Asosiy mavzular
11 oktyabr 2022

Yangi darsliklar mojarosi: Komil Allamjonov yana katta sahnada

O‘zbekistonda so‘nggi bir necha yillar davomida Milliy o‘quv dasturi asosida yaratilgan yangi avlod darsliklari mualliflari bu darsliklar atrofida yuzaga kelgan mojarolardan xavotir bildirmoqda.

Gap shundaki, yangi avlod darsliklari haqida matbuotda qator tanqidiy chiqishlar ortidan Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov 2022 yil 6 oktyabr kuni mazkur ma'muriyat huzurida “ishchi guruh ta'lim sifatini oshirish, zamonaviy dasturlar, yangi o‘quv qo‘llanmalarini yaratish ishlarini boshlaganini” e'lon qilgandi.

Aynan mana shu guruhning huquqiy maqomi, vakolat va vazifalari qandayligi masalasi, qolaversa, Milliy o‘quv dasturi bajarilishining keyingi bosqichlari qanday kechishi mavhum qolayotgani yangi avlod darsliklari mualliflarida qator savollarni paydo qilmoqda.

Mualliflar jamoasi nomidan O‘zbekiston prezidenti va uning ma'muriyati rahbari Sardor Umurzoqovga virtual qabulxona orqali rasmiy murojaat yo‘llagan Komil Jalilov ulardan ba'zi savollarga oydinlik kiritishni so‘ragan.

Nusxasi “Eltuz”da mavjud mazkur murojaatda aytilishicha, prezidentning qator qaror va farmonlari asosida Milliy o‘quv dasturiga bosqichma-bosqich o‘tishni ta'minlash maqsadida o‘tgan o‘quv yilida 1-2-sinflar uchun darsliklar va o‘quv-uslubiy majmualar yaratilib, amaliyotga joriy qilindi. Bu yil esa 3, 6, 7, 10-sinflar uchun yangi darsliklar yaratildi.

Ammo Komil Allamjonovning yuqorida eslatilgan bayonoti ortidan “Shuncha mablag‘ va mehnatlar evaziga yaratilgan Milliy o‘quv dasturi va darsliklar taqdiri nima bo‘ladi?” degan savol o‘rtaga chiqdi.

“Prezidentning Milliy o‘quv dasturiga bosqichma-bosqich o‘tish va u asosida darsliklar yaratish vazifalari belgilangan hujjatlari bekor qilindimi? Agar bekor qilingan bo‘lsa, qanday tadqiqotlar va xulosalar asosida bunday qarorga kelindi, bu tadqiqot va xulosalar bilan tanishish imkoni bormi?

Agar Prezidentning yuqorida qayd etilgan hujjatlari bekor qilinmagan bo‘lsa, ishchi guruhning yana “zamonaviy dasturlar, yangi o‘quv qo‘llanmalarini yaratish” bo‘yicha ishlari qay darajada bu hujjatlarga mos keladi?

Yana “zamonaviy dasturlar, yangi o‘quv qo‘llanmalarini yaratish” jarayonlari qaysi manbalar tomonidan moliyalashtiriladi”, degan savollar qo‘yiladi murojaatda.

Unda aytilishicha, prezidentning tegishli hujjatlari asosida yaratilgan Milliy o‘quv dasturi bir necha bosqichda muhokama va ekspertizadan o‘tkazilgan edi. U asosida yaratilgan darsliklarga ham tegishli taqrizlar va xulosalar olingan.

Komil Allamjonov bayonotida “hozir birinchi sinfdan to ikkinchi sinfgacha bo‘lgan barcha o‘quv mahsulotlari aprobatsiya uchun tanlab olindi”, deyilgan. Murojaatda bu “o‘quv mahsulotlari”ga qaysi dasturlar asos qilib olingani, ular ham Milliy o‘quv dasturi kabi muhokama va ekspertizadan, jumladan, umumxalq muhokamasidan o‘tgan-o‘tmaganiga oydinlik kiritilishi so‘ralgan.

