Asosiy mavzular
22 aprel 2024

Tillaga aylangan yo‘l va kuni toyloqliklarning puliga qolgan Janze… 

Eltuz portali №141: So‘nggi 5 ta maktub O‘zbekistonning Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon va Samarqand viloyatlaridan kelgan. Dastlabki shikoyat Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanidan. Chiqindilarni yo‘q qilish muammosi:

 “Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani Yashnobod MFYdan murojaat yo‘llayapmiz. Chiqindilarni yig‘uvchi “Solitary garden” korxonasining o‘z vazifasini bajarishidagi sustkashlik sababli mahallamiz mana shu ahvolga kelib qoldi. Mutasaddilarimiz bu holatga e'tibor qaratishmas ekan, kelgusida biz bundan-da ayanchli manzara guvohi bo‘lishimiz mumkin…”

Keyingi shikoyat Surxondaryodan. Fuqarolarning vaqti Majburiy ijro byurosi eshigi oldida kutish bilan o‘tmoqda.

 “Surxondaryo viloyati Termiz tumanidan murojaat qilmoqdamiz. Tuman Majburiy ijro byurosi yonida fuqarolar sarson bo‘lmoqda. Chunki ba'zida xodimlarni ish joyidan topib bo‘lmaydi. Oqibatda fuqarolarning kuni tashkilot xodimlarini kutish bilan o‘tadi. MIB mas'ullaridan holatni nazoratga olishlarini iltimos qilamiz”.

Va navbatdagi maktub Chiroqchidan. Tag‘in mamlakatning rasvo yo‘llari. Bugungi paradda peshqadamlikni Qashqadaryo yo‘llari egalladi.

«Qashqadaryo viloyatida Chiroqchi tumanidagi eng rasvo yomon yo‘lni tomosha qiling, viloyat va tuman deputatlari hamda viloyat hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari qachon o‘z ishini qiladi.

Tuman hokimligining esa parvoyi falak, faqatgina hokimlik binosini qayta qayta remont qilish bilan band.

Har  kuni chuqurlarni sanab mashinalar buzilmoqda, mahalla ahli ko‘chadagi changdan aziyat chekmoqda, yog‘ingarchilik vaqtida tizza bo‘yi loyga botishadi.

Qaniydi ushbu murojaatimizni xalq dardi bilan yonib yashaydigan viloyat hokimimizga yetib borsa ahvolni ko‘rganlarida edi, kamchiliklar bartaraf qilingan bo‘lardi!

Maktab o‘quvchilari esa ilm olish uchun maktabga borishda juda katta qiyinchilikka duch kelishmoqda.

Chiroqchi tumani Choshtepa mahallasi ichidan o‘tgan ko‘cha asosiy ko‘chalardan biri taxminan 2 km yo‘l shunaqa ko‘rinishda.»

Agar O‘zbekiston yo‘l idorasining har kilometr yo‘lga 950 ming dollar sarflashi haqidagi hisoboti to‘g‘ri bo‘lsa, Chiroqchining bu yo‘li 999 probalik tilla bilan qoplanishi kerak edi. Yoki raxmatlik Boris Nemtsov ta'biri bilan aytganda, shuncha pulga bu yo‘l qalinligi 5 santimetr uzunligi ikki kilometrlik qora ikra bilan qoplangan bo‘lardi. Kep qoling, yo‘l solig‘idan yeb qoling. Keyingi maktub Andijondan. Shaharda o‘quv markazi tashkil etmoqchi bo‘lgan tadbirkor yozmoqda.

«Assalomu alaykum Xurmatli Tuz og‘a.

Sizlarga murojaat qilishimdan maqsadim shuki, men o‘zim IT (ayti) soxasi mutaxassisiman. Shu soxada o‘qiganman, o‘quvchilarga dars xam berganman o‘quv markazda ishlab. Shogirdlarim xam bor. Xozirda o‘zimning xususiy o‘quv markazimni ochmoqchiman.

Ayni paytda Andijon shaxri, Eski shaharda, Markaziy dehqon bozorining 2-qavatidagi binolar bo‘sh turipti. Ancha yildan beri bo‘sh turadi va xech kim foydalanmaydi. Shu joydan bitta joyni olib o‘quv markaz qilmoqchiman. Lekin bozorqo‘m Umarov Maqsud aka bunga to‘sqinlik qilib kelmoqda. Ilgari xam buni undan so‘raganimda Alisher degan xodimi hal qilishini aytgan edi. U xodim esa mendan xizmatini bersez, ishizi tez xal qilib beraman degandi. Xozirda u xodim sog‘ligi yomonlashgani sabab ishdan bo‘shagan. O‘rniga boshqa xodim ishlamoqda.

Naxotki bo‘sh joyni olib ishlatish uchun ham shapka berish shart bo‘lsa?! Bo‘lmasa oddiy tadbirkor ocholmedimi shuni? U joyning arendasiga pul to‘laydi bozorni xisobiga tushadi bu pul, davlatga xam soliq to‘ledi, ishchi o‘rni yaratib xodimlariga oylik beradi, ularni xam daromadli qiladi. O‘zini o‘ylab menga ortiqcha tashvish kerak emas deb, pulni berib meni rozi qilsa o‘tiradi bo‘lmasa yo‘q deb ishni to‘xtatib, oddiy tadbirkorni yo‘liga to‘sqinlik qilish xozirgi Prezidentimiz olib borayotgan siyosatga xiyonat emasmi?!

