Imperativ-22. Yiqilganni tepma
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobining davomi. Matnning audioversiyasini muallifning o‘zi o‘qigan. Boshi “Eltuz”ning “Imperativ” ruknida. Davomi bor.)
Ha, biz chuqur pessimizm ichida edik. 30 yoshga to‘lganimda o‘zimga yozganlarim:
Umrida biror marta yig‘lamagan odam,
Biror marta och qolmagan odam,
O‘ttizga kirdim deb hammani aldading.
Xotiningni ko‘rib, bolalaringni ko‘rib,
Senga ishonishdi davradagilar.
Umrida biror marta yengmagan
Biror marta mag‘lub bo‘lmagan odam,
Bir yil o‘tsin,
O‘ttiz birdaman, deb aldaysan hali! (1979)
«Valfajr» (1983)
Yillar o‘tmoqda edi. Ammo bizning shaxs norasidaligimiz davom etardi.
Tunnel qop-qorong‘i edi, so‘nggida nur ko‘rinmasdi. Aysh-ishrat, mayga ham ko‘mib bo‘lmaydigan bir yolg‘izlik hissi:
BIR UXLAB TURSANG, BAS
Bir uxlab tursang, bas, tinar po‘rtana,
Ketar charchoq degan yalmog‘iz.
Va yana yashashga tayyordir tana,
Yana gapirmoqqa shay turar og‘iz.
Yana o‘sha davra, yana o‘sha may,
Quyilaru parda tortar ko‘zingga
Va yana ikkinchi qadah bo‘shamay,
Dahshatli bir bo‘shliq to‘lar ko‘ksingga.
Shunda «cho‘rt» uzilar davra langari,
Muallaq qoladi qadahu qoshiq,
Qorong‘ida qo‘rqqan bola singari,
Ichingdan otilib chiqar bir qo‘shiq!
Ko‘zlaring oldida olis bir voha,
Ovozing yetmaydi, titraydi labing,
Qo‘nalg‘a topolmay uchadi ohang
Yurtidan quvilgan sor burgut kabi.
Ovozing bo‘g‘ilar, qirilar tomoq,
Lekin ko‘zlaringdan oqadi qo‘shiq.
Sen uchun qo‘rqinchli endi to‘xtamoq,
To‘xtading, shu zahot yutadi bo‘shliq!
(1981)
«Olis tabassum soyasi», (1986)
Bu bo‘shliq, bu fojiani his etganlar bu zulmatdan qutulish yo‘lini axtarar ekan, his etmaganlar zid qutbga qarab chopa boshlagan edilar. Ular tezroq norasidalikdan chiqib, ulg‘ayib, dushmanga qarshi kurashishni emas, dushmanga yana-da yaqinroq do‘st bo‘lib, uning panohida u bergan yemakni yeb, u bergan ordenlarni ko‘kraklariga taqib, norasidaliklarining 60-70 yillik yubileylarini nishonlab, rusning mast basharasin o‘pib yurishni istardilar:
TO‘YDA ZYeRIKKAN ODAM TILIDAN
Yuz yil davomida ikkita baxshi
Bir-biriga qarab yirtarkan tomoq
O‘ltirib ro‘baro‘, qarama-qarshi,
Tishni tishga bosib yuz yil chidamoq.
O‘pmoq aft bujmaytirib, o‘pmoq irg‘anib
Qarshingda o‘tirgan mast basharani!..
Valdiramoq mastning tilin o‘rganib
A.A.ning «Do‘stimga» degan she'rini.
Nihoyat, tugagach bu uzoq o‘yin
Yangi tantanada ko‘tarmoq qadah:
Boshlamoq chidamning yuz yillik to‘yin
Sabr nishonini ko‘krakka qadab!
