Asosiy mavzular
1 mart 2019

Babayanning shubhali qaytishi

Samvel Babayanning yana o‘zbek futboliga qaytishi masalasida bir necha nuqtalar borki, kishida ko‘plab shubhalar uyg‘otadi.

Birinchi nuqta shuki, u o‘tgan 2018 yil 15 yanvarda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan o‘zbek futbolidan butunlay, ya'ni bir umrga badarg‘a etilgan bo‘lsa-da, oradan 2 hafta o‘tib, 1 fevralda bu qaror bekor qilinyapti.

O‘sha paytda O‘FA milliy terma jamoaning sobiq bosh murabbiyini “Paxtakor” klubi futbolchilarining shartnomasi bilan bog‘liq qallobliklarni amalga oshirganlikda, shuningdek, milliy terma jamoadan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanganlikda” ayblagan edi.

Tez orada esa O‘FA o‘z qarorini bekor qilib, buni S.Babayanning “milliy terma jamoada bosh murabbiy bo‘lib ishlaganida namoyon qilgan vatanparvarligi uchun”, degan so‘zlar bilan izohlayapti.

Bu faktlar Samvel Babayanning o‘z tilidan endigina yangramoqda va u nega ilgari bu haqda gapirmaganini “buni oshkor qilmaslikni iltimos etishdi”, deya tushuntiryapti.

Babayanning haydalishiga esa aynan uning terma jamoadagi muvaffaqiyatsizligi va jamoaning xalqaro maydonlardagi o‘yinlari orqali o‘zi uchun “sevimli” bo‘lgan futbolchilarni mo‘maygina sotish maqsadi bo‘lgani ham aytilgandi.

Babayanning “sevimli” futbolchilari qatorida esa to‘pni egallagandan so‘ng darvoza qaerdaligini bilmay qoladigan hujumchi Igor Sergeev va otqorin darvozabon Aleksandr Lobanov bor edi.

Ikkinchi nuqta, ya'ni masalaning yana bir qiziq jihati shuki, sobiq bosh murabbiyni umrbod diskvalifikatsiya qilmaslikni “Bunyodkor” jamoasi so‘rayapti va unga shaxsiy kafil bo‘lyapti.

Holbuki, “Bunyodkor” Samvel Babayan ko‘p yillar asosiy figura bo‘lgan “Paxtakor” jamoasining printsipial raqibi hisoblanadi (har holda ular o‘rtasidagi raqobat ishqibozlarga shunday taqdim etiladi).

Endi e'tiborni O‘FA tomonidan sobiq bosh murabbiyning o‘zbek futboliga qaytishi izohlangan bayonotga qaratsak.

“O‘FA bundan buyon Samvel Babayan O‘zbekistonning hech qaysi terma jamoasida faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘ymaydi. Qo‘shimchasiga, keyingi faoliyatini Samvel Babayansiz tasavvur qila olmagan “Lokomotiv” futbol klubining qaroriga ham qarshilik ko‘rsatmaydi”, deyiladi bayonotda.

Zaharxandani sezyapsizmi? Go‘yoki O‘FA umrbod o‘zbek futbolidan haydalgan odamning qaytishiga qarshilik ko‘rsatishga ojiz ekanini aytmoqchidik.

Bu zaharxandani Samvel Babayan ish boshlagan “Lokomotiv” klubi mutasaddilari ham sezib, unga javob qaytarishga majbur bo‘ldi.

Ana shu zaharxanda “Lokomotiv”ga yoqmadi va klub S.Babayansiz ham ancha yillardan buyon muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotganini eslatib, O‘FAdan izoh so‘radi. Hozircha O‘FA izoh bera olgani yo‘q.

Samvel Babayanning o‘zbek futboliga qaytishi ijtimoiy tarmoqlarni “portlatdi”. Chunki o‘zbeklar so‘nggi vaqtlarda stadionlarga kam borayotgan bo‘lsa-da, baribir futbolsevar xalq.

“Yangi kino chiqibdi. Nomi: “Babayan. Perezagruza”, deya yozg‘irdi bir yuzer.

“Samvel aka Babayan yana futbolga qaytibdi. Iya, bratanni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi umrbod futboldan chetlatgan edi-ku? Obbo, shunqorlar-ey! “Sen o‘zing kimsan-u, diskvalifikatsiyang nima bo‘lardi”, degandek gap bo‘pti-da”, deb yozdi boshqasi.

“Babayan qaytibdi. Bo‘ldi, futbol otmen, tarqalamiz”, degan izoh yonida “Mayli, bizning qishlog‘imizga chiroq ham, gaz ham, asfalt ham kerakmas. Bitta savolimga javob kerak, xolos: nega Babayan qaytdi, nega aynan Lokoga?” degan yozuv paydo bo‘ldi.

Ishqibozlarning xavotirlariga jon bor. Chunki Samvel Babayan “Lokomotiv”ga ham aynan futbolchilarni pullaydigan lavozimga qaytmoqda. Ya'ni uning vazifalaridan biri selektsiya ishlari bilan shug‘ullanishdir.

Xullas, bo‘ri yana qo‘ylar to‘dasining mas'uli vazifasiga qaytdi…

Sardor Azim
Eltuz.com

PS. “Eltuz” bilan suhbatlashgan sport mutaxassislaridan birining aytishicha, armani guruhlarining o‘zbek sportiga ta'siri juda katta. Ular dzyudo, volleybol, futbol kabi sohalarda juda katta ta'sir kuchiga ega. Uning fikricha, avvaliga o‘zbek futbolidan umrbod haydalgan Samvel Babayanning qaytishini ham shu fonda tahlil qilish to‘g‘ri bo‘ladi.

Tag‘in o‘qing
3 aprel 2018
Oliy Majlis Senatida 29 mart kuni Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) raisi Ixtiyor Abdullaev O‘zbekistonga havf solayotgan islomiy tahdid haqida ...
21 aprel 2025
Rossiya imperiyasi O‘rta Osiyoni bosib olgach, tabiyki, rus millatiga mansub aholi ham Turkiston hududlariga ko‘chirib kelina boshlandi. Mustamlakachilar hech ...
18 oktyabr 2015
Assalomu alaykum aziz hamyurtlar! Men bu voqeani sizlarga aytmasam bir umr bo‘ynimda qarz bo‘lib qoladi. Shu sababli uzoq o‘ylab ...
14 avgust 2017
2015 yilning 25 sentyabrida Xorazmga majburiy mehnat monitoringi uchun borgan mustaqil jurnalist Maloxat Eshonqulova va huquq himoyachisi Yelena Urlaevalar ...
Bloglar
18 iyun 2025
«O‘zbekcha fikrlash»ni musorga otvormasak dunyoga razil bo‘lishda davom etamiz.Nima o‘zi «O‘zbekcha fikrlash»?Masalan O‘zbekiston qonunida «jins ...
16 iyun 2025
Teatr zamon yuziga ko‘zgu tutishi kerak. Lekin o‘zbek teatri buni eplay olmayapti. Drama yozadigan birorta ...
9 iyun 2025
Qadimgi turk bitiklari qisqa va chuqur ma'noli bo‘lgan. «Tashingdan barcha kishi kabi ko‘rin. Iching go‘zal ...