Catira
12 sentyabr 2019

Go‘shtxo‘r amaldor yoki bir tuyur go‘shtga mahtal xalq

O‘zining “Amerika kasalligi” bilan og‘riganini tan olgan amaldor xalqni ko‘p go‘sht yeb qo‘yayotganlikda, buning natijasida go‘sht narxi ko‘tarilib ketayotganlikda aybladi. 

Ozuqa yetishmasligini go‘sht narxi ko‘tarilib ketayotganiga birinchi sabab sifatida keltirgan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Hayitovning gaplari ovqatiga bir bo‘lak go‘sht solish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ko‘pchilikka masxaralashdek tuyulmoqda.

“Go‘sht narxi nega qimmatlab ketyapti deb o‘ylaysizlar?.. Shunchalik ko‘p go‘sht yemoqdamizki, buning natijasida ko‘pgina kasalliklar paydo bo‘lyapti. Buni “Amerika kasalligi” deyishadi, bu kasallik menda ham bor, hammamizning tanamizda ortiqcha go‘sht bor. Men faqat go‘shtni aytmayapman, ovqatlanish madaniyatimiz yo‘q”, dedi mamlakat fermerlarining yetakchisi.

U ko‘pgina tumanlarda mutasaddilar fermer xo‘jaliklari maydonlarida ozuqabop ekinlar ekish va yetishtirishga qarshilik ko‘rsatayotgani, fermer o‘z xo‘jaligida ekinlarni erkin joylashtira olmasligi, ozuqa zaxirasi yetishmasligi esa o‘z o‘rnida go‘sht va sut mahsulotlari narxiga ta'sir o‘tkazayotgani haqida murojaatlar borligini ham ma'lum qildi.

Sovet davrida paxta maydonlarida almashlab ekish keng tarqalgan amaliyot edi. Ammo mustaqillikdan so‘ng marhum davlat rahbarining har bir katta ma'ruzasi yoki qabul qilgan hujjati ortidan “islohotlarning yangi bosqichi”ga o‘tavergan O‘zbekistonda bu amaliyot yo‘qoldi. 

A.Hayitov esa yangi prezident almashlab ekishga ruxsat berganini bildirdi. 

“…bu yil birinchi bor prezident qarori asosida paxtachilik xo‘jaliklarining 10 foiz maydonida beda ekini yetishtirishga ruxsat berildi. Endilikda fermer boshqa ekinlar bo‘yicha belgilangan hosildorlikni ta'minlasin va 10 foiz maydonda chorva uchun ozuqa ham eksin”, dedi Aktam Hayitov.

Bu kabi bayonotlar O‘zbekistonda go‘sht narxining muntazam oshishi fonida yangramoqda. Zero, aholi mazkur narx oshishining to‘xtashiga umid qilmayotir.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Namangan va Andijonda suyakli go‘sht 48-50 ming so‘m, Farg‘onada 50 ming so‘mdan sotilmoqda. 

Toshkentda ham bunday go‘sht narxi 50 ming so‘m, ammo lahm go‘sht bahosi 60 ming so‘mgacha boradi. 

To‘g‘ri, maxsus tashkil etilgan yarmarkalarda suyakli go‘sht narxi 35-38 ming so‘mdan. Ammo ularga shunchalik ko‘p suyak qo‘shiladiki, oxir-oqibatda sof go‘shtning narxi bozordagiga teng bo‘lib qoladi. 

Toshkentdagi qassoblardan birining aytishicha, buning uchun bitta molning go‘shtiga ikki-uchta molning suyagi qo‘shib sotiladi. Natijada ular zarar ko‘rishdan saqlanadi.

Sirdaryolik qassobning aytishicha, qishloqlarda haftasiga bor-yo‘g‘i yarim kilo go‘sht bilan ro‘zg‘or o‘tkazayotganlar soni juda ko‘p. Chunki odamlarning ko‘proq go‘sht olishiga moliyaviy qurbi yetmaydi.

Bu e'tiroflardan ko‘rinib turibdiki, amaldorlarning xalqni ko‘p go‘sht yeyayotganlikda ayblashi mavjud muammoni xaspo‘shlash, aybni aholining zimmasiga yuklashdan boshqa narsa emas. 

“Eltuz”ning O‘zbekistondagi hamkori
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 aprel 2024
Suriyaga qoriya xotini bilan ketib odam so‘yayotgan uchtepalik bo‘yoqchi rijol Jaloliddin Mansurov qidiruvga berildi. 1989 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan ...
27 noyabr 2018
O‘zbekistonning bosh rasmiy huquq himoyachisi Akmal Saidov hozir ancha o‘zgargan. Mamlakat Inson huquqlari milliy markaziy rahbari sohada ko‘tarilgan og‘riqli ...
29 mart 2024
Mana hafta aylanib yana oylar sultoni ramazonda siz bilan yuz ko‘rishdik. Ramazon oyida shaytonlarni zanjir bilan bog‘lab qo‘yishar ekan. MS: Og‘o, o‘zbekistondagi sheytonlani boylosh uchun zinjir yososa dunyoda damir qolmiydi. Nichiksizla, mo‘chchi oybika ...
11 oktyabr 2015
Eltuz ilgari xabar qilganidek Jizzax viloyati G‘allaorol tumani bosh shifokori Yusuf Esirgatov Do‘stlik tuman militsiya bo‘limidagi hibsxonada ikki kun ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...