Vaqt mashinasi
4 may 2022

4 may – Hojimurod rus qorovullarini o‘ldirib, isyonkorlik yo‘liga o‘tdi

Hojimurod o‘z qahramonliklari bilan dong chiqargan, biror yoqqa borganida tug‘ ko‘targan, atrofida ot o‘ynatib, uni kuzatib boruvchi o‘nlab muridsiz yurmaydigan Shomilning noibi edi.

Bo‘ysunmas avar aslli Hojimurod bundan oldin ruslar tarafga o‘tgan edi.

Ammo ruslar unga ishonmay, atrofiga qorovullar qo‘yib qo‘yishgandi.

Hojimurodni ushlash uchun tish-tirnog‘igacha qurollangan 300 nafar rus askari tashlanadi. Ozarbayjonning Gaha tumanidagi o‘nqirga o‘rnashgan Hojimurod uchta avar va bitta chechen quroldoshi bilan 300 ta bosqinchi rusga qarshilik ko‘rsatadi.

Hojimurodning ko‘z o‘ngida birin-ketin to‘rtta safdoshi bosqinchilar o‘qidan shahid bo‘ladi.

12 joyidan o‘q yegan Hojimurod esa so‘ng daqiqada xanjarni qo‘liga olib bosqinchilarni bo‘g‘izlaydi.

Tengsiz jang mobaynida Hojimurod 17 bosqinchi rusni o‘ldiradi. Shundan keyin Kavkaz botiri, avar xalqi yetishtirgan qahramon Hojimurod o‘q yomg‘iri ostida tik turib jon beradi.

Ruslar uning boshini kesib Sankt – Petrburgga yuborishadi. Ayni paytda bu bosh Ermitajda saqlanadi.

Hojimurod halok bo‘lgan joy bugungi kunda ziyoratgohga aylangan.

1890 yili rus yozuvchisi Lev Tolstoy «Hojimurod» qissasini yozadi. Ëzuvchi o‘limidan so‘ng 1912 yilda nashr qilingan bu qissa “o‘tmishga qarab kelajak haqida muhokama yuriting”, degan messej ustiga quriladi.

Lev Tolstoy o‘z bog‘idagi bir giyohni Hojimurodga qiyoslaydi:

“Men turli-tuman gullardan kattakon guldasta yasab, uyimga qarab ketayotganimda zovur ichidagi ajoyib qizg‘ish rangli, chaman-chaman ochilgan, bizda qushqo‘nmas deb ataluvchi, chalg‘ichilar uni chopmasdan qoldirib o‘tadigan, mabodo qo‘qqisdan chopilib ketgan bo‘lsa, qo‘lga kirmasin uchun o‘t ichidan olib tashlanadigan tikanakka ko‘zim tushdi.

Men bu tikanakni yulib olib, guldastamning o‘rtasiga qo‘ymoqchi bo‘ldim. Zovurga tushdim-da, gulning o‘rtasiga yopishib olib, qattiq uyquga kirgan tukdor arini haydab, uni uzishga tutindim.

Ammo bu ish juda qiyin bo‘ldi, gulning tikanaklari har tarafdan, hatto qo‘limga o‘rab olgan ro‘moldan ham o‘tib, nayzadek sanchilardi, bugina emas — u shu qadar chayir ediki, men uning dastasini titib, iplarini birma-bir uzish uchun besh minutcha ovora bo‘ldim.

Nihoyat gulni uzib olgan paytimda uning poyasi tamom titilib to‘zg‘igan edi, gulning o‘zi ilgarigidek go‘zal ko‘rinmasdi. Bundan tashqari, u o‘zining dag‘alligi va beo‘xshovligi bilan guldastaning nozik gullariga qovushmas edi.

Men o‘z tupida yashnab turgan gulni uzib behudaga juvonmarg qilganim uchun o‘kindim, keyin uni yerga tashladim. «Ajabo, hayotning naqadar g‘ayrat va kuchi bor,— deya men gulni uzayotganimdagi chekkan mashaqqatimni xotirladim,— u o‘z hayotini juda zo‘r kuch bilan himoya qildi va osonlikcha jon bermadi», deya boshlangan bu qissa finalida Hojimurodning halok bo‘lgani tasvirlanadi.

“Eng avval uni yarador qildilar. O‘q uning bo‘yniga tegdi va qon tupurib, so‘kinib orqasi bilan yerga o‘tirib qoldi.

Undan keyin Hojimurod yarador bo‘ldi. O‘q uning yelkasidan teshib o‘tdi. Hojimurod kamzulidan paxta olib, yarasiga tiqdi, otishni davom ettirdi.

— Qilich bilan hujum qilaylik,— dedi Eldor uchinchi marta.

U dushmanga tashlanishga tayyor bo‘lib, to‘siqdan boshini chiqardi, lekin shu minutning o‘zidayoq unga o‘q kelib tegdi, Eldor gandiraklab Hojimurodning oyog‘iga chalqancha yiqildi.

Hojimurod unga yalt etib qaradi. Chiroyli qo‘y ko‘zlar tikilib va jiddiy bir ravishda Hojimurodga boqmoqda edi. Bolalarnikiga o‘xshagan, ustki labi cho‘chchayib og‘zi ochilmasdan dirillamoqda edi.

Hojimurod uning ostidan oyog‘ini chiqarib oldi-da, dushmanni mo‘ljalga olishda davom etdi, Hanafiy o‘ldirilgan Eldor ustiga egildi va uning cherkaskasidan otilmagan o‘qlarni ola boshladi. Qurbon bu orada miltig‘ini sekin o‘qlab va dushmanni mo‘ljalga olib hamon kalima keltirardi.

