Buxoroda lift, Karkidonda suv muammosi Toshkentda esa kalamushlar bazmi – EP186
Calom qadrli muxlislar, nihoyat Eltuzga kelgan xatlarni o‘qish navbati yetib keldi. Navbatdagi beshta maktub, O‘zbekistonning Namangan, Buxoro va Toshkent viloyatlaridan kelgan. Shuningdek, bugungi ko‘rsatuvimizdan Andijondagi kavlangan chuqur bilan bog‘liq muammo hal etilgani yuzasidan rasmiylar munosabati ham o‘rin olgan. Dastlabki murojaat Namangan viloyatidan. Chust tumanidagi Karkidon qishlog‘ida bir haftadan beri ichimlik suvi yo‘q.
1. »Assalomu alaykum Eltuz!
Namangan viloyati Chust tumani Karkidon qishlog‘i Do‘stlik MFY hududida suv bir haftadan beri yo‘q.
Yashashga sharoitimiz ham qolmadi, MFY mulozimlari qulog‘ini berkitib olgan. Suvning pulini bir ochofat xalqdan yig‘ip olib jig‘ildoniga urvorgan.
Shuning orqasidan qator muammolar kelib chiqmoqda.
Iltimos dardimizni yoritib bering, zora MFY mulozimlari uyqudan uyg‘onsa» deya yozmoqda karkidonliklar.
Keyingi shikoyat Buxoro shahridan. Yangi qurilgan uylarning buzuq liftlaridan aholi qiynalmoqda
2. »Assalomu alaykum mana bu Buxoro shahar Sadriddin Ayniy 12-uydagi liftining ahvoli.
Doim shu ahvol, ishlamaydi! Necha marotaba homilador ayollar, bolalar qolib ketdi. Bu joydan uy sotib olayotganda ishlaydi, deb aldab kelishdi. Aholi qiynalib ketdi.
7 qavatgacha chiqish qiyin. Bolali oilalar, qariyalar 7 qavatgacha chiqib tushib yurishibdi. Firmaga bir necha bor ogohlantirish berilishiga qaramasdan yana shu ahvol ishlamaydi.» deya yozmoqda buxoroliklar.
Navbatdagi murojaat Andijondan. Oltinko‘lning markazidagi «yama» qachon yamaladi?
3. »Biz Andijon viloyati, Oltinko‘l tumanidan murojaat qilmoqdaman. Bu chuqur tuman prokuraturasi yonida qazib qo‘yildi. Tuman Milliy Gvardiya binosida suv bo‘lmagani uchun shuni kovlashibdi. Lekin hech qanday xavfsizlik talablariga javob bermaydi. Birorta mashina kelib tushib ketishi mumkin. Bolalar maktabga o‘tadi tushib ketsa lat yeydi. Qorong‘uda juda xavfli. Buni mas'ullar tezroq tuzatishsin. E'tibor berishsin» deya shikoyat qilishgan oltinko‘l turg‘unlari.
Eltuz jamoasi ayni murojaatni o‘rganib chiqayotgan paytda, «Andijon suv ta'minoti» AJ Axborot xizmati tomonidan nosozlik bartaraf etilgani haqida ma'lum qilindi.
Ijtimoiy tarmoqda «Oltinko‘lning markazida «yama» qachon yamaladi?» nomli murojaat e'lon qilindi. Unda «Markaz» MFY M. Aliev nomli ko‘chadagi suv quvurida amalga oshirilayotgan ta'mirlash ishlari uchun kovlangan chuqurni tezroq bartaraf etish so‘ralgan.
Holat yuzasidan shuni ma'lum qilamizki, ushbu manzilda suv quvurida nosozlik yuzaga kelgan va uning natijasida yaqin masofadagi ma'muriy binoga shikast etkazish xavfi tug‘ilgan. Shu bois kovlash ishlarini amalga oshirishga to‘g‘ri kelgan.
Hozirda nosozlikni bartaraf etish ishlari yakuniga yetkazilib, murojaat ijobiy yechim topdi. Deyiladi rasmiylar xabarida.
Toshkentning Parkent bozorida esa kalamushlar bazmi bo‘layotgan xabar qilinmoqda. Parkentlik Eltuz obunachisi jo‘natgan fotosuratlarda ayni holat aks etgan.
«Toshkent viloyati Parkent bozorida, shashlik va gumma pishirilayotgan joyda kalamushlar bazmi bo‘lmoqda»
Va nihoyat so‘nggi murojaat Toshkent viloyatidan. Loyga botgan ko‘chaga shag‘al yotqizilmagan.
5. »Sizlardan iltimos ushbu murojaatimizni Toshkent viloyati hokimi va boshqa mutasaddilarga yetib borishida amaliy yordam ko‘rsatishingizni so‘raymiz.
Sizga Toshkent viloyatining Bo‘ka tumani Mirzabek MFY Oq tepa ko‘chasida yashovchi fuqarolar nomidan murojaat etmoqdamiz.
Ko‘chamiz shag‘allashtirilmaganligi sababli, qish va bahor oylarida o‘zimiz, ayniqsa farzandlarimiz maktabga borishga loy kechib qiynalib kelmoqdamiz.
Bu masala bo‘yicha MFY raisi, tuman hokimi va boshqa joylarga bir necha marotaba qilgan murojaatlarimizdan esa hech qanday natija bo‘lmayapti.
Ushbu murojaatni kanalingizda yoritib berishingizni, tegishli rahbarlardan esa, ko‘chani shag‘allashtirishda amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qolamiz.
Hurmat bilan shu ko‘chada yashovchilar.» deya yozmoqda bo‘kaliklar.
Va bu sizga yetkazganimiz bugungi so‘nggi murojaat edi. Yana bir bor eslatamiz, eltuz portali telegramdagi alohida sahifa shaklida ochilgan. U yerga xatlar uchun maxsus bot ham o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham chop qilishga intiladi. Eslatib o‘tamiz, ayni soniyalarda kanalimiz obunachilari soni 680 mingdan oshdi. Kanalimizga obuna bo‘ling. Agar ko‘rsatuvimizni qo‘llab quvvatlamoqchi, yoki ayrim yopiq videolarni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz sponsorlik tugmalarini, super stiker, superchat va superraxmat tugmachalarini bosing. Sog‘ bo‘ling.