Asosiy mavzular
10 iyun 2022

RTdan va'z: O‘zbekistonni tok bilan urib tiriltirish kerak

Minutlar soatlarni, soatlar esa sutkalarni quvalay quvalay bir xafta o‘tdi. Mana juma keldi. Yana «Rassom Tuz nima deydi ekan?» deya telefon aynaklariga boqqan mardum oldidaman. Mendan yomon negativ gaplar kutishga odatlanganlarga aytadigan gapim shuki umidsiz bo‘lmang. Hali eng yomoni oldinda, tanazzulning eng chuqur joyiga hali yetmadik. Sizning nazaringizda sassiq va yomon bo‘lgan tezak uyumi ustida ham gul bitadi.

Mana sal oldin Namanganda gullar bayrami bo‘ldi. Kap katta so‘laqmonday erkaklar bir biriga gulmisiz, rayhonmisiz, jambilmisiz deb erkalanishdi. Men sizni bodringga, baqlajon yoki qaziga o‘xshatdim deya suyulishdi. O‘zbek so‘mining yangi ramzini esa ilonga o‘xshatishdi.

Matchon Suqilish: Qaysi Ilon? Tesla moshin chiqarib osmonga raketa uchiradigan va xozir eng aqlli odam robotini yasayotgan Ilon Maskmi?

Rassom Tuz: Yo‘q u emas, oddiy ilon. O‘sha qo‘shiqlarda aytilgan oq ilon, oppoq ilon.

O‘g‘irlangan o‘zbek so‘mi ramzi

O‘zbekistonda 100 yil oldin ham, hozir ham va kelajakda ham aksar omma bitta ishni qiladi. Buning oti o‘g‘irlikdir. Myasokombinatda ishlagan qorovul boboy sigirning yelinini o‘margan bo‘lsa, uning hozir umraga ketgan o‘g‘illari yo‘lning shag‘alini o‘margan. Ot, it, kursi, gazmol, dazmol, anjir, zanjir, xullas, nima ko‘rsa, o‘marib ketadigan yaratiq. Kinoyu klip, she'r va ibratli gaplarga qadar o‘marishadi.

Markaziy bank O‘zbekiston milliy valyutasi – so‘mning ramziy belgisi tanlovida dizayner Sarvar Jumagaldiev tomonidan ishlab chiqilgan grafik belgi tanlab olinganini ma'lum qildi. Dizayner degan birrat betini bez qilib, so‘mning yangi ramzi Frantsiyaning “IN-CORE systems” kompaniyasi logotipidan o‘g‘irlangan tasvirni tanlovga qo‘ydi.

MS: Tuz og‘a nima deydi buning otini. Ijodiy o‘zlashtirish deydima?
RT: Yo‘q, Matchonboy Plagiat deydi buni. O‘zbekchasi o‘g‘irlik. Iyot.

Real kino

MS: Tuz og‘a men sizni o‘xshatdim.
RT: Kimga o‘xshatding?
MS: Ujas ekshn kino oladigan Spilbergga. Esingizdami xitoyo‘lat tarqaganda Rembo haqida kino olgandingiz. Bugun O‘zbekiston haqida qanday kino olgan bo‘lardingiz.
RT. Raelistik xayotiy kino olgan bo‘lardim. Har bir kadri xayotdan olingan bo‘lardi. Mana Urganch shahri. Kuppa kunduz kuni sakkizta yigit bitta kabolat mashinasi sho‘prini so‘yishmoqda. Bittasi boshini ushab turibdi. Yana bittasi esa pichoq bilan bo‘g‘zini kesmoqda. Shu paytda kadr almashadi. Mamlakat kartasidagi yana bir nuqta yonib ko‘rinadi. Bu Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani, Turg‘oq qishlog‘i. Ota o‘z qizini urib o‘ldirmoqda. Qiz nomahram yigitning sparkida sayr qildi deya.
MS: «Qizini o‘ldirgan ota to‘g‘ri qilgan» deb gapirganlarning ko‘pligi jamiyatga qo‘yilgan dahshatli diagnoz. Nega tosh yog‘maydi ularning ustiga?
RT: Tosh ham or qilsa kerakda bu biomassa ustiga tushishga. Shu yerda lirik chekinish. To‘y bazmi. Namangan. 2018 yil yozi. Kuyov koreyalik. Kelin namanganlik.
To‘y oboruvchi o‘rtaga qizning otasini chaqiradi. Kuyov kelib otaga ta'zim qilib, ko‘krak cho‘ntagidan konvert chiqarib beradi.
Atrofdagi shivir-shivirdan konvert ichida ikki ming atrofida dollar borligini bilamiz. Umrida buncha pul ko‘rmagan ota ko‘zlarida yosh bilan iljayaadi…
Bir oy o‘tdi.
Pul evaziga Koreya jamiyatining eng tuban mansubiga sotilgan namanganlik kelin egilib dalada ishlamoqda.
Uning to‘y kuni go‘yo «musulmon» bo‘lgan erjoni buni allaqachon unutgan.
Uning nazarida bu «musulmonlik» Dehli aeroportida turistlar bo‘yniga ikki daqiqa osib, keyin tashab yuboriladigan gulchambar kabi.
Namanganlik qiz xo‘rlik va kamsitishlar zindoniga tushib qolganini sekin-sekin ammo o‘ta ravshan anglab bormoqda edi.
Namanganlik ota esa o‘sha ikki ming bilan boy bo‘lib ketgani ham yo‘q…

