Asosiy mavzular
17 iyul 2022

Sardorning kelishi o‘zbek siyosiy sahnasida nimani o‘zgartiradi?

Hurmatli kanalimiz obunachilari va aziz mehmonlar! Eltuz pochtasiga kelgan, o‘zbekistonlik tahlilchi tomonidan bitilgan quyidagi maqolani rus tilidan siz uchun o‘girdik. Uni, muallif roziligida juz'iy tahrir va qo‘shimchalar bilan chop qilyapmiz. Nomini ochiqlay olmaydiganimiz muallifga minnnatdorchiligimizni bildiramiz.

Eltuz bu o‘zgarishlarni yaqindan kuzatadi va ketayotganlar hamda kelayotganlarning ayrimlari haqida alohida surishtiruvlarni e'lon qilib boradi. Bizni kuzating!

+++

O‘tgan bir haftada Shavkat Mirziyoev o‘z prezidentligining eng yirik kadrlar o‘zgarishini amalga oshirdi; Prezident Administratsiyasiga yangi rahbar tayinladi. Bu aslida, Miriyoevning nafaqat prezidentligi, balki undan oldingi 13 yildagi bosh vazirligining ham kadrlar masalasidagi eng yirik qaroridir. Mirziyoev hokimiyatga kelishi barobarida qaror topgan va amalda bo‘lgan hokimiyat vertikali o‘zgarish arafasida.

Albatta, bu vertikal tepasida, hamisha Mirziyoevning o‘zi turgan. Ammo O‘zbekistondagi siyosiy tizimda haqiqiy qudrat qaerda ekanini tushunib olish oson ish emas. Sababi, bir tomondan,tashqaridan qaraganda barcha demokratik, xususan, G‘arb davlatlaridagi singari formal hokimiyat institutlari – prezident, bosh vazir, parlament va sud tizimi hamda ular o‘rtasida bo‘linish mavjud. Ammo bu qog‘ozda, xolos. Amalda xuddi Rossiyadagi singari, giper-prezidentlik tuzumi va tuzumda markaziy rolni Prezident Administratsiyasi o‘ynaydi. Ba'zan prezident timsolida, ba'zan esa, prezidentsiz. Qarorlarni qachon prezident, qachon Administratsiya qabul qilganini bilish qiyin. Bu qarorlar hamma vaqt ham, aytaylik, sobiq kompartiya siyosiy byurosi qaroridan farqli, kollektiv va ko‘pchilikning qarori bo‘lmaydi. Ammo qanday qabul qilinganidan qat'i nazar, bu qaror Prezident irodasi deya taqdim etiladi. Taqdim etilmagan taqdirda ham, pastdagilar buni shunday qabul qiladi.

Shunday qilib, bu tizimda:

Qonun amalda ijroiya hokimiyatini tiyib turmaydi;
Parlament prezident irodasini bajaradigan haybarakallachilardan iborat;
Vazirlar Mahkamasi esa, siyosatni shakllantiradigan emas, balki uni ijro etadigan tuzilmadir.
Endi Prezident Administratsiyasining funktsiyalariga qarang:
Administratsiya prezidentning barcha vakolatlarini amalga oshiradi;
Qonunlar va qarorlarni taqdim etadi;
Hukumat tuzilmalari bilan muvofiqlashtiradi.
Ammo bu hali hammasi emas. Qolaversa, eng muhimi emas.
Administratsiya, xuddi sovet davridagi Kompartiya siyosiy byurosi singari, amalda davlat va partiya (iqtidor) boshqaruvini qo‘lida jamlagan:

Bir tomondan, formal xavfsizlik xizmatlari va kuch tizimlari mavjud. Ayni paytda Administratsiyada ularning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maslahatchi–kurator o‘tiradi.
Bir tomondan, hukumat tarkibida fan, sog‘liq, ta'lim, ijtimoiy himoya singari formal vazirliklar bor. Ikkinchi tomondan, ularning hammasini o‘ziga bo‘ysundirgan kurator bor va u ham Administratsiyada o‘tiradi. (Joriy kurator Jahongir Ortiqxo‘jaevning qudasi, sobiq KGB zobiti Abdujabbor Abduvohitov. Eltuz kelayotgan kunlarda u haqda qo‘shimcha materiallar e'lon qilishni rejalagan)

