Catira
24 iyun 2019

Camvel Babayan va milliy g‘urur masalasi

O‘zbek futboli tarixidagi “nomi qoralar” ro‘yxatida birinchilar qatorida turadigan Samvel Babayan mamlakatning beli eng baquvvat futbol klublaridan biri – “Lokomotiv”ga bosh murabbiy etib tayinlandi.

Bu shaxs “Paxtakor”da va milliy terma jamoada ishlagan yillarida unga futbolchilar shartnomalari asosida firibgarliklar qilganlik, o‘z jamoasi foydasiga kelishilgan o‘yinlar, o‘ziga yaqin futbolchilarni qo‘llash kabi ayblar qo‘yilgan.

Aynan shu kabi ayblar asosida u 2017 yilda milliy terma jamoa murabbiyligidan iste'foga chiqarilib, bir umrga futboldan chetlashtirilgandi.

Ammo joriy yil boshida u “Lokomotiv”ga selektsiya ishlari bilan shug‘ullanadigan mutaxassis sifatida qaytgani e'lon qilingandi.

Buning ortidan Samvel Babayan o‘shanda futboldan bir umrga chetlatilmagan, balki “Bunyodkor” (aslida Babayanning bu klubga qanday alloqasi bor!) jamoasi kafilligida mazkur jazodan qutulib qolgani ma'lum bo‘lgandi.

Uning o‘zbek futboliga qaytishi muxlislar tomonidan o‘ta salbiy qarshi olinishiga go‘yoki javob tariqasida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi izohmonand bayonot tarqatgandi.

“O‘FA bundan buyon Samvel Babayan O‘zbekistonning hech qaysi terma jamoasida faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘ymaydi. Qo‘shimchasiga, keyingi faoliyatini Samvel Babayansiz tasavvur qila olmagan “Lokomotiv” futbol klubining qaroriga ham qarshilik ko‘rsatmaydi”, deyilgandi bayonotda.

O‘shandayoq Babayanning aksariyat muxlislar uchun sir bo‘lib qolayotgan qudrati oldida o‘zbek futboli rahbarlari tiz cho‘kayotganiga ko‘pchilik amin bo‘lgandi.

Bugun ularning xavotirlari yana bir bor o‘z isbotini topdi. Bir vaqtlar qalloblikda ayblangan Babayan davlatning puli (Lokomotiv” klubi egasi bo‘lmish “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi to‘liq davlatga tegishli) evaziga mamlakatning eng boy klublaridan biri bo‘lib turgan futbol jamoasi rahbarligiga qaytdi.

Holbuki, muxlislarning Samvel Babayanning qaytishiga munosabatlariga javoban bu klub rahbariyati u jamoada rahbarlik lavozimlariga qaytmasligini aytgan edi.

Holbuki, avvalgi yili Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoev “Endi futbolga o‘zim qarayman”, degandi.

Bugun prezident o‘zi qarashiga va'da bergan o‘zbek futboliga futboldan urilib, shubhali tarzda yana unga qaytgan shaxs qaytdi.

Bu esa yana ijtimoiy tarmoqlarda va turli saytlarda muxlislar tomonidan keskin norozilik bilan qarshi olinmoqda.

Jumladan, championat.asia saytining izohlar qismida yuzerlar “ayni daqiqalarda “Lokomotiv”ning so‘nggi muxlisi ham jamoani tark etgani”, “bu gapni (ya'ni Babayan bosh murabbiy bo‘lgani haqidagi xabarni – tah.) eshitishning o‘zi haqoratligi”, “bu xalqning ustidan kulish ekani” haqida yozdi.

Saytning “Haqoratli kommentlar o‘chiriladi. Agar yozgan kommentingiz o‘chirilmasligini istasangiz haqoratli so‘zlar ishlatmang”, degan ogohlantirishiga javoban “f.k.Yangier” ismli yuzer “Fikr yozishga kirdim-u, o‘ylanib qoldim, haqorat qilmasam nimani yozaman”, degan izoh qoldirdi.

Yuzer Bekzodjon Aminjonov “endi o‘yinlar oldi-sotdisi qizishi”ni bashorat qildi. “RUmid RUmid” “O‘FA aut!!! Sharmanda o‘zbek futboli !!!… Xalqning ustidan kulishda davom et hammang”, deya achchiqlandi.

“To‘raqo‘rg‘on futboli”  “Nahotki nafsoniyat, milliy g‘urur degan qadriyatlar yo‘q bizda. Nahotki shunchalar tez unutdik”, deya yozg‘irdi.

“Albatros” ismli yuzer esa: “Qurol sotishga ruxsat berilganidan foydalanib qoladigan mard bormi? Bu janobga qurol bas kelmasa, butun O‘FA, PFLlarning kuchi yetmas ekan”, deb yozishgacha bordi.

Garchi bu izoh po‘pisadan ko‘ra Samvel Babayanning yana o‘zbek futbolida yuqori mavqega chiqqaniga haddan tashqari norozilik, qolaversa, buning qarshisidagi nochorlikka ishora bo‘lsa-da, futbol muxlislarining haqiqiy kayfiyatini ko‘rsatib berishiga shubha yo‘q.

“Eltuz”ning O‘zbekistondagi hamkori

PS. Samvel Babayanning “Lokomotiv” klubi tuzilmasiga kelishiga bag‘ishlangan avvalgi maqolasi so‘nggida “Eltuz” nashri quyidagicha yozgandi: “Eltuz” bilan suhbatlashgan sport mutaxassislaridan birining aytishicha, armani guruhlarining o‘zbek sportiga ta'siri juda katta. Ular dzyudo, volleybol, futbol kabi sohalarda juda katta ta'sir kuchiga ega. Uning fikricha, avvaliga o‘zbek futbolidan umrbod haydalgan Samvel Babayanning qaytishini ham shu fonda tahlil qilish to‘g‘ri bo‘ladi”.

Tag‘in o‘qing
29 dekabr 2016
Kechayotgan 2016 yil O‘zbekiston tarixiga 27 yil umr surgan mustabid Karimovdan qutulish yili bo‘lib kirdi. Lekin voqealar zanjiriga qarasak, ...
26 iyun 2020
O‘zbek prezidenti Moskvaga borib ta'zim bajo keltirdi. Toshkent va Xivani bosib olgan ishg‘olchilar ramzi bo‘lgan georgiy lattasini ko‘kragiga osdi. ...
12 may 2023
Bundan ikki yilcha oldin o‘zbek kinosi rahbarlaridan biri bilan gaplashganimda u mulozim «Stalinni – ulug‘ shaxs» deb aytgan edi. ...
8 yanvar 2021
Navoiyda fan olimpiadasiga borishda avtohalokatga uchragan o‘quvchi va o‘qituvchi 7 yanvar kunida ham jonlantirish bo‘limida qolmoqda. Ular 5 yanvar kuni ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...