Asosiy mavzular
13 yanvar 2025

Hujjatsiz qurilish, tomdan chakka va suv muammosi – EP197

Yangi O‘zbekistonning eski muommolari. Hujjatsiz qurilayotgan uy, oylab olib ketilmayotgan chiqindi, ko‘pqavatli uylarga yetib bormayotgan suv. Andijon, Zarafshon, Shovot, Jarqo‘rg‘on va poytaxtning Yakkasaroy tumani turg‘unlari shikoyati.

O‘zbekistonning turli hududlaridan Eltuzga uzluksiz yog‘ilayotgan murojaatlar ularning mahalliy hukumat e'tiboridan chetda qolib ketayotganini ko‘rsatmoqda. Muammolar yechimi Eltuz portalida. Bizga yozing, videolarimizni baham ko‘ring! Eslatib o‘tamiz bugunga kelib  yutubdagi kanalimiz obunachilari soni 718 mingdan oshdi. Kanalimizga obuna bo‘ling. Ekran ostidagi sponsorlik, superchat, superstiker tugmalarini bosib Eltuz kanali homiylaridan biri bo‘ling. 

Demak bugun e'tiboringizga taqdim qilmoqchi bo‘lganimiz dastlabki maktub Andijon shahridan. Sobiq Avtoshox bekati hududida hujjatsiz ko‘p qavatli uylar qurilayotgani iddao qilinmoqda.   

1.

«Hurmatli Eltuz  kanali jamoasi!

Sizlarga ko‘plab murojaatlar kelib tushgani va ularning yechimi topilganiga guvoh bo‘lganman. Bugun esa Andijon shahrida yuzaga kelayotgan bir holat bo‘yicha o‘z tashvishimni bildirmoqchiman.

Sobiq Avtoshox bekati hududida hech qanday hujjatsiz ko‘p qavatli uy qurilmoqda. O‘tgan yili Andijon shahar kadastr xodimlari ushbu yerda qurilishning hujjatlari yo‘qligini bildirgan edi. Dom qurilishi yaxshi, lekin hujjatsiz amalga oshirilishi ko‘p odamlarning aldanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bir qavatda ikki xonadondan yetti qavat bo‘lsa, jami 14 xonadon degani. Agar oddiy odamlar bunday hujjatsiz uylarni xarid qilib, keyin afsuslansa, bu katta muammo bo‘ladi.

Shuningdek, bizning eshitishimizcha, Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi rahbari Fayoziddin Berdiqulovning yaqin kishilaridan biri Nosirjon ismli xodim ushbu qurilishning hujjatlarini tayyorlab, uni qonuniy qilib ko‘rsatishga va'dalar bergan. Bunday holat yerlarning noqonuniy talon-taroj qilinishiga olib kelishi mumkin.

Bizning qurilishga qarshiligimiz yo‘q, lekin bu ish qonuniy ravishda amalga oshirilishini talab qilamiz. Hech kim hujjatsiz uylar sabab oddiy aholining manfaatlariga zarar yetkazmasligi kerak.

Hurmatli mas'ullar! Ushbu masalaga e'tibor qaratishingizni, holatni adolatli ko‘rib chiqishingizni so‘raymiz. Xalqparvar va fidoyi insonlar borligiga ishonamiz!

Ishlaringizda omad tilayman.» deya yozadi andijonlik Eltuz obunachisi.

Keyingi shikoyat Jizzax shahridan. Sayxan MFY turg‘unlari ko‘p qavatli uylariga ichimlik suvi tarmog‘i yetkazib berilmagan

«Assalomu alaykum, Eltuz og‘a!

Biz, Jizzax shahar Sayxan mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi nomidan murojaat qilmoqdamiz. Mahallamizda 8 ta sobiq ittifoq davrida qurilgan ikki qavatli, ko‘p qavatli uylar va ko‘plab hovli-joylar mavjud. Suv ta'minoti umumiy kranlar orqali amalga oshirilardi, aholimiz navbatda turib, shundan suv olardi.

Ammo yaqinda mahallamizdagi ko‘p qavatli uy aholisi alohida suv liniyasi o‘tkazmoqchi bo‘ldi. Bu jarayonga mas'ul tashkilotlar bosh-qosh bo‘lib, ishni boshlashdi. Afsuski, xodimlarning mas'uliyatsizligi tufayli markaziy suv liniyasi shikastlandi va suv ta'minoti butunlay to‘xtab qoldi. Ishni xaspo‘shlash maqsadida aholiga yolg‘on va'dalar berilib, mas'ullar muammodan qochib ketishdi. Qolaversa, aholiga xizmat ko‘rsatadigan quduq ham qurib qolgan.

Suvni qayta ulash uchun Zarafshon daryosidan tortilgan liniya va'da qilindi, lekin bu ish 4-5 oydan beri bajarilmayapti. Aholi esa haftada bir marta suv tashuvchi mashina orqali suv olmoqda. Bu jarayon ham ko‘plab muammolar bilan kechadi: suv tashuvchilar o‘z vazifasini e'tiborsiz bajaryapti, suv olishga ulgura olmagan aholi esa og‘ir ahvolda qolmoqda. Mashina haydovchilarining qo‘pol munosabati, xalqqa qilingan minnat va boshqa muammolar ham holatni yanada chigallashtirmoqda.

