Asosiy mavzular
9 mart 2020

«Avto 60 oy» piramidasi egasining onasi prezidentga xat yozdi

O‘zbekiston Jinoyat kodeksi asosida “pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat»i uchun ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan Jamshid Bahodirovning onasi Malohat Zokirova mamlakat prezidentiga xat yo‘lladi. 

9 mart sanasi bilan imzolangan xatning nusxasi “Eltuz”da mavjud.

Xatda Malohat Zokirova o‘g‘li 5 oy ichida erishgan yutuqlarini IIB xodimlari bir kunda barbod qilgani, «Avto 60 oy» brendga aylangani, o‘g‘lining biznesi kimlargadir kerak bo‘lgani uchun soxta ayblovlar bilan qamoqqa olingani ta'kidlangan.

Bundan tashqari, ayblanuvchining onasi o‘z xatida onkologik kasallikdan davolanayotgani, o‘g‘li Jamshid Bahodirovdan boshqa boquvchisi yo‘qligini yozgan. 

Zokirova o‘g‘lining IIBda tahqirlangani, Bosh prokuraturada 4 nafar yollangan ko‘cha odami tomonidan kaltaklangani, tergov jarayonida o‘g‘liga tazyiqlar o‘tkazilganini bayon etgan. 

Uning ta'kidlashicha, tergov bo‘limining Alisher ismli tezkor xodimi 900 ming dollar so‘ragan, aybini bo‘yniga olmasa, butun oilani ko‘chaga haydab chiqarish, uyini musodara qilish bilan qo‘rqitgan.

Tergov xodimlari “Qo‘l ostida ishlaydigan xodimlarni «sheriklar» deb aytmasang, 15 yilga qamab yuboramiz”, deb po‘pisa qilgani alohida qayd etilgan.     

Malohat Zokirova prezidentdan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlayotgan siyosati talablarini noto‘g‘ri talqin qilayotgan mansabdor shaxslarga nisbatan keskin chora ko‘rib, o‘g‘li Jamshid Bahodirovning buzilayotgan konstitutsiyaviy huquqlari tiklanishida amaliy yordam berishini so‘ragan. 

Avtomobil piramidasining qulashi

Jinoiy piramida yaratgani aytilayotgan Jamshid Bahodirov va boshqa mansabdorlarning jinoyat ishi bo‘yicha hozircha 17 ming fuqaro so‘roq qilingan

«Avto 60 oy» MChJ jami 18 ming 818 nafar fuqaro bilan shartnoma tuzgan, shulardan faqat 96 nafariga avtomobil olib bergan, xolos. 

Ammo bu avtomobillar ham odamlar tomonidan jamiyat hisobiga to‘langan pullar evaziga sotib olingani uchun jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida xatlanishi mumkin.  

O‘tgan yilning iyun-iyul oylarida o‘zbekistonliklar orasida «Avto 60 oy» MChJ foizsiz, pulini 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan fuqarolarga har xil rusumdagi avtomobillar olib bera boshlagani haqidagi xabarlar keng tarqaldi. 

Ko‘p o‘tmay «Avto 60 oy» ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida birin-ketin har xil reklamalar, aktsiyalar e'lon qilishni boshladi. 

Ana shunday aktsiyalardan birida bunday deyiladi: “Aziz mijozlar! Diqqatingizga «Avto 60 oy» MChJning yangi «45 kun» tarifida taqdim etiladigan Chevrolet Spark MT avtomobilini xarid qilish shartlari bilan tanishtirib o‘tmoqchimiz! Boshlang‘ich to‘lov – 35 000 000 so‘m; oylik to‘lov – 927 710 so‘m; to‘lov muddati – 60 oy; umumiy qiymati – 90 662 622 so‘m;  avtomobil chiqish muddati – 45 kun”.   

Xabardan voqif bo‘lgan yurtdoshlarimiz 45 kun ichida avtomobillik bo‘lib qolish ilinjida bisotidagi bor pullarini beliga bog‘lab, boshlang‘ich to‘lov uchun yetmaganini kimlardandir qarz olib, qaydasan «Avto 60 oy» deb, firmaning Toshkent shahridagiyu 12 ta viloyatdagi ofislari tomon chopishdi. 

