UzPoster
4 iyun 2020

Bobilga sayohat

Bobil insoniyat tarixidagi eng qadimiy, eng yirik shaharlardan biridir. Uning tarixini kuzatarkanmiz, urbanistik markazlarning uzluksizligini va davomiyligini ko‘ramiz.

Bobil va uning atrofida juda qadimdan katta-kichik shaharlar vujudga kelgan. Bobil inqirozga uchraganidan so‘ng ham uning yaqinida yirik shaharlar vujudga kelavergan.

Buni har xil tushuntirishadi. Birinchi nuqtai nazar: shaharlar qulay geografik hududda joylashgani bois, yangi shaharlar ham uning atrofida vujudga kelaveradi.

Ikkinchi nuqtai nazar: keyingi xalqlar oldingi xalqlar yaratib ketgan tayyor infratuzilmani o‘zlashtirib, davom etadi.

Vallestrayn aytganiday, imperiyalar dunyo-iqtisodiyotlari bir-biri bilan iqtisodiy jihatdan bog‘liq viloyatlar va davlatlardan iborat kichik “dunyo”lar yaratadi; imperiyalar yo‘q bo‘lsa ham bu dunyolar uzoq vaqt saqlanadi – yillar, asrlar davomida bir-biri bilan iqtisodiy va madaniy aloqada bo‘lgan xalqlar bu aloqalarni davom ettiradi.

Bu yaqinlikdan foydalangan holda mana shu hududda yangi imperiyalar yaratish mumkin. Yangi imperiyalar yaratilmasa, bu yaqinlik sekin-asta yo‘qolib boradi.

Bu jihatdan Ahamoniylar davlati ham, undan keyingi davlatlar ham Bobilning davomidir, ya'ni Bobil saltanatining infratuzilmasi, an'anasi, merosi Ahamoniylar tomonidan o‘zlashtirilgan va davom ettirilgan: davlat tuzumi, byurokratiya, yozuv, hatto til.

Bobil atrofida ko‘p siyosiy voqealar ro‘y bergan; Aleksandr Makedonskiy ham Bobilni o‘z poytaxti deb e'lon qilgan va shu yerda vafot etgan. Uning merosxo‘rlari ham Bobilni markazlardan biri deb bilgan.

Parfiya hukmdorlari Bobilni egallab, o‘zlarini Bobil shohlari deb e'lon qilishi ham eski an'anaga, Bobil dunyo-iqtisodiyotiga merosxo‘r ekanini ko‘rsatishga qaratilgan qadam edi.

Lekin u paytga kelib Bobil anchayin tushkunlikka kelib qolgani bois, uning yaqinidagi Upi (Opis) shahri poytaxtga aylantirildi. Opis Salavkiylar imperiyasi davrida Salavkiya deb qayta nomlangan edi. Parfiyaliklar unga Ktesifon nomini berdi. U Parfiya imperiyasining poytaxtiga aylandi.

Sosoniylar Parfiyani qulatgach, ular ham Ktesifonni o‘zlariga poytaxt qilib tanladi. Ya'ni ular ham parfiyaliklar da'vo qilgan Bobil dunyo-iqtisodiyotiga merosxo‘r sifatida siyosat sahnasiga chiqishdi.

Forslar davrida Ktesifon jahonning eng yirik shaharlaridan biriga aylandi. Ktesifonning o‘zi bir paytlar Bobil atrofida o‘sib chiqqan kichik shaharlardan biri bo‘lganiday, endi uning atrofida shaharlar o‘sib chiqdi: Valashobod (Parfiya shohi Valash qurdirgan), Veh-Ardasher (eski nomi Salavkiya, Sosoniylar sulolasi asoschisi Ardasher nomiga qayta nomlangan), Veh-Antioki Xusrav (eski Antioxiyani Sosoniy Xusrav qayta nomlagan), Aspanbor.