(1985)
«Olis tabassum soyasi» (1986)
Bu manzara «pastkashlik kompleksi»ning belgilari edi. Hatto milliy hislari eng hassos bo‘lganlari ham hali «haqorat qiyomiga yetmadi», deb o‘ylar edi:
O‘ZBYeKNING DUNYoGA QARAShI
Qo‘limda piyola.
Chordona qurib,
Kutaman.
Mudraydi horg‘in ko‘zlarim.
Yalqov qahr bilan pashshani qo‘rib,
Kutaman,
Kelmadi hali do‘stlarim.
Hali dushmanlarim to‘plangani yo‘q,
Yurishar uzilgan simlarni ulab.
Har holda ulardan mening ko‘nglim to‘q,
Payt kelsa, bir-birin topajak ular.
Payt kelsa, bilmayman, nega yarayman?
Qo‘limda piyola.
Chordona qurib,
Loqaydlik pardasi aro qarayman:
Hali o‘nglamadi o‘zini zo‘rlik,
Qanotin yozmadi hali haqorat,
Hali qiyomiga yetmadi xo‘rlik. (1984)
«Olis tabassum soyasi» (1986)
O‘z faoliyatsizligidan norozilik hissi, dushmanning haqoratiga loqaydlik pessimizmni yanada teranlashtiradi:
ILOJ BOR EDI
Tug‘ilmaslik mumkin edi-ku,
Demak, mumkin edi o‘lmaslik.
Mumkin edi, bularni mangu
Bilmaslik, hech qachon bilmaslik!…
Tug‘ilgandan keyin ham hatto,
Senda imkon bor edi, attang.
Yashash mumkin edi bexato,
Ko‘zlaringni yumib yashasang.
Nega ochding ko‘zingni yirib?
Uyg‘onmaslik mumkin edi-ya…
Mumkin edi, qul bo‘laturib,
Kun o‘tkazmoq «Men shohman», deya!..
(1983)
«Olis tabassum soyasi» (1986)
Ba'zan pessimizm tutuni yoy burji kabi xarakterning ham burnini achishtirib, shunday satrlarni tizishga majbur etardi:
SO‘ZLARNI YaRATIB
So‘zlarni yaratib,
Ularga buysunamiz bir kuni.
Har kimning bo‘ynida osilib turar
Ma'lum harflardan tashkillangan so‘z.
Deylik «Ahmad!» desa, uyg‘onmayman men,
Uyg‘onmayman «Toshmat» deb baqirsalar ham.
Ismimni bilmasa momoqaldiroq,
Uyg‘ota olmaydi meni hech qachon!…
O‘ylab ko‘ring endi, qanchalar qiyin
Butun xalqni uyg‘otmoqchi bo‘lgan dahoga».
(1980)
«Valfajr» (1983)
…Xo‘sh, jadidlardan keyin Turkistonda hech bir harakat ko‘rilmadimi?
Masalan, 60-yillar paydo bo‘lgan avlodni jadidlar davomchisi o‘laroq talqin etish mumkin emasmi? (Shartli ravishda bu avlodni «Erkin Vohidov – Abdulla Oripov avlodi» deyish mumkin – M.S.).
70-yillar o‘zbek adabiyotshunosligi ko‘klarga ko‘tarib madh etgan bu figuralar haqida nega lom-mim demayapsiz?
Bu savollarni berishlari mumkin adabiyot jabhasidagilar.
Ularning berilajak savollariga javoblarim shu:
Ha, 60-yillarda ikki shoir paydo bo‘ldi «adabiyotimiz ufqida». Ularni madh etganlar turatursin, hatto biz ham, skeptitsizm (ishonchsizlik) tutuni bilan zaharlanib bo‘lgan, so‘laqmonday bo‘lib ham «yosh shoir» tamg‘asidan qutula olmagan avlod bu ikki zotga umid bilan qaray boshladik!..
