Asosiy mavzular
11 aprel 2023

Og‘ilxonada yashayotgan oila, quyosh batareyasi va Mobiuzning o‘rnatilmagan antennasi – EP68

Salom qadrli muhlislar. Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Maktublar Buxoro, Farg‘ona, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlaridan kelgan. E'tiboringizga taqdim etmoqchi bo‘lganimiz dastlabki murojaatni Qashqadaryoning Machay qishlog‘ida yashayotgan kambag‘al ayol jo‘natgan. U eri o‘lib ketgani, nogiron kelini bilan og‘ilxonada yashayotganini aytmoqda, maktub video  videomurojaat tarzida prezident Mirziyoevga yo‘llangan.   

“Men – Jumagul Norbo‘taeva, Qashqadaryo viloyatidan murojaat yo‘llayapman. Bu yerga Machay qishlog‘idan 43 yil avval kelin bo‘lib kelganman. Xo‘jayinim vafot etgan. Yolg‘iz bolamning topgani ro‘zg‘orga yetmaydi, kelinim esa tug‘ma nogiron. Nogironlik nafaqasi tayinlanishi uchun uni shifokorlarga olib borishga ham qurbimiz yetmayapti. Kambag‘al ahvolda kun ko‘ryapmiz. Qo‘limiz kaltaligidan og‘ilxonada yashayapmiz. Gohida odamlardan non tilanib yuraman. Tuman hokimiga ko‘p martalab borganman. Qarshiga ham bir necha bor qatnadim. Ammo bizga ko‘mak berishmayapti. Hurmatli Prezident ota, sizdan ko‘mak so‘rayman! Qolgan besh kunlik umrimni yaxshiroq sharoitda o‘tkazay degan orzum bor…”

Navbatdagi maktubni Ichki Ishlar vazirligida ishlovchi xodimning xotini yozgan. U erining ish bilan bo‘lib o‘z turmushidan uzoqlashib ketgani, buning oqibatida bolasini yarim yetimga chiqarib qo‘yishganini yozmoqda. 

«Assalomu alaykum Eltuz og‘a. Men bir ichki ishlar xodimining turmush o‘rtog‘iman. Turmush o‘rtog‘im ichki ishlar vazirligda ishlaydi. 

Bugun juda ham yomon kayfiyatdaman. Katta farzandim maktabdan kelib, chidab bo‘lmas darajada gap aytdi. Menga juda og‘ir botdi. Farzandimni yetimlar ro‘yxatiga kiritib qo‘yishibdi. Menga oyi bir tomonlama yetim nima degani deb savol berdi. Men unga otasi yoki onasi yo‘qlarni shunaqa deyishadi deb aytdim. Farzandim menga nega unda meni shunaqa ro‘yxatda o‘qishdi deb so‘radi. A'zoyi badanim titrab ketdi. O‘qituvchisi bilan gaplashdim va oydinlik kiritdim. Farzandimni sinfdoshlari turmush o‘rtog‘imni biror marta xam ko‘rmagan ekan, o‘qituvchi xam. O‘qituvchisi sinfdoshlaridan so‘raganida dadasi yo‘q, biz ko‘rmaganmiz, deb javob berishgan ekan. 

Bu bilan nima demoqchiman.

Hurmatli va qimmatli ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov…

Men yolg‘iz ona bo‘lib qoldim. Chunki turmush o‘rtog‘im umuman kundalik turmushimga qarashmaydi. Farzandlarimni yolg‘iz o‘zim katta qilayapman. Ertalab tong saharda chiqib ketib, kechasi soat 22:00 dan keyin keladi. Farzandlarim otasini ko‘rmaydi. 

Uyimizda adashmasam ikki oy avval bayram bo‘lib ketdi. Turmush o‘rtog‘imni bunaqa xursand ko‘rmagandim. Sababi, internetlarda ichki ishlar vaziri almashadi degan maqolalar chiqdi. Turmush o‘rtog‘im judayam xursand edi, yangi vazir kelsa, yangi tartib joriy qilinadi deb. 

Iltimos, sizdan vazir janoblari xech bo‘lmasa yakshanba kunlari dam bering. Bechora bolalarimning otasi borligini qo‘shnilarim ko‘rsin. Siz va siz rahbarlik qilayotgan tizim oilalar kushandasiga aylanib bo‘ldi. Siz bolalarimizning otasini tirik yetimga aylantirib bo‘ldingiz. Bolalarimizni ota mehridan judo qildingiz. Mayli xozir vazirdirsiz, hali oxiratda bolalarni ota mexridan judo qilganingiz uchun xudoning oldida javob berasiz. 

Men yolg‘iz o‘zim bolalarni tarbiyalashda ularga qarashda qiynalishimga siz va siz raxbarlik qilayotgan tizim sababchi. Bozorga ham o‘zim boraman, uyda ro‘zg‘or ishlarini ham o‘zim qilaman, farzandlarimni aylantirishga ham o‘zim olib chiqaman hamma narsaga o‘zim yuguraman. 

Shunaqangi asabiyki gap gapirgani qo‘rqadi odam. Yaxshi dam olmay, doim asabiy yuradi. Bilmadim yaqinda jinni bo‘lib qolsa kerak deb o‘ylaysan. Eng qizig‘i kichkina farzandim otasini tanimaydi. Menku bitta ichki ishlar xodimining ayoliman, hali bunaqa ayollardan qancha bor ekanu…

Yaxshiyam vazirlikda ishlaydi. Ichki ishlar vazirligining nomi ulug‘, surpasi quruq ekanda. Viloyatlardagi ahvol bundan xam battar bo‘lsa kerak. Hurmatli vazir janoblari avvallari 12 yilda pensiyaga chiqilardi endi 20 yilda chiqadi pensiyaga. Pesiyadan keyin ham yashashini o‘ylang xodimlaringizni. Oilasiga kerak bo‘ladi deb o‘ylaysizmi. 

