Asosiy mavzular
27 oktyabr 2020

Chorvachilik sohasidagi muammolar va ularning yechimlari

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mamlakatning o‘zida yetishtiriladigan O‘zbekistonda nega keyingi davrda go‘sht, tuxum va o‘simlik moyi kabi oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlab ketmoqda, aholining xarid qilish qobiliyati esa pasaymoqda?

Qishloq xo‘jaligi mutaxassisi va Navoiy viloyatining Konimex tumani sobiq hokimi 70 yashar Ismoil Ospanov o‘zining 26 oktyabr kuni e'lon qilgan navbatdagi videosida ayni muammolar va ularning yechimlari haqida gapiradi.

“Qimmatchilik bugun paydo bo‘lgani yo‘q, bu muammo asta-sekin o‘sib kelyapti. Lekin bugungi pandemiya bilan bog‘liq qiyin sharoitda narxlarning o‘sishi odamlarning kayfiyati, ularning turmush darajasi, sog‘lig‘iga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi. Boshqa ko‘p muammolarni keltirib chiqaradi.

Mana, shifokorlar aytyapti, pandemiya davrida odamlarning yaxshi ovqatlanishi, oqsil va koloriyaga boy ovqat iste'mol qilishi kasallikka qarshi asosiy davo, deb. Endi ming afsuslar bo‘lsinki, bizda odamlarga moddiy yordam berish ham, aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish darajasi ham unchalik yaxshi darajada emas.

Kasalxonalarda va boshqa joylarda juda ko‘p noma'qul ishlarni ko‘ryapmiz. Ayniqsa, bozorda go‘shtning qimmatlab ketishi juda katta muammolar keltirib chiqaradi”, deydi Ospanov.

Uning fikricha, bunday muamolarga hukumatning qishloq xo‘jaligi va, ayniqsa, chorva sohasiga bo‘lgan e'tiborsizligi, yerlarning prezidentga yaqin bo‘lgan yuqori lavozimli shaxslarga berilayotgani va mahalliy dehqonlarga umuman foyda keltirmaydigan paxta klasterlari monopoliyasi olib kelgan.

“Mana, taraqqiy etgan davlatlar bizning mamlakatimizga, biznesmenlarga katta-katta yordamlar berdi. Lekin nima o‘zgardi? Mana shu sharoitda qanday sotib olishi mumkin oddiy oila 70-80 ming so‘mga go‘shtni?

Sal oldinroq solig‘ini kamaytirasizlar, degan gaplar chiqdi. Ishlamaydigan narsa, oddiy populizm edi bu. Men har doim aytib kelyapman, mustaqillikdan keyin qishloq xo‘jaligi sohasiga hech qanday e'tibor bo‘lmadi.

O‘tgan 26 yil Islom Karimov davrini aytmaylik, bu aytilgan, hamma biladi. Lekin keyingi to‘rt yilda nega islohotlar amalga oshmadi? Shavkat Miromonovich katta va'dalar bergan edi-ku”, deydi sobiq hokim.

Ospanovning fikricha, bugungi kunda mamlakatda chorvachilikning xarob ahvolga kelib qolishiga sabab – hukumatning unga e'tiborsizligi va keraksiz bir sohaga aylantirilgani.

“Mana, men oldin aytuvdim, qishloq xo‘jaligida yerni optimizatsiya qilish paytida ozmi-ko‘pmi, 5-10 gektar yeri, chorvasi bor, mol boqadigan xo‘jaliklardan yerlarni tortib olib qo‘yishdi. Buni biz hamma vilolyatlarda kuzatdik. Yaxshi 10-15 qoramoli bor fermerlar umuman kasodga uchradi. Chorva boqadigan yerlari bo‘lmaganidan keyin mollarini so‘yvordi…”, dedi u.

Ospanov o‘z chiqishida yerlarning paxta uchun olib qo‘yilganiga qator misollar keltiradi. Uning fikricha, paxta go‘shtdan ko‘ra ahamiyatliroq bo‘lishi mumkin emas, buning ostida faqat bitta maqsad, monopoliya – prezidentga yaqin ayrim shaxslarning klaster tizimi orqali boyish niyati yotibdi.