Ulardan birisi juda radikal ko‘rindi bizga. Hatto «Yuzma-yuz» degan bir katta she'r yozganida, bu odam istilochi rusga maydon o‘qiyapti shekilli, deb gumon qilganimiz to‘g‘ri. Bir qahramon chiqdi bizdan ham, deya sevinganimiz rost.
Ammo uning «Yuzma-yuz»i sekin-asta Markaziy qo‘mita kotibi, Moskvaning vassali bilan «diydor» ko‘rishuvi, yana-da ochiqroq aytsak, bir visol ekani ifsho bo‘ldi.
Bu bizni shok holatiga tushirdi. Quyidagi she'rda o‘sha shokning tasviri:
ZINAPOYa
Chaqmokday «yalt» etdi yangi bir fikr,
Shiddat tikon gulday barq urdi,
O‘rnidan turdi,
Yorishdi nim qorong‘u tafakkur,
«TO‘QNAShUV» deb yozdi qog‘ozga!
O‘ylash mumkin emas edi,
Afsus, o‘ylandi.
Ustidan chizildi «TO‘QNAShUV»,
Yoniga yozildi «YuZMA-YuZ».
O‘ylash o‘lim bilan baravar edi,
Lekin u qo‘rqmadi, «YuZMA-YuZ»ning ham
«UChRAShUV» deb qo‘ydi yoniga.
Endi o‘ylash o‘lim degan gap emas.
Endi u mutlaqo xotirjam,
Bir-bir bosib, xiromon yurib, «UChRAShUV»
«VISOL»ning yoniga keldi.
(1980)
Bu iste'dodli ikki zotdan bittasiga (o‘zi aytishicha) «hasad qilganlar ko‘p» bo‘ldi. Unga berilgan visol nega boshqalarga berilmaydi, nega biz ham xiromon yurib, O‘zKP binosining 6-qatiga ko‘tarilmaymiz, nega u o‘pgan qo‘lni o‘pish bizga ravo ko‘rilmaydi, degan nadomatlar yangradi.
Bu adolatsizlikka chidayolmagan ul zot butun she'riyatini shu hasadgo‘ylarni «fosh» qilishga bag‘ishladi. Chiqargan «eng yaxshi kitoblar»i o‘sha hasadchilarga qarshi kin bilan porlab turdi.
Shonli adabiyotshunoslik tarafidan «eng nuktali» deb topilgan «asar»lari ham yoki hasadchiga, yoki boshqa bir maishiy dushmanning fosh etilish san'ati bilan «ajralib» turardi. Ammo biror marta bu «hasadgo‘ylar»ni unga qayrab turgan, uning mukofotini boshqasiga, boshqasining ordenini unga berib, birini ikkinchisiga qirdirayotgan rus metropoliga qarshi BITTA SATR ham yozmadi.
Ikkinchi figura bir oz aqlli chiqdi. U laganbardorlikni bu qadar ochiq ijro etmasdan ham orden olish mumkinligini butun xalqqa namoyish etdi.
Ammo bunga yetgan aql o‘zining bosqinchilardan orden olib, ularni bosqinchilikni davom ettirishga tashviq etayotganini anglamadi.
Diktatorlar ko‘pincha o‘zlarining xohishiga zid ravishda ilohiy adolat qamchisiga aylanadilar. Karimov ham o‘ziga va kommunist rejimga sadoqat bilan xizmat qilgan bu ikki shoirni keksaligida xor qildi. Shoirlardan biri Amerikaga borib, u yerdan turib «naqadar adashgani, doim podsholarning tovonini yalab xato kilgani»dan o‘ksinib she'rlar bitdi. Ikkinchisi «unutilgan buyuk shoir» jubbasini kiyib, «bevafo dunyo»ga shikoyatlar yo‘lladi.
Bular ko‘zi ko‘r, la'natlagan bir millat zuryodlari kabi harakat etdilar:
…Qarg‘algan millati ho‘kizday ishlab,
Rahmatning o‘rniga eshitar minnat,
Bor-yo‘g‘ini dunyoning poyiga tashlab,
«O‘g‘ri» deb nom olar qarg‘algan millat.
