta velosiped haydagan odam oyog‘iga qarasa yiqilgani kabi.
Bugungi zamondoshlarimiz tasviri mening ko‘z oldimda nuqul bo‘ynini qayirib ortga qarayotgan tentak odamday gavdalanadi.
«Beruniy Amerikani ochgan, Ibn Sino ko‘richakni davolagan, Amir Temur Yevropani qutqargan¸ Navoiy Ginnes kitobiga kirgan» va hokazo deb nuqul maqtanayotgan bu odamlar loaqal bitta ixtironi patentlamaydi.
Patent olish istagida yurganlar esa eng uzun lag‘mon, eng katta palov yoki eng ko‘p moshkichiri uchun Ginnesning eshigini qoqishadi.
1928 yil 3 iyul AQShda yashaydigan rus aslli muhandis Vladimir Zvorikin televizor ixtiro qilgan kun sifatida tarixga kirgan. Bu sana ayni paytda o‘zbek vatanparvarlarini ranjitibdi.
Ularning iddaosiga ko‘ra, birinchi harakatlanadigan oq-qora tasvirli uskuna sovet fizik ixtirochisi Boris Grabovskiy tomonidan 1925 yilda Toshkentda yaratilgan. 1928 yilda esa televizon tizim ishga tushirilgan va ko‘chadagi harakatlanayotgan odamlar universitet ichida turib kuzatilgan.
Balkim shundaydir, lekin patent yoki ishonchli hujjat yo‘q.
Bu juda oddiy – ikkita rus olimi parallel tadqiqot olib borgan. Bittasi Toshkentda, yana biri Pittsburg (AQSh)da. Taqdir taqozosi bilan birinchi TV yoyin AQShda bo‘lgan. Bilamiz, Grabovskiy Navoiy ko‘chasidagi tramvaylarni TVda ko‘rsatgan. Lekin bu holat patentlanmagan.
1923 yilda Zvorikin AQShning Pittsburg shahrida TV namoyish qiladigan priyomnik uchun patent arizasi bergan (US Patent 2141059 of 20.12.1938).
Bu bahs o‘zbeklarning izzat-nafsiga tegadi, chunki ular Toshkentni TV vatani deb ishonishgan.
Xuddi shu ma'noda Toshkentni Rossiya inqilobi vatani deb ham aytish mumkin, zotan Kerenskiy Toshkentda tug‘ilgan. Ëki rus modern poeziyasi vatani deylik, chunki Anna Ahmatova o‘zining sara misralarini Toshkentda yozgan.
Gap shundaki, Grabovskiy TV kineskopi ustida ishlayotgan paytda Toshkent olimlari Abo Muslimning gurzisi necha botmonligi yoki hazrat Alining shamshiri muboraklari necha gaz bo‘lganini tortishib o‘tirgan.
Madrasadagi boshqa olimlar esa Kalvak maxsumning oyog‘iga zang taqib¸ raqs tushib muqom qilganidan mast bo‘lib¸ «do‘o‘o‘st» deb yaqosiga mushtlagan.
Olim Grabovskiy Toshkentda televizor kineskopini yaratayotgan davrdagi muhit bilan bugungi kunimizdagi voqelik o‘xshash ekaniga hayron qolaman.
Gap shundaki, Toshkentga evakuatsiya qilingan buyuk shoira Anna Ahmatova bir quchoq o‘tin yoki bir chelak ko‘mir so‘rab Yozuvchilar uyushmasi raisi Hamid Olimjon oldiga borganida kamsitilib qaytib kelgan.
Ahmatovaga qarab, «Men sovet hukumatini ulug‘lab she'r yozishim kerak, sening issiq-sovug‘ing bilan ishim yo‘q», degan odam bugun Toshkentda haykali qo‘yilgan kommunistik baxt kuychisi Hamid Olimjon edi.
Oti o‘zmaganlar
Zamondoshlarimga beradigan savolim buldur.
Xo‘sh, bugun nimani qoyil qildik? Erishganimiz Karimov davri ixtiro qilgan supurgini Mirziyoev davrida chapanicha ushlab, zarg‘aldoq nimchani kiyib, o‘risning ko‘chasini supurganimizmi?