«Bunga klaster kelgan. Klasterning aytganini katta hokim ham bajaradi, kichkina hokim ham bajaradi. Prokuror ham g‘iring eta olmaydi. Ozuqaning, kunjaraning, sheluxaning qimmatligi, don mahsulotlaridan chiqadigan kepakning qimmatligi, hammasiga monopoliya, klasterlar sabab bo‘lyapti.

Klasterlarning tepasida kimlar turgani ochiq-oydin aytilyapti. Shavkat Miromonovich, kuyovlaringizning ismlarini aytishadi. Siz korruptsiya bo‘lmaydi, hech kim pora olmaydi, degan gaplarni gapiryapsiz. Bu kulgili-ku! Endi nima deyish mumkin? To‘rtta-beshta molini boqa olmaydigan fermer qaerga borsin?» deya murojaat qiladi Ospanov o‘z chiqishida prezident Shavkat Mirziyoevga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumatning ayni siyosati chorvaning rivojlanishida birlamchi bo‘lgan yem-xashak bazasining yo‘q qilinishiga sabab bo‘lgan. Ilm-fan yutuqlari chorvachilik sohasiga tatbiq etilmagan. Fermerlarning qo‘lidagi mol ularning tirikchiligiga zo‘rg‘a yetmoqda.

«Zootexnika qoidasiga ko‘ra, bitta buzoq 1 kg semirishi uchun 10 kg miqdorda ozuqa birligi yeyishi kerak. Suli, quruq beda, ko‘k massa va hokazo shu ozuqa birligini tashkil etadi. Shu hammasi balans bo‘lmasa, mahsulot bermaydi.

Bitta sigir sutga kirishi uchun kamida ikki yil vaqt kerak. Bitta buzoq semirib voyaga yetishi uchun bir yilu 8 oy boqish kerak uni. Agar shu ratsionda boqilmasa, uch yildayam u vazn bermaydi. Chorva soxasini rivojlantirish uchun optimizatsiya, maqbullashtirish siyosati natijalarini qaytadan ko‘rib chiqish kerak. Bu ishlar chorvachilik mahsulotlarining kamayishiga olib keldi…

Endi, Shavkat Miromonovich, «tovuq boqsa boy bo‘ladi», degan bu o‘yinlarni qo‘yish kerak. Bu muammolar osmondan tushgani yo‘q. Bundan keyin undan ham ko‘payadi. Endi paxtaning yarmidan kechish kerak. Boshqa iloji yo‘q. Zootexnik normalarga ko‘ra, bir qoramol uchun qancha kerak bo‘lsa, mol boqadigan odamlarga bo‘lib berish kerak yerni», deydi sobiq hokim.

Bundan ilgari “Eltuz” kanalida chop etilgan bir qancha videochiqishlarida sobiq hokim Ismoil Ospanov prezidentning kadrlar siyosati, dehqonlar huquqlarining kamsitilishi, klaster tizimidagi korruptsiya holatlarini tanqid ostiga olgan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 oktyabr 2020
«Eltuz»da e'lon qilingan maqola ortidan Namangan shahri prokuraturasi mulozimlar oldida o‘ziga o‘t qo‘ygan 35 yashar Gulandom Dedaboevaning o‘limi yuzasidan ...
25 sentyabr 2023
Jonibek degan ovqat eltuvchining AQShda klient xotinnig emchagini ezg‘ilagani uchun qamalib, 20 ming do‘llar ishtrap to‘lagani haqida yozdim. Tagidagi ...
3 aprel 2023
E'tiboringizga Eltuz «600 sekund»ning  navbatdagi sonini taqdim etadi. Xorazmdagi yetimxonada voyaga yetmagan qizlarning pedofil amaldorlar tomonidan muttasil zo‘rlab kelingani ...
28 iyul 2016
Samarqandda markaziy yo‘l chekkasida yashovchi aholiga, tomlarini yangi, maxsus rangdagi shifer bilan qoplash va uyi oldiga bir yarim metrlik ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...