Xatirchi hokimidan norozi dehqonlar adolat istamoqda
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida o‘nlab fermer, bog‘bon va dehqonlar hokimlik tomonidan imzolangan yer bilan bog‘liq hujjatlarni noqonuniy, deya iddao qilishmoqda.
“Tasmachi” MFYda turg‘uni Habibullo Mamadiyorovning “Eltuz”ga aytishicha, 2019 yil avgustda tuman hokimi G‘ofir Aliev “Xatirchi eksport klaster” MChJ rahbari Erkin Qahhorov va uning ukasi Shomirza Qahhorovga yerlarni noqonuniy rasmiylashtirib bergan. Natijada o‘nlab dehqonlar yeridan ajralgan.
Eng qizig‘i, auktsionda yutib olingan yerlar – dehqonlarning 25-30 yillik tokzorlari ham Erkin Qahhorov va uning ukasi Shomirza Qahhorov nomiga o‘tib ketgan.
Shu hududda yashovchi Yorqin Xudoyqulov “Eltuz” bilan suhbatda tuman hokimi qonunlarni mensimasligi, birovga qarashli yerlarni noqonuniy ravishda boshqa boshqalarga rasmiylashtirib berayotganini bildirdi.
– Prezident xalq bizdan rozi bo‘lsin, deb bong urayotgan vaqtda tuman hokimi yuzlab xalqni yeridan ayirdi,- dedi Habibullo Mamadiyorov. – Mayli, qonunni buzmay shu ishlarni amalga oshirganda, biz qarshilik qilmas edik. Qo‘llab-quvvatlar edik. Afsuski, bu ishlar noqonuniy sodir etilmoqda.
Ma'lum bo‘lishicha, 2006 yil kolxozlar tugatilib, 2006 yil 9 yanvarda prezidentning meva-sabzavot va uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha maxsus qarori chiqqan.
Mazkur qarorga muvofiq, o‘sha paytda odamlar yerlarni auktsionda xarid qilgan. Bu yerlar endi hokimto‘raning “yordami”da hech qanday tendersiz “Xatirchi eksport klaster” MChJ rahbari Erkin Qahhorov tomonidan o‘zlashtirib olinayotir.
“Tender to‘g‘risida odamlarni ogohlantirmadi. Klaster tashkil etkanmiz, deb yil boshida ishchilardan xabar olmasdan, yig‘im vaqti hosilning yarmini berasan, yer meniki, deb turib oldi. Qarshi chiqqan odamlarning hosilini majburan tortib oldi.
Men ham qarshilik ko‘rsatdim. Axir mineral o‘g‘it olishga, parvarishlashga, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazishga, suv ta'minotiga biror amaliy yordam ko‘rsatmasdan hosil talab qilishi qay darajada to‘g‘ri?
Xatirchi uzumlarini va meva sharbatlarini chetga eksport qilishni xohlasa, bizdan uzumlarni sotib olsin, qayta ishlasin. Dehqonlarning bir burda yeriga ko‘z olaytirmasdan, yalanglikdan yer olib tokzorlar bunyod etsin.
Bu yerlarni obod qilishning o‘zi bo‘lmagan. Suvsiz 10 gektar yerga 96 million so‘m pul sarflab maxsus suv inshootlari qurdirganmiz. To‘rt-besh xo‘jalik birlashib tokzorlarni yaratganmiz”, dedi Habibulla Mamadiyorov.
Hudud dehqonlari ushbu muammo yuzasidan Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burhonovga, Oliy sudga, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga va boshqa ko‘plab tashkilot va shaxslarga murojaat qilgan.
Ammo ularning aksariyati “ishni tegishli tartibda Xatirchi tumani sudi ko‘rib chiqsin” mazmunidagi maslahatdan naryog‘iga o‘tmagan.
Mirishkorlar esa Xatirchi tumani sudi ham, prokuraturasi ham tuman hokimidan o‘tib hech narsa qila olmasligi, holatni xolis o‘rganmasligidan nolimoqda.
“Eltuz” tuman hokimligidan vaziyat bo‘yicha hech qanday munosabat ololmadi.
Bundan ikki oy oldin xatirchilik marhum fermer Muzaffar Mustafoevning yaqinlari uning o‘limida hokimning qo‘li borligi, bu maxsus uyushtirilganini iddao qilgandi. Fermer o‘limidan oldin yerlarni noqonuniy sotayotganlikda ayblab, hokimni sudga bergan edi.