Davlat ishida ishlaydigan tanishlarim ham aralashdi. Dadam bilan men nechi martadan uchrashdik borib, baribir xech kimning gapini olmadi, etibor ham bermadi, muomalasi ham judayam qo‘pol, faqat ishni to‘xtatish bo‘ldi maqsadi. Xech kanday natija bo‘lmadi. Shu muammoni yoritib berishingizni so‘rayman. Shunda balki bu muammo xal bo‘lib qolar degan umid bilan sizga murojaat qildim!»

Ochiqlik siyosatidan kelib chiqib ayni maktub e'lon qilindi. Lekin menimcha shaxsiy biznesingizga davlat ishida ishlaydigan tanishlaringizni aralashtirmaganingiz ma'qul. Bozor o‘z yo‘liga, siyosat o‘z yo‘liga.

Samarqandda esa mamlakat eng taniqli ashlachi Hamdam Sobirov kontsertiga o‘qituvchilar orqali majburiy chiptalar sotilmoqda ekan.  Hokim buyrug‘i bilan, prezident amri bilan.

«Assalomu aleykum!

 Men, Samarqand viloyati Toyloq tumanidan murojaat qilyapman. Shu kunlarda Maktabgacha va maktab ta'limi sohasida Prezidentimiz Sh.Mirziyoevning kuchli siyosatlari oldinga surilib, bor kuch-qudratimiz o‘quvchilarning ta'lim-tarbiyasiga, ularning kelajagiga qaratilishi o‘rniga pedagoglar 10 may kuni Samarqand shahrida «Janze» dasturi bilan konsert qo‘yadigan va foydani ham «kimlardir» ko‘radigan Xamdam Sobirovning konsert chiptalarini maktab o‘quvchi va o‘qituvchilariga sotishga majburlanmoqda. Chiptalar sotilmay qolgan taqdirda oylikdan ushlab qolinadi har doimgidek. Chipta narxi 50000 so‘m, bitta maktabga 50-60 donadan va  yo‘lkirasi ham kamida jamoa bo‘lib borish uchun tumandan ko‘rsatilgan joygacha o‘rtacha 20000-30000 so‘mni tashkil qiladi. Yana chiptada o‘rindiq raqami ko‘rsatilmagan. Stadionga borib o‘zingiz joy topib olaverasiz. Bu jarayonga asosan o‘quvchilarni jalb qilish so‘ralyapti. Boshlanish vaqti 17:00 da.  Yo‘l harakati qoidalariga ham, stadionda qaerdadir qolib ketishiga ham yana o‘qituvchi javobgar ekan.  Bu kontsert birinchisi ham oxirgisi ham emas. Samarqandga qaysiki san'atkor kelsa bizni «e'tiborimizdan chetda qolmaydi» Tuman ta'lim tizimi sho‘ba mudiri To‘ychi To‘xlievich degan shaxs Maktablarni daromad manbaiga aylantirib olgan shekilli, yoki maktablar san'atkorlarni boqish mas'uliyatini ham o‘z gardaniga olganmi? Bu savolga kim, qachon javob beradi bilolmayapmiz. Chiptalar kassalarda sotilsa bo‘lmasmikan». Deya yozadi samarqandlik Eltuz obunachisi.

Mana senga toyloq! Eh Janze, janze, kuning kelib kelib hech kosasi oqarmaydigan Toyloqning kambag‘al fuqarolari bolasining puliga qoldimi! Bundan ko‘ra Ozodaning shalag‘i chiqqan ko‘k jigulisini sudrab tirikchilik qilganing yaxshimasmidi deyishmoqda stadiondagi kontsert uchun palag‘da tuxum yig‘ayotgan toyloqlik bolalar.  

Va umuman bu sizga yetkazganimiz bugungi so‘nggi maktub edi. Eslatamiz, eltuz portali telegramdagi alohida sahifadir. U erga xatlar uchun maxsus bot o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham chop qilishga intiladi. Kanalimizga obuna bo‘ling. Agar ko‘rsatuvimizni qo‘llab quvvatlamoqchi bo‘lsangiz superraxmat tugmachasini bosing. Sog‘ bo‘ling.

Tag‘in o‘qing
18 may 2017
Shahrixon tumanida yuz bergan ommaviy zaharlanish muzqaymoq biznesiga sezilarli ta'sir ko‘rsatdi. Andijon shahridagi o‘nlab muzqaymoq do‘konlarida savdo 30 % ...
2 fevral 2017
Yangi yildan so‘ng yanvarning qoq yarmigacha Vatan himoyachilarini madh etishga ustivor e'tibor qaratgan O‘zbekiston telekanallari keyin prezidentning ketma-ket imzolanayotgan ...
10 noyabr 2023
RT: Mana xafta aylanib siz bilan birgaman. MS: Ëshi ulli, yoshi kichchi, mo‘chchi oybikalar nichiksizlar. Xo‘jik birrilar… RT: Matchonboy, odamlar ...
8 may 2017
3 may – Jahon matbuot erkinligi kuniga bag‘ishlab “Oltin qalam” mukofotlarini topshirish marosimi jurnalistlar va ayrim nashrlar e'tiroziga sabab ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...