Tizimni islox qilish kerak va konstitutsiyaga shularni xam qo‘shib qo‘yish kerak deb o‘ylayman.»

Keyingi maktub Buxoroning Olot tumanidan. Ota onalar Esaboy qishlog‘idagi maktab qurilishi to‘xtab qolgani uchun bolalar maktabga bora olmayotganidan tashvish bildirishmoqda. 

“Qurilish ishlari hali tugallanmadi, bolalar maktabga bora olmayapti”

 “Buxoro viloyati Olot tumanidan murojaat qilyapmiz. Boybo‘ri MFY Esaboy qishlog‘ida joylashgan 58-maktabda qurilish boshlangan edi, ammo qurilish ishlari hali tugallanmadi. Quruvchidan so‘rasak, mablag‘ yo‘qligi uchun qurilish bo‘lmayotgan ekan. Bolalar maktabga bora olmayapti. Qurilish tezroq yakunlanca edi…”» deydi maktub egasi:

Keyingi murojaat Farg‘ona viloyataridan. Maktub quyosh batareyalari uchun ajratilgan kreditlar bilan bog‘liq muammolar yuzasidan.

«Assalomu alaykum Eltuz og‘a. Men Farg‘ona viloyatidan murojaat yo‘llayapman. 

Yashil energiya manbalarini xonadonlarga o‘rnatish bo‘yicha Prezident qarori chiqdi, banklar 15% kredit bera boshladi, lekin bu kredit berish uzoqqa cho‘zilmadi. Bizning qishloqda elektr toki ko‘p o‘chadi shuning uchun uyimga 3 KVT bo‘lgan Quyosh elektr energiyasi mini stansiyasi o‘rnatish uchun kredit olgani mikrokredit bankka borsam kredit foizi 24% deyishdi, boshqa banklarga borsam ularda kredit limiti tugapti. Naxotki Farg‘ona viloyatidagi banklar uchun prezident qarori ishlamasa nimaga endi tugaydi limit?  Axir prezidentimiz xohlovchilarga kredit ajratinglar deyishdi.»» deya yozadi Farg‘ona viloyati turg‘uni Eltuz portaliga. 

Va nihoyat e'tiboringizga havola qilinajak so‘nggi maktub Jizzax viloyatidan. Maktub egasi va'da qilingan Mobiuz antenna machtasi o‘rnatilmay kelinayotganidan tashvish bildirmoqda.  

 “Jizzax viloyati Forish tumani Elobod qishlog‘ida Mobiuz kompaniyasi tomonidan antenna machtasi o‘rnatilishi kerak edi. 2022 yil 1 avgustda Telegramda e'lon qilingan murojaatga Forish tumani va Jizzax viloyat hokimliklari rasmiy munosabat bildirib, antenna machtasi 2022 yil  oxirigacha qurib bitkazilishini ma'lum qilgan edi. Ammo u hali ham ishga tushirilmadi. Mobiuz Jizzax viloyati texnik direktoridan so‘rasak, pudratchilar ishni qilmayapti dedi. Ushbu masala qachon hal qilib berilar ekan?”

Biz esa ushbu so‘nggi maktub Mobiuz antennalari orqali o‘z egalariga yetib boradi degan umidda ko‘rsatuvimizga yakun yasaymiz. Ko‘rsatuvimizga kelayotgan izoxlarda ko‘pincha biz bilan qanday bog‘lanish. Qanday qilib bizga murojaat qilish mumkinligi to‘g‘risida so‘rashadi. Bilmaganlar uchun yana bir bor eslatamiz. eltuz portali interaktiv tarzda telegram kanalida alohida sahifa shaklida ochilgan. Murojaatlar uchun u yerga maxsus bot ham o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham e'tiboringizga taqdim etishga intiladi. Kun davomida biz bilan qoling. Kanallarimizga obuna bo‘lishni unutmang.  

@eltuz

Tag‘in o‘qing
28 mart 2022
Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirganiga bir oy to‘ldi. Rossiya Ukrainani uch kunda bosib oladi, degan bashoratlar (ular orasida g‘arb ...
10 oktyabr 2015
O‘zbekistonda odamlarning qullarcha majburiy mehnatga jalb etilgani haqidagi xabarlardan keyin, har safar bu xabarlarni yetkazganlarga qarshi kampaniya tashkil etiladi. ...
14 iyul 2024
Eltuz Portaliga navbatdagi beshta maktub O‘zbekistonning Toshkent, Xorazm, Surxondaryo va Namangan viloyatlaridan kelgan. Dastlabki murojaat  Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidan. Zarbdor MFY Zarbdor ko‘chasida joylashgan fermerga tegishli bug‘doy dalasi yoqib yuborilgan.   Murojaatga ilova qilingan suratlarda yong‘in oqibatida bug‘doy dalasidan tashqari, atrof muhitga, daraxtlarga ham zarar yetganini ko‘rish mumkin. Yong‘in ...
12 oktyabr 2017
Prezident Mirziyoev 10 oktyabr kuni Sochida o‘tgan MDH davlat rahbarlari kengashi majlisiga yana milliarder Alisher Usmonovning samolyotida bordi. O‘zbekiston ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...