Amalga oshmagan josuslik. Markaziy osiyolik faol hikoyasi
Bu hikoya Qoraqalpog‘istondagi turkman qishlog‘ida tug‘ilgan jamoatchilik faoli va bloger Jumasafar Dadaboev haqida. 2016 yilda, hali u jamoatchilik faoliyati bilan shug‘ullanishidan oldin O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati uni xorijda ishlash uchun agent sifatida yollashga urinib ko‘rdi. Islom Karimovning kasalligi va o‘limi sababli yuzaga kelgan tarang vaziyatda u maxsus xizmatlar ko‘zini shamg‘alab qilib Turkiyaga qochishga muvaffaq bo‘ldi.
“Memorial” inson huquqlari tashkilotining Markaziy Osiyo dasturi rahbari Vitaliy Ponamaryov 2021 yil iyun oyida Istanbulda Jumasafar bilan uchrashib, bir necha soat suhbatlashdi. Albatta, faol 2016 yildagi voqealarning hammasini ham aniq eslay olmaydi va MXX xodimlarining “agent”ga aytgan hamma gaplarini ishonchli deb bo‘lmaydi. Ammo ularning so‘zlari va xatti-harakatlari Karimov davri maxsus xizmatlarining jinoiy ish uslublarini ham, oddiy odamlar e'tiboridan yopiq bu muassasadagi muhitni ham yaqqol tavsiflashga imkon beradi.
Dadaboev bilan suhbat asosida tayyorlangan maqola matni 2022 yil yanvarda kelishib olinganidan bir necha kun o‘tib faol o‘g‘irlab ketildi va u noqonuniy ravishda O‘zbekistonga olib ketilgani taxmin qilinyapti.
Amalga oshmagan josuslik. Markaziy osiyolik faol hikoyasi (1 qism)
O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Jumasafar Dadaboevni boshqa davlatlarda ishlash uchun josuslikka yollashga uringan
Qoraqalpog‘istondagi turkmanlar qishlog‘ida tug‘ilgan faol va bloger Jumasafar Dadaboev bir necha yildan beri Istanbulda yashaydi. 2016 yilda, hali u jamoatchilik faoliyatini boshlashidan oldin O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati uni josuslik, jumladan, Moskvadagi “Memorial” inson huquqlari markazi a'zosi, huquq faoli Bahrom Hamroevga qarshi fitnalar uyushtirish uchun yollashga uringan. Prezident Islom Karimovning kasallanishi va vafoti munosabati bilan yuzaga kelgan keskin vaziyatda u xavfsizlik xizmati nazoratidan qutulib, Turkiyaga qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan.
“Memorial”ning Markaziy Osiyo dasturi rahbari Vitaliy Ponomaryov 2021 yil iyun oyida Istanbulda Jumasafar bilan uchrashib, bir necha soat suhbatlashdi. Dadaboev ko‘rgiliklarini eslab, hanuz xavotirda ekanini aytdi. Uning xorijdagi jurnalistlarga voqea haqida xabar berishga oldingi urinishlari muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi. Albatta, u voqealarning barcha tafsilotlarini aniq eslay olmaydi va MXX xodimlari “agent”ga aytganlarining hammasini ham ishonchli deb bo‘lmaydi. Lekin ularning so‘zlari va harakatlarida Karimov davri maxsus xizmatlarining jinoiy ish uslublari ham, oddiy fuqarolar uchun yopiq bu muasasadagi muhit ham yorqin namoyon bo‘ladi. Maqolani chop etishdan oldin Istanbuldagi ko‘plab markaziy osiyolik muhojirlarga Juma turkman nomi bilan tanish faol o‘zi bilan sodir bo‘lgan voqeaning ayrim tafsilotlariga oydinlik kiritdi.
Hammasi qanday boshlandi?