MS: Xo‘sh Tuz og‘a kinoning ag‘i nimao‘ldi?
RT: Xullas kinoning davomi. Kadrda yana karta ko‘rinadi. Paxtaobod tumani Madaniyat kishlog‘ida joylashgan «O‘zbekiston – Kirg‘iziston» chegara postida 100 dan ortiq odam qafasda ushlab turiligani aks etgan kadrlar ko‘rinadi. Keyingi kadrda esa O‘shdan qazilib Anjandan chiqadigan tunnellarda sariyog‘ tashyotgan liliputlar ko‘rinadi.
MS: Liliput degani bu tsirkdagi pakana odamlarmi. Nega liliputlar tunnelda sariyog‘ tashiydi.
RT: Tunnelga semiz odam sig‘maydi. Mantiq shu. Sen kino stsenariyga halaqit bermay tur. Xo‘sh qaerga kelib qolgan edik. Qo‘lbola tunnelga. O‘zi metroyam tunnel. Kinoning shu yeriga kelganda Toshkentdagi metro ko‘rinadi. O‘sha hamma maqtab voy dizayni chiroyli deydigan metro. Kadrda Chilonzor metrosida yozni kuni 1 soatdan oshiq metro to‘xtab qolgani va odamlar issiqdan o‘zini yelpigani aks etadi.
Metroda Yong‘in kelib chiqqan, bir qiz o‘zini metro tagiga tashlagan.
MS: G‘alati zamonlarda yashayapmiz. Maqtalgan metrodagi ahvol bu. Kitob o‘qimaydiganlar kitobxonlikni targ‘ib qiladi. Din tujjorlari halollikdan gapiradi. Semizligidan hansirab nafas oluvchi dietologlar qanday dieta qilishni o‘rgatadi. Korruptsiyaning boshida turganlar esa korruptsiyaga qarshi kurashadi
RT: Kadrda Andijon. Andijonning Izboskan tumanida suv ta'minoti xodimini suvdan qarzdor tagiga bosib olib kaltaklamoqda. Keyingi kadrda suv idorasining kaltaklangan xodimi chiqib, o‘zim aybdor edim. Birinchi men boshladim deydi.
Keyingi kadrda Qarshi. Bundan ikki oy oldin armiya safiga tantanali ravishda kuzatib qo‘yilgan Ruslan Qidiraliev uyiga tobutda qaytdi. Qarshi tumanidagi harbiy qismga xizmatni o‘tash uchun yuborilgan askar bir yarim oydan sal ko‘proq xizmat qila oldi xolos.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasida 18 yashar askarning o‘limiga “yurakning surunkali ishemik kasalligi. Yurak gipertrofiyasi. Kardioskleroz. Aorta va yurak toj tomirlari aterosklerozi” sabab bo‘lgani, ekspertiza tekshiruvi jarayonida marhumda “o‘tkir yurak va qon-tomirlari yetishmovchiligi, bosh miya va o‘pka shishi” ko‘rinishidagi kasalliklar asoratlari aniqlangani qayd etilgan.
Biroq marhumning yaqinlari bunga ishonishmayapti.
Keyingi kadrda, Qashqadaryoning Ko‘kdala tumanida «Cobalt»dan 650 ming so‘m o‘g‘irlagan erkak samosud qilinmoqda. Yana kadr almashadi To‘rtko‘lda yo‘lovchi avtobusi butunlay yonib ketishi oqibatida ikki kishi og‘ir jarohat oldi Eltuz obunachisining ma'lum qilishicha, 7 iyun tonggi soat 03.30 da Toshkent -Nukus yo‘nalishidagi avtobus To‘rtkul postida butunlay yonib ketgan. «Avtobusda 82 kishi bo‘lgan, ikkitasining ahvoli ogir…
