O‘zbekistonda 70 yangi Universitet ochishdan maqsad nima?
Hususiy universitetlarga O‘zbekistonda qanchalik zarurat bor? Ular yangi korruptsionerlar tayyorlab beradigan maskanlar emasmi? Maqsad halqni ma'rifatli qilishmi, yoki shunchaki “Lyubaya biznes xarasha” tipidagi cho‘ntak qappaytirishning yangi korruptsion sxemasimi?
Salom qadrli muxlislar ayni mavzuda Eltuzga yetib kelgan navbatdagi maktubni o‘qiymiz. Maktub egasi mendan farqli O‘zbekistonda Hususiy Universitetlar bo‘lishi kerak, lekin u yerda korruptsiya bo‘lmasligi kerak, murojatimdan maqsad oliy ta'limdagi ba'zi korruptsiya holatlarini to‘xtatishga hissa qo‘shishdir, deya hisoblaydi. Gap asosan yangi tashkil etilgan “Renesans” Universiteti haqida gap boradi. Iddao qilinishicha bu Universitetda 31 yo‘nalish bo‘yicha ta'lim berilarkan. Garvard va Oksford dam olavursin ekan. Eng qizig‘i Universitet haqiqiy ilm egalari tashabbusi bilan emas, korruptsiya ustiga qurilgani iddao qilinadi, jiddiy manfaatlar to‘qnashuvi ham ko‘zga tashlanadi. Maktubni o‘qiymiz.
“So‘nggi vaqtlarda ba'zi xususiy universitetlar (Renesans ta'lim universiteti, AKFA) haqida salbiy munosabatlar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasining IV yo‘nalish 49-maqsadida 2026 yilgacha nodavlat oliy ta'lim tashkilotlari sonini kamida 50 taga yetkazish begilangan bo‘lsa, 2022 yil dekabr holatiga ko‘ra ularning soni 70 tadan oshib ketdi. Bu ba'zi hukumat xodimlarining korruptsiyaga asoslangan firibgarlik faoliyati bilan ham bog‘liqdir.
Ayniqsa, 2022 yil Litsenziya berishda ma'sul tashkilot (Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi) faoliyatiga yuqoridan bosim o‘tkazishni kuchaytirgan.
O‘zini Prezidentga sadoqatli ko‘rsatib aslida bu tizimda korruptsiyani rivojlantirgan, Vazirlar Mahkamasining Ta'lim, sog‘liqni saqlash va sport kotibiyati rahbari bo‘lgan Vahobov Ma'ruf Malikovichning qilgan va qilib kelayotgan ishlarining noqonuniyligi bugungi ba'zi xususiy universitetlar faoliyatida ko‘zga tashlanmoqda.
2022 yil 5 aprelda ELTUZda chiqqan maqoladan xulosa chiqarmagan Ma'ruf Vahobov korruptsion faoliyatini yanada kuchaytirgan. 2022 yil oxirida xususiy universitetlarni ochish bo‘yicha litsenziya berishni to‘xtatilishini oldindan bilgan kotibiyat rahbari Ma'ruf Vahobov yangi xususiy universitetlar ochish, yangi yo‘nalishlarni qo‘shib berishni suniy ravishda tezlashtirgan va imkoniyatdan foydalanish yo‘lida korruptsion faoliyatini davom ettirib, unga bo‘ysinuvchi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasining shaffof ish foliyatiga to‘sqinlik qilgan.
Masalan, 2022 yilning sentyabrida ochilgan Qarshi shahridagi Iqtisodiyot va pedagogika universitetiga ochilganiga 3 oy o‘tmasdan 6 ta yo‘nalishni qo‘shib berishni talab qilgan. 2022 yil oktyabr oyida Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda DR BOBOEV HEALH CENTER MChJ (O‘zbekiston) va Neo Institute of Medical Sciences (Caenses) and Technology (Hindiston), Istanbul Sog‘lik bilimlari universiteti (Turkiya)ning Qarshi shahrida nodavlat ta'lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi Qarshi xalqaro tibbiyot universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlansada, Ma'ruf Vahobovning qarshiligi va turli vajlariga ko‘ra qaror bekor qilingan. Sababi, bu tibbiyot universiteti uchun mo‘ljallangan o‘quv binosi M.Vahobov tomonidan tankalik qilinayotgan Iqtisodiyot va pedagogika universitetiga o‘tishi kerak edi. (6 ta yo‘nalish qo‘shilganidan keyin o‘quv bino kerakda). Qaror loyihasining yo‘qqa chiqarilishi muammoni silliqqina hal bo‘lishiga olib keldi. (Albatta mushuk bekorga quyoshga chiqmaydi).