Qarg‘algan millatning kelajagi tul,
Daryolari qurib, chirir yerlari,
Qarg‘algan millatning bolalari – qul,
Ayollari tumso, bepusht erlari.
Qarg‘algan millatning qozisi – fosiq,
Olimi – savdogar, ilm sotib yashar,
Shoirlari esa, aqldan ozib,
Dushmandan mukofot olmoqqa shoshar!..
(1983)
«Adashganlar qo‘shig‘i»
Ha, biz umidlar qilgan bu ikki zotning ikkisi ham jadidlarning qotili bolsheviklar tashkiloti KPSSga g‘oz yurib kirdilar va bu tashkilotga umrlari oxirigacha xizmat qildilar.
Ammo ularning ikkisi ham «Biz o‘zbekka xizmat qildik», degan qat'iy ishonch bilan o‘ldilar:
IJODIY YO‘L
Mana, shoir yotibdi, mana qo‘li,
Shu qo‘l bilan tinmay she'r tergan.
Manavi – shoirning ijodiy yo‘li,
Ya'ni unvonlari – buni xalq bergan.
Nihoyat, manavi shoirning tili,
Unda katta chipqon ko‘rinar uzoqdan.
Ammo buni xalq bermagan, biling,
Bunisi – Xudodan.
(1986)
«Orzu fuqarosi» (1990)
Kamina bu «o‘zbeklik»dan, dushmanga qarshi bu halimlikdan qattiq g‘azablanardim.
Chunki «O‘zbek xalqi qo‘yday yuvosh», degan muqoyasani o‘zbeklarning o‘zlari qilardi. O‘zbekning shoirlari ham nihoyatda «xalqchil» edi.
Bunday xalq va xalqchillikdan «ilhom»langan Jirinovskiy kabi rus irqchilari bemalol «Rashidovning 20 million qo‘yi bor», deb yuboraverardi (Rashidov davrida o‘zbeklar 20 million edi). Bundan ilhomlangan mening she'riy g‘azabim esa mana bunday zuhur etardi:
TABIB MASLAHATI
To‘g‘risini ayt,
Sog‘lom bo‘lish niyating bo‘lsa,
Ortiqcha semirib ketmayin desang,
To‘g‘risini ayt.
Yeb qo‘yilgan so‘zlar,
Izma-iz yutilgan haqiqat
Semirtirib yuborar odamni.
Semizlikni qo‘y ko‘tarsin,
Bezabon, mo‘min qo‘y ko‘taraversin.
(1977)
«Shaffof uy» (1985)
O‘zbekning yana bir ajoyib hususiyati sabrni zulm bilan murosa deb tushunishidadir. Va havasga arziydigan bir nekbinlikda «Ertaga hammasi yaxshi bo‘ladi!» deya hayqiradi:
ERTAGA
Ertaga shubhasiz baxtli bo‘lamiz
Bugun o‘lmasak.
Ertaga orzuni quvib yetamiz
Bugun chopolsak.
Ertaga quvonch ulashamiz hammaga
Agar uni bugun topolsak.
Shoir kuylamaydi g‘amgin kuylarni
Ertaga.
(1981)
«Valfajr» (1983)
Yuqorida zikr etilgan ikki zotdan biri 1980 yilda «Markazqo‘mga» (keyinroq bu sarlavha «Najot qal'asi» deb o‘zgartirildi, yanglishmasam) degan bir she'r yozib, O‘zbekistonning o‘sha paytdagi kommunist rahbariga madhu sano o‘qidi. Men yoshlik qilib, unga «Abdullajon aka, bu madhiya bilan obro‘yingizni to‘kdingiz, rahbarni maqtamoqchi bo‘lsangiz, uning yoniga borib, qulog‘iga shivirlab maqtang, xalq eshitmasin, xalq sizni sevadi, o‘zingizni sharmanda qilmang» qabilida bir «ukalik maslahati» kilgan edim.