Keyin yana karta ko‘rinadi. Quva. Quva tumanida 39 yashar qassobning osilgan jasadi topildi. Kadrdan qon oqmoqda.
MS: Ujas kino bo‘lib ketdi. Bu gaplarni eshitgan Xorazm viloyati markazi – Urganch. Shahar kardiotsentridan chiqaverishdagi chorrahada joylashgan yuqori voltli simyog‘ochi qiyshayib ketdi… Eshitdingizmi bir dakunmentsiz sho‘prni milisalar urib o‘ldiribdi. Shuniyam kinoga qo‘shsangiz uzukka zumrad qosh qo‘yganday bo‘ladi.
RT: Yo‘q, milisalar o‘ldirmadik deb yotishibdi. Mashinasi jarima maydoniga olib ketildi. Milisa moshinda bo‘lgan sho‘pr esa ilkis eshikni ochib, yurib ketayotgan avtomobildan o‘zini yo‘lga otgan. Yumalanib yumalanib, toshu asfaltga urilib, qora qon bo‘lgan bu baxti qaro sal o‘tmay bannisada o‘ldi.
MS: O‘zi nima bo‘luvdi?
RT: Milisalarning gapiga ko‘ra, «Nurafshan-Axangaran», yo‘lining 52-chi kilometri ya'ni Toshkent viloyatining Uzar qishlog‘i yonida «VAZ-2121» moshinasi tekshirish uchun to‘xtatilgan.
27-yashar sho‘pr bolada hech qanday dokument bo‘magan. Milisalar bu dokumentsiz sho‘pr bilan o‘ta xushmuomala muloqot qilib, elektron administrativnыy protokol tuzishgan.
Bu protokol asosida mashina jarima maydoniga olib ketilgan.
Bor gap shu.
Sho‘prni milisalar urmagan, u o‘zi milisa moshindan yerga o‘zini otib yaralangan. Sho‘pr go‘rda. Moshn shtrafploshadkada. Milisalar esa yo‘l poylab o‘tiribdi.
Yana bezdakument sho‘pr bo‘sa, narigi dunyoga ketishiga qarashvorlik deb. Bu gaplarim vazirlik bayonotiga asoslangan.
MS: Ichki ishlar vazirligi bayonotlari Ctiven Spilbergning fantastik filmlariga o‘xshaydi.
RT: Men roziman Ichki ishlar vazirligi bayonotlaridan. Ular Eltuz aytgan ma'lumotlarni tasdiqlab bermoqda. Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma'lum qilishicha, Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov o‘ziga nisbatan olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari jarayonida JPKning 221-moddasi tartibida hibsga olingan.
MS: Nima qilibdi hokim. El qatori o‘g‘irlagandirda.
RT: Andijon shahar hokimi oldingi lavozimida (viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib) ishlagan vaqtida sheriklari bilan 48 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda.
Bosh prokuratura tomonidan olib borilayotgan tergov ishi doirasida 37 nafar shaxsga nisbatan ayblov e'lon qilinib, ularning 32 nafari qamoqqa olingan. Hozircha yetkazilgan zararning atigi 23 foizi qoplangan.
Tergovni Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi olib bormoqda.