Bundan tashqari, ko‘p qavatli uylar uchun qazilgan liniya, quduq va markaziy suv tarmog‘i hamon ta'mirlanmay, ochiq holda qolmoqda. Ajratilgan mablag‘lar qaerga ketdi? Davlat mulkini nazorat qiluvchi organlar nega bu holatga ko‘z yummoqda?

Hurmatli mas'ullar! Sayxan MFY aholisining dardiga quloq tutib, suv ta'minotini qayta tiklashingizni va masalaga jiddiy e'tibor qaratishingizni so‘raymiz.» deyishmoqda Jizzaxning Sayxon mahallasi turg‘unlari.

Bugungi uchinchi maktub esa Xorazm viloyatining Shovot tumanidan. Yangi burloq mahallasi chiqindilari «Toza hudud» idorasi tomonidan oylab olinmay kelinayotgani iddao qilinmoqda.

3: “Toza hudud” mashinasi oyda bir marta keladi, xolos

“Xorazm viloyati Shovot tuman Yangi burloq mahallasidan yozmoqdamiz. Bizning mahallada “Toza hudud” yaxshi ishlamaydi. Oyda bir marta keladi. Unda ham qo‘ng‘iroq qilib zo‘rg‘a chaqiramiz. Noyabr va dekabrda bir martadan keldi. Yoz kunlari kelmadi ham. Chiqindi tashish korxonasi faoliyatini nazoratga olishlarini so‘raymiz” deya shikoyat qilishmoqda Yangi burloqliklar.

Navbatdagi shikoyat Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidan. To‘rt qavatli uy tomidan chakka o‘tmoqda.

4:

 “Men – Bobomurod Saidov, Toshkent shahri Yakkasaroy tumani  J.Shoshiy ko‘chasi 4-uy 40/1a-xonadonda yashayman. Oilaliman, to‘rt farzandim bor.  To‘rt qavatli uyning so‘nggi qavatida yashaymiz. Ikki xonamdan ham chakki o‘tadi. 2 yanvar kuni ham yomg‘ir yog‘di, tomdan yana chakki o‘tdi. Uy zax, bolalarim kasal bo‘lib qolyapti. Portalga murojaat qilganimda, menga hokimiyatdan “remont qilindi” degan mazmunda xat jo‘natishdi, lekin hech nima qilinmagan. “Dom”imizga qaraydigan shirkatga qo‘shnilar bilan uch yildan beri murojaat qilamiz, lekin foydasi bo‘lmadi. Holbuki, to‘lovlarni ozgina kechiktirsak, bizga xabar bermay sudga, MIBgacha ariza berishadi. Holat yuzasidan amaliy ko‘mak so‘rayman” deya shikoyat qilmoqda tomidan chakka o‘tayotgan toshkentlik fuqaro.

Va nihoyat so‘nggi shikoyat Surxondaryoning Jarqo‘rg‘on tumanidan. Maslahattepa mahallasi hududidagi bu joylar tashlandiq ahvolda…

5.

 “Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on  tumaniga kirishda, Maslahattepa mahallasi hududidagi bu joylar xarob va tashlandiq ahvolda. Chiqindilar yig‘ilib qolgan. Bu yerga “Yashil makon” dasturi bo‘yicha ko‘chat ekilgan, lekin ko‘chatlar sug‘orilmagan. Mahalla, sektor va tuman mas'ullari hududni obod qilishga qachon e'tibor qaratadi?” deya yozg‘iradi Surxondaryoning Maslahat tepa mahallasidagi Eltuz obunachisi.

Va bu sizga etkazganimiz bugungi so‘nggi murojaat edi. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham chop qilishga intiladi. Eslatib o‘tamiz, ayni soniyalarda yutubdagi kanalimiz obunachilari soni 705 mingdan oshdi.  Kanalimizga obuna bo‘ling. Agar ko‘rsatuvimizni qo‘llab quvvatlamoqchi, yoki ayrim yopiq videolarni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz sponsorlik tugmalarini, Superchat, super stiker va super raxmat tugmachasini bosing.  Sog‘ bo‘ling.

Tag‘in o‘qing
26 iyun 2019
Bugun, 2019 yil 26 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Yunusobod tumani sudining binosida O‘zbekiston Respublikasining sobiq bosh ...
2 noyabr 2016
O‘zbekiston Huquq himoyachilari alyansi (O‘HA) tarqatgan matbuot xabariga ko‘ra 2016 yilning 1 noyabri kuni Bo‘ka shahar Xalq ta'limi bo‘limi ...
15 oktyabr 2021
13 oktyabrda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani fuqarolik ishlari sudida shoir Yo‘lchi Ro‘zievning da'vo arizasiga binoan ochiq sudda O‘zbekiston ...
4 avgust 2022
Qo‘limizga tushgan bir dasta hujjatlar O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi kimlarning qo‘lida qolgani-yu, nimalar bo‘layotganini ro‘y-rost ko‘rsatib qo‘ydi. Agar Ginnesning firibgarlik, ...
Bloglar
12 yanvar 2025
Turli mavzularga o‘z qarashi bilan farqlanadigan bloger Kirpi Prezidentning 380-sonli qarori asosida 1000ta kitobning o‘zbek ...
7 yanvar 2025
Ijtimoiy tarmoqlarda “1000kitob” loyihasi bo‘yicha turli gap-so‘zlar aylanib yuribdi. Mansab talashuvi, ziyolilarning guruh-guruh bo‘lib, bir-biri ...
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...