Avtomobil ishqibozi bo‘lgan fuqarolarning girdikapalak aylanishiga esa yana o‘sha firmaning: «Aziz obunachilar! E'tiboringizga muhim xabarni taqdim etmoqchimiz! Tez kunda «Avto 60 oy» MChJ korxonasining «45 kun», «60 kun», «135 kun» va «180 kun» tariflari limit to‘layotganligi sababli yopiladi! Shoshiling! Vaqt oz qoldi!” kabi undovlarga yo‘g‘rilgan e'lonlari turtki berdi. 

Shu tariqa, «Avto 60 oy» MChJning ta'sischisi Jamshid Bahodirov va boshqa mansabdorlari fuqarolardan transport vositasi turiga qarab 2 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha pul olishni yo‘lga qo‘ya boshladi. 

Hash-pash deguncha faoliyatini 10 mln so‘m bilan boshlagan «Avto oltmish oy» MChJ 19 mingga yaqin mijozdan jami 57 milliard 412 million so‘m yig‘ib olishga ulgurdi.  

Bu haqda 2 mart kuni Interpol milliy markazi byurosida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida IIV Tergov departamenti boshlig‘i Azizbek Dolixo‘jaev xabar berdi. 

Matbuot anjumanida aytilishicha, jabrlanuvchilarga yetkazilgan umumiy zararning 26 milliard so‘mi naqd pul shaklida, 8 milliard 148 million so‘mi esa xatlangan mol-mulklar hisobidan, jami 34 milliard 148 million so‘m undirilgan. Kamomad 23 mlrd 264 mln so‘m. 

«Avto 60 oy» MChJning jinoyat ishi bilan shug‘ullanayotgan tergovchilar mazkur ish MChJ rahbari Jamshid Bahodirovning bir o‘zi tomonidan amalga oshirilmaganiga alohida urg‘u bermoqda. 

«Bu jinoyatni Jamshid Bahodirov bir o‘zi sodir qilgan, deb aytolmaymiz. Uning jinoiy sheriklari bor va ular birgalikda shu sxemani o‘ylab topib amalga oshirishgan. 

Pul mablag‘larini yig‘ish, odamlarni jalb qilish, turli shartnomalar tuzish – bularni Harvardni tugatgan bo‘lsa ham bitta inson qila olmaydi, jismonan ham ulgurmaydi. 

Jinoyat ishi doirasida jinoiy javobgarlikka tortilgan yana bir qancha shaxslar bor, jinoyat ishiga daxldor bo‘lganlarni aniqlash haligacha davom etmoqda”, degan Tergov departamenti boshlig‘i o‘rinbosari, Jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i Oybek Qulbekov Jamshid Bahodirovning bor-yo‘g‘i kollejni tugatganiga ishora qilib. 

Ammo IIV rasmiysi «Avto 60 oy» rahbarining jinoiy sheriklari kimligi haqida ma'lumot bermagan. 

«Avto 60 oy» MChJning 24 yoshli rahbari Jamshid Bahodirov ustidan jinoyat ishi “UzAvtoMotors” AJning IIVga mazkur jamiyatning shubhali faoliyat ko‘rsatayotgani haqida yo‘llagan murojaatidan so‘ng qo‘zg‘atilgan.  

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 fevral 2021
Bosh vazirligida Qorasuv-1 mavzesi tomondagi kamtargina hovlida istiqomat qilgan prezident Shavkat Mirziyoev ayni paytda hashamatli qarorgohlarda yashashni afzal bilmoqda. ...
5 aprel 2019
Tibbiyotga oid «The Lancet» internet nashri 3 aprel kuni e'lon qilgan, 195 davlatni qamragan tadqiqot natijasiga ko‘ra yomon ovqatlanish ...
3 avgust 2020
O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimidagi vaziyat yomonlashgan bir paytda Toshkent shahri hokimi bilan bog‘liq xususiy universitet to‘g‘risidagi davlat hujjatlari g‘azablantirmoqda. ...
13 sentyabr 2023
Islom Karimov odamlar orasida yashamagani uchun yutuqlarga erisha olmadi. U o‘zining virtual yopiq dunyosini yaratdi va boshqalarniki ham aniq ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...