Catira
19 yanvar 2017

Mirziyoevning yangidan eskicha boshqaruvi

Prezident Mirziyov 14 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimovni tikka turg‘azib qo‘yib moliya tizimidagi kamchiliklarni aytarkan, u qo‘rqqanidanmi yoki kutilmagan dag‘dag‘adan maktab bolasi kabi bloknotini olib nimalarnidir yoza boshladi.

“Agar Rustam Sodiqovich Azimovda ana shu jiddiy kamchilik va muammolarni ko‘rish xohishi bo‘lganida, ularni keskin bartaraf etish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatganida, biz bugun iqtisodiy va moliyaviy sohalarda bundan ham yuqoriroq natijalarga erishgan bo‘lar edik”, deya pisanda qildi Mirziyoev barcha moliya rahbarlarini attestatsiyadan o‘tkazish kerakligini urg‘ulab.

Rustam Azimov 2016 yilning dekabrigacha Moliya vaziri lavozimida bo‘lgan va prezident o‘limidan so‘ng prezidentlikka asosiy talabgorlardan biri sifatida sanalgan edi. Eltuz Shavkat Mirziyoevning bu ish yuritish tarziga ayrim faollar fikrini o‘rgandi.

Yangi prezident vazirga dakki bera turib, o‘zi ham aybiga iqror bo‘lsa adolatdan bo‘lar edi, deydi siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov.

Alisher Ilhomov: «Haqiqatan ham pyotrchasiga usullar bilan plastik kartalarining joriy etilishi keskin tanqidga loyiq. Aholini debet kartalariga qiziqtirish o‘rniga, ularni majburlab tiqishtirishmoqda. Biroq, «Sam-Samich»ning o‘zi (Mirziyov demoqchi.Tahr) qaerda edi bu so‘nggi yillarda? Axir o‘zbek iqtisodiyotining bu qadar abgor ahvoliga uning o‘zi javobgar emasmi, ayniqsa qishloq xo‘jaligini shaxsan o‘zi boshqarmaganmidi? Diktatorlik usullari, soatlab o‘tkazilgan selektor majlislari o‘tkazib u nimaga erishdi? Faqat minglab fermerlar bankrot bo‘ldi yoki banklarning surunkali qarzdorlariga aylanishdi. Agar u qozoniga qandaydir kapgir bilan urib, «Azizlar bizni kechiring, O‘zbekiston botib qolgan bu ariq uchun tepada o‘tirgan hammamiz aybdormiz!» desa adolatdan bo‘lmasmidi?

Plastik kartalarining bosh muammosi o‘zbek so‘mining muttasil qadrsizlanishidadir. Ellik dollar miqdordagi so‘mni bankomatdan chiqarib olish uchun, kilogram mahalliy valyuta kerak bo‘ladi – bankomatlar buncha miqdordagi makulaturani sig‘dirishga qodir emas. Mamlakatga maxsulot ta'minoti yetishmayotgani uchun valyuta qadrsizlanmoqda. Ishlab chiqarish stagnatsiyada, daromadlar past. Zotan zaif valyuta zaif iqtisodiyot oqibatlarining ko‘rinishidir. Iqtisodiyot uchun to‘lig‘icha kim javob beradi? Bu albatta jumboqli savol.»

Voqealarni yaqindan kuzatayotgan namanganlik faol Abbos Asadning fikricha, raxbarning tanqidi TV orqali ko‘rsatilishi ijobiy holat.

Abbos Asad: «TV orqali yaqin o‘tmishda bunaqangi kadrlar namoyish etilmagan. Soha rahbarlari iqtisodiyotda erishilgan muvaffaqiyatlar haqida vafot etgan prezident Islom Karimovga ko‘tarinki ruhda hisobotlarini taqdim etishar, davlat rahbarining maqtovlarini tinglashar edi.

Ammo shunga ishonchim komilki, videokameralar o‘chirilib, OAV vakillari majlis zalidan chiqarib yuborilganda, vazirlarga qarata kechagidan ko‘ra keskinroq tanqidlar yangragan, shafqatsiz koyishlar va balki haqoratlar ham yog‘dirilgan bo‘lishi mumkin. Faqat bu ishlar keng omma e'tiboriga havola qilinmagan.

Vazirlar mahkamasi majlisidan bunaqangi manzaralarni namoyish etila boshlaganini shaxsan men tabriklayman, qo‘llayman. Demak, respublikaning yangi rahbariyati bundan keyin yuzaga kelgan ahvolda yashab bo‘lmasligini anglab yetgan, kamchiliklarni bartaraf etish kerakligini, aks holda, davlat asosi yemirilib ketishi mumkinligini tushungan.

