Usmonov «Qadimiy Buxoro»ga bahaybat fil kabi kirib keladimi?
19 may kuni prezident Mirziyoev Buxoroda erkin sayyohlik zonasini yaratish qarorini tasdiqladi.
2980-sonli qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy banki mas'ul bo‘lgan ushbu loyihaga ketadigan sarmoyaning bir qismini Alisher Usmonov kiritadi.
«Qadimiy Buxoro» erkin sayyohlik zonasi kamida 10 gektar maydonda tashkil etiladi.
Buxoro markazida yashaydigan rassomning Eltuzga aytishicha, «Qadimiy Buxoro» erkin sayyohlik zonasi 96 xonadonning buzilishi evaziga bunyod bo‘ladi.
«Uyi buziladiganlar hokimiyatdan bildirgi olishgan. Ularga shahar chekkasidagi Islom Karimov ko‘chasidan uy beriladi, degan gaplar bor. Lekin odamlar norozi, ota-bobosidan qolgan imoratlar buziladigan bo‘ldi», deydi rassom.
YuNYeSKO ro‘yhatiga kirgan, yil sayin nurab borayotgan qadimiy Buxoroning bir qismini Rossiyalik o‘zbek milliarderiga topshirishni ko‘zlagan hukumat qarorida qadimiy obidalar restavratsiyasi haqida ham bir og‘iz gap aytilmagan.
Eltuz nashri oldin yozganidek, oxirgi marta 2000 yili xo‘jako‘rsinga ta'mir qilingan Buxoro obidalari bugungi kunda tag‘in qarovsiz va nochor ahvolda qolmoqda.
Jumladan 16 asr «Chor Bakr» obidasi tag‘in vayrona holiga kelgan.
«Qadimiy binolarning yonida zamonaviy turizm-majmuasi qurilishi shaharning qadimiyligiga putur yetkazadi degan havotirdamiz», deydi buxorolik rassom.
Soliqlardan ozod etilgan erkin sayyohlik zonasiga milliarder Usmonovning kelib ish boshlashi, Rassom Tuz nazdida, «O‘z nafsini ko‘zlagan bahaybat fil tashrifi»ni eslatadi.
Rassom Tuz
Eltuz.com