Multimedia
31 mart 2021

Qo‘yli-2. Panjsher darasidagi tuzoq

Qo‘ylidan kelgan ovozli lavhadagi uzundan uzoq tafsilotlarga to‘la hikoyadan tushunganlarim quyidagicha. Qo‘yli harbiy xizmatni Afg‘onistonning Panjsher darasida joylashgan 108-motoo‘qchi diviziyada o‘tagan. Na ruscha¸ na tojikcha va na tuzukroq o‘zbekcha bilmaydigan Qo‘yli boshida ko‘p qiyinchilik ko‘rgan:

“Ëmon qiynaldim lekin. Bir kuni Gulim degan shopir bola bilan tanishdim. U Ruxa degan qishloq yaqinidagi komdiv blindajiga oziq-ovqat tashirdi. Gulimning to‘la ismi Gulimbet edi. Gurlanlik bola. Mening ahvolimni ko‘rib, ichi uvishdi. Gulim ruscha yaxshi gaplashar va tojikcha ham bilardi. Armiyaga Sharqshunoslik instituti ikkinchi kursidan chaqirilgan edi. Komdiv adyutantiga ayttirib, meni Ruxa qishlog‘iga oldirdi. Ahvolim yaxshilandi.

Bir marta vertolyotda daraning usti bilan uchib, Panjsher daryosini yuqoridan ko‘rdim. Nishon ko‘rsatuvchilik (navodchiklik) qila boshladim. Oti nishon ko‘rsatuvchi bo‘lgani bilan ishim hammollik edi. Og‘ir artilleriya snaryadlarini tashirdim. Bir kuni soqolli ikki afg‘on tojigi kelib, komdivga aytadigan gapimiz bor, dedi. Gulim gaplashdi ular bilan. Men bu ikki tojikka konvoy bo‘lib, avtomat bilan hamrohlik qildim.

Komdiv blindaji bir qaraganda tog‘ning bir qismiga o‘xshaydi. Hamma yog‘i tosh. Ikki tojikni ichkariga olib kirdik. Men orqasida turibman. Ular tojikcha gapirdi, Gulim rus tiliga tarjima qildi. Men hech narsa tushunmadim.

Gulimning aytishicha, ular Ahmadshoh Mas'ud qurol-yaroq ombori haqida ma'lumot sotmoqchi ekan. Benzin bilan ishlaydigan ikkita elektr dvijok va 10 kalashnikov avtomati evaziga ular kartadan Ahmadshohning ombori ko‘rsatib berishdi. Komdiv ma'lumotni olib bo‘lib, bu ikki tojikni qamab qo‘ydi. Gulimning aytishicha, razvedka qo‘shimcha tasdiqlasa, so‘ragan narsasini berib, ularni qo‘yvorishar ekan.

To‘g‘risini aytsam, shu ikki tojik menga yoqmadi. Shubhali edi ular. Lekin razvedka bu ikki tojik ko‘rsatgan yerda ombor borligini tasdiqladi. Tojiklarga javob berildi. Komdiv bu omborni egallash uchun 120 kishilik batalonni ikkiga bo‘lib jo‘natdi. Bir qism askar pastdan yurar, bir qismi esa yuqoridan ularni kuzatar edi.

Men pastdagi qism ichida edim. Dara bo‘ylab yurardik. Har ikki soatda ustimizdan vertolyot uchib, shartli signal olib qaytib ketar edi. Armiyaning tushyonkasini yeb, ichim qotib qolgan edi o‘sha kunlarda. Batalon dam olishga to‘xtagan joyda kattaroq bir ariqqa beton lotok ko‘prik qilib qo‘yilganini ko‘rdim.

Ariqda suv yo‘q edi. Men shu beton lotokning ichiga kirib, lash-lushlarga to‘la askarlik ishtonimni yechib hojat qilishga o‘tirdim.

Lotok teshigidan dam olayotgan askarlar ko‘rinib turardi. Kombat Aksenov daraxtga suyanib sigaret chekardi. Aksenov yaxshi odam edi. Menga ko‘p yaxshiligi tekkan. Aksenovga qarab turib otam Shixnazar akani esladim. Negadir Yo‘lli voenkom va xiyonatda ushlab olganim xotinim Ullibiyini eslab xo‘rligim keldi.

