Catira
17 sentyabr 2018

Non narxi oshdi, kambag‘alning aqli shoshdi

Bir vaqtlar Islom Karimov nonning narxini oshirmaymiz, deb katta va'da bergan, lekin keyinchalik ko‘p bora kuzatilganidek, o‘z va'dasining ustidan chiqmagan edi.

Shavkat Mirziyoev nonning narxini oshirmaymiz, deb va'da bermadi, lekin uning davrida qolipli non, ya'ni buxankaning narxi bozor talabi asosida erkin belgilanadigan bo‘ldi.

15 sentyabrdan boshlab O‘zbekistonda shu paytgacha 650 so‘mdan sotilayotgan buxankaning narxi 1200 so‘mga chiqdi. Ba'zi joylarda esa bunday non 1100 so‘mdan sotilmoqda.

Shu paytgacha hukumat nonning narxini subsidiyalab kelayotgan edi. 650 so‘m qilib 2014 yilda belgilangan narx shu kungacha o‘zgarmay turgandi.

Hukumatning yangi qarorini sharhlagan ayrim nashrlar fermerlar arzon buxankani omixta yem o‘rnida ishlatib, molga berishgacha borib yetgani yozdi.

Endi esa hukumat subsidiyalashning yangi shakliga o‘tdi. Ya'ni non narxi oshishidan ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamni himoyalash uchun ularga har oyda eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida pulli kompensatsiya to‘lanadi.

Bu pul yoshga, nogironlik yoki boquvchisini yo‘qotganlikka doir va boshqa ayrim sabablarga ko‘ra nafaqa oluvchilarga beriladi.

Bundan tashqari, hukumat narx-navo oshishining oldini olish maqsadida bir kg bug‘doy uni uchun 1400 so‘m miqdorida yagona narx belgiladi.

Ammo bu ham vaqtincha. Mamlakat non sotishning yangi tartibiga moslashuv davridan o‘tganidan so‘ng un ham erkin bozor narxida sotiladigan bo‘ladi.

Albatta, O‘zbekiston hukumatining bu qarori erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tish zarurati bilan izohlansa-da, aholi o‘rtasida non narxi o‘sishidan norozilik paydo bo‘lgani tabiiydir.

Birinchidan, asosan, shaharlarda kambag‘allarning asosiy yeguligi aynan buxanka nondir. Har kuni nonvoylar yopadigan nonni sotib olishga ularning qurblari yetmaydi.

Ikkinchidan, buxanka nonning qimmatlashuvi ortidan yopgan nonning ham narxi oshishini kutish mumkin.

Zero, shu paytgacha buxankaning arzonligi yopgan nonning haddan tashqari qimmatlashib ketishi oldini olib turgan “jilovlovchi omil” vazifasini bajarib kelayotgan edi.

Albatta, aholi hukumatning yangi qaroridan ochiqchasiga norozilik bildirish darajasiga borib yetmaydi. Chunki buni “bo‘lari bo‘ldi” qabilida, ya'ni yuz berib bo‘lgan, endi uning oldini olish mumkin bo‘lmagan holat sifatida qabul qiladi.

Shunga qaramay, O‘zbekistonda buxanka non narxining oshishi kishilarda ichki norozilik uyg‘otmay qolmaydi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 may 2018
Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘onning xotini Amina Erdo‘g‘on 30 aprel kuni o‘zining Twitter tarmog‘iga prezident Mirziyoevning xotini Ziroatxon bilan tushgan ...
7 mart 2018
Odatda donasi 10 ming so‘m turadigan atirgul narxi 7 mart kuni Toshkentda 60 mingga chiqdi. Bir dona orxideya guli ...
14 aprel 2018
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 13 aprel kuni Sirdaryo viloyati Sayhunobod tumanida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ko‘cha supurishga chiqarilgani ortidan «Kamaz» ...
11 dekabr 2017
5 dekabrda Amnesty International inson huquqlari tashkiloti huquq himoyachilarining o‘limi va ularning o‘ldirilishi holatlari ko‘payishi tendentsiyasi mavjudligini tasdiqlaydigan hisobotini ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...