Mana sizga tashabbus, xalqaro loyihalar va hukumat qarorining taqdiri. Chol va oltin baliq qissasi kabi, shunchasiga qanoatlanmagan Ma'ruf Vahobov vaqt va imkoniyat borida Toshkent shahrida o‘zining xususiy universiteti ochishni rejalashtirdi. Qaynsinglisi hisoblangan o‘qituvchi Shahnoza Begnaevaning nomiga MChJ ochib, 2022 yilning 18 noyabrda litsenziya berish to‘g‘risidagi nizom talablariga xilof ravishda kichik bir binoni ijaraga olib, oliy ta'limning 31 ta yo‘nalishini o‘z ichiga olgan “Renesans ta'lim universiteti”ni ochgan (litsenziya № 049194). (ta'sischi o‘zi bo‘lishi qonunga zidda). E'tibor beringa 31 ta yo‘nalishga ruxsat olingan. O‘zbekistonning eng oldi davlat universitetlarida ham buncha yo‘nalish bo‘lmasa kerak. (O‘g‘ri bo‘l insofli bo‘l). Qing‘ir ishni ko‘zini bilgan Ma'ruf Vahobov o‘zi ochgan “Renesans ta'lim universitetining moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektori lavozimiga avvaldan hamkorlik qilib kelgan Qarshi shahridagi Iqtisodiyot va pedagogika universiteti ta'sischisi, sifat emas, balki ta'limdan pul qilishni yaxshi biladigan Ilhom Ergashevni tayinlaydi va o‘ziga ta'sischi sifatida sherik qilib oladi.
2023 yil may-iyun oyidagi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligining xususiy universitetlarni o‘rganishlar natijalarida ham Renesans ta'lim universiteti faoliyatiga ijobiy xulosalar berilgan. Aslida, ijaradagi o‘quv binoning 31 ta yo‘nalishga mos kelmasligi, 2023 yil fevraldan faoliyatini boshlasada, xorijdan o‘qishni ko‘chirish sharti bilan talabalarni 2-3 kurslarga qabul qilinganligi, sirqi ta'lim darslarining 70-80 foizi o‘tilmaganligiga va boshqa kamchiliklarga shunchaki ko‘z yumilgan. Sababi Renesans ta'lim universitetining asoschisi Ma'ruf Vahobov endilikda Bosh Vazirning kotibyati bo‘limi rahbari sifatida har qanday tekshiruvlarga bosim o‘tkazish imkoniyatiga egalik qilmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining oliy ta'limda kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga olib chiqish, Yangi O‘zbekistonni qurish yo‘lida olib borilayotgan islohotlarining hukumat xodimlari tomonidan o‘z manfaatlari yo‘lida noqonuniy foydalanilishi, qarshilik qilinishi, korruptsiya botqog‘iga tortilishini Vatan uchun xiyonat deb bilaman. Tegishli tashkilotlarga bunday holatlarga nazoratni yanada kuchaytirishni so‘rayman.
Hurmatli ELTUZ jamoasi adolatni qaror toptirish va O‘zbekiston xalqi manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi chiqishlariz bilan charchamang.
Ma'lum sabablarga ko‘ra, o‘z shaxsiyatimni oshkor qilolmayman, to‘g‘ri tushunasiz degan umiddaman” deya o‘z maktubini yakunlaydi Eltuz muhlisi.
Aziz muxlis, mavzu yuzasidan sizning ham fikrlaringizni ham fikrlaringizni kutamiz. Demak O‘zbekistonda yiliga 50 ta o‘rniga 70 ta qo‘ziqorin kabi Universitetlar ochilmoqda. Savollar esa juda ko‘p, u yerda yangi ilm toliblarini yetishtirayotgan professorlarning savodi qay darajada, nega O‘zbekistonda Oksford, Garvard kabi yuztalikka kirgan Universitetlarning filiallari yo‘q? Otini “Marjon” qo‘yib Universitet ochishda qanchalik hayr bor? Nega O‘zbekiston Universitetlarida olingan diplom dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, masalan Shvetsiyada e'tirof etilmaydi. Albatta bu haqda bizga yozing. Obuna bo‘ling. Eltuz yuqorida qayd etilgan 70 ta Universitet professorlari uchun ham minbar berishga tayyor.