Chuvrindi

MS: Tuz og‘a eshitdingizmi, O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyada ro‘yxatdan o‘tmasdan qolish muddati 15 kungacha uzaytirildi. Shularni fuqaro demasdan vatandosh desak bo‘lmaydimi. Oyiga ming dollar oladigan mardikorni qashshoq fuqaro desak ko‘ngliga kelmaydimi?

RT: «Vatandosh» degan variantni tashavorimiz srazi. Vatanni sevmaydiganlarga hayf bu so‘z. Demak, variantlar: 1 Yo‘qsul. 2. Qashshoq 3. Yetim 4. Chuvrindi. 5. Ipirisqi, 6. Isqirt 7.Kambag‘al 8. Taviya. Shulardan birini tanlang.

Bular «Fuqaro» atamasining boshqacha ko‘rinishlari. Mabodo shulardan biri tanlansa, masalan «Chuvrindi» 10 yildan keyin bir-ikkita vatansevar chiqib, shuni «vatandosh»ga aylantiraylik, desa, kamida 30 million odam yotib, himoya qiladi «chuvrindi» so‘zini. Xuddi bugun «fuqaro» so‘zini himoya qilayotganday. «Fuqaro» «chuvrindidan battar qashshoq» degan ma'noni bildiradi. Asl kelib chiqishi qul bo‘lgan Pirimqul Qodirovning o‘zbek xalqidan o‘ch olishi edi bu. Pirimqul Qodirov shu haqoratli kalimani yerlashtirib ketgan edi.

Firdavsiy o‘rnagi

MS: Tuz og‘a, nega tilimizda o‘zimizning so‘zlar bo‘la turib arabchasini olamiz. Bu joizmi?
RT: Matchonboy, mana bu misrani eshit.

Base ranj burdam dar in sol si
Ajam zinda kardam bad-in porsi.

MS: Bu nima degani? Inturistning gapini tushuntirvoring.
RT: Turkning bosh bo‘g‘ini bo‘lgan o‘zbek tilini arab so‘zlaridan tozalash masalasida yozarkanman, Tus tuprog‘ida yotgan Hakím Abulqosim Firdavsiy Tusíy (935—1020) hazratlari jasoratidan ilhom olaman.
Firdavsiy arab bosqinchilari ishg‘ol qilib, butun bir fors tamadduni yo‘q bo‘layottan o‘ninchi asrdagi Xurosonda yashadi.
Arab bosqinchilari fors tilidagi kitoblarni yoqishdi. Fors tilidagi kalimalar asta-sekin, ammo shiddat bilan arablashib bordi.
Xurosonda yer egalari va dehqonchiligu ziroat bilan kun ko‘radigan qatlamda vatanparvarlik bor edi. Ular goh o‘lpon, goh ehson, goho ushri kavsan so‘raydigan tilanchi mullalardan oshkora nafratlanishar va o‘z tilida gapirishardi.
Firdavsiy shu qatlam vakili edi. Firdavsiy deyarli arabcha so‘zlar ishlatmay yostiqday kitob yozdi. Turon va Eron tarixi edi bu. Kitobinng nomi «Shohnoma» edi. O‘sha paytda unga kitobning otini «Tarixiy Malikiya» deya arabcha qo‘yishni taklif qilishganida u ukrainlar tili bilan aytganda bu maslahatchilarni rus kemasi cho‘kkan tarafga yo‘lladi. Nega forscha so‘z turganida uni arabchaga almashtirish kerak, derdi Firdavsiy.
Shu ma'noda o‘zbekcha «bol» so‘zini kimdir bizga bildirmay arabcha «asal» so‘ziga almashtirib qo‘ydi. Hamid Olimjon va Cho‘lpon «bol» va «bolari» deb yozgan. 1970 yilgi alifbe kitobida ham «bolari» va «bol» deyilgan.
Mayli, yana o‘ninchi asrdagi Tusga qaytamiz. Firdavsiyning arab bosqinchilariga qarshi kurashi din tujjorlari bo‘lgan mahalliy bachchaboz mullalarga yoqmadi. Ular, nima qilib bo‘lsa ham, ulug‘ shoirni yomonotliq qilishga urinishdi. 1020 yili Firdavsiy o‘lganida mahalliy imomberdilar uni shahar qabristonida ko‘mishni taqiqlab qo‘yishdi. Firdavsiyni o‘z uyi oldidagi bog‘iga dafn qilishdi.
1381 yilda Temur Xurosonni bosib olganida Tus shahrida Firdavsiy mozorini ziyorat qiladi. Mozor xarobaga aylanganini ko‘rgan Temur uni tezgina «evroremont qilib qo‘yinglar», deb amr beradi.
Xurosonni to‘liq zabt qilib Samarqandga qaytishda Temur yana Tus shahriga kirib o‘tib, yangi remont qilingan maqbarani ko‘rib, mahalliy hokimni koyiydi. Chunki, mahalliy hokim qabr toshiga arab tilida Firdavsiy haqida bilgi o‘ydirgan edi.
«Buni fors tilida yozinglar. Hazratning dili og‘rimasin,» deydi sohibi qiron.
Ammo yillar o‘tib, diniy bid'at kuchayishi fonida maqbara yana vayron bo‘ladi.
1928 yili Rizoshoh farmoni bilan maqbara qaytadan quriladi. Nihoyat odalat qaror topadi. O‘z tilini arabcha so‘zlardan himoya qilgan shoir Firdavsiy Eron muqqadasot otasi deya e'lon qilinadi.

