Markaziy Osiyo davlatlari ta'qibga uchrayotgan uyg‘urlarga nisbatan nega sukut saqlamoqda?
Mansur Mirovalev
AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Markaziy Osiyo rahbarlarini qatag‘onlarni qoralashga chaqirgan bo‘lsa-da, ekspertlarning ta'kidlashicha, Pekinning mintaqadagi ta'siri shunchalik kuchliki, unga qarshilik qilish deyarli imkonsiz.
Xitoyda
Arslon Hidoyatning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo hukumatlarining uyg‘urlar va boshqa oz sonli musulmon xalqlarni himoya qilishni xohlamasliklari sababi mazkur mintaqaga rasmiy Pekin kiritayotgan investitsiyalar bilan bevosita bog‘liq.
«Bu (mazkur davlatlar uchun) faqat iqtisodiyot masalasi «, deydi «Al-Jazira» nashriga Mao Tszedun vafotidan so‘ng ota-onasi bilan birga Avstraliyaga ko‘chib borgan 32 yoshli uyg‘ur faoli.
Inson huquqlari himoyachilari guruhlari, guvohlar va ehtimoliy jabrdiydalarning qarindoshlari ma'lumotiga ko‘ra, kamida million musulmon, asosan, Xitoy g‘arbidagi Shinjon muxtor tumanida yashovchi uyg‘urlar turmalarga tashlangan va to‘lib-toshgan “tarbiya” jamloqlariga jo‘natilgan. Bu vaqtda Pekin ularning uylarini raqamli distopiyaga aylantirib, ham onlayn, ham oflayn rejimda har bir qadamini jiddiy nazorat qilmoqda.
Mahalliy uyg‘urlar va boshqa musulmon tashkilotlari jamloqlarda bo‘lgan va ayni paytda u yerda qolayotgan yuz minglab odamlarning qiynoqqa solinganini, sterilizatsiya qilinganini va jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini ta'kidlashadi.
Xitoy bu choralarni tizimli diskriminatsiya shakli emas, balki «terrorizm»ga qarshi kurashish uchun qo‘llanilayotgan tadbir deya e'tirof etib, aybni inkor etib kelmoqda.
Qaynotasi deyarli bir yil «qayta tarbiyalash” jamlog‘ida ushlab turilgan, yaqin do‘stlari hanuzgacha o‘sha yerda saqlanayotgan Hidoyatning aytishicha, Markaziy Osiyoda uyg‘urlarning ba'zi inson huquqlari tashkilotlari faoliyat yuritayotganga qaramay, ular erishishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi natija hukumatning sukutidir.
10 milliondan ortiq uyg‘urning tili, madaniyati, musiqasi va milliy taomlari ildizlari Turkistonga, AQSh hududidan ikki baravar kichik, Xitoy va Rossiya imperiyalari tomonidan hozir Markaziy Osiyo va Shinjonga bo‘lingan dasht va cho‘llardan iborat tarixiy mintaqaga borib taqaladi.
Yuz minglab uyg‘urlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda yashaydi. Ularning ajdodlari Pekin hukmdorlari 1860 yillarda musulmon qo‘zg‘alonlarini bostirgandan keyin Xitoydan qochib borgan.
Shu bilan birga, ko‘plab qozoq va qirg‘iz ko‘chmanchilari kommunistik Moskva tomonidan kolxozlarga o‘tishga majbur qilingandan keyin Xitoyga ko‘chib ketgan.
Biroq ekspertlar va faollarning aytishicha, bu aloqalar Pekindan o‘nlab milliard dollarlik investitsiyalar va qarzlar olgan hozirgi Markaziy Osiyo hukumatlari uchun unchalik ahamiyatga ega emas.
Pompeoning muvaffaqiyatsizligi
Amerikalik yuqori martabali diplomat uchun xitoylik musulmonlarning huquqlarini himoya qilish mintaqa hukumatlarini Vashington soyasida birlashtirishga ideal chaqiriq sifatida ko‘riladi.
«Bugungi uchrashuvimda Xitoy Kommunistik partiyasining Shinjonda uyg‘ur musulmonlari, qozoqlar va boshqa oz sonli xalq vakillarini qatag‘on qilishi masalasini muhokama etishni rejalashtirmoqdaman», dedi AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo 3 fevral kuni Toshkentda.
Nazarda tutilgan uchrashuvlar beshta «iston»ning har bir tashqi ishlar vaziri bilan yuzma-yuz muhokamalar edi. Ushbu davlatlardan uchtasi – Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda katta uyg‘ur diasporalari yashaydi.
Bunga javoban Pompeoning o‘zbekistonlik hamkasbi uning tashvishlarini, ko‘rinishidan, qo‘llab-quvvatlamadi.
«Biz o‘z mintaqamizda yirik kuchlar o‘rtasidagi raqobat bilan bog‘liq noxush siyosiy oqibatlarni his qilishni istamaymiz», dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov.
Qudratli davlatlar – AQSh, Rossiya va Xitoy allaqachon Markaziy Osiyoning moliyaviy gegemoniga aylangan, deydi tahlilchilar.
«Xitoyning yirik investitsiyalari va savdo aloqalari Markaziy Osiyo davlatlarining Pekinga bo‘ysunishiga sezilarli darajada ta'sir qildi», dedi londonlik tadqiqotchi Alisher Ilhomov.
Tanlangan sukunat
Hatto «qayta tarbiyalash» jamloqlaridagi sobiq mahbuslarning inson huquqlarini himoya qilish guruhlari tomonidan to‘plangan ko‘rsatmalari ham mintaqa rahbarlarini ishontirishga yetarli darajada turtki bera olmadi.
«Xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlarining ko‘plab xabarlari haqiqatni aks ettirmaydi», dedi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qaev dekabr oyining boshida Germaniyaning Deutsche Welle telekanaliga.
Faollarning ta'kidlashicha, Xitoy bilan chegaradosh bo‘lgan Qozog‘istonda 250 mingga yaqin uyg‘ur istiqomat qiladi, ammo ta'qiblardan qochayotgan uyg‘urlar va etnik qozoqlar boshpana izlashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
«Qozog‘istondan boshpana izlash juda qiyin, ta'bir joiz bo‘lsa, imkonsiz», dedi Xitoy musulmonlarining ahvolini hujjatlashtirish va qochqinlarga huquqiy yordam ko‘rsatish ishlari bilan shug‘ullanadigan «Ota Jurt» huquqni himoya qilish tashkiloti xodimasi Leyla Adiljan.
Kelib chiqishi shinjonlik etnik qozoq ayoli Sayragul Savutbay 2018 yilda Qozog‘istonga hujjatlarsiz, oila a'zolari bilan birga kelgandan keyin deportatsiyaga duch keldi.
«Ota-Jurt» tashkiloti aralashgandan so‘ng Qozog‘iston sudi deportatsiya to‘g‘risidagi qarorni bekor qildi, ammo uning eri Qozog‘iston fuqarosi bo‘lishiga qaramay, ularga boshpana berilmadi. Ular o‘tgan yil iyun oyida Shvetsiyaga jo‘nab ketdi.
«Ota-Jurt» har bir murojaatchining ishlarini o‘rganayotgan bir paytda ko‘plab qochqinlar huquq himoyachilari bilan bog‘lanmaydilar va buning natijasida mamlakatdan chiqarib yuboriladilar.
«Biz qancha qochqinlarning yashirin ravishda o‘z mamlakatlariga qaytarilganini bilmaymiz», dedi Leyla Adiljan.
Faollarga bosim o‘tkazish
O‘tgan yili «Ota-Jurt» rahbari va Leyla Adiljanning eri hamda qozoq millatiga mansub xitoylik Serikjan Bilash hibsga olinib, «millatlararo mojarolarni qo‘zg‘ash»da ayblangan.
Uning aytishicha, xitoylik musulmonlar bilan bog‘liq muammolarga aralashishdan voz kechishga rozi bo‘lgandan keyin hibsdan qo‘yib yuborilgan.
Noyabr oyida qo‘shni O‘zbekiston chegarachilari minglab xitoylik musulmonlar foydalanadigan Shahit.biz onlayn to‘plamlari boshqaruvchisi, uyg‘ur tili bo‘yicha rus-amerika olimi Gen Buninni (Gene Bunin) mamlakatdan chiqarib yuborishdi.
«Bu mening ishim bilan bog‘liq ekaniga yuz foiz aminman», dedi Bunin.
O‘nlab yillar davomida 50 mingga yaqin uyg‘ur yashagan va hukumati Xitoy bilan savdoga va Pekindan oladigan kreditlarga tayanadigan kambag‘al va tog‘li Qirg‘izistonda ba'zi uyg‘urlar o‘zlarini xavfsizlik xizmatlari xodimlari kuzatayotganini ta'kidlaydilar.
«Biz bayramni nishonlayotganimizda yoki to‘yda qatnashayotganimizda faqat ish, oila yoki do‘stlar haqida gaplasha olamiz, chunki Bishkekda siyosat uyg‘urlar muhokama qiladigan ish emas», degandi ism-sharifini sir tutgan uyg‘ur savdogari 2017 yilda «Al-Jazira» bilan suhbatda.
So‘nggi oylarda Qirg‘izistonda Xitoyning Shinjonda yuritayotgan siyosatiga qarshi mitinglar bo‘lib o‘tdi va politsiya o‘nlab namoyishchilarni jarimaga tortdi.
Ulardan biri yanvar oyi oxirida ikki oyga hibsga olingan va xabarlarga ko‘ra, «millatlararo mojarolarni qo‘zg‘ash»da ayblangan.
Ba'zi uyg‘ur faollarining ogohlantirishicha, rasmiy Pekin kreditlar, investitsiyalar, infratuzilma loyihalari va siyosiy qo‘llab-quvvatlash orqali bundan ikki ming yil oldin, Buyuk Ipak yo‘li paydo bo‘lgandan beri Xitoyga tegishli bo‘lgan Markaziy Osiyoning ayrim qismlarini asta-sekin bosib oladi.
Vashingtonda joylashgan Sharqiy Turkiston milliy uyg‘onish harakati rahbari Solih Xudoyor mintaqani iqtisodiy bosib olishni 1949 yildan boshlab Shinjonni bosib olgan kommunistik Xitoy bilan taqqoslagan.
«Ular bizning rahbarlarimizni asta-sekin sotib olib, mustaqilligimizdan mahrum qilishdi va mana bizning bugungi ahvolimiz», dedi u «Al-Jazira» nashriga.
«Alal-oqibat (Markaziy Osiyo hukumatlari) ba'zi iqtisodiy foydalar uchun xuddi biz kabi o‘z mustaqilligini yo‘qotadilar».
Maqola muallifi jurnalist Mansur Mirovalev Moskvada yashaydi, postsovet makondagi voqealarni yoritadi. Maqola originali Al-Jazira saytida e'lon qilingan. «Eltuz» tarjimasi.