Multimedia
8 aprel 2021

Imperativ-18. Agressiv «yoshullichi»lar

(Shoir va siyosatchi Muhammad Solih audiokitobining davomi. Boshi «Eltuz»ning «Imperativ» ruknida. Davomi bor.)

«Yoshullichilar»ning hammasini ham Nurali Qobul kabi yaxshilikka moyil, deb bo‘lmasdi. O‘z manfaati yo‘lida har qanday tubanlikdan qaytmaydigan kimsalar «yoshullichilar» ichida yetarli edi .

Shulardan bittasi G‘affor Hotamov. Bu o‘zbek adabiyotchilari doirasida tanish ism. Kompartiyaning bosh gazetasi – “Sovet O‘zbekistoni”da suyagi qotgan. Kar'erasining so‘nggida diktator Karimovning saroyida kun kechirdi.

Saroydan quvilgandan so‘ng ruhiy holati agressiv tus oldi. Hatto bir muddat jinnixonada ham davolanadi. U yerdan chiqib, sog‘u so‘liga tashlanib, tanigan-tanimagan insonlarni talay boshladi. Biz yuqorida zikr etganimiz siyosiy va milliy mashmashalar girdobida chirpinar ekan, bu kimsa internetda “Taqdir ajoyibotlari yoki Odil Yoqubov haqida” nomida qissa e'lon qildi.

Bu «qissa» – bir ibora bilan aytish kerak bo‘lsa, balandparvoz tubanlikdir. Bu tubanlikda eng yuksak kalimalar ham g‘arib ko‘rinadi: vatan, yurt, haqiqat va hatto diniy kalimalar.

«Qissa» muallifi haqida maxsus yozishga hojat yo‘q. Bu toifa kishilarining umumiy portretini chizish qulayroq: bular o‘zlarini o‘zbek adabiyotining o‘zbek merosxo‘rlari deb bilishadi. Ularga ko‘ra, adabiyotda milliylikni faqat qishloqda tug‘ilgan yozuvchi tamsil etishi mumkin.

O‘zlarini «jaydari o‘zbek» qilib ko‘rsatishni va buning isboti uchun so‘kinib gapirishni sevadilar . Bu odatlari bilan ma'naviy otalari Karimovga o‘xshab ketadilar. Adabiy totemlari ham shunga yarasha – jaydari Odil Yoqubov, jaydari Shukshin yoki, deylik, Rasputin.

Ammo shiorlari – “zamon senga boqmasa, sen zamonga boq”. Ideallari – komsomol mukofoti. Minbarlari – “Yoshlik” jurnali.

Ya'ni abadiy yosh avlod, muttasil norasida zotlar. Butun davrlarda baxtiyor yashashni uddalay olgan, umrida iztirob chekmagan, farovonlikning tirik timsollari. Lablarida 24 soat tabassum, janozalarda ham.

Sovet davrida bu insonlar bilan hech ishim bo‘lgani yo‘q, ularga istehzo ham qilmadim. Yozganlarimning bari real hokimiyat sohiblariga qarshi edi, ularning yugurdaklariga emas. Shunga qaramay, kamina bu insonlarning doim g‘ashini keltirganimni sezardim.

Urush-janjalni sevmayman, ammo 1984 yilda boshlangan milliy qadriyatlarimizga qarshi xurujlar tengdoshlarim qatorida meni ham urush-janjalga savq etdi. Bu g‘avg‘oda hech qachon birinchi bo‘lib hujum qilmadim, doim hujumga qarshi mudofaada bo‘ldim. 1984 yildan boshlab yozgan butun maqolalarim mudofaa mazmunli matnlardir.

Rabbimga shukrlar bo‘lsin, U menga hech qachon shaxsiy tashvishlarimni tilimga oldirmadi, doim xalqimning dardini ayttirdi: mudofaa etarkan, xalqimning manfaatlarini mudofaa ettirdi.

Bizning misolimizda bu nafratning psixologik motivini ikki qismga ayirish mumkin.

Birinchi qism hulosasi bu: ODAMLAR ULAR QADRLAGAN NARSALARNI MYeNSIMASANGIZ, SIZNI ASLO KYeChIRMAYDILAR.