Jumasafar 1986 yil 10 oktyabrda Saroyko‘l qishlog‘ida turkman oilasida tug‘ilgan. O‘sha paytda qishloq Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumani tarkibida bo‘lgan, 2017 yilda esa yangi Taxiatosh tumani tarkibiga kiritilgan. Qishloq ahlining aksariyatini etnik turkmanlar tashkil qiladi va qishloqning o‘zi, Jumasaparning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi “bahsli hudud” hisoblanadi. 2003 yilda u o‘rta maktabning 11-sinfini tamomlagan va uch yildan so‘ng ko‘plab yurtdoshlari qatori Rossiyaga ishlashga ketgan. U qurilish ob'ektlarida ishlagan, keyinchalik yuk tashish bilan shug‘ullangan. Uyiga borib kelib turgan.
“Men ilgari ateist bo‘lganman, – deydi Jumasafar. – Qishlog‘imiz mullasi ham islom aqidalariga amal qilmaydi, ichadi, yuradi, Qur'onni noto‘g‘ri tushuntiradi, buni xalq biladi. 2008 yilda Moskvaga kelib, dinga qiziqib qoldim, turli e'tiqodlar, hatto hinduizm haqida ko‘p o‘qidim. Islomda to‘xtadim. Namoz o‘qishni, Qur'on o‘rganishni boshladim…”.
2012 yilda Jumasafar Moskvadagi Poklonnaya tepaligi hududida joylashgan Al-Fotiha jome masjididagi yakshanba madrasasiga o‘qishga kiradi va 2016 yilda o‘qishni tamomlaydi. 2014 yili u Moskva viloyati madrasasi talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan qorilar tanlovida birinchi o‘rinni egallagan.
“Menga kubok berishdi va men u bilan uyga uchib ketdim, – deb eslaydi faol. – Rossiyada men politsiya yoki FXX bilan hech qanday muammoga duch kelmadim. Lekin Nukusda aeroportida kubok e'tiborni tortdi va meni suhbat uchun ushlab qolishdi. O‘zbekiston maxsus xizmatlari bilan tanishuvim shu tariqa boshlandi. Ular meni hisobga olib qo‘yishdi. Shundan so‘ng har safar Rossiyadan qaytganimda yoki Moskvaga uchayotganimda chegarada to‘xtatib, so‘roq qilishardi”.
Aeroportda yuklari orasidan Moskva memorial masjidi imomi Shamil Alouddinovning kitoblari olib qo‘yilgan. Ularda taqiqlangan narsa yo‘qligini ekspert tasdiqlagan bo‘lsa-da, Jumasafar sud qarori bilan diniy nashrlarni O‘zbekistonga ruxsatsiz olib kirgani uchun jarimaga tortilgan.
“Men Xo‘jaylidagi uchastka noziri, jinoyat-qidiruv bo‘limi va prokuraturadagilar bilan gaplashishga majbur bo‘ldim, – deb eslaydi faol. – Qo‘shni qishloqdagi masjid imomi ham bir necha bor suhbatlashdi… Umuman olganda, men mashhur bo‘ldim”.
2016 yilning may oyida tag‘in Nukusga uchib kelganida aeroportda chegarachilar uning pasportini keyinroq qaytarib berish va'dasi bilan olib qo‘yishgan.
Bu vaqtga kelib Saroyko‘l qishlog‘ida narkotiklar savdosiga aloqador bo‘lgan bir o‘zbek turkman ayolini zo‘rlagan, so‘ng Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) xodimining uyidan panoh topgan. Turkman qishlog‘i ahli uni o‘ldirishga qaror qilgan. Bu haqdagi suhbat iftorlik paytida chiqqan. O‘zbekistonning turli viloyatlaridan ko‘chib kelgan o‘zbek dehqonlarining ham ta'zirini berishga chaqiriqlar bo‘lgan. Jumasafar qishloqdoshlarini fikridan qaytarmoqchi bo‘lgan.