Tashqi siyosat ham shunday – bir tomonda vazir, ikkinchi tarafda tashqi siyosatga mas'ul maslahatchi. Va bu kurator-maslahatchilarning hammasi amalda parlament, hukumat va parlamentning har ikki palatasi (ikki palata nima kerakligi alohida masala) dan YuQORI turadi.
Bundan tashqari, Administratsiya, turli-tuman moliya-sanoat guruhlari bilan Prezident va hukumat o‘rtasidagi vositachi rolini ham bajaradi.
Va keldik, eng muhimiga:
Prezident Administratsiyasi rahbari Prezidentning, eski davlatchilik tili bilan aytganda, EShIK OG‘ASIdir (ruscha asliyatda – “privratnik”).

Prezident Administratsiyasi rahbari prezidentga kiradigan axborotlarning ASOSIY MANBAIdir.

Prezidentning OVOZIdir (Matbuot kotibi timsolida)
Istaymizmi, istamaymizmi, O‘zbekistonda qaror topgan tizim shu. Va bu tizim – YoPIQ.

Siyosiy qarorlar qabul qiluvchi, ularning ijrosini muvofiqlashtiruvchi, Prezident irodasini ro‘yobga chiqaruvchi organ bo‘lgan Prezident Administratsiyasi maxfiy bir tuzilma hisoblanadi. Biz maxsus xizmatlar – DXX haqida qancha narsa bilsak, Prezident Administratsiyasi haqida ham shuncha narsa bilamiz. Undan ortiq emas. Va bu tuzilma Prezidentdan boshqa hech kimga – na parlament va na jamoatchilikka hisobdor emas. Tiyib turish mexanizmi yo‘q va jamoatchilik ko‘zidan yashirin ekan, uning Prezidentga qanchalik hisobdorligi ham savol ostida.

Mirziyoev 2 iyul kuni Nukusga borganida qoraqalpoq qonun chiqaruvchilariga qarata “nega menga telefon qilmadinglar, menam odamku” deya aytgan so‘zlari siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonidagi bu maxfiylik va bo‘shliqni eng yaxshi illyustratsiya qiladigan epizoddir.

Bu haqda ko‘p gapirish, tahlil qilish mumkin. Ammo o‘quvchini charchatmaslik uchun kun tartibiga qaytamiz va Zaynilobiddin Nizomiddinov o‘rniga Sardor Umurzoqovning tayinlanishi nimadan darak ekani haqida qisqa xulosa qilamiz.

Britaniyada ta'lim ko‘rgan Umurzoqovning tayinlanishi eski gvardiya (karimovchilar) qaytadi, degan xavotirlarni aritdi. Mirziyoev yosh reformatorlarga yuz burdi. Bu ichkari va tashqaridagilarga berilgan yaxshi mujda. Mirziyoev hokimiyatga kelganida boshlangan va reformalarga yo‘nalgan siyosiy kurs davom etadi, degani.

(Har holda, o‘zbek liberallari shunday orzuda)

Avtoritarizm saqlanib qoladi, ammo Karimov diktaturasiga qaytilmaydi. (Hozircha)
Xuddiki, Yeltsin alg‘ov-dalg‘ovli 90 larda yosh reformatorlarni va Nazarboev yosh bankirlarni hukumaga olib kelgani kabi. Darvoqe, Mirziyoevni Yeltsinga qiyoslash qiyin, ammo u Nazarboev yaratgan hokimiyat modeliga havas bilan qaraydi.( Har holda, yanvar voqealarigacha shunday qarar edi) Ya'ni hokimiyatning eng yuqori cho‘qqisida o‘zi siyosiy patriarx sifatida, istasa, umrining oxirigacha o‘tiradi, hukumatning kundalik ishlarini esa yosh texnokratlar bajaradi. Ammo bir shart bilan – ular siyosiy ambitsiyalardan xoli bo‘lishi shart. Ambitsiyalar paydo bo‘lganida, qanchalik qiymatli kadr bo‘lmasin, hokimiyatdan chetlatiladi. (Ablyazovga o‘xshab. Almashtirib bo‘lmaydiganlar yo‘q)

Mirziyoev, hokimiyatga kelgan ilk kunlarida bergan va'dasi – yosh kadrlarni parvarishlashda davom etadi. Ammo yoshlarning yuqori lavozimlarga olib kelinishi avtomatik tarzda qarilardan qutulishni anglatmaydi. O‘zbek siyosati murakkabroq – yoshlar qarilar bilan turli-tuman klanlik, quda-andalik rishtalari bilan chatishib ketgan.