Fikri ojizimcha, bizda, 80-yillari milliy da'vo bilan maydonga chiqqan insonlarda aynan ana shu halokatli mensimaslik ro‘y berdi.

Biz mansubi bo‘lganimiz adabiyot ahlining qadriyotlarini mensimadik. Ular uchun qiymatli neki bo‘lsa, biz uchun bir chaqalik qadri yo‘q edi. Adabiy totemlaridan tortib, komsomol mukofotigacha bari biz uchun masxara mavzusi edi. “Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq” mafkurasiga qarshi biz “Zamon senga boqmasa gar, sen ham boqma zamonga”, dedik:

MAQOL

Zamon senga boqmasa gar, sen ham boqma zamonga,

Mayli, yaxshi oting chiqsin bir lahzada yomonga!

Boqma unga, bir kun kelib og‘irlashsa ahvoling,

Isbot qilgin eskirganin zamon haqda maqolning.

Hayoti-la o‘zgartirsa bir maqolni bir odam,

Bir odamning hayotiga yetib ortar o‘sha ham. (1985)

«Olis tabassum soyasi» (1986).

Ularga o‘xshab ko‘proq gonorar olish uchun uzun matnlar, dostonlar bitishni o‘zimizga haqorat (or) deb bildik.

Keyin siyosatga kirdik, taqdir chizgisi aynan davom etdi. 1992 yil 2 iyul kuni Karimov rejimi boshlagan qatag‘onlarga norozilik sifatida men Oliy Kengash deputatligidan iste'fo etdim. Va u yerdagi go‘yo bizning safimizda bo‘lgan safdoshlarimizga ham iste'fo qilishni tavsiya etdim:

“Bu yerda qo‘l ko‘tar desa ko‘tarib, tushir desa tushirib o‘tiradigan qo‘g‘irchoqqa aylanmasdan, nomus va sharafimiz bilan ketaylik”, dedim. Ular: “Siz xato qilyapsiz, biz ketmaymiz”, deyishdi. Yarim yil o‘tmay, bu insonlarning hammasi kamina o‘z ixtiyori bilan chiqib ketgan parlamentdan ixtiyorlariga qarshi haydaldilar.

Endi bu insonlar ham bizdan nafratlanishadi.

Nega?

Chunki o‘shanda ular uchun qiymatli bo‘lgan Oliy Kengashni biz bir chaqaga olmadik.

Nafratning psixologik motivining ikkinchi qismini esa bunday ifodalash mumkin: ODAMLAR ULAR QILIShGA JUR'AT ETMAGAN NARSALARNI SIZ QILSANGIZ, SIZNI ASLO KYeChIRMAYDI.

Bunday odamlar 37-yillarda o‘z safdoshlarini sotib, tirik qolgan o‘zbek yozuvchi-shoirlaridan farq qilmaydi.

1999 yil fevral portlashlaridan so‘ngra o‘sha paytdagi Iichki ishlar vaziri Zokir Almatovga «murojaat» qilib, «Zokir aka, otib tashlang shu Solihni!” deb hayqirgan lirik shoir o‘sha odamlar guruhiga mansubdir. Uning ismini hamma biladi. U xalq shoiri, taniqli shoirdir.

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
22 sentyabr 2020
Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Muhiddin Jo‘raev Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, deb ...
27 oktyabr 2024
Saylov natijalariga ko‘ra O‘ZLIDEP partiyasi g‘olib bo‘ldi. Ushbu partiya parlamentda 64 ta o‘rin egalladi. Qonunchilik palatasida 38 ta o‘rin ...
3 iyun 2021
“Abdulla G‘arib prodakshn”, rassom Elsevar, rassom Tuz va “Eltuz” yangi siyosiy satirik animatsion filmlar turkumining 8-qismini taqdim etadi. Chiptasi ...
20 may 2024
26-may – Tilak Jo‘rani xotirlash kuniga atab… Tillaniso Maktabda o‘qib yurganimda tanlovga qatnashdim. «Zulfiya» ning tuman yo viloyat bosqichi ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...