Asosiy mavzular
11 aprel 2020

Satirik adib Anvar Obidjon olamdan o‘tdi

O‘zbekiston xalq shoiri, satirik va yumoristik janrdagi kitoblar muallifi Anvar Obidjon 73 yoshida 11 aprel kuni olamdan o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.

Anvar Obidjon 1947 yilning 25 yanvarida Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi Poloson qishlog‘ida tug‘ilgan. 1964 yilda o‘rta maktabni tugatgach, Samarqand moliya texnikumidao‘qigan, 1969—1971 yillarda jamoa xo‘jaligida hisobchi, klub mudiri, tuman gazetasi, viloyat radiosida turli vazifalarda ishlagan.

Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini sirtdan tamomladi. 1981 yilda «Yosh gvardiya» nashriyotida, «Yosh kuch», «Mushtum» jurnallarida ishlagan. Keyinchalik «Cho‘lpon» nashriyotida bosh muharrir, O‘zbekiston televideniesida muharrir sifatida faoliyat olib borgan.

Anvar Obidjonning bugunni eslatuvchi asari

Anvar Obidjonning 1983 yil yozilgan “Ey, yorug‘ dunyo!” kitobi mazmuni ba'zi jihatlari bilan shu bugungi O‘zbekistonda yuz bergan voqealarga ham juda o‘xshaydi.

Alamazon ismli asar qahramoni nomidan bayon qilingan qissa ikki oshnaning Jandag‘orda adashib qolishlaridan boshlanadi.

Yulduzistonda hokimiyat almashuvi

Ular adashib-adashib, g‘or orqali Yulduziston deb atalgan yer osti saltanatiga kelib qoladilar.

Fe'lidagi qo‘polligi, ta'magirligi va maqtanchoqligi bilan bugungi kun mentlaridan qolishmaydigan ikki mirshab – Tirtiq va Shilpiq ularni josuslikda gumonlab, so‘roq qiladi.

Humo Xartum – asardagi e'tiborga loyiq ijobiy qahramonlarning biri.

U Qo‘tir To‘rtinchi davrida tug‘ilgan «mirzaterakdek ingichka bir chol».

Qo‘tir Oltinchi vafotidan keyin iqtidorga kelgan Isqirt Birinchi davrida uni yangi qoidalarga rioya etmagani uchun jinniga chiqarishib, hukumat ishlaridan chetlatishgan.

Eshakka sig‘inadigan xalq

Kitobni rassom T. Redkina va V. Nemirovskiy bezagan

Isqirt Birinchi mamlakat hukmdori Qo‘tir Beshinchi vafotidan so‘ng qo‘tirlar sulolasini tugatib taxtga o‘tiradi.

Iflosliklarni yaxshi ko‘rgani uchun butun mamlakat xalqini isqirt yurishga majburlaydi.

Pokiza yuradiganlar zindonlarga tashlanadi, tavba qilib, isqirt bo‘lishga va'da berganlargina ozod etiladi.

Yulduzistonliklar ongiga zo‘ravonlik bilan jirkanch odatlar singdirilgan.

Barcha ma'rifatli, adolatparvar, xalqparvar pok kishilar Yulduzistonning chekka Ajdarobod viloyatiga quvg‘in qilingan.

Chunonchi, Isqirt Birinchi go‘daklik chog‘ida eshak emib qo‘ygan.

Shahzoda va podshoh oilasini bu isnoddan qutqarish uchun shahzodani payg‘ambar, eshakni esa zo‘rlab xudo deya e'lon qilganlar.

Odamlarni eshakka sig‘inishga majbur etganlar.

Saroy maddohlari

Kitob illyustratsiyasi. Rassom: T. Redkina

Oldin o‘tgan podshohni ulug‘lagan shoir Dutoriy endi mamlakatning yangi rahbari Isqirt Birinchiga atab she'rlar yoza boshlaydi:

Yuvilmagan betingiz muncha chiroyli,
mog‘or bosgan etingiz muncha chiroyli.
U yoningiz kir erur, bu yoningiz kir,
Oldingizu ketingiz buncha chiroyli.

