Yalang‘och ayollar suratini chizgan xalifa hikoyasi
Ehtimol boshqa oilada dunyoga kelganida u mashhur turk rassomi sifatida ulug‘langan va san'at tarixi zarvaraqlarida muhrlangan bo‘lar edi. Biroq tarix bu ijodkorni rassom emas, islom olamining eng oliy unvon sohibi, so‘nggi xalifa sifatida taniydi.
Xalifa Abdulmajid II Istanbulda, Usmoniylar xonadonida 1868 yilda dunyoga keladi. Taxtga da'vogar sifatida Abdulmajid Afandining imkoniyati kam edi, lekin 1922 yilda u xalifa unvoniga muyassar bo‘lib taxti ravonga o‘tiradi, ayni damda sultonlik va sulton unvoni barham topadi.
Siyosiy hayot va islohotlarga qiziqishi jo‘sh urmagan xalifaning madaniyat va san'atga mehri bo‘lakcha edi. U shunchaki havaskor rassom emasdi, yoshligida «Sanayi – Nefise Mektebi»da Salvatore Valeridan, keyinchalik saroy rassomi Fausto Zonarodan klassik rang-tasvir sirlarini o‘rganadi.
So‘nggi xalifaning Vena va Parij ko‘rgazmalarida ishtirok etgan kartinalari, akademizm va klassik rang-tasvir talablariga to‘liq javob berib, ularda g‘arb rassomlari va orientalizm ta'siri kuchli edi.
Chizish bilan bir qatorda rassomlik va boshqa san'at yo‘nalishlariga moliyaviy homiylik qilib, 1909 yilda asos solingan Usmonli rassomlar jamiyatiga rahbarlik qiladi.
Xalifaning kun tartibi kundaliklarida madaniy tadbirlarda ishtiroki uchun muayyan vaqt ajratilgan edi. Abdulmajid Afandining «Saroyda Gyote» va «Saroyda Betxoven» kartinalarida uning va oilasining g‘arb adabiyoti va musiqasiga bo‘lgan ixlosini ko‘rish mumkin.
O‘zi ham pianino chalgan xalifa, shuningdek, baletning sodiq muxlislaridan edi. Frantsuz, nemis, fors tillarini bilgan o‘z davrining ilg‘or kishisi bo‘lgan.
Tirik jonzotlar tasviri taqiqlangan islom dinining oliy maqom sohibi xalifa nyu janrida ham estetik zavq ulashuvchi «Saroyda xotinlar» (Avluda Kadinlar) nomli san'at asarini yaratadi.
Xolislik haqqi aytish kerakki, bu «besharm» asar Abdulmajid xalifa bo‘lishidan ancha oldin – 1899 yilda yaratilgan. Turk tadqiqotchilari va medialari so‘nggi xalifaning san'atga oshno mohir rassom bo‘lganidan g‘ururlanishar ekan, uning ushbu kartinasini tilga olmaslikka, ko‘rsatmaslikka harakat qiladilar.
Kartinada hashamatli saroy hovlisida, hovuz bo‘yida nozikbadan ayollar qomatining kiyimlardan ozod go‘zalligi aks etgan. Saroy bezaklari, umumiy manzara va osmonning yorqin ranglari kartinaga tantanavorlik ruhiyatini beradi.
Bu go‘zal san'at asari ilk bor 1990 yilda ommaviy tanilib, 2013 yilda Art Alif auktsionida 1,6 mln turk lirasi (809 ming dollar) ga sotilgan.
Abdulmajid II ning bir necha kartinasi Turkiyadagi Ankara Devlet Resim ve Heykel Müzesi (Anqara davlat tasviriy san'at va haykaltaroshlik muzeyi)da saqlanmoqda.
Abdulmajid II ning ijodida tarixiylik, allegoriya, jonzotlar mavzusi kuzatiladi. Uslubida akademizm ustunlik qilsa-da, 1914 yildan boshlab impressionistik uslubga moyilligini kuzatish mumkin.
Akmal Rizaev
Eltuz.com