Oltinni yombi shaklida ruxsatsiz olib chiqishga izn berildi
Adliya vazirligining 27 sentyabr kuni bildirishicha, prezidentning 22 sentyabrdagi “Qimmatbaho metallar muomalasini tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, bundan buyon jismoniy shaxslar O‘zbekistondan qimmatbaho yombilar va tangalarni mamlakat tashqarisiga cheklovlarsiz olib chiqishi mumkin.
Tegishli sertifikatga ega bo‘lgan shaxslar «qimmatbaho metallardan tayyorlangan o‘lchovli yombilar va Markaziy bankning qimmatbaho metallardan tayyorlangan tangalarini respublika hududidan tashqariga bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda cheklovlarsiz olib chiqishi mumkin», deyiladi farmonida.
Ayni farmon yuzasidan feysbuk blogeri Muhammad Matjon quyidagi fikrini bildirdi:
«Paxtani qayta ishlamasdan eksport qilishni to‘xtatamiz, lekin oltinlarni qayta ishlamasdan ham yombi shaklida cheklanmagan miqdorda sotamiz. Bunga prezident farmoni bilan ruxsat berdi.
Mantiq bilan boshqariladigan xuquqiy davlatlar oltin sotishdan ko‘ra, asosan, sotib oladi va olib chiqishga cheklovlar qo‘yadi.
Oltinning davlat ichida, jumladan, fuqarolar qo‘lida qolishi rag‘batlantiriladi va chetga tashib ketishga cheklovlar qo‘yiladi.
Davlat oltin zaxirasiga keskin ehtiyoj paydo bo‘lganda xalqidan milliy valyutada sotib olish qulay bo‘ladi. Bunga tarixda misollar ko‘p.
2003 yilda Turkiya xalqi va parlamenti AQShga o‘z davlatidan Iroqqa hujum qilishga qarshilik qilganda AQSh Turkiyadan muddati o‘tgan qarzlarini talab qilib, ultimatum qo‘yadi, u paytlar Turkiya iqtisodiy qiyin vaziyatda bo‘lgan.
O‘shanda Turkiya Markaziy bankining taklifiga ko‘ra, aholidan katta miqdorda tilla milliy valyutada sotib olinadi va AQShdan qarzdorlik uziladi.
Ba'zi iqtisodchilarning da'vosiga ko‘ra, O‘zbekiston shu yo‘l bilan oltin eksportini yo‘lga qo‘yadi, deyishadi. Lekin faktlar teskarini isbotlaydi. Yuqori texnologik ishlov berilmagan oltin qo‘shimcha qiymatsiz, xalqaro birjalardagi minimal belgilangan narxda sotilishi mumkin va bu oltinning O‘zbekistondan cheklovsiz, eng past narxda chiqib ketadi degani.
Buning o‘rniga yuqori ishlov berilib, qo‘shimcha qiymatga ega zargarlik mahsulotlarini «cheklangan» miqdorda olib chiqishni yo‘lga qo‘yish kerak edi.
Boshqacha aytganda, bu farmon paxtani qayta ishlamay, xomashyo holida sotishga o‘xshaydi. Cheklanmagan miqdorda, qayta ishlanmagan, yombi shaklidagi oltinni chetga olib chiqish kimga foydali deb o‘ylaysiz?
Davlatga oltin qayta ishlanib sotilsagina qo‘shimcha qiymat, ish o‘rni yaratishda foydali bo‘ladi. Aks holda oltin zaxirasini xomashyo – eng past narxida olib chiqish kimga kerak ekan?»
Eltuz.com