Asosiy mavzular
10 iyul 2024

Konchilar, temir yo‘l ishchilari va suv muammosi – EP164

Eltuz Portaliga navbatdagi beshta maktub O‘zbekistonning Toshkent, Farg‘ona va Navoiy viloyatlaridan kelgan. Dastlabki murojaat Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati havfsizligi bosh boshqarmasi sayti ishlamayotganiga oid.

Video.yhxbb.uz sayti muammo bilan ishlayapti deya yozmoqda Eltuz obunachisi.

«Assalomu alaykum. IIVning video.YHXBB.uz sayti normal ishlarmikin? Bir hafta ishlasa 3 hafta shu ahvolda turadi. 

Bolalar o‘limi, avtoterroristlarning haddidan oshishiga ham shu narsa sababchi. Bu vazirlik xodimlari o‘zlari nazorat qilmagani yetmaganidek boshqalar yordamini ham e'tiborsiz qoldiradi. 

Bu holat birinchisi emas. Sizlarga oldin ham bu mazmunda murojaat yo‘llaganman. Vazirlik xatolikni to‘g‘rilab saytning ishlashini ta'minlab qo‘yishini talab qilaman!!! (xatolik kelib chiqishida internet bilan muammo yo‘q. bu muammo serverlar bilan bog‘liq)» deya yozadi murojaat muallifi.

Keyingi murojaat Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan. “Bosh shifokorni ish vaqtida ham ish joyidan topib bo‘lmayapti”

“Toshkent viloyati Zangiota tumanidan yozmoqdamiz. 16-oilaviy poliklinika bosh shifokori K.Q.ni ish vaqti ham ish joyidan topib bo‘lmayapti. “Mansab vakolatini suiiste'mol qilib, aka va otasi yuqori lavozimda ishlaganini ro‘kach qilib, xohlagan paytda ishga keladi” degan gap yuribdi. Bosh shifokor ham O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, jumladan, mehnat qonunchiligiga rioya etishi kerak emasmi? Sog‘liqni saqlash vazirligi holatni nazoratga olsa yaxshi bo‘lardi”, deya yozmoqda Zangiotaliklar.

EP:  “Noqonuniy ariq kovlagan fermer bir yildan buyon suvni bermay kelyapti”

“Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidan murojaat qilmoqdamiz. 2023 yil may oylarida Buvayda tumanidagi “Qo‘ng‘irot zamin ko‘rki” fermer xo‘jaligi Chilangar arig‘idan “So‘x vetka” kanaliga noqonuniy ariq kovlab olgancha bir yildan buyon suvni to‘sib, deyarli hech kimga bermay kelyapti. Bundan odamlar norozi bo‘lyapti. Biz – dehqonchilik qilamiz deb yer olgan tadbirkorlar ham to‘silgan sun'iy to‘g‘ondan o‘tgan suvni ekinlarimizga qo‘yishga majburmiz.

Bu yuzasidan tuman hokimligi, tuman irrigatsiya bo‘limi, tuman prokuraturasiga bir necha bor ariza bilan murojaat qildik. Lekin fermerning turmush o‘rtog‘i O‘zbekiston mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi boshlig‘i bo‘lgani uchunmi, u kovlagan ariqni qonuniydek qilib ko‘rsatishga urinish bo‘lyapti. 

Gap shundaki, ariq So‘x vetka kanalining himoya zonasidan kovlangan. Kanalning beton qoplamasi buzilib, uning himoya zonasi 2-3 metr chuqurlikda qazilgan va quvur tashlangan. Ariqning kengligi 2023 yilda 70-80 sm, chuqurligi 90-100 sm edi. 2024 yilga kelib uning kengligi  2 metrga, chuqurligi esa 1,5 metrga yetgan va hozir ham o‘pirilishda davom etmoqda. Bu esa ikki qishloqni bog‘lovchi yo‘lning torayishiga olib kelmoqda. Respublika rahbarlari, jumladan, Bosh prokuror, Suv xo‘jaligi va Qishloq xo‘jaligi vazirlari holatni bee'tibor qoldirmaydi degan umiddamiz” deya yozmoqda buvaydaliklar.

Keyingi murojaat Navoiy kon-metallurgiya kombinati aksionerlik jamiyatiga qarashli Daugiztau koni ishchilaridan kelgan. Ular prezidentga ochiq xat yo‘llab “Mehnat qonunchiligi va ish sharoitiga doir olti masala hal etilishini so‘rashgan”

“Ilgari Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaev, Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri B.Islomov,  NKMK bosh direktori Q.Sanaqulov, Navoiy viloyati hokimi N.Tursunovga jamoaviy murojaat yo‘llagan edik. Natija bo‘lmagach, hurmatli Yurtboshimizga maktub yubormoqdamiz. 

Bizning kon tarkibida oltin zarralari bo‘lgan tog‘ jinslarini ochiq usulda qazib olishga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, hozirda Daugiztau konida 1000 dan ortiq inson ishlaydi. Ba'zi ishchi-xodimlarni ko‘p yillardan buyon bir qator muammolar qiynab keladi.

1-masala. Mehnat kodeksining 221-moddasida mehnat ta'tili kalendar kunlari bo‘yicha hisoblanishi belgilangan, ammo bizda mehnat ta'tili bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirilayotganda yakshanba kuni nimagadir hisoblanmaydi. Bu Mehnat kodeksiga zid emasmi?

