Endi butun dunyoda «Kamolot» uylari quriladi-yov!
«Narodnoe slovo» gazetasining «Jahon» axborot agentligiga asoslanib yozishicha, BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida BMT Bosh Assambleyasining 70-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida O‘zbekistonda yoshlar kamolotiga qaratilayotgan e'tibor to‘g‘risidagi axborot tarqatilgan.
Axborotda «O‘zbekistonda uzluksiz ta'lim va barkamol avlodni tarbiyalashga oid butun jahonda yuksak e'tirof etilgan milliy model yaratilgani» ta'kidlanadi. Shuningdek, o‘tgan yili mamlakatda qariyb bir million ish o‘rni yaratilgani, yosh mutaxassislarning 90 foizi ish bilan ta'minlangani ham e'tirof etiladi.
Maqolada BMTda tarqatilgan axborotda O‘zbekistonda yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashga katta e'tibor qaratilayotgani bildirilib, buning isboti sifatida so‘nggi ikki yilda 57 ta ko‘pqavatli «Kamolot» uylari yoshlarga taqdim etilgani ham aytiladi.
Maqolani o‘qib, BMTdagilar O‘zbekistondagi juda ko‘p «o-o-o»larni bilib olganini payqaysiz. Dunyo mamlakatlari rasmiylari agar o‘z davlatlari ravnaqini o‘ylasa, O‘zbekistonning «yutuqlari»ga havas qilib, tez orada o‘z yurtlarida «Kamolot» uylari qurishga kirishadi-yov, degan istiholaga borasiz.
Rassom Elsevar
Eltuz.com