Asosiy mavzular
9 sentyabr 2021

Demokratiya maydoni

Demokratiya maydoni. Men hozir turgan joy shunday ataladi. Turkiyaning O‘rta yer dengizi sohilida joylashgan, bor-yo‘g‘i ikki yuz ming kishi yashaydigan shu kichik shaharchadagi boqqa ayni monument o‘rnatilgani ortidan u shunday nom oldi. Bu monumentdan 240 kilometr narida Yevropa Ittifoqi a'zosi va Shengen bo‘lgasi Kipr. Chapga qarab huddi shuncha yursangiz, diniy nizolar bois bir-birini o‘ldirayotgan Suriyaga yetib borasiz. 

Muntazam tanqidlarga qaramay, Turkiya Yaqin Sharqdagi demokratik qadriyatlar puturdan ketmagan barqaror hudud bo‘lib qolmoqda. Neft, gaz va boshqa qazilmalari bo‘lmagan bu yurt turg‘unlariga ko‘ra, ularning taraqqiy qilishi demokratiya bois amalga oshgan. 

Darvoqe, demokratiya monumenti joylashgan bu shaharchani mamlakat prezidentiga muxolif bo‘lgan Jumhuriyat xalq partiyasi mansublari boshqaradi.

Mahalliy saylovda xalq prezident partiyasiga emas, muxolifatga  ovoz berdi.

Eng so‘nggi mahalliy saylovda Turkiyaning deyarli barcha katta shaharlarida muxolifat g‘alaba qozongan edi. Turkiyaning eng yirik shahri bo‘lmish Istanbuldagi mer saylovida muxolifat nomzodi Akram Imomo‘g‘li g‘olib bo‘lgani demokratiya g‘alabasi o‘laroq talqin qilindi.

Bu shaharchadagi demokratiya maydoni Turkiyada yagona emas. Turkiyaning o‘nlab shaharlarida shunday maydonlar bor.

O‘tgan yili Marmara dengizidagi orolga «Demokratiya va erkinlik oroli», deya nom berilgan edi.

Istanbul yaqinida joylashgan bu orolning avvalgi nomi Yassioda (Yassiorol) bo‘lgan.

Bundan 61 yil oldin bu orolda Turkiya bosh vaziri Adnan Menderes, tashqi ishlar vaziri Fotih Rushtu Zo‘rlu va moliya vaziri Hasan Po‘latxonning sud jarayoni bo‘lib o‘tgan va ularga o‘lim qarori chiqarilgan edi.

Adnan Menderes Turkiyada demokratiya qaror topishi uchun mujodala qilgan siyosatchi o‘laroq tarixda qolgan. 

Demokratiya va erkinlik oroli markazida joylashgan «Demokratiya» maydoni atrofida 500 kishilik Adnan Menderes kongress markazi binosi, 1200 kishiga mo‘ljallangan sport majmuasi va muzey binosi qad ko‘targan. Shuningdek, orolda restoranlar, demokratiya va erkinliklar muzeyi, balandligi 24 metr bo‘lgan demokratiya mayog‘i mavjud.

Ammo keyingi 17 yil mobaynida Turkiyaning demokratiya mayog‘i ekani shubha ostiga olindi. 

O‘tgan yillar davomida Turkiya jamiyati turli qutblarga ajrab ketgani aytildi.

Istanbulning sobiq bosh imomi Fathulla Gulan boshchiligidagi diniy sekta demokratiya ildiziga bolta urishga chog‘langani aksar turklar nazarida jiddiy xatar edi. 

Buning fonida mamlakat matbuot erkinligi, sud tizimi va inson huquqlari reytinglarida pastga quladi.

Ammo demokratiyaning asosiy unsurlaridan bo‘lgan saylov muxolifat umid qilgan yagona najot bo‘lgani o‘rtaga chiqdi.

Kech bo‘lsa-da, muxolifat barcha katta shaharlarda g‘alabaga erishdi.

«Eltuz» jamoasi gaplashgan aksar turklar nazarida, bundan chiqarilgan eng muhim xulosa shuki, Turkiyada hali-hamon hayot va demokratiyadan hech kim voz kechmoqchi emas. 

Qadimgi Rimda joriy qilingan demokratiya bugunga kelib butun dunyoda davlat boshqaruvining eng maqbul uslubi bo‘lib qolayotganini Turkiya misolida ko‘rish mumkin. 

Demokratiya – bu erkin, adolatli va muntazam o‘tkaziladigan saylovlardir. Bunday saylov tizimi Turkiyada mavjud. Turkiya hukumatining javobgarligi va xalq oldida hisob berayotgani ham reallik. Mavjud tanqid va cheklovlarga qaramay, turk jamiyatida fikr erkinligi yo‘qolib ketmadi. 

Muqobil va mustaqil axborot manbalariga kirish imkonlari butkul bekitilmadi. 

Rivojlangan fuqarolik jamiyati, uchinchi sektor, jamoat tashkilotlari muxtoriyati va ularning davlat institutlari faoliyatiga ta'sir o‘tkazish salohiyati butkul bartaraf bo‘lmadi. 

Turk vatandoshlari  nisbatan mustaqil jamoalar yoki tashkilotlar, shu jumladan, siyosiy partiyalar tuzish huquqiga ega.

Bu demokratiya maydoni. Bu maydon barcha uchun ochiq. O‘nglar ham, so‘llar ham, dini, irqi va siyosiy moyilliklari turlicha bo‘lganlar ham yonma-yon, biriga toqatli bo‘lib yuradigan maydon. Emas oson bu maydon ichra turmoq, Tsitseron panjasiga panja urmoq.

eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 avgust 2019
Prezident Mirziyoev qarori bilan 3 avgust kuni O‘zbekistondagi mash'um Jasliq qamoqxonasi yopildi. Ayni qarorda qamoqxona binolari va mulklari Qoraqalpog‘iston ...
6 sentyabr 2024
RT: Mana xafta zuvv etib aylanib yana siz bilan yuzma yuzman. MS: Ovong og‘o, bugun beshlanjiy gun. Gurungni sizdan ...
20 fevral 2017
Tug‘ruqxona hamshiralari poraxo‘r deya tamg‘alanayotgan bir paytda,2016 yili avtosanoatdagi 200 million dollarni o‘zlashtirganlikda ayblanib, bir muddat hibsda saqlangan O‘zavtosanoat ...
10 oktyabr 2019
Bugun respublikada matbuot xizmatlariga e'tibor qaratilmoqda, urra, urra bilan prezident qarori asosida barcha shahar, tuman tashkilotlarida, hokimliklarida yangidan axborot ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...