Asosiy mavzular
19 noyabr 2023

Ukrainadagi urush O‘zbekiston iqtisodiga qanday ta'sir qildi?

Mustaqil iqtisodchi Yuliy Yusupovning Ostona shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo tadqiqot markazlari forumidagi chiqishida Ukrainadagi urushning O‘zbekiston iqtisodiga ta'sirini ikki davrga bo‘ldi. Birinchisi keng ko‘lamli urushning dastlabki davri bo‘lib u 2022 yil boshidan to 2023 yilning martiga qadar davom etgan. Ikkinchi davri esa 2023 yilning martida boshlangan va bugun ham davom etmoqda.

Ayrim tahlilchilardan farqli Yusupov, Rossiya urushining aynan dastlabki davri  O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishiga salbiy ta'sir ko‘rsatmagani, aksincha yaxshi ko‘rsatkichlarga erishilganini ta'kidlaydi.

Iqtisodiy o‘sish sur'ati 2022 yilda 5,7% foizni tashkil qilgan va bu bir qancha omillarga bog‘liq:

Birinchidan O‘zbekistonda Rossiyaga eksport hajmi oshdi. Markaziy bank ma'lumotlariga ko‘ra 2022-yilda oldingi yilga nisbatan – umumiy eksport hajmi 33,4 foizga oshgan va buning katta qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu hissa 2021 yilga nisbatan 52,6 foizga ko‘pdir. Yusupovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga tovar eksportining o‘sishi, Rossiya-Ukraina urushi bilan bog‘liqdir.

O‘zbekiston tovarlari Rossiyaga qarshi sanktsiyalar bois yuzaga kelgan bo‘shliqni egalladi.

Jahon brendlari Rossiyani tark qilgach, O‘zbekistondan ayni shirkatlarning to‘qimachilik, transport va texnika maxsulotlarining Rossiyaga reeksport hajmi ortdi.

Iqtisodchining e'tirofiga ko‘ra, reeksport ko‘p hollarda norasmiy tarzda amalga oshirilgani uchun Markaziy bank va Statistika agentligi ma'lumotlarida sezilarli tafovutni kuzatish mumkin.

Ikkinchi omil esa O‘zbekistonga Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmi oshdi. Rossiya Ukrainaga urush ochgan 2022 yilga kelib, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni kamaymadi, aksincha, ularning soni biroz ko‘paydi, deya ta'kidlaydi Yusupov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022-yilda Rossiyada yashayotgan o‘zbek migrantlari soni, oldingi yilga nisbatan bir necha 100 ming nafarga ortgan.   

Ayni paytda, mamlakatda ilgari kuzatilmagan boshqa tendentsiya ham kuzatilgan. Bu urush bois Rossiyadan O‘zbekistonga rus migrantlarining ko‘chishi bilan bog‘liq holat.

2022-yilning ikkinchi yarmida Rossiyadan O‘zbekistonga 200 ming nafardan ziyod rossiyalik migrantlar ko‘chib kelgan. Joriy yilda esa ularning soni ko‘payishda davom etmoqda. Ular o‘zlari bilan birga O‘zbekistonga pul olib kelishgan. Ayni paytda bu tendentsiya bir qator tovarlar va xizmatlarga talabni oshirdi deya ta'kidladi Yusupov o‘zining forumdagi nutqida.

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra ruslar shuningdek tashqaridan turib Rossiyaga import mahsulotlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishmoqda, buning uchun ular O‘zbekiston fuqarolari yoki shirkatlaridan foydalanishmoqda. Shuningdek, Rossiyaning sanktsiyalar ostida qolgan banklari moliya operatsiyalarini  O‘zbekiston banklari orqali amalga oshirgan. Va bu ham mamlakatga qo‘shimcha pul o‘tkazmalari kelishiga omil bo‘lgan.

Yusupovning bildirishicha, urush boshlanganidan keyingi 4 chorakda bu – 92 foizni tashkil qilgan. O‘tkazmalarning umumiy hajmi esa 18 milliard 6 million dollarni tashkil etgan. Bu 2022-yilgi O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 23,1 foizidir.

Iqtisodiy o‘sishning uchinchi omili, Yusupovga ko‘ra, Rossiya, Xitoy va Turkiyadan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmining oshishi bilan bog‘liq.

2022-yilda O‘zbekistonga 2,5 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritildi. Masalan, bu miqdor o‘tgan yillarda, jumladan, pandemiyadan oldingi 2019 yilgi 2,3 milliarddan ko‘ra ko‘pdir.

Biroq Yusupov bu davrda O‘zbekistonning tashqi qarzlari ham sezilarli darajada oshganiga ham e'tibor qaratadi:

Bu qarz 5,9 mlrdga oshgan. O‘zbekistonga kiritilgan xorijiy investitsiya va kreditlar hajmida eng katta ulushni tag‘in Rossiya egallamoqda – 20,3 foiz. Undan keyingi o‘rinlarda Xitoy – 16,4 foiz va Turkiya – 10,1 foiz.

To‘rtinchi omil iste'mol talabining o‘sishi.

Bunga, jumladan, ko‘chib kelgan rossiyalik emigrantlar oqimi sabab bo‘lgan. Talabning ortishi ishlab chiqarish hajmining ortishiga olib keldi.

Shunday qilib, 2022-yilda O‘zbekistonda 60 mingdan ortiq norezident, asosan Rossiyadan hisob raqamlarini ochib, ularga 892 million dollar joylashtirgan. Norezidentlarning bunday moliyaviy faolligi yil davomida xorijiy valyutadagi depozitlar hajmining 9 foizga oshishiga olib keldi.