Ëki oliy ma'lumotli filolog qizaloqlarning dunyo islovotxonalarini obod qilayotganimi?
Bugun o‘zbek arxeologi Stokgolm do‘konida qorovul¸ o‘zbek tog‘ muhandisi esa Varshavadagi uylarni qumsuvoqdan chiqarmoqda. Bilganim – oliy ma'lumotli o‘zbek doktori Amerikada choychaqa evaziga uylarga pitstsa eltadi.
Bu mening bilganlarim, siz ham bunga bilganingizni qo‘shishingiz mumkin.
Bugun Nobel mukofoti olgan o‘zbek olimi bo‘lsa, faxrlangan bo‘lar edik.
Afsuski, yo‘q. Berlinda o‘zbek restorani ochib cho‘chqa palov ixtiro qilayotganlar bor, lekin ilm-fan, texnologiya sohasida biror arzirli ish qilgan eldoshlar bormi, bor bo‘lsa aytinglar, faxrlanaylik.
Qo‘limizdagi telefonni, tizzamizdagi leptopni Stiv Jobs ixtiro qilgan. Munozara yuritayotganimiz FB sahifasi esa Tsukerbergning ixtirosi. Egnimizga kiygan albisalar ham g‘ayur dizaynerlarning mahsuli.
O‘zbek, qani o‘zbek? Bu savolga 1983 yilda shoir Muhammad Solih «o‘zbek paxtada», deb javob bergan edi. Bugun ham o‘zbek narvonning eng past uzangisida turibdi.
Oti o‘zgan yeri yo‘q uning.
U mansub jamiyatning bitta ulgisi bor, u ham bo‘lsa Shimoliy Koreya.
Xullas, o‘tmishdagi boboylarni tinch qo‘yaylik.
Bir joyda qotib qolib, hadeb orqaga qarayvermaylik.
Qaysi zamonlardagi urushdagi qahramonligini hadeb takrorlayveradigan ezma cholga o‘xshamaylik, birodarlar.
G‘oz turib oldinga yuraylik!
Bu gaplarni yozib tursam, O‘zbekiston hukumati davlat byudjeti mablag‘iga faoliyat yuritadigan «Baxshi» jurnalini ta'sis etish ishlarini boshlab yuboribdi.
Demak, yana cho‘pchaklar davom etar ekan.
Tuz og‘a, qo‘ying bu gaplarni, siz ham ularga qo‘shilib ertak ayting, deyishdi.
Mayli bir emas, ikki ertak aytay. Faqat bu ertagim sichqonlarning nikoh to‘yi haqida emas. Bu ertagimdagi voqealar bugun ham ko‘z oldimizda yuz bermoqda.
Mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoev Rossiyaga borib Putin bilan bir soat gaplashganini maqtanib aytib o‘tiribdi. Suhbat O‘zbekistonning Rossiya nazoratiga o‘tishi haqida ekanini hozir yosh bola ham biladi. Tarixni o‘qimagan va tarixdan saboq chiqarmagan odam bu Mirziyoev.
1873 yilda rus okkupanti Kaufman Xorazmni bosib olgani oqibatida Muhammad Rahimxon o‘risning etigini namoyishkorona o‘pib vassalga aylanish kabi sharmandalik bilan yuzma-yuz bo‘lgan edi.
Xon imzolaagan Gandimiyon sulhi deb atalgan bu hujjat shartlari nimasi bilandir Mirziyoev kirmoqchi bo‘layotgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi shartlariga o‘xshaydi.
Tarixga qaytsak.
Ruslar Xivaga 70 km yaqinlashganida ham Muhammad Rahimxon kayf-safosini tark etmagani muarrixlar tarafidan taassuf bilan eslanadi.
Rus okkupant guruhlari safida turib ishg‘olni yoritgan AQSh jurnalisti Mak Gahanning yozishicha, bosqinchilarga qarshilik ikki holatdagina ko‘ringan.
Birinchisini «Ho‘bbining qasosi» desak.
«Ho‘bbi» – Amudaryoning ruhi. U haqda Xorazmda afsonalar yuradi. Birovlar uni «Erho‘bbi» deydi.
