Asosiy mavzular
5 aprel 2021

Zo‘ravon qayin uka sabab ayol ruhiy kasalga chiqarildi

Farg‘ona shahrida yashovchi 32 yoshli Dilafro‘z Umarova 2021 yilning fevral oyi boshida prezidentning viloyatga tashrifi vaqtida uyidan mulozimlar tomonidan ruhiy kasallar shifoxonasiga majburan olib ketilgan. 

Umarovaning “Eltuz” bilan suhbatda aytishicha, uning shifoxonaga tiqilishiga ilgari qayin akasi tomonidan kaltaklangani, lekin hech kim unga chora ko‘rmayotgani haqida turli tashkilotlarga murojaat etgani sababdir.

Prezident Farg‘onaga tashrifi chog‘ida D.Umarova yashaydigan mahallaga yaqin “Shodiyona” MFYga kutilmaganda tashrif buyurgandi. Ayolning maxsus shifoxonaga vaqtinchalik olib ketilishi norozi kayfiyatdagilarning ovozini o‘chirish maqsadini ko‘zlagan bo‘lishi mumkin. 

Qolaversa, bu holat prezidentning “Shodiyona” mahallasiga kutilmagan tashrifi ko‘p ham kutilmagan bo‘lmaganiga ham ishora qiladi.

Dilafro‘z Umarova, o‘zining so‘zlariga ko‘ra, eri bilan 2015 yilda tanishgan. U vaqtda birinchi turmushidan ajrashgan bo‘lib, bitta qizi bor edi. Eri ham boshida turmushidan ajrashganini aytgan.

Ular shar'iy nikohda yashagan. Uydagilari erini uylantirishi haqida aytganida ham ayol bunga rozi bo‘lgan. 

“Chunki erim nomiga el-yurt ko‘rsin to‘yimni, baribir senikiman, degandi. Ikkalamiz bir-birimizga ancha o‘rganib qolgandik. Hatto to‘yi kuni ham erim men bilan birga edi. 

To‘ydan keyin yashirincha uchrashib yurdik. Bunga uning uydagilari, ayniqsa, akasi qarshilik qildi. 2020 yilning 22 iyunida u uydagilarini aldab, ishda navbatchiman, deb biznikiga kelgan. So‘ng buni uydagilari bilib qolgan. 

Akasi uyimizga kelib, meni haqoratlab, erimni olib ketmoqchi bo‘ldi. Erimni mashinaga solib olib ketayotganida orqasidan chiqdim. Qayin akam Asror Madrahimov boshimga qattiq jarohat yetkazdi, yuzimga va tanamga bir necha bor urdi. Hatto ko‘zimdan tishlab ham olgandi, ancha vaqtgacha og‘rib yurdi. 

Bu bo‘yicha ish ochildi. Qaynonam va erim yalingani uchun qayin akam emas, kundoshim bilan o‘zaro janjal bo‘lgan, deb noto‘g‘ri ko‘rsatma berishga majbur bo‘lganman”, dedi Umarova “Eltuz”ga.

Asror Madrahimov Milliy gvardiya tizimiga qarashli “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyatida ishlaydi. U “Eltuz”ga voqea bo‘yicha gaplashishni istamasligi aytdi. 

Farg‘ona shahri hokimi o‘rinbosari Dilfuza Xo‘jaevaning so‘zlariga ko‘ra, qaynonasi Dilafro‘z Umarova, ya'ni kelinining ustidan sudga shikoyat ariza bergan. Sud qaynonaning ma'muriy javobgarlikka tortilishi bilan yakunlangan.

Hokim o‘rinbosari Dilafro‘z Umarovaning maxsus shifoxonaga majburlab olib ketilganidan xabari borligi, unga qo‘lidan kelgan barcha yordamni berib kelayotganini bildirdi. 

“Holatni aytib bormagan joyim qolmadi, – deydi Dilafro‘z Umarovaning o‘zi. – Yaqinda kun.uz saytida men haqimda chiqqan yolg‘on xabarini o‘qib hayron qoldim. Voqeani to‘liq, xolis yoritmoqchi ekan, nega menga telefon qilishmadi? 

Ijtimoiy tarmoqlarda ham xato ma'lumotlar tarqab ketdi. Xudoga shukur, o‘zimning uyim bor, o‘zimga to‘qman. O‘z bolasiga alimentni zo‘rg‘a to‘layotgan otadan nima ham talab qilishim mumkin. 

Uni men majburlab o‘zim bilan yashattirmaganman. U o‘sha kaltaklanish voqeasidan so‘ng ham biznikiga kelib ketib yurgan (bu “Eltuz”ga taqdim etgan hujjatlarda aks etgan). 

O‘g‘lim yaqinda ikki yosh bo‘ladi. Men ulardan pul undirish yoki boshqa uchun kurashmayapman. O‘rtada bola yetim qoldi. Aslida bunday ota o‘g‘limga ham, menga ham kerak emas ekan. 

Erim Davron Madrahimovga nisbatan adovatim yo‘q. U IIB sohasida ishlaydi. Hatto o‘zim erimning rahbari bilan gaplashib, vaziyatni tushuntirib, uni ishda qoldirishlarini so‘raganman. Shundan so‘ng uning ishida hech qanday muammo chiqmadi, ishlab yuribdi”.

Ijtimoiy tarmoqlarda Dilafro‘z Umarovaning 2020 yil iyun oyida kaltaklangan holati aks etgan surati tarqab ketdi. Qirg‘izistonlik bir necha fuqaro asli o‘shlik bo‘lgan ayolning tarafini olib, zo‘ravon qayin akaga nisbatan chora ko‘rish zarurligini aytib chiqqan. 

Tag‘in o‘qing
30 yanvar 2019
Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi raisi va bosh vazir o‘rinbosari ...
14 mart 2019
O‘zbekistonga kiritilmagan taniqli o‘zbek yozuvchisi Hamid Ismoil «Jinlar bazmi» kitobi uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 2019 yil uchun ...
22 fevral 2023
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Dastlabki shikoyat Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanidan. Avtomobil egasi yo‘llarning ahvolidan ...
13 may 2023
2005 yilning 13 mayida O‘zbekiston hukumati harbiylari tomonidan Andijonning Bobur maydonidagi begunoh odamlar otilgandi… O‘sha kuni saharda Andijonda qo‘zg‘olonchilar ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...