Catira
17 sentyabr 2018

Non narxi oshdi, kambag‘alning aqli shoshdi

Bir vaqtlar Islom Karimov nonning narxini oshirmaymiz, deb katta va'da bergan, lekin keyinchalik ko‘p bora kuzatilganidek, o‘z va'dasining ustidan chiqmagan edi.

Shavkat Mirziyoev nonning narxini oshirmaymiz, deb va'da bermadi, lekin uning davrida qolipli non, ya'ni buxankaning narxi bozor talabi asosida erkin belgilanadigan bo‘ldi.

15 sentyabrdan boshlab O‘zbekistonda shu paytgacha 650 so‘mdan sotilayotgan buxankaning narxi 1200 so‘mga chiqdi. Ba'zi joylarda esa bunday non 1100 so‘mdan sotilmoqda.

Shu paytgacha hukumat nonning narxini subsidiyalab kelayotgan edi. 650 so‘m qilib 2014 yilda belgilangan narx shu kungacha o‘zgarmay turgandi.

Hukumatning yangi qarorini sharhlagan ayrim nashrlar fermerlar arzon buxankani omixta yem o‘rnida ishlatib, molga berishgacha borib yetgani yozdi.

Endi esa hukumat subsidiyalashning yangi shakliga o‘tdi. Ya'ni non narxi oshishidan ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamni himoyalash uchun ularga har oyda eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida pulli kompensatsiya to‘lanadi.

Bu pul yoshga, nogironlik yoki boquvchisini yo‘qotganlikka doir va boshqa ayrim sabablarga ko‘ra nafaqa oluvchilarga beriladi.

Bundan tashqari, hukumat narx-navo oshishining oldini olish maqsadida bir kg bug‘doy uni uchun 1400 so‘m miqdorida yagona narx belgiladi.

Ammo bu ham vaqtincha. Mamlakat non sotishning yangi tartibiga moslashuv davridan o‘tganidan so‘ng un ham erkin bozor narxida sotiladigan bo‘ladi.

Albatta, O‘zbekiston hukumatining bu qarori erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tish zarurati bilan izohlansa-da, aholi o‘rtasida non narxi o‘sishidan norozilik paydo bo‘lgani tabiiydir.

Birinchidan, asosan, shaharlarda kambag‘allarning asosiy yeguligi aynan buxanka nondir. Har kuni nonvoylar yopadigan nonni sotib olishga ularning qurblari yetmaydi.

Ikkinchidan, buxanka nonning qimmatlashuvi ortidan yopgan nonning ham narxi oshishini kutish mumkin.

Zero, shu paytgacha buxankaning arzonligi yopgan nonning haddan tashqari qimmatlashib ketishi oldini olib turgan “jilovlovchi omil” vazifasini bajarib kelayotgan edi.

Albatta, aholi hukumatning yangi qaroridan ochiqchasiga norozilik bildirish darajasiga borib yetmaydi. Chunki buni “bo‘lari bo‘ldi” qabilida, ya'ni yuz berib bo‘lgan, endi uning oldini olish mumkin bo‘lmagan holat sifatida qabul qiladi.

Shunga qaramay, O‘zbekistonda buxanka non narxining oshishi kishilarda ichki norozilik uyg‘otmay qolmaydi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 aprel 2023
Yaxshiyam, o‘sha qurib- qaqshagan dengizimiz bor. «Orol quridi», deya 30 yildan beri gapirishga mavzu bor. Yana bir 30 yillik ...
23 fevral 2021
Qishloq xo‘jaligi mutaxassisi, 70 yoshli Ismoil Ospanov “Eltuz” orqali o‘z turkum chiqishlarini davom ettirib, navbatdagi videosini prezident Shavkat Mirziyoevning ...
17 iyun 2020
Menga berilgan qamoq jazosining tugashiga sanoqli kunlar qolganida, ya'ni yanvar oyi o‘rtalarida yonimga Antonenkoning chopari keldi va SPP Antonenko ...
24 fevral 2017
Andijonda pensiya pullarini vaqtida ololmagan pensionerlar yana plastik kartochkadan foydalanishga o‘tmoqda. Joylardagi pensiya jamg‘armalari bo‘limlari oldida har kuni tumonat ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...