MS: Qiziq tarix ekan. Qadimgi zamondagi gaplar. Bugunning tarixini kim yozadi? Mana saroy sirlarini bilgan mulozim Kraynov ham o‘lib, butun sirni tuproqqa o‘zi bilan olib ketdi.

Eshikbon va amr quli

Lavozimi bo‘yicha, birinchi rahbar tanasiga eng yaqin bo‘lgan Georgiy Kraynov o‘ldi.
Aynan u Karimov qanday va qachon o‘lgani yoki buyuk ehtimolda o‘ldirilganidan xabardor mulozim edi.
Sharof Rashidov va O‘zbekistonning bir necha rahbarlari xususan Islim Karimov uchun tezkor masalalar bo‘yicha ajralmas yordamchi edi.
Andijonda tug‘ilib, o‘zbek tilida ravon gapiradigan Kraynovni hurmat, balki qo‘rquv bilan Jo‘ra-aka deb nomlashar edi.
Ko‘plab saroy sirlari u bilan tuproqqa ketdi. Oshqozonida to‘rt marta amaliyot o‘tkazilgandi.
Navoiy aytgan naql personaji edi. Ya'ni shohlarga yaqin turmak ajdarho og‘zida o‘tirgan kabi. Davr yakunlanib davron g‘ildiragi yana bir aylandi.
Ketarlar, ketdilar, ketarsan sen ham…

MS: Yana ham ko‘proq gapirib bering, shu anjanlik birat haqida.

RT: O‘liklar haqida haqiqatdan boshqani gapirmaslik kerak. Oldiniga Rashidov, keyin, Usmonxo‘jaev, Nishonov va Karimovga yordamchi bo‘lgan Georgiy Kraynovda odamlarni rentgen kabi ichini ko‘ra olish qobiliyati bor edi.
Ikkinchi qobiliyati esa sir saqlashni bilardi. Buning barobarida u birinchi rahbar bilan 24 soatlik ruhiy bog‘liqlikni uzluksiz ta'minlashni uddalardi.

Buning uchun kuchli asab va muvozanatli ruhiyat kerak. Odam temirdan bo‘lsa ham, bu og‘irlikni ko‘tara olmaydi. Ammo Kraynov ko‘tardi. Kraynov Rashidovning pora oldi-berdisi va o‘z mafkura kotibasi bilan otashin munosabatlariga guvoh edi. Ammo Kraynov sel yoqqanida ham tomchilar orasidan qup-quruq o‘tib keta oladigan abjir bo‘lgani uchun Kreml tergovchilariga o‘z hojasi sirlarini sotmadi. Rashidov Nukus yaqinida o‘lganida uning yonida Kraynov bor edi. Yangi saylangan rahbar Usmonxo‘jaev kabinetdagi seyf kaliti va qurolni Kraynovdan oldi. U paytda birinchi rahbarlarga tabel quroli berilardi. Tortmada turardi. Usmonxo‘jaev qo‘liga kishan solinib, Moskvaga olib ketilayotganda orqada turgan shlyapali odamning ismi Kraynov edi. Rafiq Nishonovni anjancha osh qilib askiya aytib kutib olgan ham Kraynov. Rafiq aka Moskvaga ko‘tarilib o‘rniga «problemniy» Karimov kelganida ham Kraynov kerakli tosh kabi o‘z o‘rnida qoldi. Aynan Kraynov bois Karimov deputatlarning uni ag‘darib, o‘rniga Mirsaidovni tayinlash g‘oyasidan voqif bo‘ldi va Kraynov maslahati bilan bu urinishni muvaffaqiyatli bartaraf qildi.