Shoir: «Alisher Navoiy asarlarining boshida Allohga, Payg‘ambarga, keyin podshohga qasida bag‘ishlaydi, asar so‘nggida uchovini ham inkor etadi. Men hali asarlarimini yozib bitirmadim», dedi ma'nodor jilmayib.
«Bugun podshohga laganbardorlik qilaman, ammo ertaga uni inkor qilaman Navoiyga o‘xshab», demoqchi bo‘ldi shoir.
Har narsadan burun Navoiyning «asari so‘nggida» Allohni va Payg‘ambarni inkor qilishi aqlga sig‘maydigan gap edi.
Tortishib o‘tirmasdan, shu jumlani sarf etdim: «Bugungi xatolarimizni bugun to‘g‘rilashimiz kerak, chunki bugun o‘lib qolishimiz mumkin, ertagacha yashash kafolatini bizga hech kim bermagan».
Bu qisqa suhbat Abdulla Oripov bilan dialogimizning so‘nggi bo‘ldi.
Abdulla Oripov bu suhbatdan xafa bo‘lib, kamina bilan 6-7 oy gaplashmay yurdi. Keyin bilsam, «M.Solih meni Markazqo‘mga chaqibdi», deya gap tarqatib yurgan ekan. Buni eshitib, hayratlar ichida qoldim va bu «aka shoir»ga «mafkuraviy maslahat» berish kabi zararli mashg‘ulotdan abadiyan voz kechdim.
Oripov bahonasida uning topingani Sharof Rashidov haqida ham bir necha so‘z aytishni istardim.
Rashidovni o‘sha yillarning siyosiy konyunkturasida O‘zbekistonga foyda keltirgan bir shaxs deyish mumkin. Yoki O‘zbekistonga zarari tegmagan rahbar edi, deyish mumkin. Ammo u Moskvaga tamoman sodiq kommunist rahbar edi. Rashidov rus tilini «ikkinchi ona tili» e'lon qilganida biz naqadar g‘azablanganimizni yaxshi eslayman.
Faqat bu yerda siyosiy voqealarni emas, bir she'rimni KGBning qanday qilib Rashidov nomiga bog‘laganini hikoya qilmoqchiman sizga.
YIQILGANNI TYePMA
Yiqilganni tepma.
Har holda, marhum…
To‘g‘ri, u yiqildi, lekin har holda,
Senu menga o‘xshab yiqilmadi-ku,
O‘lmadi-ku baliq qiltanog‘idan.
O‘lmadi u baliq qiltanog‘idan,
Uning tomog‘iga tug‘ tiqilgan, bil.
Yiqilsa ham, uning lang oyog‘iga
Yalovlar o‘ralib, yiqilgandir ul.
(1985)
«Olis tabassum soyasi» (1986)
Bu she'rning avtobiografiyasi bunday: 1985 yilda milliy qadriyatlarning toptalishiga qarshi yozgan norozilik maktubimizni muhokama qilish uchun bizni O‘zbekiston KP Markazko‘m ideologiya kotibasi Ra'no Abdullaeva huzuriga chaqirib, sazoiy qilgan bo‘ldi. Bizning «unutilayotgan milliy qadriyatlarimiz» doirasiga Amir Temur shaxsi ham kirar edi. Yuqoridagi «Yiqilganni tepma» she'ri O‘zbekiston kommunistlariga qarshi, Amir Temurning adabiyotdagi reabilitatsiyasi uchun yozilgandi.
Ammo bu she'r e'lon qilinishidan 3 yil so‘ngra bu she'r ruslar uchun meni nafaqat millatchilikda, hatto «rashidovchilik»da ayblash uchun bir hujjat sifatida «xizmat» qildi.
Muhammad Solih