Dayjest
6 oktyabr 2016

«Sirli» nomzodlar uchun imzo yig‘ilmoqda

Ayni kunlarda 4 dekabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston prezidenti sayloviga ishtirok etishi kutilayotgan nomzodlar uchun saylovchilar imzosini to‘plash jarayoni bormoqda.

Partiyalarning rasmiy gazetalari bu jarayon «faollik va uyushqoqlik» bilan o‘tkazilayotgani hamda tez kunlarda yakunlanishini yozayotir.

rasm1890
Prezidentlikka «sirli» nomzodlar. Rassom: Kirpi

«Milliy tiklanish» gazetasi (05.10) shu nomdagi demokratik partiyaning barcha bo‘g‘indagi tashkilotlari imzo to‘plashni «qonunchilikda belgilangan tartibda» va «yuqori saviyada» o‘tkazayotganini bildirdi.

«Saylovchilar imzosini belgilangan tartib va miqdorda to‘plash partiyamizning ushbu siyosiy jarayonda o‘z nomzodi bilan ishtirok etishini ta'minlaydi», deyiladi gazetada.

Xalq demokratik partiyasi nashri bo‘lmish «O‘zbekiston ovozi» gazetasi (04.10) ham imzo to‘plash jarayoni yakunlanayotganini aytar ekan, «imzo to‘playotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majbur qilish va ularni og‘dirib olishning har qanday shakli qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishi»ni eslatib o‘tadi.

Gazetalar partiyalar imzo to‘plashda ularning a'zolari qanchalik faollik ko‘rsatayotganini yozmasin, bu jarayonda O‘zbekistondek «demokratik va huquqiy davlatlarga» xos qusur – ma'muriy bosimdan foydalanilayotganini ko‘rish mumkin.

Ya'ni shu kunlarda mahalla va qishloq fuqarolar yig‘inlariga ishi tushganlardan, avvalo, biror partiya nomzodi uchun imzo varaqasini to‘ldirish so‘ralayotir. Albatta, varaqani to‘ldirish ixtiyoriy-majburiy ko‘rinishdadir.

Gazetalarda e'tibor qaratish mumkin bo‘lgan yana bir jihat shuki, saylov jarayoniga taalluqli birorta maqolada partiyalardan ko‘rsatilishi kutilayotgan nomzodlarning nomi yo‘q.

Masalan, «Milliy tiklanish» gazetasida saylov mavzusida beshtadan ortiq maqola berilgan bo‘lsa-da, «Milliy tiklanish» partiyasidan prezidentlikka ko‘rsatilayotgan nomzod ismi sirliligicha qolgan. XDP haqida ham shu gapni aytish mumkin.

Bu «sirli shaxslar»ning nomi gazetalarda falon «partiyadan O‘zbekiston prezidentligiga ko‘rsatiladigan nomzod» shaklida berilmoqda.

Albatta, o‘zbekistonlik hozirjavoblar partiyalarning bunday «kamtar»ligini saylovoldi siyosiy taktikasiga yo‘yishi hech gap emas. Lekin odatda demokratik jamiyatlarda saylovga shunday ham kam vaqt qolganda bunday siyosiy taktikadan foydalanilmaydi.

Ilgari to‘ylarda katta tovoqqa chiqadigan, ya'ni eng yirik sovringa da'vogar kuchli polvonni omma ko‘zidan yashirib turish odati bo‘lardi. Balki partiyalar ham «katta polvon» nomini shuning uchun gazetalari orqali bildirmayotgandir?! Yoki avvalroq nomini aytib qo‘ysa, ko‘z tegishidan cho‘chishyaptimikin!?

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 mart 2020
Koronavirus: «Kunlar isidi. O‘limim yaqin. Alvido, Toshkent!» Rassom Kirpi
11 iyul 2016
O‘zbekkino Milliy agentligi buyurtmasiga asosan “O‘zbekfilm” kinostudiyasida tasvirga olinayotgan “Muqaddas istak” nomli ushbu film qahramonlari orasida O‘zbekistonda terrorchi tashkilot ...
20 iyun 2022
Bu sanada O‘zbekistonda haqiqiy ma'noda mustaqillik kuni nishonlanishi kerak, chunki bundan 30 yil burun, 1990 yili respublika parlamenti Mustaqillik ...
13 mart 2020
Hafta aylanib, yana sizlar bilan yuzma-yuz bo‘lganimdan mamnunman, azizlar. Hafta ichida kim qadri uchun, yana kimdir qorni uchun yig‘ladi. Kimdir ...
Bloglar
26 noyabr 2022
Nukusdagi voqealarni o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasi taklifi va Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi iltimosnomasiga ko‘ra, namoyishlarda qatnashib ...
3 noyabr 2022
1906 yilning 3 noyabrida Germaniyaning Berlin shahrida o‘tgan Xalqaro radiotelegrafiya anjumanida SOS signali halokatni bildiruvchi ...
1 noyabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 11-qismi Turk birligi g‘oyasi va ...