Multimedia
16 fevral 2021

Imperativ-5. O‘zbek uchun nima qilding?

Qiziq, men o‘zimni «Sen kimsan?» deb taftish qilar ekanman, boshqalar ham bu savolni menga bera boshladilar: «Sen kimsan?»

Tabiiy, savolchilarning ijtimoiy mavqeiga va mening faoliyatim turiga qarab berilayotgan savolning ohanggi ham o‘zgarib turdi. Variantlar:

«Sen kimsan, originallik qilasan, o‘zbek she'riyatini o‘zgartirmoqchimisan? Sen kimsanki, bizga aql o‘rgatasan?»

Keyinroq, siyosiy faoliyatga o‘tganimdan so‘ng savollar agressivlasha boshladi: «Sen kimsan o‘zi, xalq nomidan gapirasan? Sen o‘zing nima qilding xalq uchun? Qo‘lingdan nima keladi o‘zi?» va hokazo.

Bu savollardan ilhomlanib, «Men kimman o‘zi? Shuncha yil nimani qoyillatdim? Xalqim uchun nima qildim?» deya yana o‘zimni taftish eta boshladim.

Umrimning birinchi yarmiga qarasam, faqat she'r yozibman, ikkinchi yarmiga qarasam, faqat siyosat bilan shug‘ullanibman. Ammo teranrok boqilsa, bu ikki soha men uchun bir jabha bo‘lganini, farqi faqat mujodala vositalari o‘zgarib turganida ekanini ko‘rsa bo‘ladi.

Avval she'rlarimni taftishlashga qaror qildim. Men ularni xalqimga foydasi tegadi, deb yozgan edim chunki.

U paytlari juda sodda edim va yozayotganlarimdan xalqqa mutlaqo bir foydasi bo‘lishi kerak, degan inonchda edim.

Bu ishning ustida ekan, do‘stlarimdan biri Anqaradan telefon qilib qoldi va:

– Nima ish bilan mashg‘ulsan? – deb so‘radi.

– Umrimda qilmagan bir ishni qilyapman, – dedim.

– Ajabo, nimaydi u? – dedi do‘st samimiy qiziqib.

– Odamlarga she'rlarimni tushuntirib beryapman, – dedim.

– Xayrdir, inshaalloh? – deya yana-da maroqlandi do‘st.

– Yillar davomida «M.Solih, o‘zbek xalqi uchun nima xizmat qildingiz?” deya savol beraverib asabimga tegdilar. Bu kabi tergov bir ekzekutsiya darajasiga yetdi. O‘zbekistondan ketib ham qutula olmadim.

«Solih chet elda yurib, O‘zbekiston uchun nima ISh qildi? Kim o‘zi bu odam?” deya qiynoq seansini davom ettirdilar. Ularga javob bermoqchiman nihoyat, – dedim anqaralik do‘stga.

– Jiddiy olma, birodar. Olomonga javob berma. Ular nima deganini bilmaydi. O‘zbek uchun, turk dunyosi uchun nima qilganingni bilishi kerak bo‘lganlar biladi, – dedi do‘stim ko‘nglimni ko‘tarib.

Tabiiy, do‘st ko‘nglimni oldi, lekin bu savolga, masalan, siz, hurmatli o‘quvchim, nima deb javob bergan bo‘lardingiz. Deylik, siz ham siyosiy tazyiqlar bilan, o‘lim xavfi ostida yurtingizni tark etdingiz, qo‘lingizda pasportingiz yo‘q, muvaqqat berilgan hujjatlar bilan chet ellarda yillarcha sargardon kezarkan, «uzoqda qolgan suyukli xalq»ingiz uchun nima qilgan bo‘lardingiz?

Yoki u tufayli qamalgan ukalari oilasiga yordam bera olmagan, xalqaro qidiruvga berilib, jinoyatchi e'lon qilingan bir odamga «Xalqingiz uchun nima qildingiz?” deb savol bersa bo‘ladimi?

Bo‘ladi.

Eng so‘ng bu savolni menga Bi-Bi-Si radiosi o‘zbek xizmati xodimi berdi.

Undan «Bu radio savolimi?» desam, «Bu savol o‘zbeklardan tushayotgan savol», deyishdi.

Naqadar jiddiy savol ekan bu. Qarang, hatto Bi-Bi-Si ham beryapti uni menga!

O‘ZBYeK UChUN NIMA QILDINGIZ?