1873 yilda Kaufman armiyasi Xivadan 100 km uzoqdagi Shorlovuq degan joyda kapa tikib yotganida daryo bo‘yida yashaydigan aholi (o‘zbek qipchoq va sartlar) ularni oq tut va cho‘rak nonlar bilan siylashgan.
Ruslar duch kelgan ikkinchi qarshilikni «Turkman ayol jasorati» deb nomlasak.
Xonlikdagi o‘zbek va boshqa elatlardan farqli o‘laroq, taka va yovmut turkmanlari bosqinchilarga qarshi mardonavor qarshilik qilishgan.
Bir qo‘lida bolasini tutgan turkman ayolining qilich bilan rus bosqinchilaridan bir nechtasini ochiq jangda o‘ldirganini 1873 yili rus gazetalari yozgan edi.
Anna Kareninaning poezd tagida o‘lganini muhokama qilayotgan Peterburg kiborlari xivalik turkman ayolning o‘z vatani himoyasi uchun jasoratidan hayratga tushgani eslanadi.
Vatanni ruslardan himoya qilgan bu turkman ayolga sharaflar bo‘lsin.
Ammo ne tongki¸ Xiva Rossiya etiklari poyiga yiqildi.
Ruslar Xivani nazoratda ushlash uchun Amudaryoning u qirg‘og‘ida Petro-Aleksandrovsk shahrini qurishdi.
Pirovardida bu shahar ham Amudaryo ruhi «Xo‘bbi»ning qasosiga uchradi.
1969 yilgi toshqin paytida bu shahar butunlay suv ostida qolib ketdi. Ruslar qurgan 17 ming imorat suvga g‘arq bo‘ldi.
Katta bobom, buvimning otasi Latif ota «o‘ris qal'ani ho‘bbining qarg‘ishi urdi», deb aytganini eslayman.
Qissadan hissa – bosqinchilarga bo‘yin egmaslik borasida Amudaryodan ibrat olaylik. Bu gaplarim ruslarning paytavasini yuvaman deb yeng chizg‘ab turgan vatandoshlarga ataldi. Ba'zi o‘zbeklar uyalmasdan osib yurgan Georgiy tasmasi xivalik yosh bolalarni nayza sanchib o‘ldirgan bosqinchilarga beriladigan medalning lattasi ekanini ham unutmaylik.
Endi ikkinchi ertagimni bugun qarsagu olqishlar kurshovida o‘z iqtidorining uch yilligini nishonlayotgan prezidentga atasak. Shoirlar she'ru g‘azal aytayotgan paytda bir ertak nima ham bo‘libdi.
Ertak
Mirziyoev Arnasoydagi ko‘chadan o‘tib ketayotib mashinasini to‘xtatdi. 4 qavatli beton uyning eshigi siniq yo‘lagidan o‘tib tepaga ko‘tarildi. O‘ng tomondagi eshikni ochib ichkari kirdi.
Bu uyda kambag‘allar yashaydi, dedi Aripov kal kallasini qashlab. Bilaman, dedi Mirziyoev. Uy egasi ikkita qo‘ltiqtayoqda yuradigan nogiron ekan.
Bu odam urishadigan xo‘rozlarga ham qiziqar ekan, to‘g‘risi xo‘rozni urishtirib tirikchilik qilar ekan.
Kelasi jangda tikaman deb qo‘ygan yagona xo‘rozini mehmonning sharofatiga so‘yib dasturxonga qo‘ydi. Mirziyoev esa unga e'tiroz bildiribdi.
“Dimlama zo‘r bo‘libdi, ammo xo‘rozni bekor so‘ydingiz. Buning yoniga 9 ta tovuq olsangiz, har kuni 9 ta tuxum qilar edi. Ikkitasini o‘zingiz yerdingiz, ikkitasini mening kal vazirim Aripovga berardingiz, qolganini semiz Elyorga…”, deb sanab ketibdi.
Ketar chog‘i bo‘lganida mezbon o‘rnidan turib mehmonni kuzata olmabdi.
Nega?
Chunki gaz yo‘qligidan qo‘ltiqtayoqlarini o‘tin qilib yoqqan ekan.
Ertakning davomini siz yozing. Mening tomog‘im tiqilib, ko‘zimga yosh keldi.
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!
Rassom Tuz