Karimov o‘z oldiga o‘z muammosi bilan kelgan odamlarga qisman toqat qilardi. Ammo birovlarning o‘rtasiga tushib, «bir qoshiq qonidan kechish» haqidagi iltimoslarni ko‘tarib kelganlarni o‘ldirib tashlagisi kelardi.
Erkin Vohidov, Sherali Jo‘raev, Abdulla Oripov, M.S.M Sodiq birovlarning orasiga tushib Karimovga yalingani uchun istalmagan shaxslarga aylanishgandi. Kraynov bunday iltimoschilarni filtr qilishning maqbul usulini topib, Karimovning olqishiga noyil bo‘lgandi. Har bir jarrohning yonida yordamchisi bo‘ladi. Jarroh pichoq desa pichoq, nishtar desa nishtar tutishi kerak. Zarur bo‘lsa, jarrohning peshonasidagi terlarni artib ham qo‘yishi kerak. Vazifa shu. Kraynov bu yordamchilikni epladi. U o‘zining uchta hojasini ko‘mdi. Umrining oxirida esa Karimov muzeyida ishlab saroy sirlarining hazinaboni bo‘ldi.

Mirziyoev ochiqlik siyosatini tanlagani uchun Kraynov bilan ishlamadi. Bu ham bir narsaning nishoni. Kraynov ham ochiqlik siyosati bo‘ldi deya butun bilgan sirlarini doston qilmadi. O‘zi bilan birga go‘rga olib ketdi.
Bunday olib qarasak, Kraynov faoliyatida o‘ziga xos uzviylik bor. U o‘zi mansub bo‘lgan maslak odobi mashvaratidan chiqmay dunyoni tark etdi.

Kimdir oldingi post tagiga «U o‘zbeklarni yomon ko‘rardi» deb yozibdi. Bu noto‘g‘ri. Kraynov etnik rus bo‘lsa ham, ruhan bir anjanlik edi. U yomon, ta'magir, yolg‘onchilarni bir qarashda bilardi. Anjancha aktsentda tagdor gap qilib ularning haddini bildirib qo‘yardi. Jora aka o‘z vazifasini bajardi.
U hukmdorlarga xizmat qilgan bir eshikbon va amr quli edi.
Boshqa gapim yo‘q. Yaratgan tangri taborak o‘zi bilgan kabi mahfirat qilsin.

Xajga borish narxi

MS: Tuz og‘a, odamlarga saroy sirlaridan ko‘ra nega haj rasxodi oshgani ko‘proq qiziq. Xojiga borish 63 million bo‘libdi. Oddiy mehnatkash qag‘dan topadi buncha puldi?
RT: Hoji qimmat deb, odamning g‘ashini keltirmela. Hojiga borish 63 million so‘m deb, yolg‘on gapirib, do‘zzoxga o‘tin bo‘lishma. Hojiga borish 62 million 900 ming so‘m.
Buning yonida sizga o‘zbek gerbi tushirilgan nimcha va 5 litr zam-zam suvi tekin beriladi.
O‘sha suvni 50 tonnalik rezervuardagi vodoprovod suvi bilan qo‘shib, butilkalab, aptekalarga tarqatsangiz, hajning rasxodini chiqarvolasiz.
Noshukur bo‘maylik.
Karimov davrida milliard do‘llari bor araq zovut direktoriyam borolmagan ashi joyga.
Nima bo‘pti 6 ming do‘llar. Bundoq oila a'zolari, qarindosh urug‘larga chachvorilsa, 200 dollardan to‘g‘ri keladi.
Uyda tualet, hammom qurishni kechiktiring. Bitta chuqur qazib, ikkita taxtani ko‘ndalang qo‘ysangiz, tualet bo‘ladi. Mayli atrofini brezent bilan aylantiring.
Kelinlar shamollaydi deganlar bekorlarni gapiribdi.
Sasiganidan shamollagani yaxshi. Xullas, bu martava nasp qigan bo‘sa puldi, gaprmang.
Hojilik maqomini haj qilib, qo‘lga kiritasiz. Umra qilish – bu oddiy turizm.
Demak, 62 million 900 ming so‘mni putevkaga to‘laysiz. Ënizdayam beshmingcha ovoling. Jiddada ayfon arzon. Biror o‘nta obkeb, malikadagi soqoltoylarga bersangiz, tepvorib soqqasini qiberadi.
Hozirdan hojilik maqomi muborak bo‘lsin potentsial hojilar.
Mabodo ashag‘larda o‘lib qolsangiz, Jannatul Baqiya go‘ristonida ko‘milishlik nasib qiladi.
Har taraflama vigodna bu.
Ashinga qimmat, u bu, deb zorlanib, odamlarning g‘ashini keltirmela.