Koshki rus tilini bilsam¸ Aksenov akaning oldiga borib dard to‘ksam, deb orzu qilardim. Negadir shu odam meni tushunsa kerak, deb o‘yladim. Shu payt Aksenov silkinib ketdi. Uning qoq peshanasiga o‘q tekkan edi. Men buni aniq ko‘rdim. Peshanasidan tizillab qon oqdi. Keyin to‘s-to‘polon qiy-chuv boshlandi…”

Asirlik

Qo‘ylining uzundan uzoq hikoyasini bo‘lib, aniqroq ma'lumotni o‘zim yozib qo‘ysam. Demak, komdivga qurol ombori haqidagi bilgini “sotgan” ikki afg‘on tojigi aslida dushman agentlari ekan. Afg‘onlar avvaliga yuqorida ketayotgan 60 askarni qirib tashlashgan. Keyin mergan kombat Aksenovni otib o‘ldirgan. Oxirida tepadan o‘q uzib, pastdagi 60 askarni ham o‘ldirishgan. Beton lotok ichiga hojat chiqarish uchun kirgan Qo‘yli batalonning omon qolgan yagona askari edi. Yana Qo‘yli hikoyasini eshitamiz:

“Men o‘tirgan joyimda qotib qoldim. Bomba portlab, lotokning bir tarafini tosh-tuproq bosib qoldi. Qaltirab, qo‘rqib, oyoq ustida hojat qilgancha o‘tiribman. Qo‘rqqan paytda odamning qotib qolgan ichi bo‘shab, hojati rohat kelar ekan. Shunga ham shukur.

Keyin o‘q ovozlari tinchidi. Men esa o‘tiraverdim. Birpasdan keyin baqir-chaqir ovozlar eshitildi. Bir- biriga gap bermay baland ovozda gapirayotganlar Ahmadshoh Mas'udning tojik jangarilari edi. Bitta jangari lotokning og‘ziga kelib orqasi bilan turib oldi. Men qo‘rqqanimdan nafasimni ichimga yutganman. Agar bu jangari lotokning ichiga bitta granata irg‘itsa, kunim bitardi-qolardi.

Afg‘onistondagi tojik jangarilari ninzya kabi devor ortida odam borligini sezadi, degan gap yurardi. Shu gap to‘g‘ri chiqdi. Menga orqasini o‘girib turgan qora soqolli jangari ilkis burilib menga, avtomat qaratib, “dastho bolo sho‘raviy”, dedi. Men baqrayib turaverdim.

U osmonga qarab o‘q uzib, sheriklarini chaqirdi. O‘nlab tojikning bir-birini bo‘lib baqir-chaqir qilganidan quloqlarim bitib, boshim qattiq og‘ridi. Meni lotokning ichidan sudrab chiqishdi. Ustimdan kulishdi. Men daraxt tagida o‘lib yotgan odamlar ichida gurlanlik Gulimni ham ko‘rib ezilib ketdim.

Jangarilar bo‘lsa, bir ruscha biladigan odam topib kelib, meni so‘roq qilishdi. Ammo ruscha deyarli bilmaganim uchun javob bera olmadim. Jangarilardan biri g‘alati o‘zbek tilida gapirganda juda oz tushungan bo‘ldim”.

Shu o‘rinda Qo‘ylining gapini bo‘lib qisqacha ma'lumot bersam. Qo‘yli asir olinib, Bozorak qishlog‘iga olib kelinadi. Oldiniga 10 kun kartserda saqlanadi. Keyin esa tosh tashib, mudofaa istehkomi qurishda qul qilib ishlatiladi. Yana Qo‘ylidan eshitamiz:

“Soch-soqolim o‘sib ketgan. Afg‘onlar kiyadigan telpak kiyvolganman. Ertalabdan kechgacha tosh tashiyman. Hech kim meni otimni aytib chaqirmaydi. Hamma meni asiri sho‘raviy yoki mahbusi sho‘raviy, deb chaqiradi. Tojiklar namoz o‘qiganda men ham ularga taqlidan yotib turadigan bo‘ldim. Musulmon musulmonni o‘ldirmaydi, degan zaif umid bor edi menda. Qishloqda o‘ris asirlar ham namoz o‘qirdi”

Faysbukda hujjatli proza yozayotib, kutilmagan faktlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishiga o‘rganib qolganman.

Hikoyani yozish chog‘ida Qo‘ylini tanigan ikki shorlovuqlik men bilan aloqaga chiqdi.