Yoki

Ey, Dutoriy, onangga suykanmag‘il ko‘p,
Sening pushtipanohing Isqirt Birinchi.

Hukmdor g‘azabidan qo‘rquv shu darajada bo‘lganki, Alamazonning safardagi sodiq do‘sti Eshmat Ishma ham zindonband bo‘lishdan qo‘rqib Isqirt Birinchini ulug‘lashga kirishadi:

Yashasin Isqirt Birinchi,
Isqirt Birinchi yashasinlar!
Toza yurgan xumboshlarni
qamoqqa guldurgup
tashlasinlar!

Kitob illyustratsiyasi. Rassom: T. Redkina

Saroy amaldorlari

Xufiya ishlar boshlig‘i Fisqiddin Makru Maraz har qanday shaxsga josuslik aybini qo‘yib, qamatishga tayyor amaldor.

Lekin yangi podsho davrida Isqirt Birinchining amakisi – bosh vazir Burbulitning obro‘si undan balandroq.

Endilikda maxfiy xizmat boshlig‘i Fisqiddinning obro‘si yaqinda mamlakatga qozikalon bo‘lgan Hoshim Xeziddin darajasida.

Shuningdek, ulardan bir tish pastda bosh ayg‘oqchi Isom Ittu Iskabtopar, ikki mirshab – Shilpiq bilan Tirtiq turadi.

Ularning barchasi mamlakat rahbarining bema'ni yo‘riqlarini olqishlab martabali bo‘lishgan.

Anvar Obidjon vodiylik ijodkorlar davrasida

Bu nechuk shoir demang, asli man nosog‘roq,
Yozg‘onim shaklan g‘azal, lek o‘zi barmog‘roq.

Harqalay she'rimda bor ma'ni-yu, oz-moz fikr,
Ko‘p axir ahli qalam mandinam maymog‘roq.

Kimsa der: “Qilsang hajv, beknimas pastroqni ur,
Tinchgina avqot yeyur bo‘lsa kim qo‘rqog‘roq”.

Asli chin ash'ornavis yozmag‘ay oddiy bayon,
Barchani o‘ylantirur gap otib ilmog‘roq.

Dard chekib bitsam g‘azal bosmag‘ay turkiy gazet,
O‘ltirur unda birov fahmi sal tarqog‘roq.

Ul dedi: “Gulmat, jo‘na, paytava qilmam she'ring”,
Lek o‘zin yozg‘onlari bundinam paypog‘roq.

Anvar Obidjonning janozasi 12 aprel kuni Oltiariq tumanida o‘qiladi. Karantin bois odamlar kelmasligi so‘raldi. “Eltuz” tahririyati Anvar Obidjonning yaqinlariga ta'ziya izhor qiladi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 oktyabr 2019
Buyuk Britaniyada huquq himoyachilari-huquqshunoslar jamoasi o‘zbek paxtasiga imtiyozli tariflar qo‘llanishini qayta ko‘rib chiqish talabi bilan sudga murojaat etdi.  Ularning ...
23 yanvar 2017
Prezident «puf» degandan keyin tadbirkorlar va ishbilarmonlar gazetasi bo‘lmish «XXI asr»ga (19.01) jon kirayotgandek bo‘ldi. Ha yo‘q, be yo‘q, ...
16 mart 2020
Assalomu alaykum, hurmatli o‘quvchi!  “Vaqt mashinasi” ruknida e'tiboringizni bugun Turkiston tarixining sovetlar hokimiyati o‘rnatilgan dastlabki davriga qaratamiz. Zotan, ulug‘ ...
18 dekabr 2020
«Toshkent siti»ga kirish pulli bo‘lgani shunday ham mo‘may daromad topish uchun qilinmayapti, albatta. Bu yerda ochofatlik, navbatdagi “lyubaya biznes ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...