Vaqt mashinasi
25 mart 2019

25 mart – Quldorlik qurbonlarini xotirlash xalqaro kuni

Rossiya va Xiva xonligi o‘rtasidagi Gandimiyon shartnomasiga ko‘ra, 1873 yili Xiva xonligida quldorlik bekor qilindi. O‘sha yilning 12 avgustida ishg‘olchi general Kaufman va Xiva xoni Said Muhammad Rahimxon tomonidan Xiva yaqinidagi Gandimiyon bog‘ida imzolangan shartnomada Xiva xonligida qullik bekor qilinishi va qul savdosi taqiqlanishi ta'kidlanadi.

Bu davrda Xiva qul bozorlarida dunyoning turli yerlaridan keltirilgan qul va cho‘rilarni uchratish mumkin edi. Eronning shimoliy viloyatlariga bosqinchilar tomonidan uyushtirilgan chopqinlar oqibatida qullar va cho‘rilar o‘g‘irlab kelingan.

Xiva bozoridagi turkman quldorlari

Turkiston bo‘ylab sayohat qilgan A.Borns, N.Muravѐv, V.V.Grigorev, Blankennagel, A.Vamberi va boshqalar o‘z asarlarida Turkiston xonliklarida qul bozorlarini qul bilan ta'minlab turuvchilar, asosan, turkman qabilalaridir, deb yozgan.

Manbalarda turkman qabilalari Xiva bozorlarida fors qullari savdosi bilan shug‘ullanuvchilar sifatida tilga olingan.

Xivada bo‘lgan D.Gladishev va I.Muravinning esdaliklarida bozorlarda fors qullarini sifati va jinsiga qarab turli baholarda naqd pulga sotgan turkmanlar qayd etilgan.

Qullarning bahosi haqida XIX asr ma'lumotlari orqali tasavvurga ega bo‘lish mumkin.

Odatda jismoniy kamchiliklardan xoli, sog‘lom va baquvvat erkak qul 100 tilla (kichik tilla)dan qimmat bo‘lmagan, yosh ayol yoki qiz esa 300 tillaga baholangan.

Xivada qul savdosiga guvoh bo‘lgan N.Muravev “o‘zlarini bir amallab Astrobod va Xivadan sotib olinadigan bug‘doy bilan ta'minlaydigan beg‘am va dangasa turkmanlarning asosiy hunari o‘g‘irlik bo‘lib, Astroboddan odamlarni o‘g‘irlab kelib, Xivada katta pulga sotadi”, deb ma'lumot bergan.

Qullar isyoni va ozod etilgan qullar

Xivadagi me'moriy obidalar qurilishi majburan olib kelingan hunarmandlarning mehnatidan foydalanish orqali amalga oshirilgani aytiladi.

Jumladan, Xiva shahridagi Sherg‘ozixon madrasasi Sherg‘ozixonning Mashhadga qilgan muvaffaqiyatli yurishi (1718 – 1719) sharafiga qurilgan bo‘lib, ma'lumotlarga ko‘ra, u yurishdan olib kelingan besh ming asir mehnati bilan barpo etilgan.

Qurilishning yakunida qullarni ozod etishni va'da qilgan xon so‘zining ustidan chiqmaganligi uchun isyon ko‘targan qullar tomonidan to‘la qurib bitkazilmagan madrasada o‘ldirilgan.

Chegara hududlaridagi o‘zaro hujumlar, urush harakatlari ikki davlat fuqarolarining ko‘pchiligi asirga tushirilishi va ularning qul qilinishiga sabab bo‘lgan.

Pirovardida aholi orasida qullar qatlami paydo bo‘lgan. Ba'zan bu qatlam vakillari lavozim zinapoyalaridan yuqori ko‘tarilgan.

Xorazmda bo‘lgan N.Muravev Xiva xoni bosh amaldorlaridan uchinchisi Xo‘jash Mahram haqida ma'lumot berar ekan, uning otasi xonning fors qullaridan bo‘lganligini, Xo‘jash Mahram xon qo‘shinida xizmat qilib, Buxoroga qarshi kurashda ko‘rsatgan alohida jasorati evaziga ozodlikni qo‘lga kiritganligini hamda xon xizmatida otchopar etib tayinlangan otasini ham to‘lov evaziga qullikdan ozod qilganligini ta'kidlagan.

Shuningdek, N.Muravev xonning marhamati bilan katta yer-suvga ega bo‘lgan Xo‘jash Mahram tez orada bojxona boshlig‘i bo‘lib olib, katta davlat egasiga aylangani va o‘z atrofiga qizil jilov (oltin jilov – ozod qilingan qullar), deb atalgan qarindosh-urug‘i va yaqinlarini to‘plaganligini keltirib o‘tgan.

A.Vamberi ma'lumotlariga ko‘ra, XIX asrning 60-yillarida Xiva xonligi aholisining 40 mingi Erondan olib kelib sotilgan qullar va ularning avlodlaridan iborat bo‘lgan.

Maqsud Nodirmetov
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 noyabr 2016
Abdulla Oripovning vafoti xalqimizning sevimli shoiri so‘nggi vaqtlarda norasmiy taqiq ostida yashagani, bundan bir qancha vaqt ilgari «Ozodlik» radiosi ...
25 sentyabr 2015
Bugun 25 centyabr Eltuz tahririyatiga mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulova va Yelena Urlaevani ushlab ichki ishlar boshqarmasiga olib ketishgani haqida ...
20 yanvar 2024
Salom qadrli muxlislar bugun 23 yanvar, Eltuz o‘zining kundalik ko‘rsatuvlarini davom ettiradi. Poytaxt viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida 35 yoshli va ...
28 fevral 2022
27-fevraldan 28 fevralga o‘tar kechasi Vena shahar maydoni namoyishchilar bilan to‘ldi. Ular Ukrainani qo‘llab quvvatlashmoqda. Tarixiy binolarda Ukraina bayrog‘i ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...