2-masala. Konimiz hududida ishchi-xodimlar yotoqxonasi joylashgan. Yotoqxona oldingi rahbarlar tomonidan puxta reja asosida qurilmagani sababli kon hududiga juda yaqin. Bizda ish 24 soat to‘xtamaydi. Ishdan chiqib dam olayotgan vaqtimiz kon ichida portlatish ishlari amalga oshiriladi va bu uxlab dam olayotgan ishchilarga juda yomon ta'sir ko‘rsatadi, uyqu buziladi. Yotoqxonaga chang-to‘zon ham uchib keladi. Bunday sharoitda normal dam olish imkoni yo‘q.

3-masala. Ishimiz vaxta rejimiga moslangan, 12 soat ishlab, 12 soat dam olamiz. Biroq 12 soat dam olishimizni o‘z xohishimizga ko‘ra o‘tkaza olmaymiz. Chunki yotoqxona kon ichida bo‘lgani sabab unda sensorli telefon ishlatish taqiqlangan. Nima bizning dunyo yangiliklaridan xabardor bo‘lishga yoki oilamiz bilan videoaloqa orqali ko‘rib gaplashishga, OAVda Prezidentimiz ilgari surayotgan tashabbuslarni qo‘llab borishga haqqimiz yo‘qmi? Nima sababdan bizdan 15 km uzoqlikda joylashgan Amantay koni yotoqxonasida sensorli telefon ishlatishga ruxsat bor-u, bizda yo‘q? 

4-masala. 24 soat ish to‘xtovsiz davom etsa-da, korxona oshxonasi 12 soat ishlaydi va kechki smenada ishlamaydi. Bunga sabab nima? Ma'lumot uchun, Amantay konida oshxona 24 soat ishlaydi. 

5-masala. Daugiztau konidagi transport sexining 4-uchastkasi chilangarlari 1 soat ish vaqtida ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusda kon oshxonasiga olib kelinmaydi va karerda ovqatlanishga majbur bo‘lishadi. Bu esa sanitariya-gigiena qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Biz ham maxsus belgilangan oshxonada issiq ovqat tanovul qilishni xohlaymiz. Ish beruvchining tushlikka borib kelishimiz uchun bitta avtotransport ajratishga moddiy imkoniyati yo‘qmi?

6-masala. Yotoqxona atrofida do‘kon yo‘q. Biz istasak ham, istamasak ham, 1 hafta kon oshxonasining gohida bemaza, kaloriyasi past taomlarini yeyishga majburmiz. Bu monopoliya emasmi? Nima sababdan tadbirkorlar do‘koni ochishi mumkin emas? Bu ishchi-xodimlar uchun foydali-ku! 

Biz oilamizdan uzoqda, O‘zbekiston oltin zaxirasini boyitish uchun harakat qilyapmiz. Bizni munosib mehnat sharoitlari bilan ta'minlash va muammolarimizni hal qilishda hurmatli Prezidentimizdan amaliy yordam so‘raymiz” deya yozmoqda mehnat sharoitlaridan norozi kon ishchilari.

Va nihoyat so‘nggi murojaat yakuniy haqlarini ololmayotgan O‘zbekiston temir yo‘llari jamiyatiga qarashli qurilish otryadi ishchilaridan.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli 67-ko‘prik qurilish otryadi sobiq ishchilarimiz. Mart oyida yakuniy hisob-kitob (“raschyotnыy”) uchun ariza yozib ishdan ketganmiz. Oradan 3 oy o‘tib boryapti, lekin ishxonamiz biz bilan yakuniy hisob-kitob qilgani yo‘q. Maosh, ta'til pulini olmaganlar bor. Qonuniy pullarimizni qachon berishadi? Bola-chaqa, ro‘zg‘or degan gaplar bor, axir. Haqimizni undirishda vakolatli idoralardan amaliy ko‘mak so‘raymiz” deya yozmoqda qurilish ishchilari.

Va bu sizga yetkazganimiz bugungi so‘nggi maktub edi. Eslatamiz, eltuz portali telegramdagi alohida sahifadir. U erga xatlar uchun maxsus bot o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham chop qilishga intiladi. Kanalimizga obuna bo‘ling. Agar ko‘rsatuvimizni qo‘llab quvvatlamoqchi, yoki ayrim yopiq videolarni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz super raxmat tugmachasini bosing.  Sog‘ bo‘ling.

Tag‘in o‘qing
13 dekabr 2024
Aziz va mukarram, qadrli va mehribon ko‘zi qora, qoshi qora yurtdoshlarim, mana xapta aylanib siz bilan yuzma yuz betma ...
27 may 2016
Joriy haftada Asakadagi mashina zavodida yana 50 kishi so‘roqqa tortilib¸ shaharni tark etmaslik borasida imzo chektirildi. Bundan oldin o‘nlab ...
6 fevral 2018
Istanbuldagi Otaturk qo‘nalg‘asida 1 kilo 75 gramm qoradorini Toshkentga olib ketayotgan 35 yashar O‘zbekiston vatandoshi S.K ushlandi. Turkiyadagi «Hurriyat» ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...