“O‘zbeklarning xalq sifatida bunga aloqasi yo‘q. Agar siz musulmon bo‘lsangiz, ularga tegmang. Buni siz aytganingizdek, maxsus xizmatlarga aloqador narkosavdogar qilgan. Agar siz shunchalik qo‘rqmas bo‘lsangiz, borib o‘shalar bilan shug‘ullaning”, degan.
Yig‘ilganlar orasida uning so‘zlarini rasmiylarga yetkazgan bir ayg‘oqchi ham bor edi. Jumasafar bundan bexabar bo‘lgan. Keyinchalik unga bu voqeani eslatishdi.
Nukusdagi yollanish: Kaltak shirinkulchadan ko‘proq…
“22 iyul kuni tuman uchastka noziri akamga qo‘ng‘iroq qilib, pasport stoliga borishimni, pasportim o‘sha yerda ekanini aytdi, – deya hikoya qiladi Jumasafar. – Bungacha pasport bo‘yicha bir necha bor murojaat qilganman, lekin har safar qandaydir muammolar borligi, kutishim kerakligini aytishardi. Tuman uchastkovoyi qo‘ng‘irog‘idan so‘ng men pasport stoliga keldim. Bu yerdagilar “ular sizni kutishmoqda”, deyishdi. Ko‘chada besh kishi turardi, o‘zbeklar, keyinchalik bilsam, Milliy xavfsizlik xizmatidan. Hammasi begona, mahalliy emas, menga xuddi terrorchiga qaragandek qarashardi. Ular: “Qani, ketdik. Uchastka nozirining uyini ko‘rsat”, deyishdi. Mashinada ular darhol qo‘llarimni kishanlashdi va ogohlantirishdi: “Jim o‘tirsang, o‘zingga yaxshi bo‘ladi”. Hech narsani so‘rashmadi. Biz Nukus tomon ketdik. Yo‘lda boshimga qop kiygizishdi. O‘sha paytda men bu shunchaki qo‘rqitish deb o‘yladim”.
Qoraqalpog‘iston poytaxtida boshiga qop kiydirilgan mahbusni, uning ta'rificha, maxsus xizmat xodimlarining “qo‘riqlanadigan mehmonxonasi” binosining ikkinchi qavatiga olib chiqishdi.
“Men uning qaerda joylashganini aniq bilmayman, har soatda poezdlar o‘tayotganini eshitishingiz mumkin, ya'ni temir yo‘lga yaqin edi, – deydi Jumasafar. – Ikki kishi men bilan o‘zbek tilida gaplasha boshladi. “Qalaysan, Abdulla”, deb so‘rashdi.
Abdulla mening norasmiy ismim. “Kel, gaplashib olaylik. Sen oddiy, aqlli yigitsan. Biz bu yerga sen bilan uchrashgani maxsus keldik”, deyishdi. “Mayli, gaplashamiz”, dedim. Shundan so‘ng boshimdagi qopni olib tashlashdi. Ularning kattasi o‘zini Bahrom Polvonnazarovich deb tanishtirdi, ikkinchisi ismini aytmadi. Keyinchalik bildimki, Bahrom Toshkentda ishlaydi va Rustam Inoyatov (O‘zbekiston MXX sobiq rahbari) bilan yaqin aloqada. Bu uch kun davom etdi. Ba'zan xonaga Milliy xavfsizlik xizmatining mahalliy bo‘limidagi qoraqalpoqlar kirib kelishar, lekin men bilan asosan faqat shu ikkisi yakka qolib, “maxfiy suhbat” o‘tkazishardi.
“Namoz o‘qiysanmi”, degan savoldan boshlashdi. Keyin musulmonlar uchun farz nima, musulmonni kofirdan qanday ajratish mumkin va hokazolarni so‘rashdi. Ular Moskvadagi turli odamlarning ismlarini so‘rashdi, ba'zilarini men hech qachon eshitmaganman. “Men ularni tanimayman”, dedim.
