Catira
16 fevral 2021

DXX josus tutish o‘rniga yoshlarni ishga joylash bilan shug‘ullanadi

Prezident Shavkat Mirziyoev yoshlarni ish bilan ta'minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish vazifasi Davlat xavfsizlik xizmatiga topshirilganini joriy yil 28 yanvardagi videoselektor yig‘ilishida ma'lum qilgan edi.

Buning ortidan DXX Samarqand viloyati boshqarmasi zobitlari xo‘roz urishtirayotganlarni ushlashga safarbar qilingani tarmoqda hajv qilindi.

Shunday hajviyalardan biri rassom Tuzga oid:

Ofitserning yuragi

Suratda: DXX ushlagan "havfli" jinoyatchilar. Rasm ijtimoiy tarmoqdan olindi

Samarqandlik DXX zobiti erta bilan o‘rnidan turib, harbiy kiyimlarini kiydi. Qurolni koburaga solib, uxlab yotgan o‘g‘lining peshanasidan o‘pdi.

Ko‘zida yosh aylandi, yig‘lab yubormaslik uchun yutundi. Xotini non olib chiqib tishlatdi. Onasi bo‘lsa, yig‘isini zo‘rg‘a ushlab: “Oy borib omon kel, bolam. Shahid bo‘lsang, shu vatan uchun roziman,” dedi.

DXX zobiti 21-asrdagi eng dahshatli jinoyatni fosh qilish uchun safarbar qilingan o‘nlab DXX xodimlaridan biri, balki eng jasoratlisi edi.

Ularga qo‘shilib, Samarqand shahri IIB xodimlari, Samarqand viloyati IIB tezkor otryadi va Kattaqo‘rg‘on shahri IIB xodimlari ham o‘limga tik boqib, kiprik qoqmay, vatanimizga tahdid solayotgan jinoyatchilarni zararsizlantirish va imkoni bo‘lsa, ushlash operatsiyasiga shahdam qadamlar bilan ketishdi. Onalar duo qildi. Kelinlar ro‘molchasiga labini print qilib berishdi.

O‘lsang vatan uchun shahid, o‘ldirsang g‘oziy bo‘ladigan mujodala. Dushman esa makkor. Lekin o‘zbek zobitlari qalbida prezidentga sodoqat va odalatga ishonch bor.

Tadbirni osmondan turib dronlar ham kuzatdi. Og‘ir kechgan tadbir so‘nggida dushman qo‘lga olindi. Xavfli jinoyatchilar endi Kattaqo‘rg‘onga tahdid sola olmaydi. Tinch uxla, Vatan. Sodiq o‘g‘lonlaring sening osoyishtaligingni qo‘riydi.

Endi jinoyatchilar haqida aytsam: uch samarqandlik xo‘roz urishtirish kabi mudhish jinoyatga qo‘l urgan edi. Ammo o‘zaro til biriktirgan jinoyatchilar o‘zlarining g‘arazli va manfur maqsadlarini amalga oshira olmadilar.

Jinoyatchilar qamag‘da. Xo‘rozlar esa katakda. DXX xodimi pistoletini koburaga solib, chuqur, ammo xotirjam nafas oldi.

Boshliqqa chest berib, uyiga yo‘l oldi. Uyida o‘g‘ilchasi uxlab yotardi. Uni kutib o‘tirgan xotini bag‘riga otildi. Lablar lablarga tutashdi. “Qahramonimsiz”, dedi ayoli. “Vatan uchun jonim fido,” dedi zobit. Ovozi xirillab chiqdi. Ko‘ziga yosh keldi.

Radiodan “Serquyosh, hur o‘lkam” degan qo‘shiq yangrardi chunki. Qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi. Xotini ham. Uzoqlarda itlarning vovullashi eshitilib turardi. Xonasi to‘rida marhum prezidentning portreti osig‘liq turardi. Zobit portretni ro‘molchasi bilan artdi. “Qalbimdasiz, Yurtboshim”, dedi. Chalqancha oy derazadan uyalib qarab turardi. Yigitni yana bir og‘ir kun kutayotgandi.

Rasmni rassom Elsevar chizgan

Tag‘in o‘qing
29 iyul 2016
Bir haftadan buyon Yakkabog‘ tumanining Samoq, Beshkapa, Munjir, Novqishloq, Shirinbuloq, Serob qishloqlarida yashaydigan aholining lalmi yerda yetishtirgan bug‘doyi mahalliy ...
30 yanvar 2019
Shvetsiyadagi «Ekspressen» internet nashri 28 yanvar kuni mamlakatdan O‘zbekistonga deport qilinayotgan navbatdagi o‘zbek oilasi haqidagi maqolani chop qildi. G‘afforovlar ...
30 sentyabr 2019
Shanba kuni Berlin markazida aylanib yurib, tasodifan bir nikoh to‘yining guvohi bo‘ldim. To‘y korteji kajavali bittagina velosipeddan iborat edi. ...
3 oktyabr 2024
Asqar Bahronov ushbu tizimni korruptsiyaga botirgan. U har oylik “shapka”ni bermagan qo‘l ostidagi rahbarlarni noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatmoqda. U ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...