Arab xalifaligining birinchi sulolasi – Ummaviylar Abbosiylar tomonidan ag‘darib tashlagach, xalifa Abu Ja'far al-Mansur 762 yil 30 iyulda eski Ktesifon (arablar Madoyin deydi) va Bobil xarobalaridan uzoq bo‘lmagan yerda yangi shahar – Bag‘dodga asos soladi va xalifalik poytaxtini Damashqdan yangi shaharga ko‘chiradi. Poytaxt nomiga qarab Arab xalifaligi ba'zan ikki bosqichga bo‘linadi: Damashq xalifaligi va Bag‘dod xalifaligi.

Abbosiylar uzoq asrlar mobaynida Bag‘dod xalifalari bo‘lib qoladi. Boshida ular ulkan imperiya hukmdorlari bo‘lsa, keyinchalik ko‘p jihatdan Sharq siyosatida Yevropadagi Rim papalariga o‘xshash rolni bajaradi: faqat Bag‘dodga egalik qilib, diniy nufuzidan foydalangan holda u yoki bu sulolalarni, davlatlarni bir-biriga to‘qnashtiradi, turli musulmon viloyatlariga ta'sir o‘tkazadi va hokazo.

Turli sulolalar o‘z vaqtida Bag‘dodni egallab, amalda uni boshqaradi, lekin Abbosiylar sulolasini diniy hayot rahbarlari sifatida saqlab qoladi.

1258 yilda mo‘g‘ul xoni Xulaguxon qo‘shinlari Bag‘dodni egallab, vayron qilishi qariyb 3,5 ming yil hukm surgan Bobil dunyo-iqtisodiyotiga chek qo‘yadi.

Bag‘dod shahri saqlanib qoladi, lekin ortiq ilgarigi nufuzga ega bo‘lmaydi va dastlab Elxoniylarning, oxirida Usmonlilarning bir viloyati markazi vazifasini bajaradi. Lekin iqtisodiy-madaniy an'ananing uzoq yashashini e'tirof etmay ilojimiz yo‘q.

Bobil judayam go‘zal va tom ma'noda ulkan shahar bo‘lgan. U barchani ulkanligi, rang-barangligi, kosmopolitligi, bag‘rikengligi va o‘ta zamonaviyligi bilan hayratda qoldirgan.

Yahudiylarda, xristianlarda, yunonlarda u hashamat, boylik va axloqiy buzuqlik ramziga aylangan. Insoniyat taraqqiyotining mazmunini ochib beradigan, o‘tmishning mantiqini, his-tuyg‘ularini tushunishga, 4 ming yillik madaniy va lisoniy xilma-xillikni tushunishga ko‘mak beradigan tarixni va ayni paytda poetik hissiyotlarni o‘zida jamlaydi Bobil tarixi. O‘tmishga sayohat qilish mumkin bo‘lsa, Bobilni ko‘rishni xohlardim. Afsus, buning iloji yo‘q.

Eldar Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri

Tag‘in o‘qing
18 yanvar 2021
2020 yil 16 mart kuni Farg‘ona viloyatining Quva tumanida yashovchi 18 yashar Roziyaxon Sodiqova Farg‘ona shahrida o‘g‘irlab ketilganini «Eltuz»ga ...
15 fevral 2016
Bugungi o‘zbek gazetalari ham suvi ko‘pu ko‘miri oz maqolalarga to‘la bo‘ldi. Ajnabiylar tilidan gapirayotgan «Xalq so‘zi»ga ko‘ra, O‘zbekiston «dunyodagi ...
8 may 2023
Salom qadrli muhlislar. Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Maktublar O‘zbekistonning Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlari va ...
18 iyul 2016
«Hamma unutsa ham, bizning o‘zbek musulmonlari unutmagandir. 16 fevraldan keyin nima bo‘ldi, butun muxolifat yo‘q qilindi…» deydi Kamoliddin. Barbod ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...