Shundan so‘ng Bahrom qo‘qqisdan meni kaltaklay boshladi. Qo‘llarim orqamdan kishanlangan, oyoqlarim ham kishanlangan. Boshimga berilgan zarbadan polga yiqildim, turmoqchi bo‘lganimda yana urishdi. Oshqozonga bir zarba tushdi, uzoq vaqt nafas ololmay qoldim. Chap panjamni sindirishdi, hali ham shu qo‘limda muammo bor. “Nega uryapsizlar? Men nima, terrorchimanmi? Konstitutsiyaning qaerida yozilgan?” deb baqirdim. Bahrom boshqa odamlarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zbekcha aytdi: “Qani, uning ustida ishlanglar. U nimagadir bizning tilimizni tushunmayapti”.
Ular meni yana urishdi: avval qo‘llari bilan, keyin bir necha tayoq olib kelishdi va ular bilan tovonimga ura boshlashdi, oyoq barmog‘imni ham jarohatlashdi. Ular ruhimni sindirmoqchi ekanini angladim. Ilgari men ko‘chada urishardim, men ularga: “Kelinglar, yakkama-yakka chiqaylik, kim yengarkin”, dedim. Bunga javoban: “Oh, sen shunchalik zo‘rmisan?” deya tag‘in urishdi. O‘sha paytda ham, keyin ham tibbiy yordam ko‘rsatishmadi”.
Kaltaklash ruhiy qiynoqqa almashtirildi. Mahbusning telefonidan Qur'on va hadislar o‘qilgan fayllarni topib olgan MXX xodimi “IShIDning mana shu islomiy videolari uchun qamoqqa tushasan”, dedi. Telefonda ekstremistik materiallar yo‘q, degan e'tirozga u: “Biz nima istasak, shu bo‘ladi. Buni bilasan”, deb javob berdi.
Ular O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati bilan “hamkorlik”ni taklif qilishdi, rad qilingan taqdirda “davlatga qarshi faoliyat” uchun 15 yilga ozodlikdan mahrum etish bilan tahdid qilishdi. Ular telefonda “davlat dushmanlari” bilan qilingan tergov aks etgan videolarni ko‘rsatishdi. Birida o‘zbek ayoli kaltaklangan, u yalang‘och, IShID bayrog‘iga “o‘ralgan”. Ulardan: “Bu bayroq qaerdan keldi”, deb so‘raganida Bahrom: “Nima istasang, bizda bor”, deya javob beradi.
“Boshqa bir videoda ular odamning tirnog‘ini bir balo qilishyapti, u og‘riqqa chiday olmay qichqiryapti. Uni tomosha qilishning iloji yo‘q edi”, deydi Jumasafar.
Asosiy yollovchi Baxrom edi
“U mendan: “Sen Turkiyaga ketmoqchi edingmi”, deb so‘radi. “Men hijoma bilan shug‘ullanaman, bu bilan pul topishim mumkin, Istanbulda islomni o‘rganmoqchi edim”, deya tushuntirdim. Bunga javoban: “Biz seni chet elga jo‘natamiz. Lekin Istanbulga emas, Suriyaga ketasan” deyishdi. Men rad qildim: “Men Suriyada nima qilaman?”. “Yo‘q, biz qaerga desak, o‘sha joyga borasan”, deyishdi.