Sardor Umurzoqov O‘zbekiston tarixida prezident ma'muriyatiga rahbar etib tayinlangan birinchi “publichniy” siyosatchi. Bungacha Prezident Administratsiyasining “yuzi” yo‘q edi. Hech qachon jamoatchilikka bayonot bermagan, bir og‘iz nutq irod qilmagan va faqat Karimovga yaxshi osh damlab berishi bilan nom chiqargan Zelimxon Haydarov hamda Mirziyoevning soyasi bo‘lgan Zaynilobiddin Nizomiddinov. Bularning ikkalasidan farqli, Sardor Umurzoqov matbuotga gapirgan, blogerlar bilan suratga tushgan. Bu ma'noda Umurzoqovning o‘z shaxsiyati bor va u Nizomiddinovdan farqli faqat Mirziyoevning emas, o‘zining ham shaxsiyatini namoyon qiladi. Soya, ammo mutlaq soya emas.

Prezident Administratsiyasining yuqorida sanab o‘tilgan vakolatlari nazarda tutilsa, shundoq ham hukumatdagi lavozimlarining ko‘pligi bilan mahalliy matbuotda savollar uyg‘otgan Sardor Umurzoqovning qo‘lida qanchalik katta hokimiyat jamlanayotganini sezgandirsiz. Sardor reformator bo‘lishi mumkin, ammo mashhur ingliz tarixchi va siyosatchisi Jon Dalberg-Akton aytmoqchi, mutlaq hokimiyat odamni mutlaq buzadi. Bundan hech kim sug‘urtalanmagan.

Shu ma'noda, joriy hokimiyat vertikalida Sardor Umurzoqovga muvozanat bo‘la oladigan shaxsning bo‘lishi muhim. Aynan shaxs, chunki institutlar yo‘q. Tartib-taomilga ko‘ra, bosh vazir Abdulla Aripov bu muvozanatni saqlaydigan salohiyatga ega emas. U Nizomiddinovning irodasiga qanday bo‘yinsungan bo‘lsa, yaqin-yaqingacha qo‘l ostidagi vazirlardan bittasi bo‘lgan Umurzoqovga ham shunday bo‘yinsunishda davom etadi. Idealda bu Sardorning o‘ziga o‘xshagan yosh va reformator zehniyatdagi hamda Prezident Administratsiyasida o‘tiradigan, ammo boshqa muloyim mulozimlardan farqli, mustaqil figura bo‘lishi maqsadga muvofiq. Aks holda, yana Mirziyoev “nega menga telefon qilmadinglar?” deb yozg‘iradigan vaziyat yana yuzaga kelishi mumkin. Bu muhim.
Xullas, O‘zbekistonda hokimiyat vertikali yangilanmoqda va yaqin kunlar va oylarda birin-ketin prezident maslahatchilari, vazirlar, hokimlar va KUCh TIZIMLARI rahbarlarining o‘zgarishini kutishimiz mumkin.

Eltuz bu o‘zgarishlarni yaqindan kuzatadi va ketayotganlar hamda kelayotganlarning ayrimlari haqida alohida surishtiruvlarni e'lon qilib boradi. Bizni kuzating!

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 sentyabr 2018
Toshkentda KFC fastfud restoranlari tarmog‘i ish boshladi. Dastlabki restoran «Buyuk ipak yo‘li» metrosi yaqinida 12 sentyabrda ish boshlagani haqida ...
4 mart 2021
Andijon shahrining yillar davomida e'tiborsiz qolgan ko‘chalari obod qilina boshlandi. Chuqurlar yamalib, loy ko‘chalarga asfalt yotqizilmoqda. Eski kanalizatsiya quvurlari ...
31 avgust 2016
1995 yilning 26 iyunidan beri O‘zbekiston MXX raisi lavozimini egallab kelayotgan 72 yashar Rustam Inoyatov Karimov o‘rtadan ketishi bilan ...
27 iyul 2024
Bundan bir necha kun muqaddam Sherali Komilov qo‘lga oligani haqida xabar bergan edik. Sherali Komilovga jinoyat kodeksining 168, 140 ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...