IT-sohasining o‘sishi ko‘p jihatdan Rossiya va Belorussiyadan relaksantlarning ko‘chishi bilan ham bog‘liq: O‘zbekistonga 3000 dan ortiq IT-mutaxassislari o‘zlari bilan kompaniyalari, jamoalari va sarmoyalarini ham olib kelishdi.

Yuliy Yusupov O‘zbekistonning Rossiya urushidan o‘ljalari ko‘lamini tariflar ekan, bu o‘quvchiga ancha jozibali ham tuyulishi mumkin. Biroq ko‘tarilishdan so‘ng, pastga qulash ham bor. Yusupov nutqida keltirilgan faktlarga ko‘ra, bu salbiy oqibatlar aynan O‘zbekiston aholisi turmush tarziga salbiy ta'sir ko‘rsatdi.

Urushning O‘zbekiston iqtisodi uchun eng muhim salbiy oqibatlaridan biri esa mamlakatda yuqori inflyatsiya sur'atlarining saqlanib qolishida ko‘rindi: 2022-yilda bu miqdor – 12,3%, 2023-24-yillar uchun prognozlar 9-11% ni tashkil etmoqda. Inflyatsiyaning yuqori darajasi, jumladan, Ukrainadagi urush munosabati bilan oziq-ovqat, energiya resurslari, xalqaro transport xizmatlari va logistika narxlarining oshishi bilan bog‘liq.

Bundan tashqari, ko‘chib kelganlar oqimi ijara va ko‘chmas mulk bozorlari, shuningdek, mehmonxona, umumiy ovqatlanish, ko‘ngilochar, oziq-ovqat, maishiy tovarlar va xizmatlar narxlariga salbiy ta'sir ko‘rsatdi.

Xorijga valyuta o‘tkazmalarining oshishi va tashqi qarzlarning ko‘payishi, so‘m devalvatsiyasining pasayishiga, milliy valyuta ayirboshlash kurslaridagi farqlarga olib keldi, bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi.

Bundan tashqari, mamlakat moliya sektori va korxonalari Rossiya va Belorusga qarshi sanktsiyalarni chetlab o‘tish sxemalarini qo‘llagani, hamda ushbu mamlakatlar fuqarolarini O‘zbekistonga ko‘chirish bilan bog‘liq firibgarlik, shuningdek ikkilamchi sanktsiyalar xavfini yuzaga keltirdi. O‘zbekistondagi ba'zi kompaniyalar allaqachon bunday sanktsiyalar ostida qolishdi.

Urushning ikkinchi yili. 2023 yilning martidanoq yuqorida qayd etilgan ijobiy ta'sir ortga chekina boshladi. Bu jumladan, rubl kursining pasayishida ko‘zga tashlandi.

Bu esa eksport va Rossiyadan muhojirlarning pul o‘tkazmalariga salbiy ta'sir ko‘rsatdi.

Shunday qilib, 2023 yilning birinchi 5 oyida Rossiyaga o‘rtacha oylik tovar eksporti 2022 yilning oxirgi 9 oyiga nisbatan 24 foizga kamaydi. O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari esa 2023-yilning birinchi yarmida 2022-yilning ikkinchi yarmiga nisbatan 35 foizga kamaydi. Rublning qadrsizlanishi o‘zbek so‘mi kursining joriy yil boshidan qariyb 8 foizga pasayishiga sabab bo‘ldi.

Rossiyadan chiqib ketgan xorijiy shirkatlarning O‘zbekistonga kirishga bo‘lgan umidi so‘ndi. Chunki O‘zbekistondagi kompaniyalariga ikkilamchi sanksiyalar qo‘llanishi xavfi ortdi, boz ustiga  O‘zbekistondagi biznes muhiti hali ham qoniqarsiz holatda qolmoqda.

Garchi, urush sarmoya kiritishni rag‘batlantirdi, dunyoning ko‘plab davlatlari tomonidan imkoniyatlari cheklab qo‘yilgan Rossiya shirkatlari sarmoya yotqizishni istaydi. Rossiya, Xitoy va Turkiya kabi yirik davlatlar Markaziy Osiyo mintaqasida o‘z ta'sirlarini kuchaytirishga intilishadi; Rossiyanikidan farqli, muqobil transport yo‘laklarini ochish loyixalariga ehtiyoj tug‘iladi.

Shunday qilib, 2022-yilda Rossiyaning Ukrainadagi urushi O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qilish o‘rniga, uni birmuncha rag‘batlantirdi, garchi bu davr kelajakdagi salbiy oqibatlarning xamirturushi bo‘lib ham xizmat qildi. Biroq, 2023-24 yillarda aftidan vaziyat mutlaqo o‘zgarishi mumkin: urush (ayniqsa, u yana davom etsa) mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga to‘siq bo‘ladi deya xulosa qiladi Yuliy Yusupov.

Eltuz Rossiyaning urushi va uning O‘zbekistonga ta'siriga oid tahlilni davom ettiradi. Kanalimizga obuna bo‘ling. Videolarimizga layk bosing.

Tag‘in o‘qing
5 dekabr 2021
Rassom Kirpi
30 yanvar 2018
Rassom Dumham Eltuz.com
1 noyabr 2024
Mana xafta zuvv etib aylanib, yana siz bilan yuzma yuzman. Bir xafta ichida nimalar bo‘lmadi o‘zbekistonda. Keldi xush  gulgun zamon ...
21 iyun 2018
Besh yil xalq ta'limi vaziri bo‘lgan Ulug‘bek Inoyatov 20 iyun kuni ishdan olindi. O‘rniga Innovatsion rivojlanish vazirligi mulozimi Sherzod ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...