Ular meni tag‘in kaltaklashdi. “Kallangni ishlat, bizga ishla. Agar Obid qori biz bilan ishlaganida, hozir tirik murdadek yotmagan bo‘lardi (Obid qori Nazarov 2012 yilning fevralida Shvetsiyada sodir etilgan suiqasddan so‘ng komaga tushib qolgan taniqli o‘zbek diniy arbobi). Abdulloh Buxoriy haqida eshitganmisan? Shaxsan men uni yo‘q qilishga buyruq berganman (Andijon viloyatidan bo‘lgan o‘zbek diniy arbobi, asl ismi Mirzog‘olib Hamidov 2014 yil dekabr oyida Istanbulda otib o‘ldirilgan). Bilsang, biz senga yordam berishni xohlaymiz. Evaziga sen ham ham bizga ko‘maklashasan. Suriyaga ketasan, IShIDga, o‘sha yerda seni oddiy ish bilan ta'minlaymiz, ma'lumot yuborib turasan… U yerga ketgan o‘zbeklar bizning dushmanlarimiz, terrorchilar, vahhobiylar. Ular bu urushda kuchayishadi. Amerika 2025 yilda Afg‘onistonni tark etadi, shunda ular bizga kelib, davlat to‘ntarishini amalga oshirishga harakat qilishadi”.
Men: “Suriyaga bormayman. Radikallar bor, ularning qarashlari noto‘g‘ri, islomda bunday narsa yo‘q”, dedim. Shunda: “Sen ham terrorchisan, vahhobiysan, ularni himoya qilyapsan”, deb yana kaltaklay boshlashdi. Men e'tiroz bildirmoqchi bo‘ldim: “Agar ular meni o‘sha yerda tutishsa, darhol o‘ldirishadi”. “Yo‘q, – dedi ular. – Agar Suriya harbiylari seni qo‘lga olsa, Rossiyaga ekstraditsiya qilishadi, Rossiya esa seni bizga qaytarib beradi. Xavotir olma, bu sodir bo‘lmaydi. U yerda yolg‘iz qolmaysan, biznikilar ko‘p, ba'zilari oshpaz bo‘lib ishlaydi. Agar Rossiya bombardimon qilishga, otishmaga tayyorlansa, oldindan ogohlantiriladi. Qizil xoch, BMT tez-tez u yerga borib turadi, ba'zida biz terrorchilarga yordam bermaslik uchun ular bilan adi-badi qilmaslikni buyuramiz. Yevropa, Amerika ham ularga yordam beradi va ular bizning dushmanimizdir”.
Ular meni turli yo‘llar bilan ko‘ndirishdi, men hammasini aytmayman, lekin Suriyaga borishga rozi bo‘lmadim. Shunda Bahrom boshqa variantni taklif qildi: “Istanbulga borasan. Zaytunburni viloyatida “Ehson Ilim” (maxsus xizmatlar ma'lumotlariga ko‘ra, 2009 yilda Rossiyada taqiqlangan “Jabhat an-Nusra” bilan aloqadalikda gumon qilingan Abdulloh Buxoriy ishtirokida tuzilgan) tashkiloti mavjud. O‘sha yerda yashab, islom dinini, arab tilini xohlaganingizcha o‘rganasan, u yerdan Suriya, Ukraina va Liviyaga kimlar ketayotgani haqida xabar yetkazib turasan… Bizning odamlar ham u yerda ishlaydi, tanish mulla bor, qo‘rqma”.
Ma'lum bo‘lishicha, Zaytunburnida Abdullo Buxoriy madrasasi bo‘lgan. Men ularga: “Abdullo Buxoriy endi tirik emas. Nega u yerga borishim kerak? Men bormayman”, dedim. Ular meni yana kaltaklashdi”, deb hikoyasini davom ettirdi Jumasafar.
U bilan suhbat asnosida gap Turkiyadagi voqealar haqida ketdi. 15 iyul kuni, Jumasafar hibsga olinishidan bir hafta oldin bu mamlakatda davlat to‘ntarishiga urinish sodir bo‘lgandi. Faolning hikoyasidan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston maxsus xizmatlari Erdo‘g‘onga salbiy munosabatda bo‘lishgan, uni IShID bilan aloqadorlikda ayblashgan:
“To‘ntarish tashabbusi haqida Bahrom: “Bu yaxshi, turklar yaqinda Suriyada urush boshlaydi. U yerda to‘plangan barcha terrorchi va vahhobiylarimizni qaytarib berishadi, agar shunday bo‘lsa, sen ham bizdan ko‘p uzoqqa bormaysan”, dedi.
