Anons
29 oktyabr 2023

Shoir Omon Matjon olamdan o‘tgan kun

Lekin bir xalq mudrab, yotinqirasa,
Har kimga o‘z tinchi yoqinqirasa,
Shoirlari qo‘rqib bosinqirasa,
Xalqni kim uyg‘otar,
Savolim shuldir?!

Ushbu satrlar muallifi, o‘zbek modern she'riyatining taniqli namoyandasi Omon Matjon 2020 yilning 29 oktyabrida 77 yoshida vafot etgan, Toshkentning Yangiobod mavzeidagi qabristonda dafn qilingan.

Shoir Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tug‘ilgan edi. U adabiyot oldidagi xizmatlari uchun Hamza nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Shoirning «Ochiq derazalar» (1970), «Karvon qo‘ng‘irog‘i» (1973), «Yonayotgan daraxt» (1977), «Yarador chaqmoq» (1979), «Haqqush qichqirig‘i», «Seni yaxshi ko‘raman» (1983), «Gaplashadigan vaqtlar» (1986) kabi to‘plamlari o‘zbek she'riyatining ustunlari sifatida ko‘riladi.

FYeRUZA

Kelmading.
Qushlar ko‘chib ketdi qoshimdan,
Tushlar cho‘chib ketdi yoshimdan,
Hushlar uchib ketdi boshimdan,
Kelmading.
Xazonlar to‘p bo‘ldi yillab men uchun,
Osonlar yo‘q bo‘ldi yillab men uchun,
Armonlar ko‘p bo‘ldi yillab men uchun,
Kelmading.
G‘amlarning bariga to‘zdim — chidadim,
Namlarning bahrida suzdim — chidadim,
Damlarning shahdidan o‘zdim — chidadim,
Kelmading.
Kunlarim hijronga o‘qdek yoqqanda,
Ruhim oti qonga cho‘g‘dek botganda,
So‘nggi o‘qni jonga o‘zim otganda,
Sen kelding uzr so‘rab…
Sen kelding nechun?!


Umr o‘tar, vaqt o‘tar,
Xonlar o‘tar, taxt o‘tar,
Omad o‘tar, baxt o‘tar,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sening yurishlaring, sening kulishlaring.
Bahorda bog‘ na go‘zal,
Qor tushsa tog‘ na go‘zal,
Bu yoshlik chog‘ na go‘zal,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
So‘zsiz qarashlaring, holim so‘rashlaring.
Oy chiqar goh zaholi,
Do‘stlar ko‘pdir vafoli,
Hayot shundan safoli,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sokin so‘zlashlaring, pinhon izlashlaring.
Umr — yo‘l, qayrilish ko‘p,
Uchrashish, ayriliq ko‘p,
Unutish,aytilish ko‘p,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
O‘sha kulishlaring, o‘sha kelishlaring…


Ochil, ey gul, gul vaqting bo‘ldi,
Uyg‘on, ey dil, dil vaqting bo‘ldi.
Yetar ming bir kecha ertaga,
Tong sirlarin bil, vaqting bo‘ldi.
O‘z haqqini bilmagan quldir,
Shukr etgan ham qul, vaqting bo‘ldi.
Noming aziz, o‘zingga bek bo‘l,
El bo‘l endi, el vaqting bo‘ldi.
Ogoh etar soatsiz qismat,
Harakating qil, vaqting bo‘ldi.
Tilni qutqar tillar bandidan,
Tilga kirgin, til vaqting bo‘ldi.
O‘zbekiston, falak burjiga
Yuragingni il, vaqting bo‘ldi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 iyun 2023
To‘raev Abdusamad Abdulhamidovich 13.01.1959 yilda Uchqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma'lumoti o‘rta, oilali, 4 nafar farzandi bor, yoshga doir ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat madhiyasini kuylayotgani masxara qilingan ...
30 oktyabr 2019
Taniqli o‘zbek yozuvchisi Odil Yoqubovning bu fikrlari 2008 yilning iyunida mashhur qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov vafoti munosabati bilan «Ozodlik» ...
15 mart 2016
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on kamida 34 kishining umriga nuqta qo‘ygan Anqara portlashlaridan so‘ng «terrorizmni tiz cho‘ktirish»ga va'da bergan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...