Asosiy mavzular
15 oktyabr 2022

Uchko‘prikda paxta mojarosi: fermerlarning yerlari tortib olinyapti

Kuni kecha Uchko‘prik tumanidagi 80 nafarga yaqin fermer avval prokuraturaga, so‘ng tuman hokimligiga chaqirtirilib, yerni topshirish haqida majburan ariza yozdirilgani aytilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu haqda xabar tarqalganidan so‘ng fermerlardan biri “Eltuz” bilan aloqaga chiqib, vaziyatga izoh berdi.

Uning aytishicha, haqiqatan ham paxta rejasi to‘lmayotgan fermerlarni 13 oktyabr kunning birinchi qismida tuman prokurori chaqirgan. Dastlab u fermerlarni paxtani sotib yuborayotganlikda ayblab, so‘ng yerni darhol topshirish haqida ariza yozishga majburlagan.

“Keyin prokuraturaga chaqirilgan hamma fermer hokimlikka olib kelindi. Bu yerda ham 15-20 chog‘li fermer o‘tirgan, ikkita notarius bor ekan. To‘g‘risi, shu g‘alla, paxta mashmashasidan zada bo‘lganim, kosamiz oqarmagani sababli ariza yozish talabini rad etmadim. Notariuslar tayyor yozib qo‘ygan arizaga qo‘l qo‘yib, muhr bosib chiqdim”, dedi “Eltuz” bilan gaplashgan fermer.

Uning bu gaplari to‘g‘riligini, notariuslar avvaldan tayyorlangan arizaga qo‘l qo‘ydirib olayotganini yana ikki fermer tasdiqladi.

Farg‘onalik faollar Sharifa Murod, Olimjon Haydarov va Ulug‘bek Ma'murov ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifalarida soat 22 gacha hokimlik binosi yonida turishgani, ammo ichkariga kiritilmagani, mas'ullar qabul qilmaganini yoritib borishdi.

Xususan, bir guruh fermerlar unga aloqaga chiqqanidan so‘ng hokimlikka yetib borgan Olimjon Haydarov u yerda 4,5 soat bo‘lgani, bu vaqt davomida binodan beshta fermer chiqqanini yozdi.

“Qaysidir biri o‘z ixtiyori bilan yerini topshirishga ariza yozganini, boshqasi tayyor yozilgan hujjatga imzo chekkani, qaysidir biri faqat rejani bajarish bo‘yicha topshiriq bo‘lganini aytdi. Lekin hech biri majburlash bo‘lganini tan olmadi”, deya ma'lum qildi faol.

Shuningdek, uning bildirishicha, unga aloqaga chiqqan fermerlar ham faol yetib kelganidan so‘ng telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermagan yoki telefoni o‘chiq bo‘lgan.

“Eltuz” bilan suhbatlashgan bir fermer esa rejani to‘ldirganiga qaramay, hokimlik yana 4-5 tonna paxta topshirish majburiyatini yuklaganini ma'lum qildi.

“Agar shu paxtani topshira olmasam, yerim tuman zaxirasiga olinishiga roziman, deb ariza yozib chiqdim. Tayyor yozilgan qog‘ozga qo‘l qo‘ydim”, dedi fermer.

Majburan ariza yozib chiqqan fermerlardan to‘rt nafari “Eltuz” muxbiri bilan mikrofonda suhbatlashishni istamadi. Ammo o‘rganishlar davomida ular yana klasterdan, hokim va prokurordan shikoyat qilishdi.

Fermerlarning so‘zlariga ko‘ra, klaster ayrim fermerlar topshirgan paxtaning pulini 9 oktyabrdan buyon bergani yo‘q. “Farg‘ona global tekstil” klasterining Uchko‘prikdagi vakili bu holatni tan olar ekan, 14 oktyabr kuni pul bankka o‘tkazilishi aytish bilan kifoyalandi.

Biroq oradan bir kun o‘tsa ham fermerlar bankka pul o‘tkazilmaganini bildirishdi.

Aksincha, fermerlarga qaerdan bo‘lsa ham paxta topish va 2 tonnadan kam topshirmaslik talabi qo‘yilgani, yana bir necha fermer prokuraturaga chaqirilib, qo‘rqitilgani aytilmoqda.

“Eltuz” vaziyatni kuzatishda davom etadi.

Tag‘in o‘qing
6 may 2016
O‘tgan hafta boshida Eltuz.com O‘zbekistonda eng oliy hukumat izni bilan yagona monopolist pereferentsiyasi berilgan «General motors» shirkati ustamalari bo‘yicha ...
14 sentyabr 2020
Bir tanishim bor edi. Hozir o‘tib ketgan. Ikki-uch yilda chorraha yoki metro vagonida to‘qnash kelib qolardik. U qo‘liga rubob ...
20 sentyabr 2019
Nepotizm lotincha nepos so‘zidan olingan bo‘lib, uning lug‘aviy ma'nosi – “nevara” yoki “jiyan” deganidir. Ammo bu so‘zning zamonaviy ma'nosi ...
23 noyabr 2018
Italiyaning Bari shahrida 22 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan maxsus marosimda «Eltuz» nashri direktori Umida Niyazovaga «Tinchlik muxbiri» (Reporter for ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...