MS: Tuz og‘a . Nahotki dinu diyonat bizni tark etib qalbimizni tijorat egalladi.

Dunyoda diyonat hali mavjuddir,
Hali mard yigitlar yashab yuribdi.
Onalar oq suti hamon oq sutdir,
Quyosh ham falakda porlab turibdi.
Hali qay dillarda yashar tangri ham,
Hali afsonalar o‘lib ketmagan.
Hali sof tuyg‘ular topmagan barham,
Inson orzusiga hali yetmagan.

MS: Tuz og‘a, nima qilsak orzumizga yetamiz?

RT: «Bir narsadan bir qism narsani olsang, bir qismi qoladi. Ammo shariatdan bir narsani olsang, hech narsa qolmaydi.»
Bu fikr Alisher Navoiyga oid.
Demokratiya ham xuddi shunday.
Barcha instrumentlari ishlasagina tugal natija beradi.
Mana shoyon do‘stimiz Azizaxon Umarova «hokimlarni saylab qo‘yaylik» deb taklif beribdi.
Yaxshi taklif. Ammo demokratiyaning asosiy tamoyili bo‘lmish qudratlar ayrilishi ta'minlanmagan sharoitda bu saylov tragikomediyaga aylanib foydasidan zarari ko‘p bo‘ladi.
Masalan, Ellikqaladagi avom ra'iyat o‘sha yerdagi bir o‘g‘rini o‘ziga hokim qilib saylaydi.
To‘raqo‘rg‘onda esa tolibonsevar mullaga ovoz beriladi.
Ko‘p hollarda puli ko‘plar qashshoqlarning ovozini sotib oladi.
Qirg‘iz bovurlarimiz biladi bu ne ekanligini.
Menimcha, mamlakatda Li Kuan Yu uslubida kuchli markazlashgan reforma o‘tkazilib, tizim siltab-siltab tashlanishi shart.
Vazirliklar soni maksimum 8 ga tushirilishi kerak.
Davlat hisobidan kun ko‘rayotgan Ësh IT kabi tuzilmalar tezda tugatilishi lozim.
Siyosiy partiyalarning davlatdan pul olishiga barham berish kerak.
Umuman tugatib tashlash kerak bu qo‘g‘irchoq partiyalarni.
Imtiyozlar bekor qilinishi va yerga nisbatan xususiy mulk ko‘rinishi tiklanishi kerak.
Har bir kvadrat metr yer kimningdir mulki bo‘lsin.
Toki Toshkent viloyat hokimning o‘rinbosari yarim million dollar pora evaziga yer sotib qamalmasin.
Sud tizimi prezidentga bo‘ysunmay o‘zi mustaqil qaror qilsin.
O‘zbekistonni komaga tushgan boshqaruv tizimi va iqtisodini shok terapiyasi yo‘li bilan tuzatish kerak.
Klinik o‘lim topgan tanaga yuqori kuchlanishli tok bilan mudohala qilsangiz, tana bir sakrab tushib tiriladi.
Koshki O‘zbekiston ham tirilsa.

Assalom O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
24 aprel 2023
Bu yil O‘zbekistonda Yoshlar ittifoqi tashkilotining o‘tmishdoshi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tashkil topganiga 19 yil to‘ladi. Eski komsomol o‘rniga ...
14 iyun 2017
Prezident Shavkat Mirziyoevning viloyatlarga xizmat safarlari o‘zbek telekanallari orqali buyuk voqea kabi talqin qilinmoqda. Ayniqsa 2-iyun kuni Mirziyoevning Andijonga ...
12 aprel 2023
Shu kunlarda tarmoqda ochiqlangan bir qancha hujjatlar O‘zbekiston madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov shaxsining manfaatlar to‘qnashuvi ostida qolayotganini, ...
21 avgust 2017
Markazi Berlinda joylashgan O‘zbekiston-Germaniya Forumi (UGF) 21 avgust kuni O‘zbekistondagi majburiy mehnatga qarshi yangi animatsion rolikni taqdim etdi. Animatsiya ...
Bloglar
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...