Ertasi kuni suhbat yana davom etdi. “Agar Suriya yoki Turkiyaga borishdan bosh tortsang, Qoraqalpog‘istonda qol. Bu yerda “Olg‘a, Qoraqalpog‘iston” muxolifat harakati bor. Unga xorijga qochgan terrorchi Omon Sa'dullaev boshchilik qiladi. Qoraqalpoqlar endi O‘zbekistondan ajralib chiqmoqchi, ayollarning bepushtlanishiga qarshi… Ularni kim qo‘llab-quvvatlayapti, kim ular bilan bog‘langan, bilib va bizga xabar berib turasan. Sen turkmansan, qoraqalpoq emas. Qoraqalpoqlar ko‘tarilsa, turkmanlar uchun ham muammo bo‘ladi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi mustaqilligi tarafdori bo‘lgan “Olg‘a, Qoraqalpog‘iston” yashirin harakati 2014 yildan boshlab ommalasha boshlagan va ikki yildan so‘ng ro‘yxatdan o‘tmagan tashkilotga aylangan. Uning asoschisi va rahbari Omon Sa'dullaev 2016 yilda Norvegiyadan boshpana olgan), dedi Bahrom.
Omon Sa'dullaev haqida o‘shanda birinchi marta eshitgandim. Ularga: “Menga nimani taklif qilasiz? Agar ertaga qoraqalpoqlar mustaqillikka erishsa, mening sizlarga ishlaganimni bilib olishsa, meni o‘ldirishadi, keyin turkmanlar bilan qoraqalpoqlar o‘rtasida muammo paydo bo‘ladi”, dedim. Bahrom esa: “Ular hech qachon mustaqillikka erisha olishmaydi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi referendum yo‘li bilan O‘zbekiston tarkibidan chiqish huquqini kafolatlaydi). Ammo agar ular Yevropa yoki Amerika razvedka xizmatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, NATO bu yerda o‘z bazalarini joylashtiradi, hammada ko‘p muammolar paydo bo‘ladi”, dedi. Men yana rad etdim va yana kaltaklandim.
Men agar biror narsaga rozi bo‘lmasam, MHX xodimlari meni qamoqqa tashlashi, ularni aldab rozilik berib, keyin qochib O‘zbekistonga hech qachon qaytmaslik kerakligi haqida o‘ylab, taklif qildim: “Mening Moskvaga borishimga ruxsat bering, men u yerda yashaganman va sizlarga giyohvandlik moddalari sotuvchilar haqida xabar berib turaman”.
MXX bilan “ishlash” kelishuvi Bahromga yoqdi, lekin u taklifimni rad etdi: “Biz giyohvandlik moddalarini sotuvchilarni shusiz ham bilamiz. Sen Bahrom Hamroev (O‘zbekiston hukumatini keskin tanqid qiluvchi o‘zbekistonlik huquq faoli, 1992 yildan beri Moskvada yashaydi, “Memorial” inson huquqlari markazi a'zosi) bilan aloqador bo‘lgan namozxonlar haqida xabar yetkazib tursang yaxshi bo‘ladi. Sen u bilan tanishmisan? “Moskva o‘zbeklari” millatchilik harakati haqida bilasanmi? Balki eshitgandirsan, Usmon Baratov degani bor (balki “Vatandosh” o‘zbek jamiyati asoschisi nazarda tutilgandir)? Bizni uning temuriylar guruhi bilan aloqalari ham qiziqtiradi”.
Menga notanish Abdulloh haqida, falonchi vahhobiy, falonchi so‘fiy haqida so‘rashdi. Men bilmasligimni aytdim. Bunday masalalarda o‘zbeklar bilan aloqam yo‘q edi. Biroq diaspora bo‘yicha aloqalarim bor edi. Hijoma qilgani ko‘p odamlarning oldiga borardim, kambag‘allarga tekin qilardim.