Dushmanlar qiyqiriq va suron bilan butadan butaga chopib o‘tishib, borgan sari yaqin siljimoqda edilar.

Yana bir o‘q kelib Hojimurodning chap biqiniga tegdi. U zovurga yotib oldi-da, kamzulidan bir parcha paxta sug‘urib, yarasiga tiqdi. Biqinidagi jarohat qattiq jarohat bo‘lib, Hojimurod o‘lishini sezdi. Xotiralar va tasvirlar haddan tashqari tezlik bilan birma-bir uning xayolidan o‘tdilar. U hali o‘z qarshisida bir qo‘li bilan kesilib tushgan yuzini ushlagan, bir qo‘lida xanjar tutgan holda dushmanga tashlanayotgan pahlavon Abununsalxopni ko‘rar, hali oq, ayyor yuzli chol Vorontsovni ko‘rar, uning muloyim tovushini eshitar, hali o‘g‘li Yusufning, hali xotini Sofiatning, hali dushmani bo‘lgan, rangsiz, sariq soqolli, xumor ko‘zli Shomilni ko‘rar edi.

Bu xotiralarning hammasi ham unda hech qandan tuyg‘u: na achinish, na g‘azab va na qanday bo‘lmasin, biror istak uyg‘otmasdan, uning xayolidan uchib o‘tdilar.

Bularning hammasi uning hayotida boshlangan narsaga nisbatan juda ahamiyatsiz bo‘lib tuyuldi. U eng so‘nggi kuchini yig‘di, zovurdan ko‘tarildi va chopib kelayotgan kishini to‘pponchadan o‘q otib yiqitdi, keyin zovurdan tamom chiqdi va og‘ir oqsoqlanib, xanjar bilan to‘ppa-to‘g‘ri dushmanga qarshi ketdi.

Bir qancha o‘q otildi, u gandiraklab yiqildi. Bir qancha militsionerlar g‘olibona qiyqiriq bilan yiqilgan jasadga tashlandi. Lekin ularga o‘lgan bo‘lib ko‘ringan tana birdan qimirlay boshladi.

Avvalo papaxsiz qonli taqir boshi, keyin tanasi ko‘tarildi, so‘ngra daraxtni ushlab,tamom ko‘tarildi. U shu qadar qo‘rqinchli bo‘lib ko‘rindiki, uning yoniga chopib kelayotgan odamlar to‘satdan to‘xtab qoldilar. Ammo u birdan tebranib, daraxtdan nari gandiraklab ketdi-da, xuddi tagidan chopilgan tikanak singari cho‘zilib borib, yuztuban yiqildi.

U qimirlamasdi-yu, lekin atrofidagi narsalarni sezardi. Uning oldiga eng avval yetib kelgan Hoji og‘a xanjari bilan boshiga urgan paytda Hojimurodga bolg‘a bilan urayotganday tuyuldi va u bu ishni kim nima uchun qilayotganini anglay olmadi.

Bu paytda u jon bermoqda edi. Shundan so‘ng u ortiq hech narsa sezmadi, dushmanlar esa endi yanada vahshiylashib uni toptar va tilkalar edilar. Hoji og‘a jasadning ustiga chiqdi-da, ikki marta xanjar urib boshini tanasidan judo qildi, so‘ng chuvagini qonga bulg‘amaslik uchun oyog‘ining uchida avaylab kallani nariga tepib yubordi. Hojimurodning bo‘g‘zidan qizil qon, boshidan qora qon tirqirab chiqib, ko‘katlarni bo‘yadi. Qarganov ham, Hoji og‘a ham, Ahmadjon ham, butun militsionerlar ham xuddi hayvon o‘ldirgan ovchi singari Hojimurod va uning halok bo‘lgan navkarlari tepasiga to‘planishdilar. Hanafiy, Qurbon va Gamzaloni bog‘lab qo‘yishdi, so‘ng butalar orasida turib qolgan porox tutunlari ichida shang‘illab gapirishib, o‘z g‘alabalarining kayfini surishardi.

Otishma vaqtida jimib qolgan bulbullar avval biri yaqindan, so‘ng ikkinchisi uzoqdan yana sayrasha ketishdi.

Haydalgan dala o‘rtasidagi yapchilgan tikanak menga ana shu o‘limni eslatdi¸ deya ulug‘ Lev Tolstoy o‘z qissasiga yakun yasaydi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 aprel 2018
«O‘zbekkontsert» davlat muassasasida 30 mart kuni san'atkorlar ishtirokida «To‘y-hashamlarni tartibga solish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi muhokama qilindi. Bu haqda majlisda ...
14 fevral 2017
14 fevral sevishganlar kuni Andijonlik Abdusalom Karimov Pragada yurak shaklidagi somsalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Shu paytgacha, Pragada yurak ...
8 sentyabr 2018
Stokgolm sudida Telia shirkati va Gulnora Karimova o‘rtasidagi korruptsiya ishini kuzatayotgan SVT telekanali jurnalisti Elin Yonnsson «Eltuz» muxbiri bilan ...
26 fevral 2019
“Poytaxt: Abdulhamid” serialining namoyishi to‘xtatilishi ko‘p e'tirozlarga sabab bo‘lyapti. Qiziq, bir-ikki oy oldin bir turk serialining taqiqlanishini talab qilganlar ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...