Menimcha, eng muhimi tanqidiy fikrlarning qay tarzda izhor etilishi-yu, uning qanday qabul qilinayotganida emas, balki undan to‘g‘ri xulosa chiqarib, hayotga tatbiq etilishida. Mamlakat taqdiri, kelajagi uchun mas'ul amaldorlar prezidentning tanqididan to‘g‘ri xulosa chiqarib, o‘zlarini o‘nglab olsinlar va o‘z sohalari bo‘yicha zimmalariga yuklangan vazifalarni sidqidildan bajarsinlar».

Boshqa bir huquq faoli Umida Niyozova esa Karimov davrida raxbarlarning tanqidi TV orqali namoyish qilinmasdi degan fikrga e'tiroz bildiradi:

Umida Niyozova: «Shavkat Mirziyoev Karimovdan nusxa olmoqda. Marhum «millat otasi» davrida ham uning atrofidagilar hammasi aybdor, u esa, cheksiz hokimiyatga ega bo‘laroq hech narsaga javobgar bo‘lmasdi. Uning davrida ham TV orqali Karimovning boshqalarni turg‘azib qo‘yib dakki bergani ko‘rsatilar edi.

Prezident vazirlar va hokimlarni tayinlagan, oradan ozroq vaqt o‘tib ularni xatolari tufayli ishdan haydagan. Siyosiy raqobat va erkin matbuotni yo‘q qilib u o‘zini imtiyozli his qilgan, chunki uning xatolarini hech kim yuziga ayta olmagan. Hozir Mirzieev turli maqomdagi raxbarlarni tanqid qiladi, biroq hech kim hozirgi prezidentning 13 yil davomida hukumatni boshqargani va tibbiyot sohasining xarob ahvoli, mamlakatdagi energetika bo‘hroni, qishloq xo‘jaligidagi quldorlik usullari va ko‘p narsalar uchun boshqa har qanday mansabdordan ko‘ra ko‘proq javobgar ekanini eslatishga jur'at qila olmaydi».

Ijtimoiy tarmoq blogeri Anvar Nazir esa Mirziyoevga «Nima uchun?» degan savol bilan yuzlanadi.

Anvar Nazir:
«Nima uchun Bosh vazir bo‘lganingizda Siz shu hamma ko‘targan, adolatli ko‘tarilgan muammolarni ko‘tarmadingiz hurmatli Prezident? Qo‘rqqansiz, shundaymi? Unday bo‘lsa uzr, NIMA UChUN degan savol o‘rinsiz! O‘rinli javob esa bunday: Biz, hammamiz o‘shanda qo‘rqib shu muammolarni ko‘tarmadik, endi erkak kishining ishi bo‘lmaydi aybdorni qidirish, hammamiz baravariga aybdormiz va endi xalq bizga ishonch bildirdimi, o‘zimizni shu xalq oldida oqlaylik.

Balki buning hammasi ancha oddiy va ancha sodda populizm? Xalq orasida hurmatga ega bo‘lgan raqibni, omma oldida cho‘ktirish kerak, o‘zingni esa adolatli rahbar qilib ko‘rsatishing kerak. Tushunaman buni, bu siyosat, lekin, uzr, mardlik yo‘q bunda va bunday ochiq-oydin ommani, mana shunday raqamlar bilan yosh bola qilish ham yaxshi narsa emas».

Rassom Adolat
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
16 dekabr 2024
Uchko‘prik tumanidagi, ichki ishlar boshlig‘iga karashli 3-sektor xududida 80 gektar yuqori ball-bonitetli oldingi yillar bug‘doy, makka va paxta ekiladigan ...
13 may 2021
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” audiokitobining 26-qismi. Matnni muallifning o‘zi o‘qigan. Audiokitobning boshi va oldingi qismlari “Eltuz”ning “Imperativ” ...
26 dekabr 2017
Prezident Shavkat Mirziyoev parlamentdagi 22 dekabr kungi chiqishida Moliya vazirligini keskin tanqid qilishi ortidan vazirlikda tekshirish, xodimlarni ommaviy ishdan ...
29 yanvar 2022
Onasi hayvonot bog‘idagi ayiq oldiga uloqtirgan uch yashar qizaloq Toshkentdagi kasalxonada qolmoqda. Qizning ahvoli «qoniqarli» 5 metr balandlikdan tushgan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...