Bu fashist Olmoniyasiga qarshi urush davrida yangragan rus savoliga juda o‘xshaydi:

«ChTO TЫ SDYeLAL DLYa RODINЫ?»

Ya'ni «baraka topkur» savolning ildizi «qadrdon sho‘rolar»ga borib taqalyapti. Meni salkam o‘ttiz yil ta'qib etgan RUS savolining naq o‘zi bu!

Bu savolni jiddiyga olishga majburman. Aslida hammasi shu «jiddiyga olish»dan boshlandi.

Fe'l-atvorim shunday. Ayniqsa, yoshligimda voqealardan tez mutaassir bo‘lardim. Masalan, Rusiyada bir gazetachi muxbir «O‘zbeklar o‘g‘ri» deya maqola e'lon qilsa, uchoqqa bilet olib, o‘sha gazetachini topib o‘ldirmak istardim.

Bu men uchun ShAXSIY masala edi, XALQ masalasi emasdi.

Aslida…hamma balo shunda ediki, kamina o‘z erkiga sevgilisiga bog‘liqlikdan ham ko‘proq, hatto ota-onasiga bo‘lgan bog‘liqlikdan ham mustahkamroq bir bog‘ bilan bog‘liq edi.

Bu holatni qisqa qilib, O‘Z ERKIGA QULLIK deyish mumkin edi.

ERK nima o‘zi?

ERK VA «ERK» SO‘ZINING MYeNDAGI BIOGRAFIYaSI

Turklar etnos o‘laroq tarix sahnasiga chiqib (taxminan 4000 yil ilgari), to milodiy 20-asrga qadar qurgani butun davlatlar tamalida millatning o‘z ERKini himoya qilish uchun boshlangan janglar yotadi. Fath janglari emas, boshqalarning tuprog‘ini ishg‘ol qilish janglari emas, aynan o‘z tuproqlarini himoya qilish uchun boshlagani hayot-mamot janglari yotadi.

Bu janglarning har biri turk millati uchun yangidan tirilish davrini ifoda etgan.

Turkiston turki 20-asrda bu tirilish davrini ikki marta yashadi: Birinchisi 1917 yil 27 noyabrida jadidlar ta'sis etgan Qo‘qon muxtoriyati», ikkinchisi sovet davrida 1990 yil 20 iyunida e'lon qilingan O‘zbekiston Respublikasi edi.

Birinchi davlatimiz bor-yo‘g‘i 3 oy yashadi – uni 1918 yil 18 fevralida rus bolsheviklari va armani dashnoq-millatchilari yiqitdi.

Bu davlat bilan birga Farg‘ona aholisidan 40 mingga yaqin kishi o‘ldirildi.

Ikkinchi davlatimiz Sovet Ittifoqining mustamlakasi maqomida ekan, o‘zini 1990 yil 20 iyunida mustaqil deb e'lon qildi.

Lekin uni bugun ham rus hokimiyati bo‘yinturug‘idan to‘la chiqdi, deb aytish qiyin.

Aksincha, diktator Karimov va undan keyin O‘zbekiston Jumhuriyati boshqaruvidan uzoqlashtirilmagan eski kommunistlar hukumatlarining tashqi va ichki siyosatini bugun ham Rusiya belgilamoqda.

«Muhammad Solih O‘zbekiston uchun nima qildi?» deb baqirayotgan manqurtlar to‘dasiga muxtasar qilib shuni aytmoqchimanki, ular bu ochiqlamani miyalariga abadan yerlashtirsinlar:

1. Yuqorida zikr etilgan, 1990 yil 20 iyunida e'lon qilingan MUSTAQIL DAVLAT g‘oyasini yillar davomida, oldin o‘zida (she'rlarida), keyin yaqinlarida, keyin siyosiy tashkilotida tarbiyalab-parvarishlab voyaga yetkazish Muhammad Solihga nasib etdi.

2. 1990 yil 30 aprelida Muhammad Solih qurgan birinchi milliy siyosiy tashkilot – «ERK» partiyasi o‘z millatiga ERK berish g‘oyasini tashigani uchun «ERK» deb nomlandi. Bu tashkilot hozirlagan O‘zbekiston Jumhuriyatining Mustaqillik deklaratsiyasini 1990 yil 20 iyun kuni Sovet O‘zbekistonining Oliy Kengashiga taqdim qilgan kishi Muhammad Solih edi. O‘sha kuni Oliy Kengash prezidiumiga chiqib, Turkiston bayrog‘ini ko‘targan ikki pahlavon ham yana o‘sha «ERK» partiyasi a'zolari, millatvakillari Nasrulloh Sayid va Imomali Fayzi edi. Bugun bu tarixni buzib, o‘zlaricha «mustaqillik tarixi»ni yozayotgan soxtakor kommunistlar emas.