Ulardan biri o‘zini Qo‘ylining qarindoshi Tangribergan deb tanishtirdi:

“Dayravarsin (rahmatli) Shixnazar otaning kichkina singlisining o‘g‘liman. Tangriberganman. Qo‘yli doim «Eltuz»da chiqibdi, deganga men sizga yozdim”.

Tangriberganning aytishicha, Qo‘ylining tirik qolib asirga olinganini hech kim bilmagan:

“1983 yili Qo‘yli o‘ldi, degan xat keldi. Yo‘lli voenkomning o‘zi olib keldi qoraxatni. Dayravarsin Shixnazar otam Yo‘lli voenkomni hassasi bilan urib haydab chiqardi. Keyin Qo‘yli doyimning o‘ligi solingan «gruz 200» temir tobut keldi. Ikki askar olib keldi tobutni.

Ochmaysizlar ichini. Tobut bilan ko‘masizlar, deb mahkam turishdi. Shixnazar otam bu ikki askarni ichirib piyon qildi. Askarlar uxlab yotganda kongiltir (tsinkoviy) tobutni ochishdi. Ochsak, ichida o‘lik yo‘q. To‘rt dona videomagnitofon. O‘n besh dona dovcha rang zar o‘tgan yapon ro‘moli va qora salafan xaltalarda unga o‘xshash bir narsa chiqdi.

Geroin ekan keyin bilsak. Shixnazar otam gorkom bovoni chaqirdi. Uyni KGB bosdi. Tobutni qaytarib olib ketishdi. Tobutlar almashib ketganmish. Qaysidir general afg‘ondan kontrabandani «gruz 200» ichida chiqarishni yo‘lga qo‘ygan ekan. Shu fosh bo‘ldi”.

Tangriberganning aytishicha, Qo‘ylining otasi Urganchga borib, “bolamning yo o‘lik-tirigi, yo daragini bilib beringlar”, deb arz qilgan. Sal o‘tib Mudofaa vazirligidan yana bir xat kelgan. Qurolli feld'eger keltirgan bu xatda Qo‘ylining Panjsher darasida qahramonlarcha halok bo‘lgani yozilgan edi. 1983 yil oxiriga borib Shixnazar otaning uyiga yana bir temir tobut keladi. Tobut ustiga yopishtirilgan qog‘ozda «108-motoo‘qchi diviziya oddiy askari Sayilxonov Qo‘ylining jasad qoldiqlari», deb yozilgan edi.

Shixnazar aka eski tryukni qo‘llab, tobutga hamrohlik qilib kelgan ikki askarni ichirib mast qiladi. Tobutni ochib ko‘rishsa, tosh-tuproq aralash odam suyagi va jasad qoldiqlari bor edi. Shixnazar ota aza ochib, o‘g‘lining janozasini o‘tkazadi. Yana Qo‘ylining qarindoshi Tangribergan gapiradi:

“Qo‘yli doyimni urushga yuborgan Yo‘lli voenkomni o‘zi yugurib yo‘rtib marmardan qabr toshi buyurtirdi. Doyimning rasmini qabr toshiga o‘ydirdi. Baynalmilal jangchi oilasi deb Shixnazar otani poyok ro‘yxatiga qo‘shdi. Maktabdagi pioner otryadiga Qo‘yli doyimning otini qo‘yishdi».

Rassom Tuz

(davomi bor)

Tag‘in o‘qing
12 dekabr 2016
Samarqandda kelasi yili uch yo‘nalishda shahar ko‘chalarini bog‘laydigan tramvay yo‘llari ishga tushirilishi haqida xabar beradi O‘zA nashri. Biroq shu ...
21 noyabr 2017
O‘zbekiston BMTning Qrimga nisbatan Rossiya siyosatini qoralovchi rezolyutsiyasi loyihasiga qarshi ovoz berdi. Ushbu hujjatni 75 davlat qo‘llab-quvvatladi, 25 davlat ...
20 dekabr 2016
O‘tgan hafta birdaniga to‘rtta viloyat hokimi ishdan bo‘shatildi. Undan ilgari ham bir qancha eski amaldorlar yangilariga almashtirilgan edi. Tahlilchilarga ...
6 mart 2019
“Milliy tarix” mohiyatan konstrukt ekanligi haqida ko‘p gaplashganmiz. Bugungi o‘zbek milliy tarixi o‘tgan asrning 20–40-yillarida Yakubovskiy va boshqa olimlar ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...