Moskvada madrasada o‘qib yurgan paytimda Rossiya fuqarosi bo‘lgan o‘zbek Fozil gohida kelib turardi, menimcha, Namangandan edi. Karimovga muxolif bo‘lgan taniqli millatchi Fozil o‘sha paytda diniy guruhlarga aloqasi yo‘q edi. 2015 yoki 2016 yil yanvar oylarining birida meni palovga taklif qildi. U yerga Bahrom Hamroev keldi, tanishib qoldik. Bahrom huquq himoyachisi, musulmonlar va boshqa odamlarning huquqlarini himoya qiladi, diktaturaga qarshi ekanini aytdi…
Bu men uchun qiziq emas edi. Lekin, ma'lum bo‘lishicha, olti-etti o‘zbek orasida josus bo‘lgan, Qoraqalpog‘istonga qaytganimda, palov ustidagi suhbatdan maxsus xizmatlar allaqachon xabardor edi. Shu Fozilni ham topish, Bahromni ham surishtirish kerak, deyishdi.
Umuman olganda, mening “hamkorlik” haqidagi kelishuvimdan so‘ng gap boshqa tomonga burildi. Qo‘limdagi kishanlar olib tashlandi, men xonada u yoqdan bu yoqqa yurishim mumkin edi.
Men faqat qochish uchun rozi bo‘ldim. Ular tez orada meni Moskvaga jo‘natishadi, deb o‘yladim, Lekin bu jo‘n ish emas ekan. Avvalo, Bahrom Polvonnazarovichning diktovkasi bilan men O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatida “Akbar” laqabi bilan ishlashga tayyor ekanim haqida ariza yozdim. Ular meni videokamera oldida o‘qishga majbur qilishdi. Ular “har bir kishi” uchun 200 dollar “bonus” va'da qilishdi (hozir qanday aytilganini aniq eslay olmayman). Menga imzo qo‘yishim uchun bo‘sh varaqlar berishdi. Ular bir vaqtning o‘zida: “Xafa bo‘lma, biz sizga ishonamiz, lekin avvalroq ba'zi vahhobiylar ham hamkorlikka rozi bo‘lib, keyin qochishga harakat qilishgan. Shundaylardan biri bizni aldadi, u Moskvada “Ozodlik” radiosiga intervyu bermoqchi bo‘ldi. Lekin uni qo‘lga olishdi va O‘zbekistonga deportatsiya qilishdi, hozir qamoqda… O‘zbekistonga uzatiladigan G‘arb stantsiyalarida bizning odamlarimiz ishlaydi, garchi u yerda hamma bilan kelishib bo‘lmasa ham… Umuman, ahmoq bo‘lma, kerak bo‘lsa, biz seni hamma joydan topa olamiz”, deyishdi.
Ular meni shu joyda uch kun ushlab turishdi. Derazalar yopiq, ko‘chaga qarashning iloji yo‘q edi. Ozodlikka chiqishdan oldin ular tez orada topshiriqlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun Toshkentga chaqirishlarini aytishgan. Bahrom shu kunlarda “Olg‘a, Qoraqalpog‘iston” harakati haqida ma'lumot to‘plashimni va yetib kelganimdan keyin shu haqda xabar berishimni buyurdi. Telefonga pul berib: “Sim kartani ol, Rossiyadagi do‘stlaringga qo‘ng‘iroq qil (to‘rtta ism: Fozil, Muslim, Po‘lat va Iqbol), ularning qaerdaligini bilib, keyin ayt”, dedi. Keyinchalik men Moskvaga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildim, ammo behuda bo‘ldi.
2016 yilning 24 iyulida, yakshanba kuni tushlikdan keyin meni qishloq chetiga olib kelishdi, o‘sha yerda tushirib yuborishdi va bizni hech kim birga ko‘rmasligi kerakligini aytishdi”.
(davomi bor)
Vitaliy Ponomaryov