Bu Mustaqillik deklaratsiyasini o‘sha kuni Oliy Kengash qabul qildi va O‘zbekiston RASMAN mustaqil davlat deb e'lon etildi.

3. O‘sha paytda O‘zbekistonni boshqarayotgan Moskvaning satrapi kommunist Islom Karimov biz mustaqil deb e'lon qilgan davlatni avval Yanaev xuntasiga, keyin Gorbachyov «konfederatsiyasi»ga qurbon qilmoqchi bo‘ldi. 1991 mart referendumini qabul qilib, O‘zbekistonni yana ruslarga taslim etdi.

O‘sha kuni Muhammad Solih raislik qilgan «Erk» partiyasi O‘zbekistonda Karimovning bu xiyonatini lan'atlab, «Sovet Federatsiyasi»ga qarshi chiqqan va referendumda konfederatsiyaga qarshi ovoz bergan yagona partiya edi.

Oz vaqt o‘tmay, Allohu taolo Karimovning razil rejalarini buzib, sovet davlatini yiqdi, bizni olamshumul uyat va qullikdan qutqarib qoldi. Alhamdulilloh.

«Erk istagan ruh erksiz o‘lkada ham erkin yashashi mumkin». Bu doim nafsimni ishontirish uchun shuur ostida sokin yangragan naqorat edi. G‘ingshimoq, ingramoqning fikr odami uchun uyat ekanini idrok etgan bir zehniyat:

SYeN G‘OLIBSAN

Sen g‘olibsan mag‘lublikda ham.

Senga yotdir ingramoq, g‘ingshu.

O‘g‘rimassan yoki muttaham,

Sen ozodsan, bori-yo‘g‘i shu.

Obro‘ying yo‘qki qulasa –

Olomonning erka ermagi.

Teshik bo‘lsa, rosa kulasan,

El og‘ziga tutgan elaging.

Faqat sening yo‘q shaxsiy ining –

Tashlamaysan hech qayda langar,

Lekin duming ham yo‘q-ku sening,

G‘alvir ham yo‘q unga bog‘langan! (1981)

(«Shaffof uy» 1983)

Kommunist sarqiti-manqurtlar boylikka, ayshu ishratga, fahshga bo‘lgan sevgisini qanday avaylab voyaga yetkazgan bo‘lsa, biz ham ERKni o‘zimizda shunday voyaga yetkazdik.

Ular o‘g‘irlagani xalq mulkini qanday yashirgan bo‘lsalar, ERKni dushmanlardan shunday hassosiyat-la qo‘ridik.

Manqurt «doda»lar rusga sotqinlik evaziga berilgan yuksak lavozim, lyuks mashina va uylarni xayol qilayotgan zamonlarda biz mazlum xalqimizning paxta dalalarida bukilgan belini rostlab, ERK shabadasiga ko‘ksini ochishini orzu etar edik.

Muhammad Solih

(Davomi bor. Imperativ, 2020 yil, Istanbul)

Tag‘in o‘qing
16 noyabr 2022
O‘zbekiston rassomlar uyushmasi a'zosi, rangtasvir, grafika va karikatura ustasi, yetuk rassom, Eltuz ijodiy jamoasi a'zosi Shavkat Muzaffar (Shavkat Turopov) ...
7 yanvar 2016
Boz ustiga elektr toki va gaz ta'minotidagi uzilishlar bois shifoxonalardagi ahvol og‘irlashib borayotgani tilga olinmoqda. Rassom Elsevar o‘zbek kasalxonalaridagi ...
11 aprel 2019
«Eltuz» nashri Muhammad Bekjonning «Qo‘rquvning nariyog‘ida» (Alvido, Jasliq!) ikkinchi kitobining audio versiyasini taqdim eta boshlaydi. «Bu kitob “O‘zbekiston qamoqxonalarida ...
30 may 2018
Xorazmlik shoir Mahmud Rajab va yana uch nafar shaxs 29 may kuni viloyat prokuraturasiga chaqirildi. Maxmud Rajab «Eltuz» muxbiri ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...