Maktubda “administratsiyada ta'lim masalalariga javobgar bo‘lmagan Komil Allamjonovning ishchi guruhdagi va, umuman, bu jarayondagi vakolat va vazifalari nimalardan iboratligi, ular unga kim tomonidan va qaysi hujjat asosida taqdim etilgani”ni ochiqlash masalasi ham ko‘tarilgan.

“Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yilda Allamjonov AOKA rahbari bo‘lgan paytda AOKA huzurida tashkil etilgan “O‘qituvchi” ilmiy-metodik markazi direktori o‘rinbosari bo‘lgan, hozir “Yagona imtihon markazi”ga rahbarlik qilayotgan Yuliya Risyukova TDI va XTV vakillari bilan bir necha marta uchrashib, “O‘qituvchi” markazida yaratilishi boshlangan va markaz yopilgandan keyin huquqlari “Gid Tashkent” MChJda o‘tkazilgan darsliklar “zamonaviy dasturlar, yangi o‘quv qo‘llanmalarini yaratish” doirasida tajriba-sinovdan o‘tkazilishini ma'lum qilgan.

Ochiq manbalardagi ma'lumotlarga ko‘ra, “Yagona imtihon markazi” Komil Allamjonovga tegishli ekani, “Gid Tashkent” MChJ ham Komil Allamjonov bilan bog‘liqligi hisobga olinsa, “zamonaviy dasturlar, yangi o‘quv qo‘llanmalarini yaratish” harakatlari ortida kimningdir shaxsiy manfaatlari turmasligi qanday mexanizmlar bilan kafolatlangan?” deya savol qo‘yiladi murojaatda.

Unda yozilishicha, TDI va uning huzurida RTM tomonidan yaratilgan darsliklarni tahlil qilish maqsadida tuzilgan ishchi guruhga RTM tomonidan yaratilgan darsliklarga salbiy xulosa berishni talab qilib, bosimlar bo‘layotgani haqida xabarlar kelmoqda.

Yuqorida qayd etilgan holatlardan kelib chiqib, “zamonaviy dasturlar, yangi o‘quv qo‘llanmalarini yaratish”dan manfatdor shaxslarning kuchli ma'muriy resurslardan foydalangan holda RTM tomonidan yaratilgan darsliklar bo‘yicha ishchi guruh xulosalarining ob'ektivligiga ta'sir qilmasligi uchun qanday mexanizmlar joriy qilingani noma'lum qolmoqda.

“Umuman, bu jarayonda ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi va mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish holatlarining oldini olish qanday ta'minlanadi?”deya so‘raydi murojaat muallifi Komil Jalilov.

O‘zbekiston prezidenti va uning ma'muriyati rahbari nomiga jo‘natilgan rasmiy murojaatda yuqoridagi savollarga aniq, asoslangan javoblar berilishi so‘ralgan.

“Eltuz”

Tag‘in o‘qing
23 aprel 2018
Nukus ko‘chasiga burilishdagi, oldingi vinzavod ro‘parasidagi oziq-ovqat do‘koniga qarab ketyapman. Qarasam, bayramona kiyingan militsionerlar, bayroqcha ushlagan talabalar saflanib turishibdi. ...
14 avgust 2024
Eltuz Portaliga kelgan navbatdagi beshta maktub O‘zbekistonning Andijon, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridan. Dastlabki maktub Andijonlik Hayotulla  Boyboevdan. U bozorda tujjorlik qilishiga izn bermayotgan mahalliy hokimlardan norozilini prezidentga yetkazishimizni ...
26 fevral 2024
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi beshta maktubni o‘qiymiz. Ular O‘zbekistonning Xorazm, Toshkent, Andijon va Samarqand viloyatlaridan kelgan. Dastlabki shikoyat Xorazmning ...
29 iyul 2018
O‘zbekistonda eng uzoq muddat qamoqda o‘tirgan jurnalist va sobiq siyosiy mahbus Muhammad Bekjon o‘zbek turmasidagi hayotiga bag‘ishlangan birinchi kitobini ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...