Toshkentda bir kilo kartoshka – 1 dollar!
Ijtimoiy tarmoqda kartoshka savdosi bilan bog‘liq janjal va turnaqator navbatlar aks etgan tasvirlar bot-bot paydo bo‘la boshladi.
O‘zbekistonda eng ro‘zg‘orbob sabzavot narxi so‘nggi ikki oyda ikki barobar qimmatladi. Eltuz eksperti, kartoshka tanqisligiga hukumatning xato strategiyasi sabab bo‘lganini bildiradi.
«Gap shundaki, O‘zbekistonning bo‘z tuprog‘i va iqlimi kartoshka yetishtirishga mos emas», deydi bir vaqtlar sobiq kartoshkachilik sovxozida ishlagan, biroq ma'lum sababga ko‘ra o‘z ismini ochiqlamaslikni istagan agronom.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kartoshkani chetdan keltirish, uni yetishtirishdan ko‘ra arzonga tushishi mumkin.
Respublikada kartoshka yetishtirish g‘oyasi mustaqillikning dastlabki yillarida ham undan ilgari ham chippakka chiqib kelganini eslaydi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha yillari uddaburron fermerlar urug‘lik kartoshkani sotib qutulishgan.
«Biroq, qancha xo‘jaliklar, 2000 yillar boshida hollandiyadan keltirib ekilgan kartoshkaning unmagani tufayli xonavayron bo‘lgan edi» deydi u.
O‘zbekiston hukumatiining 2020 yilga qadar kartoshka yetishtirish hajmini 35 foizga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish rejasiga ham Eltuz suhbatdoshi shubha bildiradi.
«Avval selektsiya tadqiqoti bilan shug‘ullanish kerak, O‘zbekistonning o‘zida hosil bera oladigan kartoshka navlarini yaratish, shundan keyingina kartoshka yetishtirishni rejalash kerak», deydi u.
Rassom Tuz
Eltuz.com